Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118466 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:09:51

Uning ishorasi bilan hamma arablar qo‘zg‘alishdi. Maslahat tugagan edi. Chilimning cho‘g‘ini o‘chirishdi, soqchilar saf tortishdi. Santyago tashqariga chiqmoqchi bo‘lgandi, qariya tag‘in gap boshladi:
— Ertaga biz vohada hech kim qurol olib yurishga haqi yo‘q, degan qoidani bekor qilamiz. Kun bo‘yi dushmanni kutamiz, quyosh botganda jangchilarim menga qurollarini topshirishadi. O‘ldirgan har o‘n nafar dushman uchun sen tilla olasan. Biroq qurol, modomiki, qo‘lga olingan ekan, u shunchaki qayta joyiga qo‘yilmaydi, qurol dushman qonini tatishi kerak. Zotan, qurol sahroday injiq narsa, keyingi safar otishdan, chopishdan bo‘yin tovlashi mumkin. Agar ertaga bizning qurolimizga ish topilmasa, biz uni senga qarshi ishlatamiz.
Bo‘zbola chodirdan uzoqlashganda vohani faqat to‘lin oy yoritib turganini ko‘rdi. U yashab turgan chodirgacha yigirma minutli yo‘l bosib o‘tilardi, u chodiri tomon yurdi.
Bo‘lib o‘tgan voqeadan u tashvishga tushdi. U Olam Qalbiga uyg‘unlasha oldi va shuning evaziga, ehtimol, endi o‘z hayotini berib qutular. Bu juda qimmatga tushmaydimi? Biroq uning o‘zi tanladi buni, O‘z Taqdiri yo‘lidan bormoqchi bo‘lib qo‘ylarini sotdi. Tuyakash aytganiday, bir boshga bir o‘lim... Baribir emasmi: ertaga o‘lding nima-yu, boshqa kuni o‘lding nima? Yashaydigan yoki qazoyingni topadigan har qanday kun ma’qul aslida. Hammasi "œMaktub" so‘ziga bog‘liq.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:10:08

Santyago jim yurib borayotir. U hech nimadan afsuslanmas, hech nimaga achinmasdi. Mabodo ertaga o‘lib qolsa, demak, Tangri uning kelajagini o‘zgartirishni xohlamagan bo‘ladi. Biroq u kuni bitguncha nimalargadir ulgurdi: bo‘g‘ozdan suzib o‘tdi, do‘kondagi ishlarni uddaladi, sahroni yengdi, uning sukunatini va Fotimaning ko‘zlaridagi ma’noni uqdi. Uyini tark etganidan beri biror-bir kuni bo‘sh, samarasiz ketgani yo‘q. Agar ertaga ko‘zlari manguga yumilsa-da alam qilmaydi, zotan, u boshqa cho‘ponlardan ko‘ra ko‘p narsalarni ko‘rib qolishga erishdi. Santyago shundan taskin topardi.
U tuyqusdan gumburlagan tovushni eshitdi va quturib esgan sirli shamolning shiddati uni yerparchin qildi. Qum to‘zoni oyni bekitdi. Bo‘zbola ro‘parasida turgan haybatli oq otni ko‘rdi — ot orqa oyoqlariga tayanib, tik cho‘pchigancha qattiq kishnardi.
Qum to‘zoni biroz bosilganda Santyagoni haligacha o‘zi his etmagan qo‘rquv dahshati chulg‘ab oldi. Oq otda sallali, qora libosda, chap kiftiga qirg‘iyni qo‘ndirgan suvori o‘tirardi. Uning yuzi burkangan, faqat ko‘zlari ko‘rinadi. Novchaligini aytmaganda, u karvonni qarshilab, sahroda nimalar sodir bo‘layotganidan yo‘lovchilarni xabardor qilgan badaviylarning biriga o‘xshardi.
Oy shu’lasi egilgan tig‘da jilvalandi — chavandoz egarga qayish bilan tang‘ib boylangan qilichni qo‘liga oldi. U El-Fayum vohasining besh ming xurmo daraxtini titratadigan guldurosli ovozda hayqirdi:
— Qirg‘iylar parvozining ma’nisini ilg‘amoqqa jur’at qilgan kim?
— Men, — javob qildi Santyago.
Ayni daqiqada, uning nazarida, suvori Mavrlar G‘olibi, tuyoqlari bilan g‘ayridinlarni toptayotgan oq otning belidagi avliyo Yoqubning tasviriga aynan o‘xshab ketdi. Hammasi sirtdan aynan o‘xshash, faqat bu yerdagi suvori boshqa.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:10:21

— Men, — takror aytdi u va qilichning zarbini kutib boshini egdi. — Ko‘p kishilarning joni omon qolardi, biroq siz Olam Qalbiga uyg‘un keladigan qarorni qabul qilmadingiz.
Qilich dami bo‘zbolaning manglayiga tekkuncha, sekin tushib keldi. Bir tomchi qon chiqdi.
Suvori qilt etmay turardi. Santyago ham damini ichiga yutdi. U hatto qochib qutulishga urinmadi. Vujudining tub-tubida g‘alati umid uchqunladi: u O‘z Taqdiri yo‘lida halok bo‘ladi. Fotima uchun halok bo‘ladi. Demak, belgilar aldamagan. Mana, Dushman manglayida turibdi, shu bois ajal unga dahshat sololmaydi, zotan, Olam Qalbi mavjud va bir nafasdan so‘ng u Olam Qalbining bir qismiga aylanadi. Ertaga uning qismati Dushmanning boshiga ham tushadi.
Suvori hanuz qilichini sermashga shoshilmas edi.
— Nega bunday qilding?
— Men qirg‘iylar parvozi daraklagan xabarni eshitdim va buning ma’nisini tushundim, xolos. Ular vohani qutqarmoqni istashdi. Vohaning himoyachilari sizlarni qirib tashlaydi, ular ko‘pchilik.
Qilichning dami hanuz uning manglayiga tegib turardi.
— Kimsan o‘zing, Ollohning ishiga aralashadigan?
— Olloh faqat qo‘shinnimas, qushlarni ham yaratgan. Ularning tilidan meni Olloh voqif qildi. Dunyodagi jamiki koru a’mollar bitta qo‘lda bitilgan, — javob qildi bo‘zbola Tuyakashning so‘zlarini eslab.
Nihoyat suvori qilichini chetga oldi. Santyago nafasini rostladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:10:37

— Bashorat qilishda ehtiyot bo‘l, — dedi suvori. — Hech kim peshonasiga yozilganidan qochib qutulmaydi.
— Men faqat qo‘shinni ko‘rdim, — dedi bo‘zbola. — Jang oqibati menga ayon bo‘lgani yo‘q.
Bunday javob suvoriga ma’qul keldi, biroq u qilichini qiniga joylashga oshiqmadi.
— Xo‘sh, bu yerda muhojir nima qilib yuribdi?
— Men o‘z Yo‘limni izlayapman. Biroq sen buni tushunmaysan.
Suvori qilichini qiniga joyladi. Uning kiftidagi qirg‘iy chiyillab tovush berdi. Santyagoni chulg‘agan tang holat bir qadar bo‘shashdi.
— Men sening chindan jo‘mard ekaningni bilmoqchi edim. Umum Tilini qidirayotganlar uchun bundan muhim narsaning o‘zi bo‘lmaydi.
Bo‘zbola hayron qoldi. Suvori kamdan-kam odamlarning aqli yetadigan narsalar haqida mulohaza yuritardi.
— Bundan tashqari, hatto uzoq yo‘lning tanobini tortgan esang-da, bir nafasga ham bo‘shashmaslik kerak, — davom etdi suvori. — Sahroni sevish ham mumkin, ammo unga to‘la-to‘kis ixtiyoringni topshirib bo‘lmaydi. Zotan, sahro — odam uchun sinov: bir nafas xayolingni bo‘lsang, bas, halokatga uchraysan.
Uning gaplari Santyagoga keksa Malkisidqni eslatdi.
— Jangchilar bu yerga kelishgan chog‘da, agar boshing omon bo‘lib tursa, meni izla, — dedi suvori.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:11:49

Boya qilich dastasini tutib turgan suvori qo‘lida qamchi ko‘rindi. Ot tag‘in tuyoqlaridan to‘zon ko‘tarib, yeldi.
— Sen qaerda yashaysan, — uning ortidan qichqirdi Santyago.
Suvori yelib borayotgan ot ustida qamchi bilan janubga ishora qildi.
Bo‘zbola Alkimyogarni uchratgan edi.
Ertasi kuni tongda El-Fayum vohasi xurmozorlarida qurollangan ikki ming kishi saf tortdi. Ufqdan besh yuztacha jangchining qorasi ko‘ringan pallada quyosh hali uncha ko‘tarilmagan edi. Otliqlar vohaga shimol tarafdan kirib kelishdi, ular o‘zlarini go‘yo tinchlik istab kelishayotganday qilib ko‘rsatishar, qurollarini oq yaktaklari tagiga bekitib olishgandi. Qabila boshliqlarining kattakon chodiriga yetib kelishgan paytda ularning qo‘llarida qurollar va qayrilma qilichlar paydo bo‘ldi. Biroq chodir bo‘m-bo‘sh edi.
Voha ahli sahro suvorilarini qurshab olishdi, yarim soatdan so‘ng qumda to‘rt yuz to‘qson otliqning jasadi qoldi. Bolalarni xurmozorga eltishdi, ular chodirlarda erlarining duo-yu jonini qilib o‘tirishgan ayollar qatori hech nimani ko‘rishmadi. Halok bo‘lganlarning chalqayib yotgan jasadlarini aytmaganda, vohada har doimgi holat hukm surardi.
El-Fayumga bostirib kirgan otliqlardan yolg‘iz ularning sardori omon qoldi. Uni qabilalar boshliqlari oldiga keltirishdi va boshliqlar undan ne bois Urf-odatni buzishga botinding, deya so‘rashdi. U bir necha kunga cho‘zilgan janglarda ochlik va suvsizlikdan jangchilarning madori qurigani, vohani egallashsa, o‘zlariga kelib, keyin yana urushni boshlamoqchi bo‘lishganini aytdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:12:06

Jangchilarga qanchalik achinmaylik, biroq Urf-odatni buzishga hech kimning haqqi yo‘q, dedi qabila oqsoqoli. Sahroda faqat shamolning ta’siridan qum barxanlarining shakli o‘zgaradi, qolgan barchasi aslicha qoladi.
Harbiy sardorni sharmandali o‘limga hukm etishdi: o‘qni ham, qilich zarbini ham unga ravo ko‘rishmadi, qurigan xurmo daraxtiga osishdi va sahrodan esgan shamol uning jasadini ancha vaqt tebratib turdi.
Qabila oqsoqoli muhojirni chaqirib, unga ellikta tilla tanga taqdim etdi. Keyin u yana Yusufning tarixidan so‘zlab berdi va bo‘zboladan o‘ziga Bosh Maslahatchi bo‘lishini so‘radi.
Kun botib, osmonda yulduzlar endi xira yorisha boshlaganda (chunki oy to‘lishgan palla edi) Santyago janubga qarab yurdi. U yoqda faqat bitta chodir bor edi, yo‘lida duch kelganlar bu joy jinlarning qarorgohi ekanini aytdi. Biroq u chodirning oldiga o‘tirib olib, kuta boshladi.
Alkimyogar ha deganda qorasini ko‘rsatmadi — oy esa allaqachon tepaga ko‘tarilib ketgandi. Nihoyat Alkimyogar ko‘rindi, uning yelkasida bir juft o‘lgan qirg‘iy osilib turardi.
— Men shu yerdaman, — dedi Santyago.
— Bekor kelibsan. Nahot Taqdiring seni mening oldimga yo‘llagan bo‘lsa?
— Urush bo‘layapti. Men sahrodan o‘tolmayman.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:12:25

Alkimyogar shoshildi, imo bilan Santyagoni ichkariga taklif etdi. Qabila boshliqlarining shinam bezalgan ertaknamo chodirini aytmaganda, Alkimyogarning makoni voha ahlining chodirlaridan farq qilmasdi. Santyago ichkariga ko‘z yugurtirib metall eritadigan qozon va ko‘rani, alkimyoviy shisha idishlarni qidirdi, biroq chodirda bir necha to‘zigan kitobdan boshqa narsa ko‘zga chalinmadi. Yerga sirli naqshlar solib to‘qilgan gilam tashlangan edi.
— O‘tir, men hozir choy damlayman, — dedi Alkimyogar. — Qirg‘iylarni pishirib ovqatlanamiz.
Bo‘zbola bular o‘sha — u yaqindan uchib yurganini ko‘rgan qushlar bo‘lsa kerak, deb o‘yladi, biroq bu haqda gapirmadi. Alkimyogar o‘choqni yoqdi va hayal o‘tmay chodirga parranda go‘shtining xushbo‘y hidi taraldi. Bu tamaki hididan ko‘ra yoqimliroq edi.
— Qanday meni istab kelding?
— Hammasiga belgilar sabab, shamol menga sening kelishingni va senga mening yordamim zarurligini aytdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:12:44

— Yo‘q, bu men emas, balki boshqa yo‘lovchi — angliyalik. Seni izlagan o‘sha.
— Meni topgunicha u ko‘p kishilar bilan uchrashishi lozim. Biroq u to‘g‘ri yo‘ldan borayapti. U faqat kitoblarga qarayotgani yo‘q.
— Men-chi?
— Agar sen biror narsani istasang, butun Olam istaging ro‘yobga chiqishiga xayrixohlik qiladi, — Alkimyogar keksa Malkisidqning so‘zlarini takror aytdi va bo‘zbola O‘z Taqdiri yo‘lidan borishga ko‘maklashadigan yana bir odamni uchratganini angladi.
— Sen menga ta’lim berasanmi? — so‘radi u.
— Yo‘q. Sen zarur narsalarni bilasan. Men faqat seni xazinang tomon yo‘llayman, xolos.
— Biroq sahroda jang ketayapti, — takrorladi Santyago.
— Sahro menga tanish.
— Men xazinamni topganman. Menda tuya va pul bor, ularni billur savdosi bilan shug‘ullanib, ishlab topganman, yana elliktacha tilla tangam bor. Endi yurtimda men boy hisoblanaman.
— Biroq bular seni ehromlarga bir odim ham yaqinlashtira olmaydi, — eslatdi Alkimyogar.
— Mening Fotimam bor. Bu xazina qolgan hamma boylikdan ustun.
— Undan ehromgacha bo‘lgan yo‘l ham uzoq.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:12:53

Ular jim qolishdi va ovqat yeyishga kirishishdi. Alkimyogar shisha idishning tiqinini ochib, Santyagoning stakaniga allaqanday qizil suyuqlik quydi. Bu vino ekan, bo‘zbola umrida hali bunaqasini tatib ko‘rmagandi. Biroq Qonun vino ichishni ta’qiqlaydi.
— Odamning og‘zidan kirgani emas, balki og‘zidan chiqqani yomon, — dedi Alkimyogar.
Vino ichib Santyago yayradi. Biroq Alkimyogar hanuz uni sergaklantiradigan gaplarni aytardi. Ular chodirning eshigi oldida yonma-yon o‘tirishib, to‘lin oy yog‘dusida yulduzlarning xira tortib borayotganini kuzatishardi.
— Ich yana — bu seni chalg‘itadi, — dedi Alkimyogar, vinoning bo‘zbolaga ta’sir qilganini payqab. — Kuchingni yig‘, jang oldidagi jangchiday. Biroq unutma, sening yuraging u yoqda, xazina yotgan joyda. Uni topish kerak, bu yo‘lda nimaniki tushunib yetsang, his etsang, barchasi mazmun-mohiyat kasb etadi. Ertaga tuyangni pulla va ot sotib ol. Tuyalarning fe’li bemaza: charchoq nimaligini bilmay lo‘killagani-lo‘killagan. Keyin tuyqusdan tappa yotib o‘lib qoladi. Ot esa sekin-asta toliqadi. Yo‘rg‘alashiga qarab yana qancha yurishini va qachon yiqilishini bilsa bo‘ladi.
Oradan bir kun o‘tib, kech kirganda Santyago, otni yuganidan yetaklab, Alkimyogarning chodiriga keldi. Shu orada Alkimyogar ham chiqib keldi, otiga mindi, qirg‘iy esa uning chap kiftidan joyini egalladi.
— Menga sahroda tiriklik alomatini ko‘rsat, — dedi u. — Bu yerda tiriklik alomatini topa olgan kishigina xazinani qo‘lga kiritadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:13:03

Ular oydinda qum tepalar oralab yo‘lga tushishdi. "œBuni uddalashim qiyin, — o‘yladi Santyago. — Men sahroni bilmasam, undagi tiriklik alomatini topolmayman".
U Alkimyogarga qarab bu haqda gapirmoqchi bo‘ldi, biroq cho‘chidi. Ular bo‘zbola qirg‘iylar parvozini kuzatgan toshlar yoniga kelishdi.
— Uddalay olmayman deb qo‘rqaman, — dedi Santyago baribir ichidagini yashirib o‘tirmay. — Sahroda tiriklik alomati borligiga ishonchim komil, biroq uni men topa olmayman.
— Tiriklik yashashga chorlaydi, — dedi unga javoban Alkimyogar.
Bo‘zbola uni tushundi, yuganni bo‘shatdi va ot qum, tosh oralab o‘ziga yo‘l topib yura boshladi. Alkimyogar otning izidan yurib kelardi. Shu zayl yarim soat o‘tdi. Xurmozorlar ortda qoldi, ulkan qoya toshlardan boshqa hammasi barkashday oy yorug‘ida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Nihoyat, Santyagoning oti to‘xtadi — bu yerga bo‘zbola burun kelmagan edi.
— Bu yerda tiriklik alomati bor, — dedi u Alkimyogarga. — Menga sahroning tili tushunarsiz, biroq otim tiriklik tilini tushunadi.

Qayd etilgan