Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118358 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 16 B


AbdulAziz  10 Iyul 2006, 19:40:01

Alkimyogar



Muallif: Paolo Koelo
Hajmi: 237 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:35:45

Paulo KOELO

ALKIMYOGAR



Insonning Yerdagi umri mobaynida amalga oshiradigan ishlari nimalardan iborat? O‘z Taqdiri yo‘lidan borib, ko‘ngliga tukkan orzu-umidlarini amalga oshirishi uchun insonga eng zarur narsa nima?..
"œAlkimyogar" romani mana shunday ko‘lamli, mazmunan falsafiy, mohiyatan esa oddiy insoniy muammo haqida.
Asar muallifi— hozirgi zamonning mashhur yozuvchisi braziliyalik Paulo Koelo.
"œAlkimyogar" Richard Baxning "œOqcharloq Jonatan" yoki "œSharpalar" asarlariga o‘xshamaydi. Ekzyuperining "œKichik Shahzoda"siga ham o‘xshash tomonlari juda kam. Biroq negadir "œAlkimyogar"ni o‘qiganda beixtiyor o‘sha rivoyat-qissalar yodga tushadi. Zotan, bu asar aynan hozirgi zamon kitobxonlari uchun yozilgandek va "œAlkimyogar"ning turli davlatlar arboblariyu, mashhur san’atkorlar hamda hozircha bir yuz o‘n yetti mamlakatdagi millionlab adabiyot muxlislari tomonidan sevib o‘qilishi shundan dalolatdir.
"œBizning sayyoramizda bir buyuk haqiqat barqaror: agar siz chindan nimanidir orzu qilsangiz, unga albatta erishasiz. Zotan, bu orzu Olam Qalbida ham tug‘iladi va ayni shuning o‘zi sizning Yerda mavjudligingiz tasdiqi, sizning taqdiringizdir", deb yozadi P. Koelo.

Tarjimon
Ahmad OTABOY tarjimasi

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:36:12

ORZU YO‘LIDAGI TO‘RT TO‘SIQ

"œSofiya" nashriyoti chop etgan "œAlkimyogar" romanining birinchi nashrini qo‘lga olib, chin dildan quvondim. Bir necha yil mobaynida rossiyalik tashabbuskor kitobxonlar bu kitobni imkon darajasida yoyishga urinishdi— Internetga joylashdi, qo‘lbola kitob shaklida tayyorlab almashib o‘qishdi, asar matnining fotonusxasini chiqarishdi. Biroq barcha sa’y-harakatlarga qaramay, turli bahonayu sabablar bois, hozirgacha "œAlkimyogar"ni kitob tarzida nashr etib, bozorga olib kirishning iloji bo‘lmagan edi.
Mana, nihoyat uni nashr qilib, talab darajasida tarqatishga jur’at etadigan nashriyot chiqib qoldi. Romanda hikoya qilingan cho‘pon bola Santyagoning sayohati bilan bog‘liq voqealar asosida yotgan tub ma’no-mazmun— bu "œO‘z Taqdiring" tushunchasidir. "œO‘z Taqdiring" nima degani? Bu Xudo tomonidan bizga buyurilgan, umrimiz mobaynida ado etishimiz lozim bo‘lgan oliy majburiyat, har qaysimizning bosib o‘tadigan o‘z yo‘limizdir. Biz har safar biror-bir amalni quvonch va hafsala bilan bajarganimizda, O‘z Taqdirimizga mos tarzda ish tutgan bo‘lamiz. Biroq yorug‘ orzu-niyatlarga peshvoz chiqishday baxtga erishmoq uchun bu yo‘ldan matonat bilan o‘tish har kimga ham nasib etavermaydi.
Xo‘sh, nima uchun hammaning ham istak va orzulari ushalavermaydi?
Bunga to‘rtta to‘siq xalal beradi. Birinchisi shundan iboratki, go‘daklik paytdayoq, hayotda erishishni juda istagan narsalarga intilganimizda, yo‘q, bu narsalarga erishib bo‘lmaydi, degan gapni quloqqa quyib qo‘yishadi. Bola: harchand urinmay, baribir o‘zim xohlagan narsaga erisholmayman, degan fikr bilan ulg‘ayadi. Shu tariqa, yillar mobaynida qalbida turli xil shubha-gumonlar va qo‘rquvlar ildiz otadi, umidsizlik va aybdorlik tuyg‘usi kuchayib boradi. Va bir kun kelib, O‘z Taqdirini yashash istagi shu og‘ir yuk ostida qolganini anglaganda, o‘ziga in’om etilgan oliy imkonni yo‘qotib qo‘yganday tuyuladi. Biroq aslida bu imkon uning qalbida yashayotgan bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:36:29

Shunga qaramay, kishi qalbi tubidagi orzu-niyatini yuzaga chiqarishga, amalga oshirishga bel bog‘lab kirishguday bo‘lsa, uni yana bir sinov kutadi: bu— sevgi, mehr-muhabbatdir. Kishi hayotda nimaga erishmoqchi ekanini yoki qanday sinovlarga bardosh bera olishini biladi, biroq orzusiga yetish uchun hamma narsadan voz kechsa, oqibatda o‘z yaqinlariga ozor yetkazib qo‘yishdan qo‘rqadi. Inson mehr-muhabbatning orzu yo‘lida to‘siq emasligini tushunmaydi, zotan, sevgi xalal bermaydi, balki aksincha, harakatga rag‘bat uyg‘otadi. Faol insonga chindan yaxshilikni ravo ko‘radigan, unga doimo yelkasini tutishga shay odam uni tushunishga va qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘ladi.
Kishi sevgining to‘siq emas, balki tayanch ekanligini anglab yetgan chog‘da, unga uchinchi to‘siq xavf soladi: bu— omadsizlik va mag‘lubiyatlardan qo‘rqish tuyg‘usi. O‘z orzulari yo‘lida kurashayotgan odam boshqalardan ko‘ra kuchliroq zahmat chekadi, harakatlari zoe ketayotgan damlarda esa u, odatdagiday, "œbo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar", degan maslakka iyak suyamaydi. Aslida ham, u aynan orzu yo‘liga o‘zini butunlay baxshida etganini anglaydi. Shuningdek, u O‘z Taqdiri belgilagan yo‘l barcha yo‘llar kabi mashaqqatli ekanini anglaydi. Oradagi farq shundaki, u tanlagan yo‘l olib boradigan manzil o‘zgacha— bu manzilda yurak javhari mavjuddir. Shu bois Nur Askari eng og‘ir damlarda suv va havodek zarur sabr-qanoatga ega bo‘lishi va doimo borliq Olam chorasiz, o‘ta tang vaziyatlarda ham uning orzulari amalga oshishiga yordam berajagini yodda tutmog‘i kerak.
Siz: bu yo‘lda mag‘lubiyatlarning, omadsizliklarning ham nafi tegadimi, deb so‘rarsiz.
Nafi bormi, yo‘qmi, bundan qat’i nazar, ular ro‘y beradi. Inson o‘zining orzu-istaklari yo‘lida kurashni boshlagan paytda, tajribasizligi tufayli, ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yadi. Biroq borliqning mohiyati ham shunda-da, yiqilganni yer ko‘taradi, deganlaridek, necha bor yiqilmang, har gal oyoqqa turib olish zarur.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:36:38

Modomiki, bizning boshqalarga qaraganda ko‘proq aziyat chekishimizga to‘g‘ri kelar ekan, O‘z Taqdir yo‘limizdan yurishimiz shartmi, deb so‘rashingiz mumkin.
Bu shuning uchun ham zarurki, omadsizliklar va mag‘lubiyatlar ortda qolgach— ular oxir-oqibat baribir ortda qoladi,— biz to‘la-to‘kis baxt tuyg‘usini anglab yetamiz va o‘zimizga ishonchimiz yanada ortadi. Qalbimizning tub-tubida boshimizdan kechirgan g‘aroyib hodisalarga munosib ekanimizga ishonch hosil etamiz. Hayotimizning har bir kuni, har bir soati— bu Sharafli Jang daqiqalaridir. Vaqt o‘tishi bilan biz hayotning har bir lahzasini quvonch bilan qabul qilish va undan huzur-halovat tuyushni o‘rganib boramiz. Kutilmaganda boshimizga tushadigan og‘ir g‘am-qayg‘u chidasa bo‘ladiganday tuyuladigan, nisbatan yengil tashvishlarga qaraganda tezroq o‘tadi: nisbatan yengil tuyulgan mushkulotlar bir necha yillarga cho‘zilishi mumkinki, ular o‘zining og‘ir asoratlarini qoldirgancha, eng oxirgi nafasimizgacha hayotimizga soya solib, qalbimizni muttasil, sezdirmay kemiradi.
Xullas, inson qalbi tubidagi orzu-niyatlarini yuzaga chiqarish yo‘lida kechgan mashaqqatli kurashlarning yurakda qoldirgan jarohatlari izini payqamay, yillar mobaynida umidini yurak tafti bilan oziqlantirib, umr bo‘yi intilganiga erishadigan fursat yetganda— ko‘ngil istaklari amalga oshishi ayon, ehtimol, ertaga orzusi ro‘yobga chiqishiga ishonchi komil bo‘lganda— xuddi shu pallada uni so‘nggi to‘siq kutadi: bu— butun hayoti davomida unga hamroh bo‘lgan orzulari ijobatidan qo‘rquv hissidir.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:36:55

Oskar Uayld yozganiday, "œodamlar doimo eng yaxshi ko‘rgan narsalarini vayron qiladilar". Haqiqatan ham shunday. Umr bo‘yi orzu qilgani nihoyat ro‘yobga chiqa boshlaganini anglash hissi inson qalbini aybdorlik tuyg‘usiga chulg‘aydi. Tevarak-atrofga boqib, u ko‘plab kishilar istaklariga yetolmaganiga guvoh bo‘ladi va shunda o‘zi ham bunday g‘alabaga munosib emasligini o‘ylay boshlaydi. O‘z orzusi yo‘lida qancha qiyinchiliklarni boshdan kechirganini, ko‘p narsani qurbon qilganini unutadi. Men hayotda O‘z Taqdirlari yo‘lidan yurib, mashaqqatlar chekib, katta maqsadlariga erishishlariga atigi ikki qadam qolganida— eng oxirgi daqiqalarda talay ahmoqliklarga yo‘l qo‘yishgan odamlarni uchratdim. Oqibatda ularning, qo‘l uzatsa yetguday, amalga oshaman deb turgan orzu-niyatlari oqlanmay qolib ketgan.
Xullas, ana shu to‘rt to‘siqning orasida bu— so‘nggisi eng makkor to‘siq, chunki u allaqanday sirli-muqaddas pardaga burkangan— orzular ijobatining quvonchlariyu, g‘alaba samaralaridan bahramandlikning kushandasi. Inson mislsiz kurashlar evaziga erishgan g‘alabasiga o‘zining munosib ekanini anglab yetganda Yaratganning inoyatiga doxil bo‘ladi va unga bu joyda, Yerda umrguzaronlik qilayotganining asl mohiyati ochiladi.
"œAlkimyogar" romanida, ramziy shaklda, mana shular haqida hikoya qilinadi.

Paulo KOELO
2000 yil, iyul

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:37:21

J.ga bag‘ishlanadi.

— Buyuk Ijod sirini anglagan Alkimyogarga.
O‘z yo‘llarida davom etishdi. Iso bir qishloqqa kirdi. Bu yerda Marfa ismli ayol uni uyiga taklif qildi. Uning Maryam ismli bir singlisi bor edi. Maryam Isoning oyoqlari oldida o‘tirib, uning so‘zlarini tinglar edi. Marfa esa tayyorgarchilik ishlari bilan juda ovora edi. Nihoyat u Iso yoniga kelib:
— Hazrat! Singlim bir o‘zimni xizmatda qoldirib qo‘yganiga e’tibor bermayapsanmi? Unga aytgin, menga yordam bersin! — dedi. Iso unga shunday javob berdi:
— Marfa, Marfa, buncha urinib tashvishlanmasang! Zarur bo‘lgan bittagina ish bor. Maryam esa o‘zi uchun yaxshi ulushni tanladi va bu undan tortib olinmaydi.

Luka bayon etgan Muqaddas
Xushxabar, 10:38-42

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:37:51

MUQADDIMA

Alkimyogar kitobni qo‘liga oldi, uni sayyohlardan kimdir olib kelgan edi. Kitob muqovasiz edi, biroq u muallifning ism-sharifini topdi — Oskar Uayld — va uni varaqlab, tuyqusdan nigohi Nargis haqidagi rivoyatga tushdi.
Kun-uzzun anhor bo‘yida o‘z aksiga mahliyo bo‘lib o‘tiradigan sohibjamol bo‘zbola haqidagi rivoyat Alkimyogarga ma’lum edi: Nargis shu qadar mahliyo bo‘lib anhorga termilib qolgan ediki, oxir-oqibat suvga qulab, cho‘kib ketdi, qirg‘oqdan esa gul unib chiqdi, gulni uning nomi bilan atashdi.
Biroq Oskar Uayld bu rivoyatni boshqacha hikoya qilgan.
"œNargis halok bo‘lgach, o‘rmon nimfalari — driadalar sezdilarki, anhorning chuchuk suvi ko‘z yoshdan sho‘rlanibdi.
— Sen nega yig‘layapsan? — so‘rashdi driadalar.
— Men Nargisga aza tutayapman, — javob qildi anhor.
— Buning ajablanadigan joyi yo‘q, — deyishdi driadalar. — Oqibat shu ekan, axir, u o‘rmondan o‘tganda biz doimo ortidan yugurar edik, yolg‘iz sensan — uning husnu jamolini yaqindan ko‘rgan.
— U sohibjamolmidi? — so‘radi shunda anhor.
— Ha, bu haqda sendan o‘zga kim ham bir so‘z ayta olardi? — ajablanishdi o‘rmon nimfalari: — Sening qirg‘og‘ingda o‘tirib, sening suvlaringga termilib, azondan shom qorong‘usigacha vaqt o‘tkazgan emasmidi u?
Anhor uzoq sukut saqladi va nihoyat javob qildi:
— Men Nargisga aza tutayapman, biroq hech qachon uning go‘zal ekanini payqamabman. Ko‘z yoshlarimni oqizayotganim boisi, har safar u qirg‘og‘imga kelib, egilib suvlarimga termilib o‘tirganida, ko‘zlarining tubida mening go‘zalligim yuz ko‘rsatardi".
"œNaqadar g‘aroyib rivoyat", — o‘yladi Alkimyogar.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:38:13

BIRINCHI QISM

Bo‘zbolaning ismi Santyago. U qo‘ylarini tashlandiq holga kelgan yarim vayrona cherkovga haydab kirayotganda qosh qoraya boshlagandi. Cherkov gumbazi allaqachonlar o‘pirilgan va xaroba holga kelgan, bir paytlar mehrob bo‘lgan joydan kattakon tutanjir o‘sib chiqqan.
Shu yerda tunashga qaror qildi Santyago, chirib sinib yotgan eshikdan qo‘ylarini ichkariga haydab kiritdi-da, bo‘lak-so‘lak taxtalar bilan suruv chiqib ketolmaydigan qilib eshikni tambaladi. Okrugda bo‘rilar yo‘q edi, biroq ba’zan qo‘ylar uloqib ketib qolar, biror-bir daydi qo‘yni qidirib kun-uzzun ovora bo‘lishga to‘g‘ri kelardi.
Santyago kamzulini yerga to‘shadi, boshi tagiga yaqinda o‘qib tugatgan kitobni qo‘ydi va cho‘zildi. Uyquga ketishdan oldin: qalinroq kitob olib chiqqanim tuzuk ekan — ancha vaqt o‘qirdim, yostiq uchun ham qulay bo‘lardi, deb o‘yladi. U uyg‘onganda hali qorong‘u, tepasida tun choyshabining yirtiqlaridan yulduzlar charaqlab turardi.
"œYana ozgina uxlasam", o‘yladi Santyago.
Uyqusida yana o‘sha — o‘tgan hafta ko‘rgan tushi jonlandi va tushni tag‘in oxirigacha ko‘rishga ulgurmadi.
U boshini ko‘tardi, vinodan bir qultum ichdi. Tayog‘ini qo‘liga oldi va mudrab yotgan qo‘ylarni turtkilay boshladi. Biroq suruvning katta bir to‘dasi u ko‘zini ochgan damdayoq qo‘zg‘algan, go‘yo u bilan qo‘ylar orasida allaqanday sirli aloqa borday, u suruv bilan, mana, ikki yildan beri suv va ozuqa qidirib, bir joydan boshqa joyga sang‘iydi. "œMenga shu qadar o‘rganib qolishdiki, hamma odatimni o‘zlashtirib oldi bular, — ming‘illadi u. — Mening hatto kundalik rejamdan ham boxabar".

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:38:31

U yana shu haqda biroz mulohaza qilib, ehtimol, buning aksidir — men ularning odatlarini o‘zlashtirib, suruvning tartibiga tushib olgandirman, degan xulosaga keldi.
Biroq boshqa bir to‘da qo‘y Santyagoning tayoq uchi bilan birma-bir nomini aytib turtkilaganiga qaramay, qo‘zg‘alishga shoshilmasdi. Umuman, uning ishonchi komil edi — qo‘ylar Santyago aytgan gaplarni yaxshi tushunardi, shuning uchun ba’zan u kitobchalarning o‘ziga yoqqan joylarini qo‘ylarga eshittirib o‘qir yoki suruvni haydab o‘tgan shaharlar, qishloqlarda eshitgan yangiliklarni ularga gapirib berardi.
Darvoqe, keyingi paytlarda bo‘zbola faqat bir narsa — yana to‘rt kundan keyin o‘zi yetib keladigan shaharda yashaydigan savdogarning qizi haqida gapirardi. U qizni faqat bir marta — o‘tgan yili ko‘rgan. Movut va jun bilan oldi-sotdi qiladigan do‘kondor qo‘ylarning junini ko‘z oldida qirqtirishni xohlaydi — shunday qilinsa uni aldasholmaydi. Oshnalaridan kimdir Santyagoga shu do‘konni ko‘rsatdi va u qo‘ylarini o‘sha tarafga haydadi.
"œJun sotmoqchiman", dedi u do‘kondorga.
Do‘kon peshtaxtasi oldida odamlar uymalashib turardi, xo‘jayin cho‘pondan tushlikkacha kutib turishini so‘radi. Santyago rozi bo‘ldi va yo‘lakka o‘tirib, to‘rvasidan kitobchasini oldi.
— Voy, cho‘ponlar ham kitob o‘qisharkan-da, bilmas ekanman, — yonginasidan qiz bolaning qo‘ng‘iroqday tovushi jarangladi.

Qayd etilgan