Odamlar endi, xuddi ulovlarday, qichab yurishardi. Agar oldinlari ular kunni jim yurib o‘tkazishgan, faqat dam olishga qo‘nishganda gulxan atrofida gurunglashgan bo‘lsa, endi oqshomlari ham churq etishmasdi. Sarbon gulxan yoqishni man etdi: olov qaroqchilar e’tiborini tortishi mumkin.
Sovuqdan saqlanish uchun yo‘lovchilar tuyalar va otlarni qo‘rg‘alab terib qo‘yishar, o‘zlari esa shu doiraning ichida uymalashib cho‘zilishardi. Sarbon qo‘riqchilar tayinlardi, ular qo‘llarida qurol bilan qo‘nalg‘ani qo‘riqlashardi.
Bir oqshom angliyalikning uyqusi qochdi. U Santyagoni chaqirdi va ular qo‘nalg‘a atrofida aylanib yurishdi. To‘lishgan oy nur sochib turardi va Santyago unga o‘zining butun kechmishini aytib berishga qaror qildi.
Uning ko‘rgan-kechirganlaridan angliyalikka, ayniqsa, billur sotiladigan do‘konda savdo-sotiqning bo‘zbola ishlay boshlagach qizib ketgani juda ma’qul bo‘ldi.
— Mana, dunyoni harakatlantiradigan kuch, — dedi u. — Alkimyoda bu Olam Qalbi deb ataladi. Agar biror narsani butun borlig‘ing bilan xohlasang, shunda Olam Qalbiga uyg‘unlashasan. Unda esa juda katta qudrat mujassam.
Shunday deb u qo‘shib qo‘ydi: qalb faqat odamlarga xos xususiyat emas, olamdagi jamiki unsurlarda — u toshmi, giyohmi, hayvon yoki hatto fikrmi — barisida qalb bor.
— Barchasi, yerda neki mavjud, doimo o‘zgarib turadi, chunki yerning o‘zi — tirik va qalbga ega. Biz hammamiz shu ulkan Qalbning qismlarimiz, shuning uchun o‘zimizga, uning mudom ezgulik qilishi haqida, hisob bermaymiz. Ammo sen, o‘sha do‘konda ishlagan paytingda billur omadingga imkon tug‘dirganini tushunishing kerak edi.