Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118469 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:25:11

Quyosh bir zum o‘ylanib qoldi: suhbatni eshitgan shamol darhol butun dunyoga olam chirog‘ining donoligi chegarasiz emas ekan, deya xabar tarqatadi. Qolaversa, Olam Tilida gapirib turgan bu bo‘zboladan ham qochish aqldan emas.
— Yordamni Hammasini Bitgan Qo‘ldan so‘rab ko‘r, — dedi Quyosh.
Shamol shodon qiyqirdi va behad kuch bilan esa boshladi. Bir necha chodirlar qulab tushdi, qoziqqa bog‘langan otlar yuganini uzdi, qoyadagi odamlar uchib tushib ketmaslik uchun bir-birlariga qapishib olishdi.
Santyago Hammasini Bitgan Qo‘lga o‘girildi va shu damdayoq Olam sukutga cho‘mdi. U jimlikni buzishga jur’at etolmadi.
Keyin Sevgi kuchi uning yuragidan toshdi va bo‘zbola ibodatga kirishdi. U ibodatida hech narsa tilanmadi, biror-bir so‘z demadi, qo‘ylari yaylovli bo‘lgani uchun shukrona aytmadi ham, billur do‘koniga ko‘proq xaridor kelishini-yu, o‘zi sahroda uchratgan qiz uni kutishini ham o‘tinib so‘ramadi. Atrofga cho‘kkan jimlikda u Qo‘l tomonidan kiritilgan belgilarni sahro, shamol va quyosh ham qidirayotganini tushundi. Bo‘zbola bu belgilar butun Yer yuzi va koinotga tarqalib ketganini tushundi va sirtdan qaraganda ularning hech qanday ahamiyatli jihati yo‘qligini angladi. Na sahro, na shamollar va na odamlar ularning nima maqsadda yaratilganini bilishmaydi. Faqat Hammasini Yaratgan Qo‘lning bunga aloqasi bor va faqat U mo‘’jiza yaratishga: okeanlarni sahrolarga, odamni — shamolga aylantirishga qodir. Zero, Uning yolg‘iz o‘zi Olam olti kunlik Ijod jarayonida Buyuk Ijod mahsuliga aylanishini tushunardi.
Bo‘zbola Olam Qalbiga uyg‘unlashdi va ko‘rdiki, Olam Qalbi — Tangri Qalbining bir bo‘lagi, xolos, Tangri Qalbi esa uning o‘zining qalbi. Va, demak, u mo‘’jizalar yaratishga qodir.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:25:28

O‘sha kuni samum har qachongidan-da kuchli esdi. Shamolga aylangan bo‘zbola va bu shamolning butun qo‘nalg‘ani yer bilan yakson qilguday quturib, kimsan qabila boshlig‘ining o‘zini maydonga chorlagani haqidagi rivoyat avloddan avlodga o‘tib yuradi.
Shamol tingach, hamma bo‘zbola turgan joyga qaradi, biroq u yo‘q edi. U qo‘nalg‘aning narigi boshida, yarmi qumga ko‘milgan qo‘riqchining yonida o‘tirardi.
Sehrli Kuch hammani qo‘rqitdi. Faqat ikki kishi kuldi: shogirdidan ko‘ngli to‘lgan Alkimyogar va qabila boshlig‘i — u bo‘zbolaning Tangri taolo qudratini anglaganini tushundi.
Ertasi kuni u Santyago bilan Alkimyogarni to‘rt taraflaring ochiq, deya qo‘yib yubordi, ularni kuzatib qo‘yish uchun jangchilaridan birini qo‘shdi.
Ular otda kun bo‘yi yo‘l bosishdi, qosh qoraya boshlaganda esa Alkimyogar jangchini ortiga qaytardi va egardan tushdi.
— Naryog‘iga yolg‘iz o‘zing ketasan, — dedi u Santyagoga. — Ehromlargacha uch soatli yo‘l qoldi.
— Rahmat senga, — javob qildi bo‘zbola. — Sen meni Umum Tiliga o‘rgatding.
— Men senga o‘zing biladigan narsani eslatdim, xolos.
Alkimyogar koptlar ibodatxonasining darvozasini taqillatdi. Qora libosda ruhoniy chiqib keldi, ular koptchada qisqagina nima haqdadir gaplashib olishdi va Alkimyogar Santyagoni ichkariga taklif qildi.
— Seni menga yordam beradi, deb aytdim.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:26:01

Ibodatxona oshxonasida Alkimyogar o‘choqqa o‘t yoqdi. Ruhoniy bir bo‘lak qo‘rg‘oshin olib keldi va Alkimyogar qo‘rg‘oshinni temir idishga solib, olovga qo‘ydi. Qo‘rg‘oshin erigach, u cho‘ntagidan sariq shisha tuxum chiqardi, undan to‘g‘nog‘ichning boshiday bo‘lakchani ushatib mumladi va erigan qo‘rg‘oshinga tashladi.
Suyuqlik qonday qizil tusga kirdi. Alkimyogar qozonchani olovdan oldi va sovushi uchun chetga qo‘yib, ruhoniy bilan sahrodagi urush haqida gurunglashdi.
— Uzoq davom etar-ov, deb qo‘rqaman, — dedi u.
Ruhoniy afsuslandi: urush bois karvonlar qachondan beri G‘izoda turib qolishdi. "œBari Tangrining irodasi bilan", — qo‘shib qo‘ydi u itoatkorona ohangda.
— To‘g‘ri, — dedi Alkimyogar.
Nihoyat qozoncha sovigach, Santyago bilan ruhoniy hayratlanib qarab qolishdi: idishda doira shaklida qotgan qo‘rg‘oshin oltinga aylangan edi.
— Nahotki bir kun kelib men ham shunga o‘rgansam? — so‘radi bo‘zbola.
— Bu mening Yo‘lim edi — mening, sening emas. Men senga buning mumkin ekanligini ko‘rsatgim keldi, xolos.
Ular yana ibodatxona darvozasiga kelishdi va shu yerda Alkimyogar oltin gardishni to‘rt bo‘lakka bo‘ldi.
— Bu senga, — dedi u bittasini ruhoniyga uzatib. — Doim ziyoratchilarni ochiqko‘ngillik bilan kutib olganing uchun.
— O‘zimning ochiqko‘ngilligim uchun juda ko‘p olayapman men, — e’tiroz bildirdi ruhoniy.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:26:47

— Hech qachon bunday demagin. Devorning ham qulog‘i bor, hayot keyingi safar ulushingni kamaytirib qo‘yishi mumkin, — javob qildi Alkimyogar va Santyagoga o‘girildi. — Mana bu esa senga, qabila boshlig‘i olib qo‘ygan pullaring evaziga.
Bo‘zbola ham bu oltin juda ko‘pligini aytgisi keldi, biroq jim bo‘ldi.
— Bu menga, — davom etdi Alkimyogar. — Men uyga qaytishim kerak, sahroda esa urush davom etayotir.
To‘rtinchi bo‘lakni qo‘liga olib, u yana ruhoniyga dedi:
— Bu — tag‘in Santyago uchun. Ehtimol, asqotar.
— Axir, men xazinani qidirib ketayapman-ku! — qichqirdi u. — Juda yaqin qoldim ularga!
— Men ham ishonaman, sen ularni topasan, — dedi Alkimyogar.
— Unda menga oltinning nima keragi bor?
— Chunki sen ikki marta boringdan ajralding. Birinchi marta seni tovlamachi aldab ketdi, ikkinchisida qabila boshlig‘i shildi. Men keksa irimchi arabman, o‘zimizning maqolimizga ishonaman. Maqol shunday:
"œBir bo‘lgan hodisa, boshqa takrorlanmasligi mumkin. Biroq ikki bor ro‘y bergan hodisa, albatta, uchinchi marta ham ro‘y beradi".
Ular otlarga minishdi.
— Senga tushlar tarixidan bir rivoyat aytib bermoqchiman, — dedi Alkimyogar. — Baqamtiroq yur.
Bo‘zbola bo‘ysundi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:28:56

— Shunday qilib, Qadimgi Rimda, mustabid Tiberiya zamonida bir yaxshi odam yashab o‘tgan, uning ikki nafar o‘g‘li bo‘lgan. Ulardan biri jangchi bo‘lib, saltanatning uzoq chet hududiga xizmatga otlangan. Ikkinchisi esa Rim ahlini hayajonga solgan she’rlar yozgan.
Kunlardan bir kun chol tush ko‘radi, tushida unga samo farishtasi uchrab, uning o‘g‘illaridan birining so‘zlari butun dunyoda mashhur bo‘lishi va bir necha yuzlab yillardan keyin ham ularni odamlar takrorlashini bashorat qiladi. Quvonganidan chol yig‘lab yuboradi: taqdir unga kulib boqqan, har qanday otaga ham nasib etavermaydigan oliy sevinchni in’om etgandi.
Oradan ko‘p o‘tmay u halok bo‘ladi — og‘ir aravaning g‘ildiragi tagidan bir yosh bolani qutqaradi, biroq o‘zi g‘ildirak tagida qoladi. Taqvoli umr kechirgani bois, uning ruhi to‘g‘ri samoga yo‘l oladi va samoda tushida ko‘rgan farishtani uchratadi.
— Sen yaxshi, ezgu inson eding, — deydi unga farishta. — Hayoting mehr-muhabbatga to‘lug‘ edi, qazoying — izzatli bo‘ldi. Men sening xohlagan tilagingni ado eta olaman.
— Hayot ham mendan ezguliklarini darig‘ tutmadi, — javob qiladi qariya. — Sen tushimda ko‘ringaningda, qilgan barcha sa’y-harakatlarim behuda emasligini his etdim. Zotan, o‘g‘limning she’rlari avloddan-avlodga o‘tadi. Men o‘zim uchun hech nima so‘ramayman, har qanday ota ham o‘zi tarbiyalagan, o‘qitgan farzandi shuhrati bilan g‘ururlanadi. Shuning uchun men uzoq kelajakda o‘g‘limning she’rlari qanday jaranglashini bir eshitsam, degandim.
Shunda farishta uning yelkasiga yondashadi va har ikkalasi ko‘z ochib yumguncha uzoq kelajakda — katta shaharda, notanish tilda gaplashayotgan minglab odamlar orasida paydo bo‘lishadi.
Qariya quvonganidan yana ko‘ziga yosh oladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:29:29

— Men o‘g‘limning she’rlari asrlar osha yashashini bilardim, — deydi u ko‘zlarida yosh bilan. — Ayt-chi, bu odamlar uning qaysi satrlarini takrorlashayotir.
Farishta mehribonlik bilan uni o‘rindiqqa o‘tirg‘izadi va o‘zi ham uning yoniga o‘tiradi.
— Sen aytayotgan she’rlar butun Rimda shuhrat qozongan edi, ularni hamma yod bilar, aytib huzur qilardi. Biroq Tiberiyaning podsholigi tugagan va she’rlar ham unutilgan. Odamlar sening boshqa o‘g‘lingning—jangchi o‘g‘lingning so‘zlarini takrorlashayotir.
Qariya farishtaga taajjublanib tikilib qaradi.
— U uzoq bir hududda xizmat qildi, — davom etdi farishta. — Yuzboshi bo‘ldi. U ham adolatparvar va bag‘rikeng inson edi. Bir safar qullaridan biri kasal bo‘lib qoladi — o‘lim holatiga tushadi. Sening o‘g‘ling qaerdadir bir tabib borligini eshitib, o‘sha odamni izlab ketadi. Yo‘l-yo‘lakay bu odam — Xudo O‘g‘li ekanini biladi. U davolagan odamlarni uchratadi. Uning ta’limotini eshitadi va garchi o‘zi rimlik yuzboshi esa-da, Uning e’tiqodiga o‘tadi. Va bir kuni ertalab Uning qoshida hozir bo‘lib, xizmatkori kasal ekanini aytadi. Va Ustoz — bu odamni shunday atashardi — uning bilan birga borishga chog‘lanadi. Biroq yuzboshi dindor kishi edi, Ustozning ko‘ziga qarab olib tushunadiki, hozir u Xudo O‘g‘lining ro‘parasida turibdi. Ana shunda sening o‘g‘ling abadiy unut bo‘lmaydigan so‘zlarni aytadi. U shunday degan:
"œTashvishlanma, Tangrim, men munosib emasmanki, Sen mening qavatimga qo‘shilsang. Biroq so‘zingni aytgin va mening xizmatkorim sog‘aygay".
Alkimyogar otini niqtadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:29:41

— Yerdagi har bir odam, u nima bilanki mashg‘ul bo‘lmasin, dunyo tarixida yetakchi ahamiyatga ega vazifani ado etadi. Odatda odamlar hatto bu haqda bilishmaydi ham.
Bo‘zbola kuldi. Bir paytlar u hayotning mohiyati haqidagi muammolar cho‘pon uchun bu qadar muhim bo‘lishini xayoliga ham keltirmagandi.
— Omon bo‘l, — dedi Alkimyogar.
— Omon bo‘l, — dedi javoban bo‘zbola.
Ikki yarim soat otda Santyago sahro bo‘ylab yo‘l bosdi. Yo‘l bo‘yi yuragining aytganlariga diqqat bilan quloq tutdi. Aynan yuragi unga xazina bekitilgan joyni ko‘rsatishi kerak edi.
"œXazina qaerda bo‘lsa, sening yuraging ham o‘sha yerda", — degan unga Alkimyogar.
Biroq yuragi boshqa narsa haqida gapirdi. Yuragi g‘urur bilan ikki marta ko‘rgan tushini o‘ngga aylantirish niyatida qo‘ylarini tashlab safarga chiqqan cho‘pon tarixini hikoya qildi. O‘z Yo‘lini va uni yengib o‘tganlar — yangi yerlarni yoki go‘zallarni qidirib safarga otlanganlar va o‘z zamondoshlarining ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlariga, aqidalariga jur’at bilan qarshi bora olganlar, buyuk o‘zgarishlaru kitoblar haqida hikoya qilardi.
Santyago barxanni yonbag‘irlab ko‘tarilayotgan paytdagina yuragi shivirlab dedi:
"œHushyor bo‘l. Sen yig‘lab yuboradigan joyda men bo‘laman, demakki, sening xazinang ham o‘sha joyda bo‘ladi".

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:29:54

Bo‘zbola asta-sekin ko‘tarildi. Yulduzlar sochilgan osmonda yana to‘lin oy ko‘rindi — u sahro bo‘ylab bir oydan beri yo‘l yurayapti. Oy barxanni yoritdi va barxanlardan tushgan soyalar dengiz to‘lqinlariga o‘xshab tuyulardi, shunda Santyago Alkimyogar bilan xayrlashib, yuganni tashlab otini qo‘yib yuborgan kunni esladi. Oy sukutga cho‘mgan sahroni va xazinani qidirayotganlar bosib o‘tgan yo‘lni yoritardi.
Bir necha soniya o‘tib, tepaga ko‘tarilganda uning yuragi jon-jahdi bilan ura boshladi. Ro‘parasida, oy nurida va oppoq qumlar shu’lasida ehromlar qad rostlab turardi.
Santyago tiz cho‘kdi va yig‘lab yubordi. U Ollohga o‘z Taqdiriga ishonch uyg‘otgani, uni Malkisidq bilan, billur Sotuvchi, angliyalik va Alkimyogar bilan duch keltirganiga shukronalar aytdi; muhimi, unga sahro ayoli bilan uchrashish nasib etdi, bu ayol esa sevgi hech qachon kishini O‘z Yo‘lidan adashtirmasligiga uni ishontirdi.
Mingyilliklar ehromlar yuksakligidan bo‘zbolaga qarab turardi. Endi u, agar xohlasa, vohaga qaytishi, Fotimaga uylanishi, qo‘y boqib yurishi mumkin. Sahroda Umum Tilini biladigan, qo‘rg‘oshinni oltinga aylantira oladigan Alkimyogar ham yashagan-ku. Santyago o‘z san’atini namoyish qiladigan, donoligi bilan lol qoldiradigan odam yo‘q: O‘z Taqdiri yo‘lidan borib, u o‘ziga kerakli hamma narsaga o‘rgandi, orzu qilganlarini boshidan kechirdi.
Biroq, eng muhimi, u o‘zining xazinasini qidirdi, zotan, har qanday ish maqsadga to‘la erishilgandagina bitgan hisoblanadi. Bo‘zbola tepalikda turar va yig‘lardi, pastga qaraganida esa ko‘rdi: ko‘z yoshlari to‘kilayotgan joyda go‘ng qo‘ng‘izi o‘rmalab borayotgandi. Sahro bo‘ylab kezgan vaqt mobaynida Santyago buning Misrda tangri timsoli ekanidan xabardor bo‘lgandi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:30:35

Unga yana bir belgi berildi va bo‘zbola qumni kovlashga kirishdi, biroq avval billur Sotuvchini esladi va uning haq ekanini tushundi: umr bo‘yi tosh qalagani bilan hech kimga o‘z hovlisida ehrom qurish nasib etmaydi.
Tun bo‘yi u belgilangan joyda qumni kovladi, biroq hech narsa topmadi. Ehromlar tepasidan mingyilliklar unga sukut saqlab termulardi. Biroq u yon bermasdi — qumni o‘raga qaytarib urayotgan shamolga qarshi basma-bas tinimsiz qazirdi. Santyago holdan toydi, qo‘lini yaraladi, biroq yuragiga ishonaverdi, yuragi unga xazinani ko‘z yoshi to‘kilgan joydan qidirishni uqtirardi.
U o‘radan toshlarni olib tashlayotgan daqiqada tuyqusdan qadam tovushi eshitildi. Santyago o‘girilib, odamlarga ko‘zi tushdi — ular bir necha nafar edi, yuzlarini tanitib qo‘ymaslik uchun yorug‘ga orqalarini berib turishardi.
— Sen bu yerda nima qilayapsan? — so‘radi ulardan biri.
Bo‘zbola javob qilmadi. Uni qo‘rquv bosdi, chunki ayni paytda yo‘qotadigan narsasi bor edi.
— Bizlar urushdan qochdik, — dedi boshqasi. — Bizga pul kerak. Sen bu yerga nima yashirding?
— Hech nima yashirganim yo‘q, — javob qildi Santyago.
Biroq qochoqlarning biri uni o‘radan tortib oldi, ikkinchisi cho‘ntaklarini titdi va quyma oltinni topdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:30:51

— Oltin! — qichqirdi u.
Endi oy uning yuzini yoritardi, Santyago qaroqchining ko‘zlarida o‘zining ajalini ko‘rdi.
— U yerda yana bo‘lishi kerak! — dedi boshqasi.
Ular Santyagoni qazishga majbur qilishdi va u bo‘ysunmay ilojsiz edi. Biroq xazinadan darak bo‘lmadi va qaroqchilar uni do‘pposlay boshlashdi. Do‘pposlash sahar pallasigacha davom etdi. Ustidagi kiyimi burda-burda bo‘ldi va ajali yetishiga ozgina qolganini his etdi.
Shu payt Alkimyogarning gapi yodiga tushdi: “Pulning senga nima keragi bor, agar o‘lishingga to‘g‘ri kelsa? Pul ajalingni bir lahzaga ham kechiktirolmaydi”.
— Men xazina qidirayapman! — baqirdi Santyago.
Yorilib, qoni qotgan lablarini zo‘rg‘a qimirlatib, u qaroqchilarga tushida ikki marta misr ehromlari poyiga bekitilgan xazinani ko‘rganini gapirib berdi.
Qaroqchilar sardori uzoq jim turdi va keyin sheriklaridan biriga murojaat qildi:
— Uni qo‘yib yubor. Unda boshqa hech narsa yo‘q, bu quymani u biror joydan o‘margan.
Santyago yiqildi. Qaroqchilar sardori uning ko‘ziga qaramoqchi bo‘ldi, biroq bo‘zbolaning nigohi ehromlarga qadalgan edi.
— Ketdik bu yerdan, — dedi sardor sheriklariga, keyin o‘girilib Santyagoga dedi:
— Men seni shuning uchun tirik qoldirayapmanki, sen bunaqa ahmoq bo‘lish yaramasligini tushungin. Xuddi o‘sha joyda, hozir sen turgan joyda, mening o‘zim ikki yil burun ayni bir tushni bir necha marta ko‘rdim. Tushimda ko‘rinishicha, go‘yo men Ispaniyaga borishim kerak, u yerda bir vayrona cherkov bor emish, unga cho‘ponlar qo‘ylarini qamab tunarmish, omborxonasida tutanjir o‘sib chiqqanmish, shu cherkovni qidirib topishim kerakmish. Biroq men tush ko‘rdim, deb sahroda tentirab yo‘l kezadigan ahmoq emasman.
Shu gapdan keyin qaroqchilar ketishdi.
Santyago azob bilan o‘rnidan turdi va so‘nggi bor ehromlarga qaradi. Ular bo‘zbolaga tabassum qildi, u ham javoban kulib qo‘ydi va yuragi baxt-saodatga to‘lganini his etdi.
U o‘z xazinasini qo‘lga kiritdi.

Qayd etilgan