Oqcharloq Jonatan Livingston (rivoyat qissa). Richard Bax  ( 32730 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:57:31

Fletcher boshini qimirlatib qo‘ydi, qanotlarini rostladi va ko‘zlarini ochdi: u qoyaning etagida yotardi, atrofini esa To‘da qurshab olgandi. Uning qimirlaganini ko‘rgan oqcharloqlar bezovtalanishdi, har tarafdan malomatli baqirgan ovozlar eshitildi:
— Tirildi! U o‘ldi va yana — tirik!!!
— Unga qanotini tekizdi! Uni tiriltirdi! Buyuk Oqcharloqning O‘g‘li!
— Yo‘q! Uning o‘zi aytdi — O‘g‘li emas! U — iblis! IBLIS! To‘dani mahv etish uchun kelgan!
Mo‘’jizadan dahshatga tushgan to‘rt mingtacha oqcharloq baravariga: «Iblis!», deya qichqirar va bu shovqin-suron To‘daning ustida to‘fon mahalidagi quturgan shamolday yelib uchdi.
Ko‘zlari yongan, tumshuqlari qattiq siqilgan — qonsiragan oqcharloqlar to‘rt tomondan siqib kelar va ikkalasini ham qiymalab tashlashga tayyor turardi.
— Nima deysan, Fletcher, hoziroq bu yerdan ketganimiz ma’qul emasmi? — qiziqsindi Jonatan.
— Men, albatta, bu yerdan uzoqroqda bo‘lishimizga qarshi emasmanu...
Bir lahza ichida ular qoya etagidan yarim mil narida hozir bo‘lishdi, jaholatga botgan oqcharloqlarning qahru g‘azab bilan ochilgan tumshuqlari bo‘m-bo‘sh havoni cho‘qilardi.
— Nega, — deya yozg‘irardi Jonatan, — nega ozod qushni uning ozod ekaniga ishontirish shunchalar mushkul. Axir, uning o‘zi bunga o‘zini ishontirishga qodir-ku! Faqat mashqlarga biroz vaqt sarflash kifoya, xolos. Nega bunday?

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:57:51

Voqeaning bu tarzda kechganidan hanuz o‘ziga kela olmayotgan Fletcher so‘radi:
— Sen nima qilding? Biz qanday qilib bu yerda paydo bo‘lib qoldik?
— Axir, o‘zing aytding-ku, bu yerdan ketganimiz ma’qul deb... Aytmadingmi shunday deb?
— Aytdim. Biroq qanday qilib sen...
— Juda oddiy, Fletcher. Xuddi boshqalar qilgani singari. Bu tajriba, xolos.
Ertalabga kelib To‘da o‘zining johilligini unutgan, biroq Fletcher biror narsani yodidan chiqarmagan edi:
— Jonatan, eslaysanmi, bir paytlar — bunga ko‘p bo‘ldi — sen aytganding: qalbingda To‘daga muhabbat bo‘lsa bas, ortga qaytish va ularga ta’lim berish uchun shuning o‘zi kifoya, deganding.
— Eslayman, albatta.
— Men tushunmayman, sen qanday qilib bu aqlidan ozgan qushlar to‘dasini yaxshi ko‘ra olasan, axir, haligina ular seni o‘ldirmoqchi bo‘lishdi-ku?
— Oh, Fletch! Sen jaholatga botgan qushlar to‘dasini sevishing shart emas. Sen nafrat va g‘azabga mehr-muhabbat bilan javob qilishga ham majbur emassan. Sen uzluksiz mashq qilishing va mana shu qushlarning har birida haqiqiy olijanob oqcharloqni ko‘ra bilishing hamda botinlaridagi olijanoblikni yuzaga chiqarishlari uchun ularga yordam qilishing kerak. Men muhabbat haqida gapirganimda ana shuni nazarda tutib gapirganman. Bilasanmi, buning amalga oshishi qanchalik quvonarli! Darvoqe, men bir jo‘mard yigitni eslayman — chamamda uning ismi Oqcharloq Fletcher Lind edi — ana shuni quvg‘in qilishganda, u butun bir To‘da bilan yoqalashishga tayyor edi. Va Uzoq Qoyalarda u o‘zi uchun chinakam azob-uqubatlar maydonini — mislsiz og‘ir sinovlar joyini hozirladi. O‘sha Fletcher hozir o‘zining osmonini yaratayotir va butun To‘dani o‘sha yoqqa boshlab ketayotir.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:58:11

Fletcher Jonatanga qaradi, uning ko'zlarida qo'rquv alomatlari aks etdi:
- Men?! Men boshlab ketayapmanmi?! Jon, bu bilan nima demoqchisan? Bu yerda muallim - SYeNSAN. Sen bizni tashlab ketolmaysan.
- Tashlab ketolmayman? Nahotki, sen boshqa to'dalar ham, boshqa Fletcherlar borligini, ehtimol, ularga murabbiy sendan ham ko'ra zarurroq ekanini o'ylamasang. Axir, sen endi nurli manzilga olib chiqadigan o'z yo'lingni topding...
- Men-a?! Jon, men - oddiy oqcharloqman, sen esa...
- ... xos va betakror Buyuk Oqcharloq O'g'lisan demoqchimisan? - chuqur xo'rsindi Jonatan. - Mening endi senga keragim yo'q. O'zingni anglab yetish yo'lidagi mashqlaringni davom ettir - sen uchun muhimi shu. Har kuni bir qadamdan bo'lsa-da olg'a intilib, o'zingning haqiqiy tabiatingni - asl Oqcharloq Fletcherni kashf etgin. U - sening mualliming. Sendan uni tushunish va unday bo'lish uchun tinimsiz mashq qilish talab etiladi.
Bir lahzadan so'ng Jonatanning tani jimirlab ko'rindi, uning parlari nur taratdi va u havoda eriy boshladi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:58:54

— Ularning men haqimda ahmoqona mish-mishlar tarqatishiga yo‘l qo‘yma, mendan xudo yasashlariga izn berma, xo‘pmi, Fletch? Men — oqcharloqman. Men uchishni yaxshi ko‘raman, ehtimol...
— JONATAN!
— Sho‘rlik Fletch! Ko‘zlaringga ishonmagin. Chunki ko‘zlarga bizning ozodligimizni chegaralaydigan panjaralargina ko‘rinadi. Eng muhim narsani ko‘rmoq uchun tafakkurni ishga solmoq lozim. Sen hammasini bilasan, faqat buni tushunishing zarur. Va shunda barchasi oyday ravshan bo‘ladi, qanday uchish kerakligi-yu...
Jimirlash tugadi. Jonatan havoda erib bitdi.
Oqcharloq Fletcher o‘zini majbur qilib havoga ko‘tarilguncha xiyla vaqt o‘tdi. Birinchi darsning boshlanishini sabrsizlik bilan kutayotgan o‘quvchilarning yangi guruhi uning yo‘liga ko‘z tikib turishardi.
— Sizlar avvalo, — deya g‘amgin ohangda gap boshladi u, — bir muhim narsani tushunib olishlaring lozim: oqcharloq — bu cheklanmagan ozodlik g‘oyasining mujassami, Buyuk Oqcharloq timsolining tajassumi va sizning tanangiz yaxlit — bir qanotingizning uchidan ikkinchi qanotingizning uchigacha — sizning fikringiz, g‘oyangizdan boshqa narsa emas.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 14:59:30

Yosh oqcharloqlar uning gaplariga tushunmay garangsib qarab turishardi. «E, muallim, — deya o‘ylardi ular, — sening bu gaplaring «ko‘r tugun» mashqini uddalashimizga yordam berishi dargumon».
Fletcher chuqur nafas oldi va aytgan gaplari ularning ongiga yetib bormaganini payqab, dedi:
— Xo‘-sh... demak... Mayli, mashg‘ulotlarni to‘g‘riga uchish mashqlarini o‘zlashtirishdan boshlaymiz.
Shu so‘zlarni aytgan zahoti u favqulodda bir sirdan voqif bo‘ldi — Jonatanga xos bo‘lgan g‘aroyib shuur o‘ziga ham begona emasligini angladi.
«Cheklovlar yo‘q, deysanmi Jonatan? — o‘yladi u. — Unday bo‘lsa, mening osmon ostidan sening qirg‘og‘ingga sho‘ng‘ib chiqadigan kunim uzoq emas ekan, o‘shanda senga qanday uchish kerakligi haqida ba’zi bir gaplarni aytaman!»
U o‘quvchilari ko‘ziga qattiqqo‘l bo‘lib ko‘rinishga harakat qildi, biroq kutilmaganda... ularni aslida qanday bo‘lishsa shundayligicha ko‘rdi — ularning botiniga nazari tushdi. Bu uzoqqa cho‘zilmadi — qandaydir lahzada kechdi, biroq ko‘rganlari unga yoqdi, u juda shod bo‘ldi. Fletcher qalbida barcha shogirdlariga cheksiz mehr-muhabbat hissini tuydi. «Cheklovlar yo‘q, deysanmi, Jonatan?» — xayolidan o‘tkazdi u va mamnun jilmaydi. Endi komillik sari uning o‘zining yo‘li boshlandi.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 15:00:53

SO‘NGSO‘Z O‘RNIDA

Mashhur adib Rey Bredberi «Oqcharloq Jonatan Livingston» qissasining ta’rifini shunday keltiradi: «Richard Baxning bu kitobi biryo‘la ikki taraflama ta’sir ko‘rsatadi. U menga Parvoz tuyg‘usini daraklaydi va ayni damda meni yoshligimga qaytaradi.»
Asarning janri, badiiy xususiyatlariga berilgan ta’riflarda esa «Oqcharloq Jonatan Livingston» — rivoyat, falsafiy ertak, nasrda yozilgan doston singari tavsiflarni o‘qiymiz.
Shunday kitoblar bor — ularni qiziqib o‘qiymiz, berilib o‘qiymiz. «Juda qiziq»ligidan bosh ko‘tarmaymiz. Yana shnday kitoblar ham bor — ular o‘ziga tortadi, o‘ziga ergashtiradi. «Oqcharloq Jonatan Livingston» keyingi ta’rifga mansub asarlar sirasidan. U o‘quvchini komillikka undaydi — o‘ylab ko‘rib, ongli ravishda qiyinchiliklarga o‘zini safarbar etishga ruhlantiradi.
Ehtimol, hurmatli gazetxonlar Richard Baxning bu asarini tarjimamizda o‘qib, o‘zlari ham shunday xulosalarga kelishgandir. Modomiki, ular Jonatanning jasoratidan rag‘bat olib Parvoz tuyg‘usini his etishgan, navqironlik sururini qayta boshdan kechirgan bo‘lsalar — bu barchamizning yutug‘imiz.
Richard Bax qissasining yutug‘ini belgilagan omillar esa talay. Ularning ayrimlariga qisqacha izoh berib o‘tsak, bu asardan olingan taassurotlarni mustahkamlashga va uning «o‘ziga ergashtirib» ketadigan jihatlarini chuqurroq tushunishga ko‘maklashadi, deb o‘ylaymiz.

Qayd etilgan


shoir  16 Oktyabr 2007, 15:01:30

Ma’rifatli kitobxon Jonatanning kechmishida — quvg‘in qilinishida, yolg‘iz o‘zi komillik yo‘lida ranju mashaqqatlar chekishida, va’z o‘qishida, mo‘’jizalar ko‘rsatishida va asardagi boshqa ayrim voqealar tasvirida Injilning syujetiga xos jihatlarni, dzen-buddizm falsafasiga oid unsurlarni kuzatgan bo‘lishi kerak. Asarni o‘qib, yozuvchi bularni yashirmaganiga, aksincha, ko‘hna qadriyatlarga hozirgi zamon odamlarining ma’naviy ehtiyoji kuchli ekanini to‘g‘ri ilg‘ay olganiga guvoh bo‘lamiz. Muallif maqsadiga xizmat qilgan bu tasvirlarning yana bir jihati bor. G‘arbda «zamonaviy ommaviy madaniyat»ning avj olgani, pornografiyaning qonunlashtirilgani, zo‘ravonlikni keng miqyosda targ‘ib etayotgan tomoshalarning yoshlar ongini band qilayotganini nazarda tutib, Jonatanning umid va intilishlarini tushunishga urinib ko‘rsak, bu «g‘alati oqcharloq»ning sarkashligi boisi ayon bo‘ladi. Richard Bax nafaqat zamondoshlarining «har birida yashaydigan Oqcharloq»qa, balki azaldan insoniyat qalbida va ongida yashab kelgan Asl Jonatanga ham ishora qiladi. Bu ishora — Komillikka chorlov. Bu ishorada e’tiqod, ilm yo‘lida tinimsiz izlanishlar bilan bog‘langan, qadimgi qadriyatlarga uyg‘un an’analar mujassam. Ayni shu xususiyatlar rivoyat-qissa mazmuniga teranlik bag‘ishlagan.
«Oqcharloq Jonatan Livingston» o‘smirlarning sevimli kitobiga aylanib ulgurdi, jahon bolalar adabiyoti majmualaridan joy oldi, ko‘plab tillarga tarjimasi amalga oshdi. O‘tgan yili rossiyalik noshirlar tomonidan bu asarning biryo‘la to‘rtta nashri chiqarildi. Bolalar uchun mo‘l chiqarilgan bu kitoblar ham Jonatanning parvozi bardavomligini ko‘rsatib turibdi.
Sevimli «Ma’rifat» gazetamizning qadrli o‘quvchilari ushbu rivoyat-qissa va uning tarjimasi haqida fikr-mulohazalarini bildiradilar, degan umiddamiz.

Ahmad OTABOYEV
"œMarifat" gazetasidan olindi.


www.ziyouz.com

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Yanvar 2009, 07:22:52

Oqcharloq Jonatan Livingston



Muallif: Richard Bax
Hajmi: 86 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan