Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118364 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:38:45

U boshini ko‘tarib, ko‘rinishidan haqiqiy andaluslik, sochlari taqimiga tushgan, qop-qora va mayin ko‘zlari esa xuddi bir vaqtlar Ispaniyani zabt etgan mavrlarnikiday qizni ko‘rdi.
— Cho‘ponlar kitob o‘qishi shart emas: qo‘ylar har qanday kitobdan ham ko‘proq narsaga o‘rgatadi, — javob qildi unga Santyago.
Shu zayl gap gapga ulashib, ular gurunglashib ketishdi va rosa ikki soat miriqib suhbatlashdi. Qizaloq do‘kondorga qiz bo‘lishini, hayoti zerikarli, kunlari xuddi ikki tomchi suvday bir xilligini aytdi. Santyago esa unga Andalusiya yaylovlari haqida, yo‘lining ustidagi katta shaharlar haqida eshitganlarini gapirib berdi. Qiz bilan suhbat qurganidan uning kayfi chog‘ bo‘ldi — axir, bu qo‘ylarga gapirgandan yaxshi-da.
— Sen o‘qishni qaerda o‘rgangansan, — so‘radi qiz.
— Hamma qaerda o‘rgansa, o‘sha yerda-da, — javob qildi bo‘zbola. — Maktabda.
— Nega endi savoding bo‘lsayam qo‘y boqib yuribsan?
Javob o‘rniga Santyago boshqa narsa haqida gapirdi: qiz uni baribir tushunmasligiga ishonchi komil edi. U qizga o‘zining jahongashtaligidan gapirdi, qizning mavrlarnikiga o‘xshagan ko‘zlari goh moshday ochilsa, goh hayratdan qisilib ketardi. Vaqt bilinmay o‘tar, Santyago ichida bu kunning tugamasligini, savdogarning do‘koniga odam yog‘ilishini va qo‘ylarni qirqtirish bahonasida uch-to‘rt kun shu yerda qolib ketishini xohlardi. Hech qachon hozirgiday holatni tuymagan edi; uning shu yerda umrbod qolgisi keldi. Bu qorasoch qiz bilan kunlari sira ham ikki tomchi suvday bir xil kechmasligi aniq edi.
Biroq shu payt qizning otasi do‘kondan chiqib keldi va suruvni oralab, qirqish uchun to‘rtta qo‘yni ajratib oldi. Keyin kelishilganiday haq to‘ladi va dedi:
— Endi bir yildan keyin kel.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:39:07

Mana, nihoyat o‘shanda belgilangan muddatgacha bor-yo‘g‘i to‘rt kun qoldi. Bo‘zbola uchrashishni o‘ylab quvonar va ayni chog‘da ko‘ngli xijil tortardi: bordi-yu qiz uni yodidan chiqarib yuborgan bo‘lsa-chi? Axir, ularning shaharchasi yonidan qo‘y haydab o‘tadigan cho‘ponlar son mingta.
— Bo‘lganicha bo‘lar, — dedi u qo‘ylariga. — Unchalik ahamiyati yo‘q. Boshqa shaharlarda ham qizlar to‘lib yotibdi.
Biroq u ko‘nglining tub-tubida buning ahamiyati chindan ham juda katta ekanini his etib turardi. Cho‘ponlarda ham, dengizchi-yu jahongashta savdogarlarda ham doim intiq bo‘lib, sog‘inib yashaydigan bir shahri bo‘ladi va u yerda, ozod qushday dunyo kezish baxtidan voz kechishga arziydigan hurliqo yashaydi.
Kun yorishib ketdi, Santyago otarini quyosh ko‘tarilib kelayotgan tarafga haydadi.
"œQo‘ylarga oson, — o‘yladi u, — hech qanday tashvishi yo‘q. Ehtimol, shuning uchun ularning mendan ajralgisi kelmas".
Aslida ularga hech narsaning keragi yo‘q — suv bo‘lsa, tuyoqlari tagida o‘t-o‘lan bo‘lsa bas. Santyago Andalusiyaning qaerlarida sero‘t yaylovlar borligini bilsa bo‘lgani, qo‘ylar unga sodiq hamroh bo‘lib, ergashib yuraveradi. Mayliga, kunlari bir zaylda o‘taversin, ular tirikligida birorta ham kitob o‘qimasa o‘qimas, odamlarning shaharlarda, qishloqlarda bir-birlariga yangiliklarni yetkazadigan tilini ular tushunmasa ham mayliga — baribir ular o‘zlaricha baxtli, suv va yemishga zoriqmasa bo‘lgani. Bular evaziga qo‘ylar saxiylik bilan o‘z junini, naslini va vaqt-vaqti bilan go‘shtini odamlarga beradi.
"œAgar bugun men yirtqich hayvonga aylanib, ularga bir boshdan qiron solsam, otarning yarmidan ko‘pini nobud qilganimdan keyingina ular nima bo‘layotganini tushunib yetadi, — o‘yladi Santyago. — Ular menga o‘z instinktlaridan ko‘ra ortiqroq ishonadi, chunki faqat men ularni qorin to‘yg‘azadigan joyga olib boraman".

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:39:23

U bugun miyasiga kelayotgan g‘alati o‘ylardan hayron. Ehtimol, qarg‘ish tekkan, naqd mehrobidan tutanjir o‘sib chiqqan xaroba cherkovda tunab qolgani uchun shunday bo‘layotgandir? Uyqusida oldin ko‘rgan bir tushni qayta ko‘rdi, mana, endi sodiq hamrohlariga tish qayrayapti. U kechki ovqatdan qolgan vinodan bir qultum yutdi va kamzuliga yaxshilab burkanib oldi. Yana bir necha soatdan keyin quyosh chosh tepaga keladi, jazirama avjiga minib, suruvni yaydoq dalada haydashning iloji bo‘lmay qoladi. Bu pallada butun Ispaniya mudraydi. Kechga boribgina havoning hovuri biroz tushadi, shungacha kun bo‘yi yelkasida og‘ir kamzulni ko‘tarib yurishi kerak. Boshqa iloji ham yo‘q-da: sahargi salqindan ayni shu kamzul jonni asraydi.
"œOb-havoning injiqliklariga shay turgan ma’qul", — o‘yladi Santyago kamzuliga tashakkur bildirib, uning og‘ir va issiqligidan mamnun bo‘lib. Aslida ham, kamzulning o‘z vazifasi bo‘lganiday, Santyagoning ham o‘z qismati bor. Uning peshonasiga yozilgani — dashtu dala kezish. Ikki yil mobaynida u Andalusiyaning yassi tog‘lariyu yaydoq dalalarini izg‘ib, qancha shahar va qishloqlarni ko‘rdi. Santyago movutchining qiziga, o‘zi oddiy cho‘pon esa-da, qanday qilib savodxon bo‘lib olganini tushuntirishga chog‘landi.
Gap shunda ediki, u o‘n olti yoshga to‘lguncha diniy maktabda o‘qidi. Ota-onasi uning ruhoniy bo‘lishini — oddiy qishloq oilasining faxriga aylanishini orzu qilishardi. Ularning tirikchiligi qiyin kechar, tinim bilmay qilgan mehnatlari, xuddi qo‘ylar singari, qorin to‘yg‘azishdan boshqaga ortmasdi.
Santyago diniy maktabda lotinchani, ispancha va dinshunoslikni o‘rgandi. Biroq go‘dakligidayoq unda dunyoni ko‘rishga ishtiyoq kuchli edi, bu tuyg‘u Tangrini anglash yoki insoniyat gunohlarini miridan-sirigacha bilib olishdan ustun keldi. Va bir kuni ota-onasini ko‘rgani kelganida, u yurak yutib, men ruhoniy bo‘lishni xohlamayman, dedi. U yurt kezishni xohlardi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:39:36

— O‘g‘lim, — dedi bu gapiga javoban otasi, — bizning qishlog‘imizga kimlar kelib ketmadi. Butun dunyodan odamlar bu yerga biror-bir yangilik toparmikanman, deb kelishadi, biroq qanday kelishsa shunday qaytib ketishadi. Ular toqqa chiqishadi, ko‘hna qasrni ko‘raman deb va o‘tmishning hozirgi zamondan afzal bo‘lganiga guvoh bo‘lishadi. Ularning, ehtimol, soch-lari oqdir yoki qora tanlidir ular, biroq bizning hamqishloqlardan hech bir ortiq joyi yo‘q.
— Biroq men bilmayman-ku, u yoqlarda, ular tug‘ilgan o‘lkalarda qanaqa qasrlar borligini, — e’tiroz bildirdi Santyago.
— Bu odamlar bizning yerimizni, bizning ayollarimizni ko‘rishganda, bu yerda umrbod qolgimiz keladi, deb gapirishadi, — davom etdi ota.
— Men esa boshqa yerlarni ko‘rishni, boshqa ayollarga qarashni xohlayman. Axir, bu odamlar hech qachon bizning qishloqda qolib ketishmaydi-ku.
— Yurt kezish uchun ko‘p pul kerak, bolam. Bizda muqim bir joyda yashamaydiganlar faqat cho‘ponlar, xolos.
— Iloj qancha, demak, cho‘pon bo‘laman, — dedi Santyago.
Ota hech nima demadi, ertalab unga uchta qadimgi tilla tanga solingan hamyonni tut-qazdi:
— Bir kun daladan topib olgandim. Osmondan tushgan desa ham bo‘laveradi. O‘zingga bir otar qo‘y sotib ol va yurt kezib mol boqib yuraver, qachonki, dunyoda bizning qasrimizday eng zo‘r qasr va bizning ayollarimizday go‘zal ayol yo‘qligini tushunsang, bir kun qaytarsan.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:39:56

O‘g‘lini tangriga topshirib fotiha berayotganda, Santyago uning ko‘zlariga qarab, qarib qolganiga, muqim hayotning huzur-halovati: yeb-ichishi yetarli va boshida kapasi borligidan qoniqish hosil qilib, o‘zini xotirjam tutishiga qaramay, otasining ko‘nglida yurt oshib, el kezib yurish ishtiyoqi so‘nmaganini payqadi.
Ufq qirmizi tusga kirdi, so‘ng quyosh botdi. Otasining gaplarini eslab kulimsiradi: u ko‘plab qasrlarni va ko‘plab go‘zallarni ko‘rishga ulgurdi, darvoqe, ular orasida tengi yo‘q bir hurliqo bilan ikki kundan keyin tag‘in uchrashadi. Uning bir otar qo‘yi bor, egnida kamzuli bor, kitobi bor, kitobni xohlagan paytda boshqasiga almashtirsa bo‘ladi. Muhimi — uning eng aziz orzusi amalga oshayotir: dashtu dala kezib, safar qilib yuribdi. Andalusiyaning qir-adirlari zeriktirsa, xohlagan paytda qo‘ylarni sotib, dengizchi bo‘lishi mumkin. Agar dengizda suzish joniga tegsa, bu paytga kelib u boshqa shaharlarni ko‘rib, boshqa ayollar bilan tanishib oladi, baxtli bo‘lishning boshqacha yo‘llarini topadi.
"œBilmadim, diniy maktabda Tangrini qanday topardim", — o‘yladi Santyago ko‘tarilib kelayotgan quyoshga qarab.
O‘zining safarlarida u doim noma’lum yo‘llardan yurishni ma’qul ko‘rardi. Bu cherkovda hali biror marta tunashga to‘g‘ri kelmagan, garchi bu o‘lkalarda tez-tez bo‘lib tursa-da. Dunyo keng, cheku chegarasi yo‘q va Santyago ozroq vaqt qo‘ylarni o‘z mayliga qo‘yib bersa, albatta, qandaydir qiziq voqeaga duch kelardi. Faqat qo‘ylar har kuni yangi yo‘llarni topishayotganini, yaylovlar va yil fasllari o‘zgarayotganini tushunmaydi: ularning miyasida faqat qorin to‘yg‘azish ehtiyoji bor, xolos.
"œEhtimol, biz ham shunaqadirmiz, — o‘yladi cho‘pon. — Axir, men o‘zim ham movutchining qizi bilan tanishganimdan keyin xayolim biror marta ham boshqa ayollarga ketmadi-ku".

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:40:06

U osmonga qaradi, chamaladi, peshinga qolmay Tarifda bo‘ladi. U yerda kitobni boshqasiga, qalinrog‘iga almashtirib olsa, suvdonini vinoga to‘ldirib, soch-soqolini oldirsa, movutchining qizi bilan uchrashuvga shay bo‘ladi. U boshqa bir cho‘pon qizni ilib ketgan bo‘lsa-chi, degan xayolga bormaslikka urindi.
"œHayot shunisi bilan qiziqki, tushlar rostga aylanadi", — o‘yladi Santyago osmonga ko‘z tashlab qo‘yib, qadamini tezlatarkan.
U Tarifda tushni ta’birlaydigan kampir yashashini esladi. Qani aytsin-chi, ikki marta ko‘rgan bir tushning ta’biri qanaqa bo‘larkan.
Kampir mehmonni orqa tarafdagi oshxonadan turli
rangdagi plastmassa munchoqlar shodasidan yasalgan parda bilan ajratilgan xonaga yo‘lladi. Xonada stol va ikkita stul bor, devorda Masih yuragi tasviri tushirilgan surat ilingan.
Uy bekasi Santyagoni o‘tirg‘izdi, o‘zi uning qarshisiga o‘tirib, ikki qo‘lidan ushladi va past ovozda duo o‘qidi.
Aftidan, bu lo‘lilar o‘qiydigan duo edi. Cho‘pon bolaga lo‘lilar tez-tez uchrab turardi — ular ham, garchi qo‘y boqishmasa-da, dunyo kezib yurishadi. Odamlar ularni yolg‘on-yashiq aytib kun kechiradi, gunohga botib yashaydi, bolalarni o‘g‘irlab ketadi va bu bolalar keyinchalik ularning asiriga aylanib qoladi, deyishadi. Santyago go‘dakligida lo‘lilar o‘g‘irlab ketishidan o‘lguday qo‘rqardi, hozir lo‘li kampir qo‘llaridan ushlaganda vujudida o‘sha qo‘rquv uyg‘ondi.
"œAxir, bu yerda Muqaddas Masih yuragi bor-ku", — o‘yladi u xotirjam bo‘lishga va titrog‘ini bosishga urinib. Lo‘li kampir buni sezib qolishini xohlamasdi. Sodiqligini ta’kidlamoqchi bo‘lib ichida duo o‘qidi.
— Juda qiziq, — kaftidagi chiziqlardan ko‘zini uzmay
ming‘irladi kampir va yana sukut saqlab turdi.
Bo‘zbola battar bezovtalandi. Titroq endi qo‘llariga ko‘chdi va u qo‘llarini shoshib tortib oldi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:40:21

— Men sening oldingga qo‘llarimga qarab fol och deb kelganim yo‘q, — dedi u lo‘lining uyiga qadam bosganiga afsuslanib: yaxshisi, haqini to‘lab, tezroq juftakni rostlasammikan. Shuyam gap bo‘ldimi, allaqanday tushni ikki marta ko‘rgan bo‘lsa ko‘ribdi-da.
— Bilaman. Sen ko‘rgan tushingning ta’birini aytib berishimni so‘rayapsan, — dedi lo‘li. — Tushlar — bu Tangri biz bilan gaplashadigan til. Modomiki, bu dunyodagi bor tillardan biri ekan, bu tildan men tarjima qila olaman. Biroq Tangri senga qalbing tilida murojaat qilgan ekan, uning aytganlari faqat yolg‘iz sengagina tushunarli bo‘ladi. Shunisi ham borki, sen maslahat olish uchun kelgan ekansan, men sendan baribir pul olaman.
"œAftidan, ilindim", — o‘yladi Santyago, biroq chekinishning endi iloji yo‘q. Jur’at cho‘pon uchun — odatdagi hol: birida suruvga bo‘ri oralaydi, birida qurg‘oqchilik ro‘y beradi. Jur’at uning hayotini qiziqarli qiladi.
— Men bir tushni ikki marta ko‘rdim, — dedi u. — Tushimda yaylovda qo‘ylarimni boqib yuribman, shu payt go‘dak paydo bo‘ldi, u qo‘ylar bilan o‘ynagisi keldi. Birovning qo‘ylarimga yaqinlashishini yomon ko‘raman, ular begonadan hurkadi. Faqat bolalarni qo‘rqmay yaqiniga yo‘latadi, nega undayligini bilmayman. Qo‘ylar bolalarning yoshini qanday payqashini tushunmayman.
— Ko‘rgan tushingni ayt, — kampir uning so‘zini bo‘ldi, — ana, qozonim olovda turibdi. Sening puling ko‘p emas, mening vaqtim qimmat turadi.
— Bola hadeb qo‘ylar bilan o‘ynadi, — Santyago biroz iymanib davom etdi, — keyin tuyqusdan meni qo‘lida ko‘tardi-da, Misr ehromlariga eltib qo‘ydi.
U biroz sekinlab, bu lo‘li kampir ehrom nimaligini bilarmikan, degan shubhaga bordi.
— Misr ehromlariga eltdi, — takrorladi u ohista va dona-dona qilib, — u yerda menga: "œAgar yana bu yerga kelib qolsang, bekitilgan xazinani izlab topasan", dedi. Va endi menga xazina qaerda yotganini uqtirmoqchi bo‘lganida uyg‘onib ketdim. Ikkinchi marta ham bu tush xuddi shunday — hech o‘zgarishsiz qaytarildi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:40:37

Lo‘li kampir uzoq jim qoldi, keyin yana Santyagoning qo‘llaridan ushladi va kaftiga sinchiklab diqqat bilan qaradi.
— Hozircha men sendan haq olmayman, — dedi kampir nihoyat. — Biroq agar xazinani topsang, o‘ndan biri meniki.
Bo‘zbola sevinganidan kulib yubordi, tushiga kirgan xazina uning folbinga beradigan arzimas chaqalarini asrab qoldi. Bu kampir chindan ham lo‘li: lo‘lilarning bir qaynovi ichida, deyishadi.
— Bo‘laqol, tushimning ta’birini ayt, — so‘radi u.
— Oldin qasam ich. Xazinaning o‘ndan birini menga beraman, deb qasam ich, keyin ta’birini aytaman.
Qasam ichishiga to‘g‘ri keldi. Biroq kampir Muqaddas Masih yuragi tasviriga qarab qasamni takrorlashini talab qildi.
— Bu tush Umum Tilida, — dedi kampir. — Men uni ta’birlashga harakat qilaman, garchi bu juda qiyin bo‘lsa-da. Ana shu mehnatim uchun men sendan xazinaning o‘ndan birini so‘rayapman. Eshit: sen Misrga borishing va o‘zigning ehromingni topishing kerak. Men o‘zim bu narsani eshitmaganman, biroq go‘dak senga ularni ko‘rsatibdimi, demak, haqiqatan bu bor narsalar. Ana endi jo‘na — u yoqda sen o‘zingning xazinangni topasan, boyib ketasan.
Santyago avvaliga hayron qoldi, keyin afsuslandi. Shu bo‘lmag‘ur gap uchun kampirni qidirib o‘tirish shartmidi. Yaxshiyam, undan pul olmadi.
— Seni deb vaqtim bekor ketdi, — dedi u.
— Men ogohlantirdim: sening tushingni ta’birlash qiyin. G‘aroyib ko‘ringan narsa, sirtdan oddiyday tuyulsa-da, biroq uning mag‘zini chaqishga faqat donolar qodir. Men dono bo‘lmaganim uchun ham boshqa hunarni, masalan, kaftga qarab fol ochishni o‘rgandim.
— Qanday qilsam Misrga bora olaman?

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:40:59

— Bu mening bosh og‘rig‘im emas. Men faqat tushni ta’birlay olaman, uni chinga aylantirish mening ishimmas. Aks holda shunday qashshoq yasharmidim, tuqqan qizlarimdan sadaqa so‘rab.
— Agar Misrga bora olmasam-chi?
— Borolmasang — ko‘rgan folim uchun sen beradigan haqdan quruq qolaman. Bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Endi jo‘na, sen bilan gaplashadigan gap qolmadi.
Santyago lo‘li kampirnikidan butkul hafsalasi pir bo‘lib chiqdi va minbad tushlarga ishonmaslikka qaror qildi. Shu payt, ishlarga kirishish kerakligi xayoliga keldi: do‘konga yo‘l oldi, yegani ul-bul xarid qildi, kitobini qalinrog‘iga almashtirdi, yangi vinoni tatib ko‘rmoqchi bo‘lib, maydondagi o‘rindiqqa o‘tirdi. Kun juda issiq edi, vino sehrli tarzda bo‘zbolaning hovurini bosdi.
U qo‘ylarini shahar chetida, yaqinda tanishgan do‘stining molxonasi yonida qoldirdi. Viloyatning hamma joyida Santyagoning jo‘ralari bor edi — shuning uchun ham u yurt kezib yurishni yaxshi ko‘rardi. El oralasang yangi do‘st orttirasan — u bilan har kuni ko‘rishib turish hecham shart emas. Atrofingda doim bir xil odamlar bo‘lsa — xuddi diniy maktabda o‘qib yurgan paytdagiday — o‘z-o‘zidan ular sening hayotingga aralasha boshlaydi. Hayotingga aralashib turib, biroz vaqt o‘tgach, uni o‘zgartirgilari kelib qoladi. Agar sen ular xohlaganday bo‘la olmasang — arazlashadi. Har kim o‘zicha bu dunyoda aynan qanday yashash kerakligini aniq biladi.
Biroq hech kim o‘zining shaxsiy hayotini negadir yo‘lga sola olmaydi. Bu xuddi lo‘li kampirning amaliga o‘xshaydi, u tushlarni ta’birlaydi, lekin rostga aylantirishga qurbi yetmaydi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 14:41:40

Santyago quyoshning botishini kutishga qaror qildi, shundan so‘ng qo‘ylarni yaylovga haydasa bo‘ladi. Movutchining qizi bilan uchrashishga hali uch kun bor. Hozir esa shu yerlik ruhoniydan almashtirib olgan kitobni o‘qishga kirishdi. Kitob qalin edi, birinchi betida kimningdir dafn marosimi tasvirlangan va boz ustiga qahramonlarning ismlari shunaqa g‘alatiki, ovoz chiqarib aytsang tiling qoqilib ketadi. "œAgar bir kun kelib men kitob yozadigan bo‘lsam, — o‘yladi bo‘zbola, — kitobimning har bir betida yangi qahramon bo‘ladi, kitobxonlar kimning ismi qanaqaligini eslab ovora bo‘lib o‘tirmaydi".
U endi kitobni ochib, marhumni qorga qanday ko‘mishgani tasvirini berilib o‘qiyotganida (tepadan quyosh ayovsiz kuydirib turganiga qaramay, Santyagoning eti junjikdi), bir qariya kelib, uning yoniga cho‘kdi va uni gapga tortdi.
— Ular nima qilishayapti o‘zi? — maydondagi odamlarni ko‘rsatib, so‘radi u.
— Ishlashayapti, — ro‘yxush bermay javob qildi bo‘zbola, go‘yo o‘zini berilib kitob o‘qiyotganday ko‘rsatib.
Aslida esa u muvutchining qizining ko‘z o‘ngida to‘rtta qo‘yning junini qanday qirqishini o‘ylardi. Chunki qiz uning nimaga qodirligini ko‘radi. Santyago bu manzarani tez-tez ko‘z oldiga keltirar va har gal xayolida qiziqib qarab turgan qizga qo‘yni dumidan boshlab boshi tomonga qirqib borish kerakligini tushintirardi. U yana bir qancha g‘aroyib voqealarni ham xotirasida jamlab, qo‘ylarni qirqayotib, ularni qizga aytib berishga chog‘lanardi. Bu voqea-larni kitoblardan o‘qib olgan edi, biroq bularni o‘z boshidan kechirganday qilib aytib bermoqchi edi. Qiz hech qachon buning tagiga yetolmaydi: chunki u o‘qishni bilmaydi-da.

Qayd etilgan