Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118428 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:05:48

— Sahro bizning mardumlarni olib ketadi va har doim ham qaytib bermaydi, — javob qildi qiz. — Biz buni bilamiz, shunga ko‘nikkanmiz. Garchi ular qaytishmasa-da, biroq doimo biz bilan birga: ular yomg‘ir bo‘lib yog‘maydigan bulutlar, tog‘u toshlar orasiga bekingan
yirtqichlar, yer bizga in’om etgan zilol suv. Ular butun borliqning bir bo‘lagi bo‘lib qoladi... Ular Olam Qalbiga qovushib singadi.
Ayrimlariga qaytib kelish nasib etadi. Shunda ayollarning hammasiga bayram bo‘ladi, chunki mardumlari — ularning kutayotganlari ham bir kunmas bir kun uyiga keladi. Burunlari men bu ayollarga havas bilan qarar edim. Endi mening ham kutadiganim bor.
Men — sahro ayoliman va bundan g‘ururlanaman. Istagim, mening erim, xuddi qumni to‘zdirgan shamolday, erkin bo‘lsa. Istagim, u bulutlardan, yirtqichlardan va suvdan ayri tushmasa.
Santyago angliyalikni izlashga tushdi. Bo‘zbola unga Fotima haqida gapirib berishni xohlardi, angliyalikni ko‘rib ajablandi: u chodirining biqiniga o‘choq o‘rnatib, ustiga shisha idish qo‘yibdi. Angliyalik o‘choqqa o‘tin qalab, olovning yonishini to‘xtatmas va sahroga qarab-qarab qo‘yardi. Uning ko‘zida uchqun paydo bo‘lgan, kitobdan bosh ko‘tarmay yurgan kunlarda bu sezilmasdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:06:09

— Bu ishning birinchi bosqichi, — tushuntirdi u Santyagoga. — Notoza oltingugurtni ajratish kerak. Muhimi — hech ish chiqmasligidan qo‘rqmaslik zarur. Men shu kungacha qo‘rqib kelganim uchun Ulug‘ Ijodga qo‘l ura olmadim. Hozir qilayotgan bu ishni o‘n yil burun amalga oshirish mumkin edi. O‘n ikki yil emas, o‘n yil kutganim ham bir baxt.
Shunday deb u o‘choqqa o‘tin joylab, sahroga tag‘in qarab-qarab qo‘ydi. Santyago uning yonida botayotgan quyoshning nurlari qumni qirmizi tusiga bo‘yaguncha o‘tirdi. Shunda uning yuragida o‘sha yoqqa, sahroga ketish ishtiyoqi alanga oldi, sahro sukunati uning savollariga javob topib bera bilarmikan, shuni sinamoqqa shaylandi.
U uzoq sandiraqlab yurdi, ora-sira vohani ko‘zdan qochirib qo‘ymadimmi deb, orqasiga burilib xurmo daraxtlariga qarab-qarab qo‘ydi. U shamolning ovozini eshitdi, oyog‘ining ostida toshlarni his etdi. Ba’zan chig‘anoqlarga ko‘zi tushdi — bir zamonlar, qadim-qadimda sahroning shu joyida dengiz bo‘lgan. Keyin tosh ustiga o‘tirdi va xuddi sehrlanganday nigohini ufqqa qadadi. U sevgini visoldan ayri holda tasavvur eta olmasdi, biroq Fotima sahro qizi, agar uning qalbida visol ishtiyoqi paydo bo‘lsa, bu faqat sahroning sharofati tufayli.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:06:28

Bo‘zbola shu zayl, hech narsa haqida o‘ylamay, boshi ustida yengilgina shamol esib o‘tganini payqaguncha o‘tirdi. Osmonga qaraganda tepada charx urib uchayotgan bir juft qirg‘iyni ko‘rdi.
Santyago ularning parvozini ancha kuzatib, samoda ajib kashtalar chizib uchishayotganidan zavqlanib o‘tirdi. Aftidan, qirg‘iylarning charx urib uchishida biror-bir ma’noyu maqsad yo‘qday, biroq bo‘zbola ularning parvozida qandaydir mazmun yashiringanini his etdi, faqat bu nimaga ishora ekanini aytib berolmasdi. U qirg‘iylarning harakatini ko‘zini uzmay kuzatishga qaror qildi — ehtimol, shunda ularning tilini tushunib olar. Balki shunda sahro unga visoldan xoli sevgi nimaligini ayon etar.
Tuyqusdan uni uyqu bosa boshladi. Yuragi esa bunga monelik qilib: "œSen Umum Tilidan voqif bo‘lishga yaqin turibsan, bu o‘lkada hamma narsaning, hatto qirg‘iylarning ko‘kdagi parvozining ham mohiyati bor", derdi go‘yo. Santyago qalbiga muhabbat ato etgani uchun taqdiriga shukr qildi.
"œSevganingda olamdagi narsalarning ma’no-mazmuni yanada to‘lishadi", — o‘yladi u.
Shu chog‘ qirg‘iylardan biri ikkinchisining tepasiga tik sho‘ng‘ib uchdi va tuyqusdan bo‘zbolaning ko‘ziga qilichlarini yalang‘ochlab vodiyga kirib kelayotgan jangchilar ko‘rinib ketdi. Bu ko‘rinish lip etdiyu, ko‘nglida xavotir uyg‘otib nazaridan qochdi. U saroblar haqida ko‘p eshitgan, ularni o‘zi ham bir necha bor ko‘rgan, odamning xohish-istaklari sahro qumlari orasida jonlanganday namoyon bo‘lishini bilar edi. Biroq vodiyga qo‘shinning bostirib kirishini u mutlaqo xohlamayotgan edi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:07:09

Santyago bu xavotirli o‘ylarni unutishga, yaxshisi qirmizi tusga kirayotgan qum va toshlarga termilib zavqlanishni davom etishga urindi. Biroq hushini yig‘ib olishga nimadir xalal berar, yuragini siqayotgan xavotir arimayotgandi.
"œDoimo belgilarga ergash", — deb tayinlagan edi podshoh Malkisidq.
Bo‘zbola Fotimani o‘yladi. Ko‘ziga ko‘ringan manzarani esladi va ko‘ngli sezdi: nimadir ro‘y beradi.
U zo‘rg‘a hushini yig‘ib oldi. O‘rnidan turib ortga, xurmo
daraxtlari tomon yurdi. Olam unga yana bir bor ko‘p tillarda tillashishini ko‘rsatdi: endi sahro emas, vodiy xatarli edi.
Sarbon orqasi bilan daraxtga suyanib o‘tiribdi, uning nigohi ham mag‘ribga qadalgan. Shu payt barxanlar ortidan Santyago ko‘rindi.
— Bu yoqqa urush kelayapti, — dedi bo‘zbola. — Mening ko‘zimga ko‘rindi.
— Sahro erkak kishining ko‘ngliga har narsani soladi, — javob qildi sarbon.
Biroq bo‘zbola qirg‘iylarni, ularning parvozini kuzatganini va tuyqus Olam Qalbiga uyg‘unlashganini gapirdi.
Sarbon ajablanmadi — bo‘zbolaning nimani gapirayotganini u tushunib turardi. Yer yuzidagi har qanday unsur butun zamin tarixini bayon etishga qodirligini u bilardi. Kitobning xohlagan betini ochib qara, odamning kaftiga termil, bir dasta qartadan xohlagan birini tanlab ol, qirg‘iyning osmondagi parvozini kuzat — albatta, ayni daqiqalarda kechayotgan hayotingga bog‘liq unsurlar bilan aloqani ko‘rasan. Bu yerda gap unsurlarning o‘zida emas, balki odamlarning ularga qarab, ularni kuzatib o‘zlari uchun Olam Qalbiga uyg‘unlashish yo‘lini ocha bilishlarida.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:07:26

Sahroda ko‘p odamlar Olam Qalbiga uyg‘unlashib olish qobiliyati orqasidan tirikchilik qilishadi. Ayollar va qariyalar bundaylardan cho‘chishadi, ularni sohibkaromat, deb atashadi. Jangchilar ularga kamdan-kam murojaat qilishadi, chunki o‘lishingni oldindan bilib jangga borish qiyin. Jangchilar nima bo‘lishini oldindan bilmay qo‘ya qolishni va urushning o‘zgacha shavqini tuyushni ma’qul ko‘rishadi. Taqdir Tangrining qo‘li bilan bitilgan, bitikda neki bor, bari Uning inshosi, Uning yozganlari esa doimo bandasining nafu manfaatini ko‘zlaydi.
Jangchilar buguni bilan yashaydilar, zero, kundalik hayot tasodiflarga to‘la, shu bois ming turli holatlarga diqqatini qaratishi kerak: dushman boshingga qaysi tarafdan turib qilich solmoqchi, uning ostidagi ot qanday sakraydi, joningni omon saqlash uchun zarbni qanday qaytarishing lozim.
Ammo tuyakash jangchi emas, shu boisdan ham u sohibkaromatlarga ko‘p murojaat qildi: ba’zilari bexato aytib bersa, ba’zilaridan tayinli gap chiqmadi. Bir safar ularning eng keksasi (aynan undan qattiq qo‘rqishardi)tuyakashdan ertangi kunini oldindan bilmoqdan maqsadi nimaligini so‘radi.
— Nima qilishim kerakligini aniqlab olmoqchiman, — dedi u. — Bilib olsam, yuz beradigan falokatning oldini olishga urinib ko‘raman.
— U holda bu sening ertangi kuning bo‘lmay qoladi, — javob qildi Sohibkaromat.
— Ehtimol, men boshimga tushadigan ko‘rgulikka tayyorlanarman.
— Agar xayrli voqea ro‘y bersa, bu kutilmagan omad degani, agar xayrsiz, yomon hodisaga duch keladigan bo‘lsang — uni ancha oldin ko‘ngling sezadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:08:10

— Boshimga nima tushishini oldindan bilishni istayman, chunki men odamman, — dedi tuyakash. — Odamlarning buguni ularning kelajagi qanday kechishiga bog‘liq.
Sohibkaromat bir muddat sukut saqladi. U chiviqlar bilan fol ochardi — ularni yerga tashlab, qanday tushganiga qarardi. Shu kuni u fol ko‘rmaslikka qaror qildi. Xivichlarni dastro‘molga o‘rab, cho‘ntagiga bekitdi.
— Men odamlarga ularni nimalar kutayotganini aytib berib, rizqimni topaman, — dedi u nihoyat. — Xivichlarni qanday tashlashni bilaman, ularning ko‘magida odamlarning taqdiri yozib qo‘yilgan boshqa bir o‘lchamdagi olamga kiraman. Kirib olgach, men o‘tmishni o‘qiyman, allaqachon unutilgan narsalarni ochaman va bugungi kunning belgilarini tanib olaman. Kelajakni men o‘qimayman, taxminan aytaman, zotan, kelajak Xudovand inon-ixtiyorida, faqat favqulodda holatlardagina uni namoyon etadi. Buni men bugungi kun belgilariga qarab aniqlayman. Jamiki sir-asror aynan shu — hozirgi kunda jam bo‘lgan. Unga lozim darajada e’tibor qaratsang — yaxshilay olasan. Ayni damdagi ahvolingni yaxshiladingmi, demak, ertangni ham o‘nglay olasan. Kelajak uchun qayg‘urmasang, buguning bilan yashayver, mayli, har bir kuning Qonunda buyurilganiday o‘taversin. Biroq bilib qo‘y, Xudovand o‘z bandalari uchun hamisha qayg‘uradi. Har bir kun mangulikning bir bo‘lakchasi.
Shunda tuyakash Tangri kelajakni ko‘rishga izn beradigan favqulodda holatlar nimani anglatishini bilgisi keldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:08:30

— Faqat Uning O‘zigina namoyon etadi. Xudovand kelajakni kamdan-kam hollarda ko‘rsatadi. U bunga ixtiyor etganda, oldindan belgilab qo‘yilgan taqdirni o‘zgartirish lozimligi sabab bo‘ladi.
"œBu bolaga Xudovand kelajakni namoyon etgan, — o‘yladi shu damda Tuyakash. — Xudovand uni o‘ziga vositachi etib tanlagan".
— Qabila boshliqlari oldiga bor, — buyurdi u Santyagoga. — Ularga qo‘shinning bizga yaqinlashib kelayotganini xabar qil.
— Ular ustimdan kulishadi.
— Yo‘q, kulishmaydi. Ular sahro odamlari, demakki, ular belgilar va alomatlarni e’tiborsiz qoldirishmaydi.
— U holda hammasi ularning o‘ziga ayon bo‘lgandir.
— Ular bu haqda bosh qotirishmaydi, chunki agar Ollohning irodasi bilan nimanidir bilishlari lozim esa, kimdir kelib bu haqda aytadi, deb ishonishadi. Avvallari ham ko‘p marta shunday bo‘lgan. Endi bu xabar bilan sen e’tibor topasan.
Santyago Fotimani o‘yladi va vohada joylashgan qabila boshlig‘ining qoshiga borishga qaror qildi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:08:52

—Meni boshliqlar oldiga o‘tkazib yubor, — dedi u kattakon oq chodir eshigi oldida turgan soqchiga. — Sahroda men alomatlarni ko‘rdim.
Soqchi bir so‘z demay chodirga kirib ketdi va ichkarida ancha ushlanib qoldi. Keyin oq zarbof yaktakli yosh arab bilan birga chiqib keldi. Santyago unga o‘ziga ko‘ringan manzarani gapirib berdi. U kutib turishini aytib, tag‘in ichkariga kirib ketdi.
Oqshom tushdi. Chodirga arablar, chet ellik savdogarlar kirib-chiqib turishardi. Ko‘p o‘tmay gulxanlar ham o‘chdi va vohaga asta-sekin jimjitlik cho‘kdi. Faqat kattakon chodirda chiroq yonib turardi. Bu vaqt mobaynida Santyago Fotima haqida o‘yladi, garchi qizning boyagina aytgan gaplarining mohiyatini hali ilg‘ay olmagan bo‘lsa-da.
Nihoyat uzoq kutishdan keyin uni chodirga qo‘yishdi.
Chodirda ko‘rganlari uni hayron qoldirdi. Sahroning qoq o‘rtasida bunday joyni ko‘raman, deb hech o‘ylamagandi. Oyoqlari qalin gulli gilamlarga botdi, tepada sof oltindan ishlangan qandilda shamlar yonib turibdi. Qabilalar boshliqlari to‘rda gul tikilgan ipak yostiqlarga yonboshlab o‘tirishibdi. Xizmatkorlar kumush patnislarda shirinliklar va choy keltirishadi. Boshqalari chilimlarning olovidan xabardor bo‘lib turishibdi, havodan tamaki tutunining yengil xushbo‘y hidi taraladi.
Santyagoning ro‘parasida sakkiz nafar kishi bor edi, biroq u boshliq — o‘rtada o‘tirgan zarbof yaktakli arab ekanini aniq payqadi. Uning yonida boya chodirdan chiqib u bilan gaplashgan yigit o‘tiribdi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:09:08

— Alomatlar haqida gapirgan musofir kim? — so‘radi qabila boshliqlaridan biri.
— Menman, — javob qildi Santyago va ko‘rganlarini aytib berdi.
— Nega endi sahro bir muhojirga bu haqda belgi beribdi, axir, bu yerda bizning ajdodlarimiz yashab o‘tgan bo‘lsa? — so‘radi boshqa bir qabila boshlig‘i.
— Chunki mening ko‘zlarim hali sahroga ko‘nikmagan, bu yerliklar payqamagan narsalarni ko‘radi, — dedi Santyago va ko‘nglidan: "œBoz ustiga menga Olam Qalbi ochilgan", degan gap o‘tdi.
Bu so‘nggi gapni u ovoz chiqarib aytmadi — arablar bunday narsalarga ishonishmaydi.
— Men faqat ko‘rganimni aytdim. Ishonmasangiz, bu sizning ixtiyoringiz.
Chodirga og‘ir jimlik cho‘kdi, keyin qabilalar boshliqlari qizishib, gapga kirishib ketishdi. Ular gapirayotgan lahjani Santyago tushunmasdi, biroq u eshikka tomon qadam tashlaganda soqchi qo‘lidan tutdi. Bo‘zbola qo‘rqib ketdi. Belgilar xatarni daraklardi va u Tuyakashga ko‘nglini ochganidan afsuslandi.
Biroq o‘rtada o‘tirgan qariya kulimsiradi va Santyago darhol xotirjam bo‘ldi. Shu paytgacha u biror so‘z qotmagan, tortishuvga qo‘shilmay o‘tirgan edi. Biroq Umum Tilidan xabardor bo‘zbola qo‘shinning yaqinlashib kelayotganidan chodir titrayotganini his etdi va bu yerga kelib to‘g‘ri qilganini tushundi.
Chodirdagilar jim bo‘lishdi va qariyaning gapini diqqat bilan eshitishdi. Qariya Santyagoga o‘girilib qaradi va bu safar bo‘zbola uning yuzida sovuq begonasirashni payqadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:09:26

— Ikki ming yilcha burun bu yerdan uzoqda, ko‘rgan tushlarga ishonadigan bir odamni quduqqa tashlashgan, keyin qul qilib sotib yuborishgan, — gap boshladi qariya. — Bizning savdogarlar uni Misrga olib kelishgan. Hammamizga ma’lum, tushlarga ishongan odam ularning ta’birini ham biladi.
"œGarchi har doim ham ularni rostga o‘ngara olmasa-da", — o‘yladi Santyago lo‘li kampirni eslab.
— O‘sha odam Fir’avnga uning yetti ozg‘in va yetti semiz sigir haqidagi tushini to‘g‘ri ta’birlab, Misrni ocharchilikdan saqlab qolgan. Uning ismi Yusuf edi. U ham senday bir musofir edi, yoshi ham sen tengi edi.
Qariya jim qoldi. Uning ko‘zlari hanuz sovuq boqardi.
— Biz doim urf-odatni saqlaymiz. Urf-odat Misrni ocharchilikdan qutqardi, xalqini boshqa xalqlar orasida eng boy-badavlatga aylantirdi. Urf-odat sahroda yurish va qizlarimizni erga uzatishni o‘rgatadi. Unga ko‘ra, voha — hech kimga tegishli bo‘lmagan yer, zotan, jang qilayotgan har ikki taraf bu yerga muhtoj, usiz halok bo‘lishi tayin.
Hech kimdan sado chiqmadi.
— Ammo Urf-odat bizga sahro daraklariga ishonishni uqtiradi. Nimagaki aqlimiz yetsa, bularni bizga sahro o‘rgatgan.

Qayd etilgan