Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118363 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:16:17

Keyingi uch kunda ular jangchilarni uchratishdi, boshqalari uzoqdan ko‘rinish berdi.
Santyagoning yuragi qo‘rquvdan ogoh etdi. Xazina izlab yo‘lga chiqqan, biroq uni topa olmagan odamlar haqida gapirdi. Gohida u bo‘zbolani xazinani topa olmasligi, ehtimol, sahroda o‘lib ketishi xayoli bilan qo‘rqitardi. Ba’zan boriga shukr qilishni uqtirardi: uning sevgan qizi va bir talay oltin tangasi bo‘lsa, yana nimasi kam.
— Yuragim xiyonat qilayapti, — dedi u Alkimyogarga, ular otlarning oyog‘ini sovutish uchun to‘xtashgandi. — Mening yo‘lni davom ettirishimni xohlamayapti.
— Bu yaxshilik alomati, — takrorladi u. — Demak, yuraging bir bo‘lak go‘shtga aylanib qolmagan. Tabiiyki, erishilgan tajribalarni orzu-xayollar shamoliga sovurishdan yuraging tashvishlanayapti.
— Unday bo‘lsa, quloq solib nima qilaman?
— Baribir uni tinchlantirish qo‘lingdan kelmaydi. Hatto o‘zingni unga quloq tutmayotganday qilib ko‘rsatsang-da, u sening ko‘ksingda urib turaveradi va hayot haqida, dunyo haqida o‘ylaganlarini aytaveradi.
— Va menga xiyonat qilaveradimi?
— Xiyonat — kutilmaganda berilgan zarba. Agar yuragingni anglay bilsang, u senga xiyonat qila olmaydi. Shunda sen uning orzularini, jamiki istaklarini bilasan va uni boshqara olasan. Yuragi aytganlaridan hali hech kim qochib qutilmagan. Yaxshisi, uni tinglamoq kerak. Shunda kutilmagan zarba ostida qolmaysan.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:16:29

Ular sahro bo‘ylab yo‘l yurishni davom ettirishdi va Santyago yuragi ovoziga quloq tutdi. Tez orada u yuragining injiqliklarini, hiyla-nayranglarini bilib oldi — uni boricha tushunib qabul qila boshladi. Bo‘zbola qo‘rquvga tushishdan qutuldi va ortga qaytish istagidan xalos bo‘ldi — endi vaqt o‘tgan, yuragi ham xotirjam edi.
"œAgar gohida men nolinsam, nachora, axir, men odamning yuragiman, bu menga xos xususiyat. Hammamiz ham o‘zimizning eng aziz orzu-o‘ylarimizni amalga oshirishga cho‘chiymiz, chunki biz o‘zimizni ana shu orzularga noloyiq yoki har qanday holda ham baribir ularga erisholmaymiz, deb o‘ylaymiz. Biz, odam yuragi, ma’shuqadan umrbod ajralib qolish xayolidan, xushbaxt kechishi lozim bo‘lgan, biroq noxush daqiqalar, topilishi mumkin esa-da, qumlar ostida ko‘milganicha qolib ketgan xazinalar haqidagi o‘ylardan o‘lguday qo‘rqamiz. Chunki ana shunday hollar ro‘y berganda biz azob chekamiz".
— Mening yuragim azob chekishdan qo‘rqadi, — dedi u Alkimyogarga bir oqshom, qop-qorong‘u, oysiz osmonga tikilib turib.
— Sen unga uqtir, azob chekishdan qo‘rqish, azobning o‘zidan ko‘ra yomonroq. O‘z orzularini izlab yo‘lga chiqqan biror-bir yurak azob chekmaydi, zero, bunday izlanishning har bir daqiqasi — bu Tangri va Abadiyat bilan uchrashuv.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:16:38

"œHar lahza — bu diydor, — dedi Santyago yuragiga. — Qachonki men o‘z xazinamni izlabman, kunlarning bari sehrli yog‘du bilan yorishgan, zero, men bilardimki, soat sayin o‘z orzuimning amalga oshmog‘i yaqinlashardi. Qachonki men o‘z xazinamni izlabman, men yo‘limda hech qachon o‘y-xayolimga kelmagan narsalarni uchratdimki, bundayin uchrashuvlar cho‘ponlardan jasorat talab etardi".
Shundan keyin uning yuragi tinchlandi. Oqshom Santyago xotirjam uxladi, uyg‘onganidan so‘ng yuragi unga Olam Qalbi haqida gapira boshladi. Aytdiki, Tangrini qalbida olib yurgan odam baxtlidir. Baxtni esa, Alkimyogar gapirgan, o‘sha bir dona g‘aroyib qum zarrasida topish mumkin. Zotan, ana shu zarrani bunyod etish uchun Olamga milliard yil kerak bo‘ldi.
"œYerda yashayotgan har qaysi odamni uning xazinasi kutib yotadi, biroq biz — yuraklar sukut saqlashga odatlanganmiz, chunki odamlar ularni qo‘lga kiritishni xohlashmaydi. Bu haqda biz faqat bolalarga gapiramiz, keyin esa hayot har kimni o‘z Taqdiriga peshvoz yo‘llayotganini ko‘ramiz. Biroq, baxtga qarshi, sanoqli kishilargina o‘zlariga buyurilgan Yo‘llaridan borishadi. Dunyo xavotirga soladi va shu boisdan ham xatarli tus oladi.
Shunda biz, yuraklar, past ovozda, shivirlab gapiramiz. Bizning ovozimiz hech qachon tinmaydi, biroq so‘zlarimizga quloq tutishlari uchun urinamiz: odamlarning yurakka quloq tutmay aziyat chekishlarini istamaymiz".

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:16:51

— Nega yurak kishiga o‘z orzularini amalga oshirish uchun harakat qilish zarurligini aytmaydi? — so‘radi Santyago.
— U holda yurak azob chekishiga to‘g‘ri keladi, yurak esa azob chekishni xushlamaydi.
Shu kundan boshlab bo‘zbola o‘z yuragini tushuna boshladi. Va bundan keyin agar u o‘z orzulari yo‘lidan bir qadam chetga chiqsa, siqilib, og‘rib tashvishdan ogoh etishini yuragidan so‘radi. Ogohni eshitgach, o‘z yo‘liga, albatta, qaytishga qasam ichdi.
O‘sha oqshom u Alkimyogarga bu gaplarning hammasini aytdi. Alkimyogar Santyagoning yuragi Olam Qalbiga yuz tutganini tushundi.
— Endi men nima qilishim kerak?
— Ehromlarga qarab boraver. Belgilarni ko‘zdan qochirma. Yuraging endi xazina qaerdaligini ko‘rsatishga qodir.
— Oldinlari menga shu yetishmasmidi?
— Yo‘q. Bilasanmi, senga nima yetishmaganini, — dedi Alkimyogar va tushuntira boshladi:
— Orzu amalga oshishidan oldin Olam Qalbi orzumand kishi uning saboqlarini to‘la o‘zlashtirib olganini sinab ko‘rishga qaror qiladi. Olam Qalbi biz o‘z orzularimiz bilan birga yo‘l-yo‘lakay o‘zimizga berilgan ilmu saboqlarni ola bilishimiz uchun shunday qiladi. Ayni shu nuqtada aksariyat odamlar jasorat ko‘rsatishdan yuz burishadi. Sahro tilida buni "œvoha ko‘zga ko‘ringan chog‘da chanqoqlikdan o‘lish", deyiladi. Izlanishlar doimo Xayrli Ibtido bilan boshlanadi. Va mana shu sinov bilan intiho topadi.
Santyago yurtida ko‘p aytiladigan bir hikmatni esladi: "œEng qorong‘u payt — sahar oldi pallasi".

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:17:04

Ertasi kuni birinchi marta chinakam xavf-xatarning alomatlari yuz ko‘rsatdi.Yo‘lovchilarga uch nafar jangchi yaqinlashib kelib, ular bu yerda nima qilishayotganini so‘rashdi.
— Qirg‘iy bilan ov qilayapman, — javob berdi Alkimyogar.
— Biz qurollaring yo‘qligiga ishonch hosil qilmog‘imiz kerak, — dedi uch jangchining bittasi.
Alkimyogar shoshilmay otdan tushdi. Santyago ham u kabi xotirjam otdan tushdi.
— Nega sen shuncha pulni o‘zing bilan olib yuribsan? — dedi bo‘zbolaning to‘rvasini titkilayotgan jangchi.
— Bu pullar ehromlarga yetib olish uchun menga kerak.
Alkimyogarni tintuv qilayotgan arab uning yonidan qandaydir suyuqlik solingan kichkina shisha idish va sarg‘ish, tovuqnikidan sal kattaroq shisha tuxum topdi.
— Bular nima? — so‘radi jangchi.
— Iksir bilan Obi-hayot — alkimyogarlarning Buyuk Ijodi. Kimki Obi-hayotni ichsa, kasallikka chalinmaydi. Iksirning mayda ushog‘i har qanday metalni oltinga aylantiradi.
Suvorilar o‘zlarini tutolmay, qah-qah urib kulishdi, Alkimyogar ham ularga qo‘shilib kuldi. Ular Alkimyogarning javobidan huzur qilishdi va hech qanday qarshiliksiz yo‘lovchilarga yo‘llarida davom etishga ruxsat berishdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:17:20

— Aqldan ozdingmi? — so‘radi Santyago, jangchilardan xiyla uzoqlashgach. — Nega bunday qilding?
— Nega deysanmi? Senga dunyoda amal qiladigan oddiy qonunni ko‘rsatish uchun, — dedi Alkimyogar. — Biz hech qachon oldimizda qanaqa xazina borligini tushunmaymiz. Bilasanmi, nega shunday? Negaki, odamlar umuman xazinaga ishonishmaydi.
Ular yo‘l yurishni davom ettirishdi. Kun sayin Santyagoning yuragi tobora sukut saqlashga odatlanib borayotgandi: uning na o‘tmish va na kelajak bilan ishi bor edi; u sahroni tomosha qilish bilan birga bo‘zbola qatori Olam Qalbi chashmasidan bahra olardi. Ular o‘zaro haqiqiy do‘st bo‘lib olishdi va endi hech qaysi bir-birini sota olmasdi.
Yurak tilga kirgan chog‘dayam, faqat Santyagoning ishonchini mustahkamlash va unga yangidan kuch-quvvat berish uchun gapirar, zotan, gohida sahro sukunati bo‘zbolani juda toliqtirib qo‘yardi. Yurak unga birinchi marta uning ajoyib fazilatlari, xususan, qo‘ylaridan voz kechishga qaror qilganda jur’at ko‘rsatgani va do‘konda ishlab g‘ayrat-ishtiyoqini namoyon etgani haqida gapirdi.
U yana Santyago hech qachon payqamagan bir jihat: o‘ziga xavf solgan xatarlar haqida ham gapirdi. Yurak otasidan yashirincha olib chiqqan, qayoqdadir qolib ketgan miltiq haqida gapirdi, bu qurol bilan u o‘zini yarador qilib yoki otib qo‘yishi hech gap emasdi. Yana bir safar biyday dalada bo‘zbola o‘zini yomon his etgani, ko‘ngli aynib qusa boshlagani, keyin esa hushini yo‘qotib yiqilib uxlab qolganini yodiga soldi. Ayni o‘sha paytda ikki nafar daydi o‘zini o‘ldirib, qo‘ylarini haydab ketish niyatida uni poylagan. Biroq Santyago ha deganda kelavermagach, ular bo‘zbola suruvini boshqa tarafga haydab ketgan bo‘lishi kerak, deb jo‘nab qolishgan.
— Yurak har doim ham odamga yordam beradimi? — so‘radi u.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:18:17

— Har kimga ham emas. Faqat o‘z Taqdiri yo‘lidan borayotganga. Va yana bolalarga, mastlar va qariyalarga.
— Bu degani, ular xavf-xatardan xoli deganimi?
— Bu — atigi ularning yuraklari bor kuchini safarbar etadi, degani.
Bir safar ular o‘zaro dushman qabilalar jangchilari qo‘nalg‘alari yonidan o‘tishdi. To‘rt tomonda bejirim oq yaktakdagi qurolli odamlar ko‘zga chalinardi. Ular chilim chekishar va janglar haqida gurunglashardi. Santyago bilan Alkimyogarga biror kishi zarracha e’tibor qaratmadi.
— Biz xavfdan xolimiz, — dedi bo‘zbola lashkargohni ortda qoldirishgach.
— Yuragingga ishon, biroq o‘zingning sahroda ekaningni bir zum yodingdan chiqarma! Odamlar o‘zaro urushayotganda Olam Qalbiga jang shovqini yetib boradi. Quyosh ostida ro‘y berayotgan voqealar oqibatidan hech kim qochib qutulolmaydi, — Alkimyogarning ovozida alam ohangini sezish qiyin emasdi.
"œHammasi — bir butun", — o‘yladi Santyago.
Shu payt, go‘yo keksa Alkimyogarning haqligiga dalilday, sahroda yo‘lovchilar ortidan quvib kelayotgan bir juft suvori ko‘rindi.
— Yo‘lni davom ettirishlaring xavfli, — dedi ularga yetib kelgan jangchilardan biri. — Bu yerda urush ketayapti.
— Biz ko‘p yurmaymiz, — javob qildi Alkimyogar uning ko‘ziga tik qarab.
Jangchilar bir lahza qotib turishdi, keyin esa yo‘lovchilarni o‘tkazib yuborishdi. Santyago hayratga tushdi.
— Sen ularni ko‘zing bilan qotirdingmi?
— Ko‘zning qarashi ruhning qudratini namoyon etadi, — javob qildi Alkimyogar.
"œHa, bu shunday", — o‘yladi bo‘zbola, lashkargohni yonlab o‘tishayotganda jangchilardan biri ularga uzoq tikilib qaraganini eslab. Ular uzoqda edi, hatto o‘sha jangchining yuzini payqab bo‘lmasdi, biroq baribir Santyago o‘ziga tikilgan nigohni his etdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:18:38

Va nihoyat, ular ufqni to‘sgan toqqa ko‘tarila boshlaganda Alkimyogar ehromlargacha ikki kunlik yo‘l qoldi, deb aytdi.
— Garchi yaqin orada xayrlashadigan bo‘lsak ham, meni alkimyoga o‘rgat.
— Sening o‘rganishingga hojat yo‘q. Bu ilm Olam Qalbiga uyg‘unlasha bilishdan va u yerda o‘zingga tayin etilgan xazinani topishdan iborat ekanini bilasan.
— Men boshqa narsani nazarda tutayapman. Men qo‘rg‘oshinni qanday qilib oltinga aylantirishni bilishni istayman.
— Olamdagi jamiki mavjud narsalar rivojlanadi, biri boshqasiga aylanadi, — javob qildi u. — Va donishmandlar fikricha, oltin metall hisoblanadi, bu metall boshqalaridan ko‘ra uzoqroq rivojlanish, o‘zgarishga yuz tutgan. Nima uchun deb mendan so‘rama — bilmayman. Men faqat shunday bo‘lganidan xabardorman, xolos. Biroq odamlar donishmandlarning so‘zlarini buzib talqin qilishgan. Oqibatda oltin rivojlanish, taraqqiyot timsoli bo‘lish o‘rniga, adovat, nizo belgisiga aylangan.
— Tevaragimizdagi olam ko‘p tillarda gapiradi, — dedi bo‘zbola. — Burun tuyaning o‘kirgani men uchun shunchaki o‘kirik edi, xolos. Keyin bu xatardan ogoh etuvchi tovushga aylandi. Va nihoyat — yana o‘kirik bo‘lib tuyuldi, — dedi Santyago, biroq shu lahzada Alkimyogarga usiz ham hamma narsa ayon ekanini anglab qolib, jim bo‘ldi.
— Men chinakam alkimyogarlarni tanirdim, — davom etdi Alkimyogar. — Birlari o‘z laboratoriyalaridan chiqmay, xuddi oltin kabi rivoj topmoqchi bo‘lishdi — Iksir shu tariqa kashf etildi. Zotan, ular qandaydir bir narsa rivojlanayotgan ekan, demak, uning tevaragidagi bor narsalar ham o‘zgarishini tushunishgan. Boshqa birlari tasodifan Hikmat Toshini topishdi. Ular qobiliyatdan benasib bo‘lishmagan va ularning qalbi boshqa oddiy odamlarnikidan ko‘ra sezgir bo‘lgan. Biroq bundaylar juda kamchil. Uchinchi toifa alkimyogarlar esa faqat oltin izlashgan. Ularga sirni ochish, baribir, nasib etmagan. Ular qo‘rg‘oshinning ham, misning ham, temirning ham o‘z Yo‘li borligini unutishgan. Zero, birovning Taqdiriga aralashgan kishi, albatta, o‘zining shaxsiy Yo‘lini yo‘qotadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:19:03

Alkimyogarning ushbu so‘zlari xuddi la’natday eshitildi. Keyin u egildi va yerdan chig‘anoqni oldi.
— Bir zamonlar bu yerda dengiz bo‘lgan, — dedi u.
— Ha, men sezgandim, — dedi javoban bo‘zbola.
Alkimyogar unga chig‘anoqni qulog‘iga tutishni aytdi. Santyago bolaligida ko‘p marta shunday qilgandi va hozir yana dengiz shovqinini eshitdi.
Dengiz hanuz shu chig‘anoq ichida, demak, u o‘z Taqdiri yo‘lida. Va u chig‘anoqni, toki sahroda tag‘in to‘lqinlar oqib o‘ynamaguncha, tark etmaydi.
Ular otlariga minishdi va Misr ehromlari tomon yo‘l tortishdi.
Santyagoning yuragi xavfdan ogoh etib belgi bergan chog‘da quyosh mag‘ribga og‘a boshlagan edi. Ular bu daqiqalarda ulkan qum barxanlari orasida borishardi. Santyago Alkimyogarga qaradi, biroq u aftidan hech nimani payqamagandi. Besh daqiqada keyin bo‘zbola oldinda ikki nafar suvorining qorasini aniq-tiniq ko‘rdi. U gapirmoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan ham ediki, ikkita o‘ntaga, o‘nta-yuztaga ko‘paydi va oxir-oqibat barxanlarni son-sanoqsiz lashkar qopladi.
Suvorilar havorang kiyimda edi. Ularning sallalari qora tasma bilan tang‘ib boylangan, yuzlari esa ko‘zlarigacha havorang mato bilan bekitilgan.
Hatto uzoqdan ham bu ko‘zlar ruh qudratini namoyon qilib, yo‘lovchilarga o‘limni daraklardi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:19:15

Santyago bilan Alkimyogarni lashkargohga olib kelishdi, chodirga itarib kiritib yuborishdi, bo‘zbola hali bunaqasini ko‘rmagan edi; ularni qabila boshlig‘iga ro‘para qilishdi. Uning tevaragida harbiy sardorlari saf tortib turishardi.
— Bular ayg‘oqchilar, — ma’lumot berdi asirlarni boshlab kelganlardan biri.
— Yo‘q. Biz yo‘lovchilarmiz, xolos.
— Uch kun burun sizlarni dushmanlarimiz qo‘nalg‘asida ko‘rishgan. Sizlar qaysidir bir jangchi bilan gaplashgansiz.
— Men sahro yo‘llarini bilaman va yulduzlarga qarab yo‘l topaman, — javob qildi Alkimyogar. — Sizlarning dushmanlaring qancha ko‘pligi va ular qay tomonga harakat qilayotgani menga qorong‘u. Men lashkargohingizgacha o‘zimning do‘stimni kuzatib keldim.
— Kim o‘zi bu? — so‘radi qabila boshlig‘i.
— Alkimyogar, — javob qildi Alkimyogar. — U tabiatning jamiki kuch-qudratidan boxabar va senga o‘zining g‘aroyib iste’dodini ko‘rsatishni istaydi.
Santyago miq etmay, qo‘rquv ichida tingladi.
— Musofir bizning o‘lkamizda nima qilib yuribdi, — so‘radi boshqa bir harbiy sardor.
— U sizning qabilaga pul olib keldi, — javob qildi Alkimyogar va bo‘zbola og‘zini juftlab ulgurmay boshliqqa uning hamyonini uzatdi.
Qabila boshlig‘i indamay oltinni oldi — unga ko‘p qurol sotib olsa bo‘lardi.
— "œAlkimyogar" degani nima? — so‘radi harbiy sardorlardan biri.
— Bu tabiat va olamning sirini biladigan odam. Agar xohlasa, u lashkargohingizni birgina shamolning kuchi bilan yo‘q qiladi.

Qayd etilgan