Shunga qaramay, kishi qalbi tubidagi orzu-niyatini yuzaga chiqarishga, amalga oshirishga bel bog‘lab kirishguday bo‘lsa, uni yana bir sinov kutadi: bu— sevgi, mehr-muhabbatdir. Kishi hayotda nimaga erishmoqchi ekanini yoki qanday sinovlarga bardosh bera olishini biladi, biroq orzusiga yetish uchun hamma narsadan voz kechsa, oqibatda o‘z yaqinlariga ozor yetkazib qo‘yishdan qo‘rqadi. Inson mehr-muhabbatning orzu yo‘lida to‘siq emasligini tushunmaydi, zotan, sevgi xalal bermaydi, balki aksincha, harakatga rag‘bat uyg‘otadi. Faol insonga chindan yaxshilikni ravo ko‘radigan, unga doimo yelkasini tutishga shay odam uni tushunishga va qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘ladi.
Kishi sevgining to‘siq emas, balki tayanch ekanligini anglab yetgan chog‘da, unga uchinchi to‘siq xavf soladi: bu— omadsizlik va mag‘lubiyatlardan qo‘rqish tuyg‘usi. O‘z orzulari yo‘lida kurashayotgan odam boshqalardan ko‘ra kuchliroq zahmat chekadi, harakatlari zoe ketayotgan damlarda esa u, odatdagiday, "œbo‘lsa bo‘lar, bo‘lmasa g‘ovlab ketar", degan maslakka iyak suyamaydi. Aslida ham, u aynan orzu yo‘liga o‘zini butunlay baxshida etganini anglaydi. Shuningdek, u O‘z Taqdiri belgilagan yo‘l barcha yo‘llar kabi mashaqqatli ekanini anglaydi. Oradagi farq shundaki, u tanlagan yo‘l olib boradigan manzil o‘zgacha— bu manzilda yurak javhari mavjuddir. Shu bois Nur Askari eng og‘ir damlarda suv va havodek zarur sabr-qanoatga ega bo‘lishi va doimo borliq Olam chorasiz, o‘ta tang vaziyatlarda ham uning orzulari amalga oshishiga yordam berajagini yodda tutmog‘i kerak.
Siz: bu yo‘lda mag‘lubiyatlarning, omadsizliklarning ham nafi tegadimi, deb so‘rarsiz.
Nafi bormi, yo‘qmi, bundan qat’i nazar, ular ro‘y beradi. Inson o‘zining orzu-istaklari yo‘lida kurashni boshlagan paytda, tajribasizligi tufayli, ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yadi. Biroq borliqning mohiyati ham shunda-da, yiqilganni yer ko‘taradi, deganlaridek, necha bor yiqilmang, har gal oyoqqa turib olish zarur.