Santyago jim yurib borayotir. U hech nimadan afsuslanmas, hech nimaga achinmasdi. Mabodo ertaga o‘lib qolsa, demak, Tangri uning kelajagini o‘zgartirishni xohlamagan bo‘ladi. Biroq u kuni bitguncha nimalargadir ulgurdi: bo‘g‘ozdan suzib o‘tdi, do‘kondagi ishlarni uddaladi, sahroni yengdi, uning sukunatini va Fotimaning ko‘zlaridagi ma’noni uqdi. Uyini tark etganidan beri biror-bir kuni bo‘sh, samarasiz ketgani yo‘q. Agar ertaga ko‘zlari manguga yumilsa-da alam qilmaydi, zotan, u boshqa cho‘ponlardan ko‘ra ko‘p narsalarni ko‘rib qolishga erishdi. Santyago shundan taskin topardi.
U tuyqusdan gumburlagan tovushni eshitdi va quturib esgan sirli shamolning shiddati uni yerparchin qildi. Qum to‘zoni oyni bekitdi. Bo‘zbola ro‘parasida turgan haybatli oq otni ko‘rdi — ot orqa oyoqlariga tayanib, tik cho‘pchigancha qattiq kishnardi.
Qum to‘zoni biroz bosilganda Santyagoni haligacha o‘zi his etmagan qo‘rquv dahshati chulg‘ab oldi. Oq otda sallali, qora libosda, chap kiftiga qirg‘iyni qo‘ndirgan suvori o‘tirardi. Uning yuzi burkangan, faqat ko‘zlari ko‘rinadi. Novchaligini aytmaganda, u karvonni qarshilab, sahroda nimalar sodir bo‘layotganidan yo‘lovchilarni xabardor qilgan badaviylarning biriga o‘xshardi.
Oy shu’lasi egilgan tig‘da jilvalandi — chavandoz egarga qayish bilan tang‘ib boylangan qilichni qo‘liga oldi. U El-Fayum vohasining besh ming xurmo daraxtini titratadigan guldurosli ovozda hayqirdi:
— Qirg‘iylar parvozining ma’nisini ilg‘amoqqa jur’at qilgan kim?
— Men, — javob qildi Santyago.
Ayni daqiqada, uning nazarida, suvori Mavrlar G‘olibi, tuyoqlari bilan g‘ayridinlarni toptayotgan oq otning belidagi avliyo Yoqubning tasviriga aynan o‘xshab ketdi. Hammasi sirtdan aynan o‘xshash, faqat bu yerdagi suvori boshqa.