Fotima esa iztirob chekadi, chunki o‘zi tufayli sening izlanishlaring barbod bo‘lganini tushunib yetadi. Biroq sen Fotimani hanuz sevasan, u ham seni yaxshi ko‘radi. Biror marta ham u seni qolishga undamaganini bot-bot eslaysan, chunki sahro ayollari erlari qaytib kelguncha kuta olishadi. Va sen Fotimadan biror-bir ayb topa olmaysan, biroq ko‘p oqshomlarni birvarakayiga sahro va xurmozorlarni kezib o‘tkazasan, Fotimaga bo‘lgan muhabbatimga chin dildan ishonmaganimda bu yerdan jo‘nab ketardim, deb o‘ylaysan. Aslida seni vohada qo‘rquv ushlab turibdi — bu makonga boshqa qaytib kelolmayman, deb qo‘rqasan. Ana shunda belgilar xazinadan umrbod mahrum bo‘lganingni senga aytadi.
To‘rtinchi yilga kelib belgilar yo‘qoladi, chunki sen ularni ilg‘ashni xohlamaysan. Buni payqagan oqsoqol sening xizmatingdan voz kechadi, biroq bungacha sen boy-badavlat savdogarga aylanasan, ko‘p do‘konlaring va suruv-suruv toylaring bo‘ladi. Va umringning oxirigacha, O‘z Yo‘lingdan yurmaganingni bila turib, xurmozorlaru sahroni kezasan, oxir-oqibat endi kech bo‘lganini tushunib yetasan.
Shunday qilib, sevgi insonning O‘z Taqdiri yo‘lidan borishga hech qachon xalal bermasligini sen hech qachon anglab yetmaysan. Agar shunday bo‘lsa, demak, bunday sevgi chin emas, haqiqiy emas, deyiladi Umum Tilida, — deya so‘zini yakunladi Alkimyogar.
U qumga chizgan doirani buzdi va kobra sudralib, toshlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Santyago bir umr Makkaga ziyoratni orzu qilgan billur sotuvchi savdogarni, Alkimyogarni qidirgan angliyalikni esladi. Bir kun kelib sahro o‘zi suyishni istagan yigitni yetkazishiga ishongan ayolni ham esladi.