Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118338 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:41:53

Qariya juda qaysar chiqib qoldi. Chanqab ketganini aytib, bir qultum vino so‘radi. Santyago ko‘zani uzatib, shu bilan undan qutilishga umidlandi.
Qayoqda — qariyaning jag‘i battar ochildi, gurunglashgisi keldi. Ko‘zani uzatayotib, bo‘zboladan qanday kitob o‘qiyotganini so‘radi. Santyagoning boshqa o‘rindiqqa o‘tib o‘tirgisi keldi, biroq otasi unga keksalarga doimo xushmuomalada bo‘lishni nasihat qilgandi, shu bois u bir so‘z demay kitobni qariyaga uzatdi: ehtimol, kitobning nomini to‘g‘ri o‘qishni u bilar. Agar chol savodsiz bo‘lsa, o‘zi uni tinch qo‘yar, noqulay holga tushib qolmay deb.
— Him... — dedi qariya kitobni qo‘lida aylantirib ko‘rarkan, go‘yo bunday g‘alati buyumga birinchi marta ko‘zi tushganday. — Yaxshi kitob, zarur narsalar haqida, biroq nihoyatda zerikarli.
Santyago ajablandi: qariya, demak, nafaqat o‘qishni bilarkan, hatto ayni shu kitobni o‘qib chiqqan ekan. Nachora, agar chindan zerikarli bo‘lsa, hali uni boshqasiga almashtirib olishga vaqt bor.
— Bu kitobda ham, deyarli boshqa barcha kitoblarda bor gaplar yozilgan, — davom etdi qariya. — Ya’ni odam o‘z taqdirini o‘zi tanlay olmasligi haqida. Bu kitobdagi bor gap odamlarni dunyodagi eng katta yolg‘onga ishontirishdan iborat.
— Qanaqa u bu dunyodagi eng katta yolg‘on? — ajablandi Santyago.
— Mana shunaqa: qandaydir lahzalarda hayotimiz tizgini qo‘limizdan chiqib ketadi va uni beixtiyor taqdir boshqara boshlaydi. Uchiga chiqqan uydirma.
— Men uchun, nazarimda, buni tushunish qiyin, — dedi Santyago. — Meni, masalan, ruhoniy qilmoqchi bo‘lishgandi, men esa cho‘ponlikka ketdim.
— Shunisi ma’qul-da, — boshini sermadi qariya. — Sen yurt kezib yurishni yaxshi ko‘rasan-ku.
"œMening fikrlarimni o‘qiyotganga o‘xshab gapiradi", — o‘yladi bo‘zbola.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:42:04

Bu orada qariya kitobni qaytib berishni xayoliga ham keltirmayotganday, bamaylixotir varaqladi. Faqat hozir Santyago qariyaning egnida arabcha yaktak borligini payqadi — aslida buning ajablanadigan joy yo‘q: Tarifni Afrika qirg‘og‘idan torgina bo‘g‘oz ajratib turadi, uni bir necha soatda suzib o‘tish mumkin. Arablarni shaharchada tez-tez uchratasan — ular bir nimalar sotib olishadi, bir kunda bir necha bor o‘zlarining g‘alati ibodatlarini amalga oshirishadi.
— Siz qaerliksiz? — so‘radi u qariyadan.
— Hammaerlik.
— Bunday bo‘lmaydi-ku, — e’tiroz bildirdi bo‘zbola. — Hech kim hammaerlik bo‘la olmaydi. Mana men, masalan, cho‘ponman, dashtu dalalarni kezib yuraman, biroq bir joyda tug‘ilganman, shaharchada, eski qasr turgan tog‘ yonidagi. Shu shaharchada men tug‘ilganman.
— Xo‘p, unday bo‘ladigan bo‘lsa, men Salimda tug‘ilganman.
Santyago bilmasdi Salim qaerdaligini, biroq so‘rab o‘tirmadi, qizarib qolmay deb. U tashvishli qiyofadagi yo‘lovchilar tinimsiz o‘tib-ketib turgan maydonga tikilib qarab turdi.
— Xo‘sh, Salimda hayot qanday?
— Odatdagiday.
Bilib olishning hech iloji yo‘q edi. Faqat bunday shahar Andalusiyada yo‘qligi ayon edi, aks holda Santyago uni eshitgan yoki ko‘rgan bo‘lardi.
— U yerda siz nima ish bilan mashg‘ulsiz?
— Nima ish bilan mashg‘ulman? — Qariya "œqah-qah" otib kulib yubordi. — Men uni boshqaraman. Men — Salim podshohiman.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:42:17

"œOdamlarga bir balo dorigan o‘zi, — o‘yladi bo‘zbola. — Haqiqatan, tilsiz qo‘ylar bilan andarmon bo‘lib yurganim ma’qul aslida, yemishi bilan suvi bo‘lsa bas. Yoki kitob o‘qiganim tuzuk — g‘aroyib voqealarni bilib olasan, qachon xohlasang ochib o‘qiyverasan. Biroq odamlar bilan qiyin: tomdan tarasha tushganday bir nimani aytadi, o‘tirasan keyin ustingga mag‘zava to‘kilganday, nima deb javob berishni bilmay".
— Mening ismim Malkisidq, — ming‘irladi qariya. — Qo‘ying nechta?
— Ko‘p, — mujmal javob qildi Santyago.
— To‘g‘risi qancha? Demak, senga mening yordamim kerakmas, qo‘ying yetarli, deb hisoblasang.
Bo‘zbolaning chindan jahli chiqdi. Hech qanday yordam so‘rab o‘tirmadi. Gapni qariyaning o‘zi boshladi-da, avval vino so‘radi, keyin kitobni ko‘ray dedi, endi unga gurung berishing kerak.
— Kitobni bering, — dedi u. — Men yo‘lga chiqishim kerak.
— Menga otaringning o‘ndan birini bersang — xazinaga qanday yetib borishni o‘rgataman.
Tuyqusdan bo‘zbolaga hammasi ayon bo‘ldi-qoldi. Lo‘li kampir undan sariq chaqa ham so‘ramadi, demak, qariya — u, ehtimol kampirning eri, o‘zi ham lo‘li bo‘lsa kerak, bir dunyo yolg‘on-yashiq gaplarni to‘qib, ko‘proq pul undirish uchun atay jo‘natilgan.
Biroq Santyago gapga og‘iz juftlashga ulgirmay, qariya yerdan bir shoxchani olib, qumga nimalarnidir chizdi. U egilgan chog‘da ko‘kragida nimadir shunaqa nur taratib yaraqladiki, bo‘zbola bir lahza ko‘r bo‘lib qoldi. Biroq qariya qartaygan yoshiga mos bo‘lmagan bir harakat bilan libosiga burkanib oldi, Santyagoning ko‘zi ko‘ra boshlaganda, u oyoqlari ostida qariya chizgan shakllarni ko‘rdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:42:30

Kichkina shaharning bosh maydonini qoplagan qumda u ota-onasining ismlarini va o‘zining butun hayotini ayni daqiqalargacha — bolalikdagi o‘yinlari-yu diniy maktabdagi sovuq kechalarni — hamma-hammasini o‘qidi. U do‘kondor qizining ismini o‘qidi, buni endi bilishi edi. U hali hech kimga aytmagan narsalarni: bir safar ki-yik ovlash uchun otasining miltig‘ini so‘ramasdan olganini va hayotida dastlab, faqat bir marta ayol bilan tunaganini o‘qidi.
"œMen — Salim podshohiman", — yodiga tushdi uning.
— Nega podshoh cho‘pon bilan gaplashib o‘tiribdi? — xijolatomuz, yuvosh tortib so‘radi Santyago.
— Buning sabablari ko‘p, biroq eng asosiysi shuki, sen o‘z Taqdiring yo‘lidan borishga qodirsan.
— Bu qanaqa Taqdir? — so‘radi bo‘zbola.
— Barcha odamlar, hali navqiron paytlarida, o‘z Taqdirini bilishadi. Umrning bu pallasida hamma narsa tushunarli va o‘zlari xohlagan ishni amalga oshirishga intilishdan qo‘rqishmaydi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bir sirli kuch ularni o‘z Taqdirini yuzaga chiqarishga erishishning iloji yo‘qligiga ishontirishga kirishadi.
Qariyaning gaplari Santyagoga unchalik ta’sir qilmadi, biroq "œsirli kuch" uni qiziqtirib qoldi — do‘kondorning qizi buni eshitsa, og‘zi ochilib qoladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:42:43

— Bu kuch aftidan yomonlikka yo‘g‘rilgan. Biroq amalda u odamlarni o‘z Taqdirini qanday yuzaga chiqarishga yo‘naltiradi. Bu kuch uning ruhi va irodasini shunga tayyorlab boradi. Bu sayyorada bir ulug‘ haqiqat mavjud: sening kimligingdan va nima qilayotganingdan qat’i nazar, qachonki sen bir nimani chin yurakdan istasang, bunga erishasan, chunki shunday istak Olam Qalbida ham yaraladi. Va bu sening Yerdagi nasibangdir.
— Hatto agar men faqat yurt kezib yurishni yoki do‘kondorning qiziga uylanishni xohlasam hammi?
— Yoki xazinani qidirsang-da. Olam Qalbi inson baxtidan oziqlanadi. Baxtidan, biroq ayni paytda g‘amidan, havasu hasadidan, rashkidan ham. Odamning yakka-yagona majburiyati: o‘z Taqdiri yo‘lidan oxirigacha borish. Hammasi — shunda mujassam. Yodingda tut, sen biror narsani istagan paytda butun Olam sening istaging amalga oshishiga yordam beradi.
Biroz muddat ular maydonga va o‘tib-ketib turgan odamlarga jim qarab o‘tirishdi. Jimlikni birinchi bo‘lib qariya buzdi:
— Xo‘sh, shunday qilib nega endi sen qo‘y boqishga qaror qilding?
— Chunki, dunyo kezib yurishni yaxshi ko‘raman.
Qariya maydon burchagiga qizil kajavasi bilan kelib to‘xtagan makkabodroq sotuvchiga ishora qildi:
— Bolaligida u ham dunyo kezishni orzu qilgan. Biroq keyin makkabodroq sotib, pul topishni afzal bildi. Qarigach, u Afrikada bir oyni o‘tkazdi. O‘z orzusini amalga oshirishi uchun odamda hamma vaqt imkon bo‘lishini tushunish unga nasib etmagan.
— Uning cho‘ponlik qilgani ma’qul edi, — dedi Santyago.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:42:56

— Bu haqda u o‘yladi. Biroq so‘ng yaxshisi savdo-sotiq bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Savdogarlarning boshida kapasi bor, cho‘pon-cho‘liqlar esa ochiq dalada tunaydi. Qizlarning ota-onalari ham kuyovlari cho‘pon emas, savdogar bo‘lishini xohlashadi.
Santyago movutchining qizini esladi va yuragiga igna sanchilganday bo‘ldi. Albatta, qiz yashayotgan o‘sha shaharda kimdir qizil kajava bilan izg‘ib yurgandir.
— Bundan kelib chiqadiki, odamlarning cho‘ponlar va makkabodroq sotuvchilar haqidagi fikrlari Taqdir yo‘li haqidagi fikrdan muhim ekan-da.
Qariya yana kitobni varaqladi va aftidan, o‘qiy boshladi. Santyago uzoq kutdi, keyin bari bir qariyani chalg‘itishga qaror qildi, chunki oldin chol ham uni kitob-dan chalg‘itgandi:
— Nima uchun siz men bilan bu haqda gaplashayapsiz?
— Chunki sen o‘zingning Taqdiring yo‘lidan borishga urinding. Biroq hozir undan chekinishga tayyorsan.
— Siz har doim shunday daqiqalarda paydo bo‘lasizmi?
— Har doim. Boz ustiga boshqa shaklu shamoyilda ham ko‘rinishim mumkin. Gohida to‘g‘ri qaror tarzida, gohida ma’qul fikr tarzida. Gohida esa, hal etuvchi daqiqada, men boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘lini aytaman. Barini eslab qololmaysan. Biroq odatda odamlar mening paydo bo‘lganimni payqashmaydi.
Qariya o‘tgan hafta bir tilla qazuvchi qoshida tosh shaklida paydo bo‘lgani haqida hikoya qildi. Bir paytlar bu odam hammasini tashlab, zumrad qazib topish uchun yo‘l olgan. Daryo qirg‘og‘ida besh yil rosa ter to‘kkan va bir dona bo‘lsa-da, zumrad toparman, deb 999 999 toshni maydalagan. Va shunda hafsalasi pir bo‘lib, orzusidan voz kechishga ahd etgan, bu payt uning poyida faqat bittagina tosh qolgandi — va u shu toshning ichidan o‘zining zumradini topardi. Shunda qariya aralashishga va o‘z Yo‘lidan mardona ketayotgan tilla izlovchiga yordam berishga qaror qildi. U toshga aylandi, uning oyog‘i ostiga yumalab keldi, biroq tilla izlovchi, besh yildan beri besamar ter to‘kayotganidan g‘azabga minib, oyog‘i bilan toshni tepib yubordi. Biroq shunday kuch bilan tepdiki, tosh boshqa bir toshga urilgancha yorilib, dunyoda tengsiz go‘zal zumrad quyosh nurida yaraqlab ketdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:43:10

— Odamlarga o‘z hayotlarining mohiyati juda erta ayon bo‘lib qolganday tuyuladi, — dedi qariya va Santyago uning ko‘zlaridagi g‘amni ilg‘adi. — Ehtimol, shuning uchun ham ular bundan juda erta voz kechishar. Nachora, dunyo shunday qurilgan.
Shu payt bo‘zbola gurung xazina haqidagi gapdan boshlanganini esladi.
— Ma’danni soy va daryolar yuzaga olib chiqadi, ayni soy va daryolar ularni yer qa’riga bekitadi, — dedi qariya. — Agar o‘zingning xazinang haqida batafsil bilging kelsa — suruvingdagi qo‘ylarning har o‘ntasidan birini menga ber.
— Balki topsam, o‘sha xazinaning o‘ndan birini berganim tuzukdir?
— Qo‘lingda yo‘q narsani va’da qilish, uni qo‘lga kiritishga jahd etish demak, — dedi qariya ginali ohangda.
Shunda Santyago suruvining o‘ndan birini lo‘li kampirga allaqachon va’da qilganini aytdi.
— Lo‘lilar haqini undirishni biladi, — xo‘rsindi qariya. — Nima bo‘lganda ham bilib qo‘yganing tuzuk, dunyoda har bir narsaning o‘z bahosi bor. Nur Askarlari ayni shunga o‘rgatishga intilishadi. — U Santyagoga kitobni uzatdi. — Ertaga shu vaqtda sen suruvingning o‘ndan birini qoshimga haydab kelasan. Shunda men xazinani qanday topishni aytaman.
Va shunday deb, u muyulishda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Santyago yana kitobni qo‘liga oldi, biroq mutolaga kirisholmadi — diqqatini bir joyga yig‘ishga qurbi yetmasdi. Qariya bilan muloqotdan hayajonlagandi, chunki uning ko‘ngli sezdi: qariya haqiqatni gapirdi-da. Bo‘zbola chakana savdo qutisi yoniga bordi va bir qog‘oz xaltacha makkabodroq sotib oldi, sotuvchiga qariyaning u haqdagi gapini aytsammikan, deb o‘yladi, keyin shart emas, degan qarorga keldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:43:23

"œBa’zida hammasini o‘z holicha qoldirgani ma’qul" — deb o‘yladi u. Aytsang, sotuvchi, g‘ildirakli qizil qutisiga o‘rganib qolganiga qaramay, uch kunlab o‘ylanib yuradi, bu ishning bahridan o‘tsammikan, deb. "œUni bunday azobdan xolos etganim bo‘lsin".
Shunday o‘y bilan Santyago ko‘cha bo‘ylab, boshi oqqan tomonga qarab ketdi, oxiri bandargohga kelib qoldi, chog‘roqqina uychaning yonidan chiqdi. Uychada Afrikaga boradigan kemalarga patta sotishardi. Darvoqe, Misr aynan Afrikada.
— Sizga nima kerak? — so‘radi pattafurush.
— Ehtimol, ertaga sizdan patta xarid qilarman, — javob qildi Santyago va nari yurdi.
Bittagina qo‘yni sotsang bas, qarabsanki, Afrikadasan. Bu fikr uning ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi. Pattafurush esa yoramchisiga gap qotdi:
— Yana bitta xayolparast. Sayohat qilgilari kelibdi, kissasida hemiri yo‘q.
Santyago pattaxona tokchasi oldida turarkan, qo‘ylari yodiga tushdi va tuyqusdan ularning yoniga tezroq borgisi kelib qoldi. Ikki yilda cho‘polik san’atini egalladi va chorvani miridan-sirigacha — qo‘y qirqishni-yu qo‘zilatishni, suruvni bo‘rilardan asrashni bilib oldi. Andalusiyaning yaylovlari endi unga besh barmog‘iday tanish, otaridagi xohlagan qo‘yining narxini aniq baholay biladi.
U o‘zini kutayotgan suruv qamalgan qo‘tonga eng uzoq yo‘ldan jo‘nadi. Bu shaharning ham o‘z qal’asi bor edi, bo‘zbola qiyalikdan ko‘tarilib, qal’a devoriga chiqib o‘tirishga qaror qildi. U joydan Afrika ko‘rinardi. Bir paytlar kimdir unga qadim zamonda Afrikadan mavrlar suzib kelishib, sal bo‘lmasa Ispaniyani butunlay mahv etashganini uqtirgandi. Santyago mavrlarga toqat qilolmasdi: bu yerga lo‘larni shular olib kelgan bo‘lishi kerak.
Devordan butun shahar, haligina u qariya bilan gurunglashib turgan bozor maydoni kaftdagiday ko‘rinib turardi.
"œQaysi go‘rdanam uni uchratdim", — o‘yladi bo‘zbola.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:43:36

Hamma balo lo‘li kampirning tushni ta’birlaganidan boshlandi-da. Na lo‘li, na qariya uning cho‘pon ekaniga ahmiyat berdi. Ha, hamma narsadan ko‘ngli sovugan bu yolg‘iz odamlar cho‘pon degan zot qo‘y bilan tirik ekanini qaydan bilsin. Santyago suruvdagi har qaysi qo‘yning bir qarashdayoq ichi-sirtini aytib bera oladi: unisi — qisr, narigisi ikki oydan so‘ng qo‘zilaydi, hov, chetdagilari — suruvning eng sudralganlari, yalqov. U qo‘ylarni qirqishni, bo‘g‘izlashni uddalaydi. Agar biror yoqqa ketguday bo‘lsa, qo‘ylari uni qumsaydi, egasiz bo‘lib qoladi.
Shamol turdi. Bu shamol unga tanish edi — odamlar buni "œlavanta shamoli" deyishardi, chunki O‘rtaer dengizining sharqiy qismidan, Lavantadan kelgan mavrlarning yelkanlarini ko‘targan shu shamol edi. Bo‘zbola, hali Tarifda bo‘lmagan esa-da, Afrika qirg‘oqlari juda yaqin ekaniga shubhalanmasdi. Bunday qo‘shnilik xatarli — mavrlar yana bostirib kelishi mumkin. Shamol kuchaydi. "œBaribir qo‘ylarim va xazina bilan oramizni buzib yuborolmas", — o‘yladi Santyago. Endi ikkisidan birini — yo o‘zi odatlangan mashg‘ulotni yoki ko‘ngli tusab turgan narsani deyishi kerak. Aytgancha, o‘rtada do‘kondorning qizi ham bor, biroq qo‘ylar muhimroq, chunki ular Santyagoga muhtoj. Qizaloqqa — baribir. Darvoqe, uni eslarmikan? Bo‘zbola adashmas-ov: ikki kundan keyin uning oldida paydo bo‘lsa, qizaloq tanimaydi, chunki qizaloq uchun kunlar bir xilda o‘tadi, kunlari ikki tomchi suvday yakrang odamlar har tong quyosh charaqlab chiqib, turmushiga ro‘shnolik bag‘ishlayotganini payqashmaydi.
"œMen otamni, onamni ham, tug‘ilgan qishlog‘imdagi qal’ani ham tashlab keldim, — o‘yladi u. — Ular ayriliqda yashashga ko‘nikishdi, men ham shunga odatlandim. Demak, bunga qo‘ylar ham ko‘nikadi mening yo‘g‘imda".
U yana maydonga tepadan turib qaradi. Makkabodroq savdosi qizigandan qizirdi: ana, qariya bilan haligina gurunglashgan so‘rida endi bir juft oshiq qaymoqlashib o‘tirishibdi.
"œSavdogar..." — o‘yladi Santyago, biroq fikrini yakunlashga ulgurmadi — kuchaygan "œlavanta shamoli" shiddat bilan to‘g‘ri yuziga urildi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:43:47

Shamol faqat bosqinchi mavrlar yelkanlarini ko‘tarib qolmagan, balki o‘zi bilan xavotirli sahro garmselini, chodralarga o‘rangan ayollar bo‘yini, bir zamonlar nimalarnidir qidirib, oltinu sarguzasht ishtiyoqida izg‘iganlarning ter va umid-orzulari hidini ham olib kelgan. Shamol ehromlar nafasini ham olib kelgan. Bo‘zbolaning erkin, daydi shamolga havasi keldi va o‘zi ham uningday bo‘la olishini his etdi. O‘zidan boshqa hech kim yo‘lini to‘sa olmaydi. Qo‘ylar, movutchining qizi-yu Andalusiyaning yaylovlari — bular bari o‘z Yo‘lini topguncha bosib o‘tiladigan so‘qmoqlar, xolos.
Ertasi kuni choshgohda u bozor maydonida paydo bo‘ldi va o‘zi bilan oltita qo‘yni haydab keldi.
— G‘alati ish bo‘ldi, — dedi u qariyaga. — Do‘stim hech qanday gap-so‘zsiz mendan butun bir otarni sotib oldi va umr bo‘yi cho‘pon bo‘lishni orzu qilgandim, dedi. Yaxshilik alomati bu.
— Hamisha shunday bo‘ladi, — javob qildi qariya. — Buni Xayrli Ibtido deyishadi. Agarda sen, misol uchun, hayotingda birinchi marta qarta o‘ynashga o‘tirsang, aftidan, yutgan bo‘larding. Boshlovchilarning omadi keladi.
— Nega bunday bo‘ladi?
— Chunki hayot sening o‘z Taqdiring yo‘lidan borishingni xohlaydi va omadlarni yor etib, ishtahangni ochadi.
Shundan so‘ng qariya qo‘ylarni kuzata boshladi va bittasi oqsoqlanayotganini aytdi. Bo‘zbola buning ahamiyati yo‘qligini, suruvdagi eng aqlli, boz ustiga, eng ko‘p jun beradigan shu qo‘y, deya tushuntirdi.
— Xo‘sh, endi, xazinani qaerdan izlash kerak? — so‘radi u.
— Misrdan, ehromning yonidan.
Santyago esankiradi. Lo‘li kampir ham xuddi shu gapni aytgandi, faqat buning uchun undan hech nima olmadi.

Qayd etilgan