Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118445 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:19:41

Arablar kulib yuborishdi. Ular urushning vayron qiluvchi kuchiga ko‘nikishgan edi, shamolning bunday qudratga egaligiga ishonishmasdi. Biroq ularning yuragiga qo‘rquv oraladi. Ularning bari sahroyi edi, shu boisdan ham sehrgarlardan cho‘chishardi.
— Buni u qanchalik uddalay bilishini men ko‘rishni istayman, — dedi eng katta boshliq.
— Bizga uch kun muhlat bering. Va mening hamrohim, sizga o‘z kuchini ko‘rsatish uchun, shamolga aylanadi. Agar buni u uddalay bilmasa, biz hayotimizni sizga topshiramiz.
— Shunday ham menga tobe bo‘lgan hayotni menga topshirishning hojati yo‘q, — qat’i javob qildi harbiy boshliq.
Biroq uch kun kutishga rozi bo‘ldi.
Santyago qo‘rquvdan tamom dovdirab qoldi. Alkimyogar uni qo‘lidan tortib chodirdan olib chiqdi.
— Qo‘rqayotganingni ularga sezdirma. Bular jasoratli odamlar, qo‘rqoqlarni yomon ko‘rishadi.
Shunga qaramay, Santyagoning ancha vaqt tili kalimaga kelavermadi. Ular qo‘nalg‘ada erkin aylanib yurishdi, arablar faqat otlarini olib qo‘yishdi. Va olam yana bir bor ko‘ptilli ekanini ko‘rsatdi: burun chek-chegarasiz va ochiq-oydin bo‘lgan sahro endi qamoqxonaga aylandiki, undan qochishning imkoni yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:19:59

— Sen ularga mening bor pulimni berding! — dedi u. — Hammasini, umrim bo‘yi ishlab topgan boyligimni!
— O‘lishga to‘g‘ri kelsa, ularning senga nima keragi bor? Sening pullaring umringni uch kunga uzaytirdi. Odatda pul ajalni bir daqiqaga ham kechiktirolmaydi.
Biroq Santyago dono va’zlarni eshitishdan yiroq, u qattiq qo‘rqqan edi. U qanday qilib shamolga aylanishni bilmasdi — alkimyogar emasdi.
Alkimyogar esa jangchidan choy opkelishini so‘radi va bo‘zbolaning bilagiga bir necha tomchi tomizib, allaqanday tushunarsiz so‘zlarni aytdi. Va darhol bo‘zbola vujudini qo‘rquv-xavotir tark etganini his qildi.
— Ko‘pam afsus chekaverma, — favqulodda erkalagan ovozda dedi Alkimyogar. — Gap shundaki, hali sen yuraging bilan gaplashib olishga ulgurmagansan.
— Axir, men shamolga aylana olmayman-ku!
— Kimki O‘z Taqdiri yo‘lidan borayotgan ekan, u hamma narsani biladi va uddalay oladi. Faqat bir narsa orzuning ro‘yobga chiqishiga monelik qiladi— bu omadsizlikdan cho‘chish.
— Men omadsizlikdan cho‘chimayman. Faqat bilmayman, qanday qilib shamolga aylanishni.
— O‘rganishga to‘g‘ri keladi. Sening hayoting shunga bog‘liq.
— Agar qo‘limdan kelmasa-chi?
— U holda o‘lasan. Biroq O‘z Taqdiring yo‘lida o‘lmoq, hatto Yo‘lning mavjudligini xayoliga ham keltirmagan minglab odamlar qatori qazo qilishdan ko‘ra yuz bor afzal. Xullas, tashvishlanma. Odatda o‘lim xavfi hayotiy kuchlarni va sezgilarni kuchaytiradi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:21:26

Birinchi kun o‘tdi. Sahroda katta jang bo‘ldi, yaradorlarni qo‘nalg‘aga keltirishdi. "œO‘lim hech narsani o‘zgartirmaydi", — o‘yladi Santyago. Safdan chiqqanlarning o‘rnini boshqalar egallashadi va hayot o‘z maromida davom etaveradi.
— Sen keyinroq o‘lishing ham mumkin edi, do‘stim, — dedi jangchilardan biri o‘zining halok bo‘lgan birodariga. — Hozir bo‘lmasa, urushdan keyin. Qanday bo‘lmasin, baribir, ajalga chap berishning iloji yo‘q.
Shomga yaqin bo‘zbola Alkimyogarni izlab ketdi.
— Men shamolga aylana olmayman, — dedi u Alkimyogarga.
— Esla, men senga nima degandim: olam bu Tangrining zohiriy qismi. Alkimyo esa ruhiy komillikni moddiylashtiradi.
— Sen nima qilayapsan, — so‘radi Santyago.
— Qirg‘iyimni ovqatlantirayapman.
— Shartmi? Agar men shamolga aylana olmasam ikkimizni ham o‘ldirishadi-ku.
— Ikkalamiznimas, seni, — javob qildi Alkimyogar. — Men esa shamolga aylana olaman.
Ikkinchi kuni bo‘zbola qo‘nalg‘a chetidagi qoyaning ustiga chiqdi. Qorovullar uni qarshiliksiz o‘tkazib yuborishdi: ular shamolga aylana oladigan sehrgar paydo bo‘lganini eshitishgan va undan chetroq yurishga urinishardi. Qolaversa, sahro harqalay zindondan tuzukroq.
Santyago oqshomgacha — kun bo‘yi sahroni kuzatdi. Yuragiga quloq tutdi. Sahro esa uning qo‘rquvini uqdi.
Ular bir tilda gaplashishdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:21:45

Uchinchi kuni qabila boshlig‘i o‘zining harbiy sardorlarini yig‘di.
— Ko‘raylik-chi, bu bo‘zbola qanday qilib shamolga aylanarkan, — dedi u.
— Ko‘ramiz — javob qildi Alkimyogar.
Santyago ularni o‘zi kecha kun bo‘yi o‘tirgan joyga olib bordi. Keyin o‘tirishlarini so‘radi.
— Biroz kutishga to‘g‘ri keladi, — dedi u.
— Shoshayotgan joyimiz yo‘q, — dedi qabila boshlig‘i. — Bizlar sahro odamlarimiz.
Santyago ufqqa qaradi. Oldda tog‘lar, qum barxanlari, qoya-toshlar bor; giyoh ko‘karishi aqlga sig‘maydigan qumloqda ajabtovur yer bag‘irlab o‘t-o‘lanlar o‘sib yotibdi. Uning ro‘parasida sahro yastanib yotibdi — bir necha oy uni kezdi, biroq baribir sahro siru sinoatining arzimasgina qismidan xabardor bo‘ldi. Yo‘lida angliyalikni, karvonlarni uchratdi, qabilalar o‘rtasidagi janglarga guvoh bo‘ldi, ellik ming tub xurmo ko‘karib turgan va uch yuzta quduqli vohani, Fotimani ko‘rdi.
— Xo‘sh, — so‘radi undan sahro, — senga yana nima kerak? Kuni kecha bir-birimizga termilib to‘ymaganmidik?
— O‘sha tarafda, sening qum barxanlaring orasida mening sevgan yorim yashaydi, — javob qildi Santyago. — Senga termilganimda men uni ham ko‘raman. Uning yoniga qaytgim keladi, buning uchun sening ko‘maging kerak. Men shamolga aylanishim darkor.
— "œSevgi" deganlari nima o‘zi? — so‘radi sahro.
— Sevgi — bu qum barxanlar ustidagi qirg‘iy parvozi. Uning uchun sen yam-yashil o‘tloqsan. U sening qoya toshlaringni, sening barxanlaringni, tog‘laringni biladi. Sening esa unga bag‘ring doimo ochiq.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:22:14

— Qirg‘iyning tumshug‘i menga azob beradi, — javob qildi sahro. — Mening yillar bo‘yi yetishtirganim unga o‘lja bo‘ladi, vaholanki, men uni kamchil suvim bilan sug‘oraman, qornini qaerda to‘ydirishini ko‘rsataman. Keyin esa osmondan sho‘ng‘ib keladi — endi men qumlarimda hayot borligidan quvonaman degan pallada u yetiltirganimni ilib olib ketadi.
— Biroq sen uning uchun yetiltirgansan-ku. Qirg‘iyni boqish uchun. Qirg‘iy esa odamni boqadi. Bir payt kelib odam sening qumlaringni to‘yintiradi va shunda yana hayot jonlanadi, qirg‘iyga o‘lja paydo bo‘ladi. Olam shunday yaralgan.
— Sevgi deganlari shumi?
— Sevgi deganlari shu. Sevgi o‘ljani qirg‘iyga aylantiradi, qirg‘iyni — odamga, odamni esa sahroga. Qo‘rg‘oshinni oltinga aylantiradigan, oltinni yer ostiga bekitadigan sir shu.
— Men bu gaplarning ma’nisiga tushunmayman, — javob qildi sahro.
— U holda bir narsani tushun: sening qum barxanlaring orasida meni bir ayol kutayotir. Va shuning uchun men shamolga aylanishim kerak.
Sahro bir muddat jim qoldi.
— Men senga qumlarimni beraman, shamol ularni quyunga aylantirishi uchun. Biroq bu kam. Yolg‘iz o‘zim hech nima qilolmayman. Shamoldan yordam so‘ra.
Yengilgina shamol qo‘zg‘aldi. Harbiy sardorlar uzoqdan turib bo‘zbolaning o‘zlariga tushunarsiz tilda kim bilandir gaplashayotganini kuzatishardi.
Alkimyogar kulimsiradi.
Shamol Santyagoga yaqinlashdi, uning yuziga urildi. Shamol uning sahro bilan gaplashganini eshitdi, chunki shamollar hamma narsadan xabardor. Ular dunyo kezib yelib-yugurishadi, ularning tug‘ilgan makoni ham, o‘lim topgan joyi ham yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:22:42

— Menga yordam ber, — dedi unga bo‘zbola. — Bir safar menga sen sevgilimning ovozini olib kelgan eding.
— Sahroning va shamolning tilida gaplashishni senga kim o‘rgatdi?
— Mening yuragim, — javob qildi Santyago.
Shamolning nomi ko‘p edi. Bu yerda uni "œsirokko" deyishadi, arablar uni sersuv va qoratanli odamlar yashaydigan o‘lkalardan yeladi, deb o‘ylashadi. Santyagoning yurtida esa uni "œlevantinlik" deyishadi, chunki bu shamol sahro qumlarini va mavrlarning jangovar hayqiriqlarini olib keladi, deb o‘ylashgan. Ehtimol, qo‘ylar uchun yaylov yo‘q uzoq mamlakatlarda odamlar bu shamol Andalusiyada tug‘iladi, deb hisoblashgan. Biroq shamol hech qaerda tug‘ilmaydi va hech qaerda o‘lmaydi, shu boisdan ham u sahrodan qudratliroq. Chunki sahroda nimadir ko‘kartirishga odamlar qodir; ular sahroda qo‘ylarni ham ko‘paytira olishadi, biroq shamolni o‘z izmlariga sola olishga ularning qurbi yetmaydi.
— Sen shamolga aylana olmaysan, — dedi shamol. — Sen bilan bizning aslimiz boshqa-boshqa.
— Noto‘g‘ri, — javob qildi Santyago. — Men sen bilan birga dunyo kezganimizda, menga alkimyo sirlari ayon bo‘ldi. Endi menda shamol ham, sahro ham, okean ham, yulduzlar ham, Olamda bino bo‘lgan hamma narsa jam bo‘lgan. Bizni — senu meni bir qo‘l bino etgan va bizning qalbimiz ham bitta. Men senday bo‘lishni xohlayman, har qanday kavakka kirishni, dengizlar ustida yelishni, xazinamni bekitib yotgan qum barxanlarini to‘zitishni, sevgilimning ovozini olib kelishni istayman.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:23:01

— Bir safar men sening Alkimyogar bilan gaplashganingni eshitdim, — dedi shamol. — U har kimning o‘z Yo‘li bor, dedi. Odam shamolga aylanmasligi kerak.
— Bir necha lahzaga bo‘lsa-da senga aylanishni o‘rgat. O‘shanda odamning va shamolning cheksiz imkoniyatlarini muhokama qilamiz.
Shamol qiziquvchan edi — bunaqasini hali uchratmagandi. Uning ana shu masalada tortishgisi keldi, biroq u chindan ham odamni shamolga aylantirishni bilmasdi. Aslida esa juda ko‘p narsaga qodir! Sahroni paydo qila olardi, kemalarni cho‘ktirardi, asrlik daraxtlarni va hatto butun bir o‘rmonni qulatardi, musiqa yangrab turgan, tushunarsiz tovushlar taralib turgan shaharlar uzra yelib o‘tardi. Olamda hamma narsaga qurbim yetadi, deb hisoblagan shamolga endi bu bolakay o‘z xohishini ro‘kach qilib, buni ham amalga oshirishga qobilsan, deb qistayotir.
— Bu "œsevgi" deyiladi, — dedi Santyago, shamol o‘zining iltimosini bajarishiga ishonib. — Agar sevsang, xohlagan narsaga aylana olasan. Agar sevsang, nimalar bo‘layotganini tushunishga mutlaqo hojat yo‘q, zero, hamma narsa bizning botinimizda kechadi, demak, odam shamolga bemalol aylana oladi. Albatta, shamol unga yordam bersa.
Shamol mag‘rur edi, shu bois Santyagoning gaplari uni ranjitdi. U kuchli esa boshladi, sahro qumlarini to‘zitdi. Biroq oxir-oqibat, garchi butun dunyoni kezgan esa-da, odamni shamolga aylantira olmasligini tan olishga majbur bo‘ldi. Sevgini ham bilmasligiga iqror bo‘ldi.
— Men odamlarning sevgi haqida gapira turib, osmonga tikilishlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganman, — dedi shamol, o‘z ojizligini tan olganidan jazavasi qo‘zib. — Ehtimol, sen ham osmonga murojaat qilarsan, a?

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:23:54

— Bu ham bir fikr, — ma’qulladi Santyago. — Faqat sen menga yordamlash: chang-to‘zon ko‘targin, men quyoshga qaray olay va ko‘zlarim qamashmasin.
Shamol yanada kuchli esdi, osmon qum to‘zoni bilan qoplandi va quyosh oltin barkashga aylandi.
Qo‘nalg‘adan turib kuzatayotganlar hech narsani ajrata olishmadi. Sahro odamlari shamolning bu qilig‘ini bilishar va uni "œsamum", deb atashardi. Ular uchun bu dengiz bo‘ronidan-da dahshatli edi, vaholanki, ular umr bo‘yi dengizda bo‘lishmagandi. Otlar kishnab yubordi, qum zarralari qurol-yarog‘ga urilib g‘ichirladi.
Harbiy sardorlardan biri qabila boshlig‘i tomon burilib dedi:
— Yetarli bo‘ldi, chamamda?
Ular Santyagoni ko‘rmasdi. Yuzlari oq ro‘mol bilan ko‘zlarigacha burkangan, ko‘zlarida qo‘rquv qotib qolgan.
— Buni to‘xtatish kerak, — dedi boshqa bir harbiy sardor.
— Mayli, Olloh o‘zining jamiki qudratini namoyon etsin, — javob qildi qabila boshlig‘i. — Men odam qanday qilib shamolga aylanishini ko‘rishni istayman.
Biroq qo‘rqqanini sezdirganlarning ismini u eslab qoldi. Va shamol tingach, ikkalasini ham mansabidan olib tashlashga qaror qildi, zero, sahroda qo‘rqish yaramaydi.
— Shamol menga seni sevgini biladi deb aytdi, — Quyoshga murojaat qildi Santyago. — Shunday bo‘lsa, Olam Qalbini ham bilishing kerak — axir, Olam Qalbi sevgidan bino bo‘lgan.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:24:12

— Bu joydan menga Olam Qalbi ko‘rinib turadi, — javob qildi Quyosh. — U mening qalbimga murojaat etadi va biz birgalikda o‘t-o‘lanni o‘sishga, qo‘ylarni esa soya joylarni qidirib topishga majbur etamiz. Bu joyda turib — bu joy sizlarning dunyongizdan juda olisda — men sevishga o‘rgandim. Bilaman, agar Yerga ozgina yaqinlashsam, jamiki jonzot halok bo‘ladi va Olam Qalbi barham topadi. Va biz uzoqdan bir-birimizga termilamiz, uzoqdan turib bir-birimizni sevamiz. Men Yerga hayot va issiqlik bag‘ishlayman, Yer esa — mavjudligimning mohiyatini ta’minlaydi.
— Sen sevgini bilasanmi? — takror so‘radi Santyago.
— Olam Qalbini ham bilaman, chunki koinotni tinimsiz kezib, biz u bilan ko‘p gaplashamiz. U menga o‘zining asosiy muammosini gapirib berdi: hozirgacha faqat toshlar va giyohlar olamdagi hamma narsalarning yagonaligini tushunadi. Shu bois temirning misga o‘xshashi, misning esa oltindan farq qilmasligi talab etilmaydi. Bu yagona olamda har narsaning o‘zining aniq vazifasi bor va agar bularni bitgan Qo‘l Ijodning beshinchi kunida to‘xtaganida, barisi bir yagona Simfoniyaga uyg‘unlashardi. Biroq oltinchi kun ham bor edi.
— Sen donosan, — javob qildi bo‘zbola, — chunki hammasini uzoqdan ko‘rib turasan. Biroq sen sevgi nimaligini bilmaysan. Agar odam paydo bo‘lmaganida Ijodning oltinchi kuni ham bo‘lmasdi. Mis misligicha qolaverardi, qo‘rg‘oshin — qo‘rg‘oshinligicha. Ha, har narsaning o‘z Yo‘li bor, biroq bu yo‘l payti kelib bosib o‘tiladi. Shuning uchun nimagadir aylanmoq kerak, yangi Yo‘lni boshlash lozim. Va olam Qalbi chindan yaxlitlik kasb etguncha yo‘lni davom etish zarur.
Quyosh bir zum o‘ylanib qoldi va yorqin nur socha boshladi. Bu suhbatdan huzur tuygan shamol ham, Santyagoning ko‘zini qamashtiradigan nurlardan asrab, kuchli esa boshladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:24:41

— Alkimyoning mavjudligi shundanki, — davom etdi Santyago, — har kim o‘z xazinasini qidirsin va topsin, shundan so‘ng burungisidan ko‘ra yaxshi bo‘lishni xohlasin. Qo‘rg‘oshin o‘z vazifasini dunyoga kerak bo‘lgunigacha ado etadi, shundan so‘ng u oltinga aylanishi lozim. Alkimyogarlar shunday deyishadi. Va ular shuni dalillab berishadiki, biz oldingidan ko‘ra yaxshi bo‘lishga intilgan vaqtda tevarak-atrofimiz ham yaxshi bo‘lib boradi.
— Mening sevgini bilmasligimni qayoqdan olib aytayapsan? — so‘radi Quyosh.
— Chunki sevganingda bir joyda, sahroga o‘xshab, turib bo‘lmaydi, dunyo bo‘ylab, shamolga o‘xshab izg‘imaydi, senga o‘xshab hamma narsaga uzoqdan qaramaydi. Sevgi — bu kuch, u Olam Qalbini yangilaydi va yaxshilaydi. Men ilk bor unga uyg‘unlashganimda, u menga mukammal bo‘lib ko‘rindi. Keyin men ko‘rdimki, u — bizning barimizning aksimiz ekan, unda o‘z ehtiroslarimiz jo‘sh urarkan, o‘z urushlarimiz kecharkan. Uni biz oziqlantiramiz va biz yashayotgan yerning yaxshilikka yoki yomonlikka yuz burishi bizning yaxshi yoki yomon bo‘lishimizga bog‘liq. Ayni mana shu joyda sevgi kuchi ish beradi, zero, sevsang yaxshi bo‘lishga intilasan.
— Xo‘sh, mendan nima istaysan?
— Shamolga aylanishimga yordam ber.
— Tabiatga ayonki, olamda mendan-da dono hech kim yo‘q, — javob qildi Quyosh, — biroq men ham sening qanday qilib shamolga aylanishingni bilmayman.
— Endi men kimga murojaat qilay?

Qayd etilgan