Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118477 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:49:30

— Chunki men haj safari umidi bilan tirikman. Bo‘lmasa, men ikki tomchi suvday mana shu yakrang, zerikarli kunlarga, buyumlarim terib qo‘yilgan bu o‘lik jovonlarga, har kuni qatnaydigan o‘sha kir-chir yemakxonaga — shu turush-turmushga chiday olarmidim. Qo‘rqaman, nasib etib umid-orzuim ro‘yobga chiqquday bo‘lsa, undan keyin hayotda tayanib yashaydigan boshqa ilinjim qolmaydi. Sen esa bosh-qachasan, menga o‘xshamaysan, o‘z orzu-niyatingga yetishishga ishtiyoqing zo‘r. Mening faqat Makka xayoli bilan yashagim bor. Sahroni kezib o‘tishim, muqaddas tosh turgan maydonga borishim, uning tevaragini yetti bor aylangach, tavof olishimni minglab marta ko‘z oldimga keltirganman. Biroq qo‘rqaman umidsiz bo‘lib qolishdan, shuning uchun orzu-niyatimdan ayrilib qolmay deyman.
Shu kuni u Santyagoga do‘kon tashqarisida yangi peshtaxta taxlashga ruxsat berdi. Hamma bir xilda orzu qilib, bir xil tush ko‘rmaydi.
Oradan tag‘in ikki oy o‘tdi — tashqariga qo‘yilgan peshtaxta juda qo‘l keldi: do‘kondan odam arimay qoldi. Santyago chamalab ko‘rdi: ishlar shu zaylda ketsa yarim yildan so‘ng u Ispaniyaga qaytadi, boz ustiga, oltmish emas, yuz yigirma bosh qo‘y sotib oladi. Bir yil ichida suruviga suruv qo‘shiladi va u arablar bilan savdoni boshlab yuboradi, chunki endi ularning tilida gapirishga baharnov o‘rgandi. Bozordagi o‘sha voqeadan beri u to‘rvasidan Urim va Tumim toshchalarini qaytib olmagandi, boisiki, Misr uning uchun, xuddi xo‘jayiniga Makka safari ushalmas orzuga aylanganiday, qo‘l yetmas yulduz bo‘lib qoldi. Yumushi uni qoniqtirar va doim xayolida kemadan Tarifga g‘olib sifatida tushib kelishini tasavvur qilardi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:49:41

"œYodingda tut: hamma vaqt aynan nimani istashingni aniq bilgin", degan edi Malkisidq.
Bo‘zbola bilardi va ko‘zlagan maqsadiga yetishish uchun ter to‘kardi. Ehtimol, begona yurtga kelib qolish, bu joyda aldoqchiga yo‘liqish, keyin esa bir pul sarflamay suruvini ikki baravar ko‘paytirib olish — bularning bari uning peshonasiga bitilgandir?
U o‘zidan mamnun edi. Ko‘p narsani o‘rgandi: endi billur sotishni eplaydi, so‘z ishlatilmaydigan tilni egalladi, belgilarni baloday uqadi. Bir safar u kimdir birovning yozg‘irayotganini eshitib qoldi: bu yerga chiqib kelguningcha sillang quriydi, na o‘tiradigan joy, na bir ho‘plam choy bor. Buning bir belgi ekanini Santyago darhol payqadi va xo‘jayinga dedi:
— Qirga chiqib kelayotganlarga choy sotsak nima qiladi?
— Yaxshi taklif, o‘ylab ko‘rsa arziydi, — dedi u.
— Choyni billur idishlarga quyib uzatamiz. Odamlar bundan zavqlanadi, bizdan billur sotib olgilari keladi. Odamlar go‘zallikka o‘ch bo‘lishadi.
Xo‘jayin bir so‘z demay unga ancha qarab turdi. Biroq shomga yaqin, nomozni o‘qib, do‘konni bekitgach, qarshidagi tosh yo‘lakka o‘tib o‘tirib oldi va Santyagoga arablar qo‘lma-qo‘l qilib chekadigan g‘aroyib chilimni taklif qildi.
— Qani menga ayt-chi, sen nimaga erishmoqchisan o‘zi? — so‘radi u bo‘zboladan.
— O‘zingiz bilasiz-ku, men uyimga qaytishni xohlayman, qo‘y sotib olmoqchiman. Buning uchun menga pul kerak.
Qariya chilimga cho‘g‘ tashladi va qurullatib tortdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:49:52

— O‘ttiz yildan beri shu do‘konda savdo qilaman. Billurning tozasini yomonidan farqlay olaman, savdoning sir-asrorini bilaman. Ishim yurishib turganidan dumog‘im chog‘, yana kengaytirishga esa hafsalam yo‘q. Xaridorlarga billurda choy uzatib tursang va qarasangki, chindan daromad oshgandan oshsa; unda butun do‘konu dastgohni yangilashga to‘g‘ri keladi.
— Xo‘sh, buning nimasi yomon?
— E, men shunday yashashga o‘rganib qolganman-da. Sen bu yerda yo‘g‘ingda ko‘p xayol surardim: ne zamonlardan beri shu joyda muqim o‘tiribman, bu orada oshnalarim bir yoqlarga ketishdi, yana qaytib kelishdi, birlarining bozori kasod bo‘ldi, boshqalari boyib ketishdi. Alam bilan shularni o‘ylardim. Endi amin bo‘layapman, do‘konim o‘zimning imkonimga mos, o‘zim xohlagan o‘lchamdan ekan. Uni kengaytirishga hecham rag‘batim yo‘q, o‘zi bunday o‘zgarishlar qanday qilinadi — bilmayman ham. O‘zi bilan o‘zi andarmon odamman.
Bir nima deyishga bo‘zbolaning tili aylanmadi. Qariya davom etdi:
— Seni mening qoshimga go‘yo Ollohning o‘zi yubordi. Bilasanmi, bugun men nimani angladim: Ollohning inoyatiga shukr qilmaslik la’nat bo‘lib qaytadi. Men hayotdan bundan ortiq yana nimalarnidir ta’ma qilmayman, sen esa meni qaylargadir boshlamoqchi bo‘lasan. O‘sha yoqlarga qarab turib o‘zimning qurbimni anglab yetaman va o‘zimni burungidan-da battar his etaman. Qo‘lim uzayib, imkoniyatim oshgan bir paytda endi menga ko‘p narsaning keragi yo‘q.
"œMakkabodroq sotuvchiga bir nima deb gapirmaganim ham yaxshi bo‘lgan ekan", — o‘yladi Santyago.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:50:06

Ular biroz chilim chekib o‘tirishdi. Quyosh botdi. Xo‘jayin bilan bo‘zbola arabchada gaplashardi — Santyago bu tilni egallab olganidan mamnun edi. Bir paytlar, boshqacha yashab yurgan vaqtlarida, unga go‘yo qo‘ylar hamma narsani fahmlaydiganday tuyulardi. Biroq arab tilini ular hech qachon o‘rganolmaydi.
"œDemak, ular o‘rganolmaydigan boshqa narsalar ham bor, — o‘yladi u, xo‘jayinga jim qarab qo‘yarkan. — Chindan, ular o‘t bilan suvni qidirishni biladi, xolos. Bunga ham o‘zlari o‘rgangani yo‘q — men o‘rgatdim ularni".
— Maktub, — dedi nihoyat billur sotuvchi.
— Bu nima degani?
— Uni bilish uchun arab bo‘lib tug‘ilish kerak, — javob qildi u. Ma’nosi, taxminan, "œshunday bitilgan" degani.
U chilimning cho‘g‘larini o‘chira turib, Santyagoga ertadan boshlab billur idishlarda choy sotishing mumkin, dedi. Hayot daryosini to‘xtatishning iloji yo‘q.
Odamlar mashaqqat chekib qiyalikdan yuqoriga o‘rlar va tuyqusdan tepada ro‘paradagi do‘konga ko‘zlari tushib qolar, bu joyda ularga bejirim billur idishlarda yaxna xushta’m chanqovbosdi choy taklif etishardi. Shunday damda do‘konga bosh suqmay, choydan ichmay bo‘ladimi?!
"œBu mening xotinimning yetti uxlab tushiga ham kirmaydi!" — dedi bir nechta billur idish xarid qilgan kishi: shu kuni kechqurun unikiga mehmon keladigan va u ana shu chiroyli billurlar bilan ularning ko‘nglini ovlamoqchi edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:50:19

Boshqa bir xaridor billurda ichilgan choyning ta’mi zo‘r bo‘ladi, choy billurda xushbo‘yligini saqlaydi, dedi. Yana biri esa Sharqda azaldan billurda choy ichish an’anasi borligini yodga oldi, chunki billur sehrli xususiyatga ega, dedi u.
Tez orada bu hojatbarorlik ixtirosi hammaning qulog‘iga yetdi va xaloyiq ko‘hna hunarga qanday qilib yangidan jon kiritish mumkinligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish ishtiyoqida qirga o‘rlab kelaverdi. Bu orada billur idishlarga choy quyib beradigan boshqa qo‘nalg‘alar ham paydo bo‘ldi, biroq u joylarga terlab-pishib, mashaqqat chekib o‘rlab borilmasdi, shu bois ular bo‘m-bo‘sh edi.
Ko‘p o‘tmay do‘konga yana ikki nafar dastyor yollashga to‘g‘ri keldi. Endi bu yerda billur sotishdan tashqari, yangilikka ishqiboz bo‘lib kelgan son-sanoqsiz kishilarga tinimsiz choy ulashilardi.
Shu taxlit yarim yil o‘tdi.
Quyosh chiqmay turib Santyago uyg‘ondi. Afrikaga ilk bor qadam bosganidan beri o‘n bir oy-yu to‘qqiz kun o‘tibdi.
U oq matodan tikilgan, atay bugungi kunga deb xarid qilingan arabcha burnusni kiydi, boshini ro‘mol bilan yopdi va ustidan tuya terisidan qilingan halqani solib tortdi-da shippakni oyog‘iga ilib, ovoz chiqarmay pastga tushdi.
Shahar hali uyquda. Santyago murabbo bilan bir to‘g‘ram non yedi, billur stakanda qaynoq choy ichdi. Keyin do‘konning bo‘sag‘asiga o‘tirib chilim chekdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:50:30

U shu taxlit yolg‘iz o‘zi xayoliga hech nimani keltirmay, sahro hidini ufirib bir tekis, tinimsiz esayotgan shamol sasiga quloq tutib chekib o‘tirdi. Chekib bo‘lib, qo‘lini cho‘ntagiga tiqdi — bir necha daqiqa cho‘ntagidan olgan narsaga qarab turdi.
Uning barmoqlari bir siqim pulni siqib ushlab turardi — bu pullarga qaytish uchun patta olsa ham bo‘ladi, yana yuz yigirma bosh qo‘y va tag‘in hozir o‘zi turgan mamlakat bilan Ispaniya o‘rtasida savdo qilish uchun ruxsatnoma xarid qilsa ham bo‘ladi.
Santyago xo‘jayinning uyg‘onib, do‘konni ochishini toqat bilan kutdi. Keyin ular birgalikda yana choy ichishdi.
— Bugun men jo‘nayman, — dedi bo‘zbola. — Endi menda qo‘y sotib olishga, sizda esa Makkaga borishga yetarli mablag‘ bor.
Xo‘jayin sukut saqladi.
— Meni duo qiling, — jiddiy ohangda dedi Santyago. — Siz meni qo‘lladingiz.
Qariya hanuz churq etmay choy qaynatish bilan mashg‘ul edi. Nihoyat u bo‘zbola tomon burildi.
— Men sen bilan faxrlanaman. Sen do‘konimni jonlantirib yubording. Biroq bilgin: men Makkaga bormayman. Yana shuni ham bilib qo‘ygin: sen qo‘y sotib olmaysan.
— Kim aytdi sizga buni? — hayron bo‘lib so‘radi Santyago.
— Maktub, — qisqa javob qildi billur sotuvchi Savdogar.
Va u bo‘zbolani duo qildi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:51:00

Shundan so‘ng Santyago o‘zi yotadigan xonaga kirdi va ul-bul narsalarini yig‘ishtirdi — lash-lushlari uch qop bo‘ldi. Eshikdan chiqayotib uy burchagida yotgan eski cho‘ponlik to‘rvasini ko‘rib qoldi, ko‘pdan beri ko‘zi tushmagani uchun to‘rvani yodidan chiqarib yuborgan edi. Uning ichida kamzuli va kitobi bor. U kamzulini, ko‘chada birorta bolaga sovg‘a qilarman, degan mo‘ljal bilan to‘rvadan chiqardi va shu payt bir juft tosh — Urim va Tumim yerga tushib dumalab ketdi.
Shu damda bo‘zbola keksa podshohni esladi va qancha vaqtdan beri u haqda o‘ylamaganiga ajablandi. Axir, butun bir yil uzluksiz ter to‘kib mehnat qilishga to‘g‘ri keldi, chunki pul topish kerak, Ispaniyaga quruq qo‘l bilan so‘ppayib borib bo‘lmasdi-da.
"œOrzu-umidlaringdan hech qachon voz kechmagil, — degan edi unga Malkisidq. — Belgilarga ergash".
Bo‘zbola toshlarni terib oldi va shu payt uni yana g‘aroyib tuyg‘u chulg‘adi, go‘yo qariya yonginasida edi. Mashaqqatli mehnat bilan o‘tdi shu bir yil, endi esa belgilar bu yerdan jo‘nab ketishga ishora qilayotir.
"œMen yana avval qanday bo‘lsam, aynan o‘sha zaylimga qaytaman, — o‘yladi u, — biroq qo‘ylar meni arabcha gapirishga, baribir, o‘rgata olmasdi".
Biroq qo‘ylar unga muhim bir saboq bergan edi: dunyoda barchaga birday tushunarli so‘zsiz til borligini o‘rgatgandi. O‘tgan bir yil mobaynida savdo-sotiqni jonlantiray, deb Santyago ana shu — hammaga tushunarli tilda gapirdi. Bu g‘ayratbaxsh, zavq-shavqli til edi, ishni mehr-muhabbat va xohish-iroda bilan qiladigan, ishonchu xohishingga quvvat beradigan til edi. Tanjer endi unga begona joy emas, endi bo‘zbolaning dunyoni, xuddi bu shaharni zabt etganiday, zabt eta olishga ko‘zi yetib turardi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:51:30

"œAgar biror-bir narsani chin dildan orzu qilsang, butun Olam uning amalga oshishiga ko‘maklashadi", — keksa Malkisidq shunday degan edi.
Biroq qariya faqat orzu qilib, amalda uni chin dildan istamaydigan talonchilar, behudud sahro-yu odamlar haqida churq etmadi. U bo‘zbolaga ehrom deganlari shunchaki sangzor ekani, agar xohlasa har qanday odam chorbog‘ida bunday toshlar uyumini tiklay olishi haqida ham gapirmadi. Biroq keksa podshoh unga, agar orttirib qo‘y sotib olishga pul yig‘a olsa, bu qo‘ylarni u sotib olishi kerakligini aytib qo‘yishni unitgandi.
Santyago to‘rvasini olib, boshqa lash-lushlariga qo‘shib qo‘ydi. Xo‘jayin xaridorlarga xizmat qilar, yana ikki nafar xaridor do‘kon ichida billur idishlarda choy ichishib, aylanib yurishardi. Bunday mahalda do‘konda, odatda, xaridorlar ko‘p bo‘lmasdi. Shu damda Santyago xo‘jayinning sochlari Malkisidqning sochlarini eslatishini payqadi. Tanjerdagi birinchi tong mahali uning yodiga tushdi, o‘shanda na boradigan joyi va na biror yeguligi bor edi; qandolatchining tabassumi ham yodiga tushdi va bu tabassum ham keksa podshohni esiga soldi.
"œXuddi Malkisidq bu yerdan o‘tganday, hamma narsada o‘zining izini qoldirganday, — o‘yladi bo‘zbola. — Go‘yo bu odamlar o‘z hayotlarining qaysidir pallasida u bilan uchrashganday. Biroq u menga: kimki o‘z Taqdiri yo‘ldan borayotgan bo‘lsa, men unga ko‘rinaman, degan edi".
U xayrlashmay chiqib ketdi — begonalar oldida yig‘lashni or bildi. Biroq u bu joyni, mana shu makonda o‘rganib, odatlanib qolgan narsalarni qo‘msashini, sog‘inishini tushunardi. Bu joyda u o‘ziga ishonch va dunyoni zabt etguday ishtiyoq paydo qildi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:51:42

"œAxir, men qo‘y boqadigan tanish joylarga qaytayapman", — o‘yladi u, biroq bunday xush xayol ham negadir uning ko‘ngliga chiroq yoqmadi. Orzuimni amalga oshiray deb bir yil ishladi, mana endi bu orzu ushalay deb turganda daqiqa sayin o‘zining jozibasini yo‘qota boshlayapti. Balki bu, umuman, orzu emasdir?
"œEhtimol, billur sotuvchiga o‘xshagan bo‘lish kerakdir? U kabi bir umr Makkani orzu qilib, hech qachon safarga chiqmagan ma’qulmikan?" — o‘yladi bo‘zbola, biroq u qo‘lida ushlab turgan toshlar g‘oyibdan unga keksa podshohning quvvati va qat’iyatini berayotganday edi.
G‘aroyib tasodif tufaylimi yoki bu ham bir belgidan darakmi, ishqilib, u hozir Tanjerga kelgan birinchi kunda bosh suqqan yemakxonaga kirdi. Albatta, o‘shanda unga duch kelgan tovlamachining qorasi ko‘rinmasdi. Xo‘jayin choy keltirdi.
"œCho‘ponlikka xohlagan paytim qaytaveraman, — o‘yladi Santyago. — Qo‘y boqishni, jun qirqishni eplayman va bu yumush bilan pul topa olaman. Biroq boshqa paytda ehromlarga borish uchun hozirgiday imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Ko‘kragiga oltin sipar taqqan qariya mening butun o‘tmishimni bilardi. Menga haqiqiy podshoh va boz ustiga, donishmand uchragan edi".
Uni Andalusiya dalalaridan atigi ikki soatli yo‘l ajratib turardi, biroq ehromgacha bepoyon sahro yastanib yotibdi. Bunga boshqacha qarasa ham bo‘lishini u tushundi: hozir yo‘l olsa xazinagacha ketadigan vaqt ikki soatga qisqaradi, garchi u, bu orada, bir yilni yo‘qotgan esa-da.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:52:03

"œNega qo‘ylarimga qaytib borgim kelayotgani tushunarli: chunki ularni bilaman, yaxshi ko‘raman, ularning tashvish ham aytarli ko‘p emas. Biroq sahroga shunday mehr qo‘ysa bo‘larmikan? Axir, men intilgan xazinamni aynan sahro o‘z bag‘riga bekitgan-ku. Agar uni topolmasam — uyga qaytaman. Bo‘lganicha bo‘ldi, hozir pulim ham, vaqtim ham bor, nega bir urinib ko‘rmasligim kerak?"
Shu daqiqada u juda sevinib ketdi. Cho‘ponlik doimo uning ilkida. Qolaversa, xohlagan paytda o‘zi ham billur savdosi bilan shug‘ullana oladi. Albatta, dunyoda xazinalar ham ko‘p, biroq boshqa birov emas, aynan uning o‘zi bir tushni ikki marta ko‘rdi va unga keksa podshoh duch keldi.
U yemakxonadan dumog‘i chog‘ bo‘lib chiqdi. Xo‘jayiniga billur yetkazib turadigan, sahroda karvon bilan yuradigan bir savdogar yodiga tushdi. Santyago kaftidagi Urim va Tumimni siqdi — shu toshlar sharofati tufayli u yana o‘z xazinasini qidirib yo‘lga tushishga qaror qildi.
"œMen doimo o‘z Taqdiri yo‘lidan borayotganlar yonidaman", — u Malkisidq so‘zlarini esladi.
Bu juda oson: savdo omboriga borib, ehromlar bu yerdan uzoq deyishadi, shu rostmi, deb so‘rasa bo‘lgani.
Angliyalik o‘tirgan joy ko‘proq og‘ilni eslatardi, bu yerdan ter, chang va mol hidi anqirdi. "œMana shunday yovuqda yashash uchun o‘n yil o‘qish lozim bo‘ldi", — o‘yladi u, kimyoga oid jurnalni parishonxotir varaqlarkan.

Qayd etilgan