— Men sening oldingga qo‘llarimga qarab fol och deb kelganim yo‘q, — dedi u lo‘lining uyiga qadam bosganiga afsuslanib: yaxshisi, haqini to‘lab, tezroq juftakni rostlasammikan. Shuyam gap bo‘ldimi, allaqanday tushni ikki marta ko‘rgan bo‘lsa ko‘ribdi-da.
— Bilaman. Sen ko‘rgan tushingning ta’birini aytib berishimni so‘rayapsan, — dedi lo‘li. — Tushlar — bu Tangri biz bilan gaplashadigan til. Modomiki, bu dunyodagi bor tillardan biri ekan, bu tildan men tarjima qila olaman. Biroq Tangri senga qalbing tilida murojaat qilgan ekan, uning aytganlari faqat yolg‘iz sengagina tushunarli bo‘ladi. Shunisi ham borki, sen maslahat olish uchun kelgan ekansan, men sendan baribir pul olaman.
"œAftidan, ilindim", — o‘yladi Santyago, biroq chekinishning endi iloji yo‘q. Jur’at cho‘pon uchun — odatdagi hol: birida suruvga bo‘ri oralaydi, birida qurg‘oqchilik ro‘y beradi. Jur’at uning hayotini qiziqarli qiladi.
— Men bir tushni ikki marta ko‘rdim, — dedi u. — Tushimda yaylovda qo‘ylarimni boqib yuribman, shu payt go‘dak paydo bo‘ldi, u qo‘ylar bilan o‘ynagisi keldi. Birovning qo‘ylarimga yaqinlashishini yomon ko‘raman, ular begonadan hurkadi. Faqat bolalarni qo‘rqmay yaqiniga yo‘latadi, nega undayligini bilmayman. Qo‘ylar bolalarning yoshini qanday payqashini tushunmayman.
— Ko‘rgan tushingni ayt, — kampir uning so‘zini bo‘ldi, — ana, qozonim olovda turibdi. Sening puling ko‘p emas, mening vaqtim qimmat turadi.
— Bola hadeb qo‘ylar bilan o‘ynadi, — Santyago biroz iymanib davom etdi, — keyin tuyqusdan meni qo‘lida ko‘tardi-da, Misr ehromlariga eltib qo‘ydi.
U biroz sekinlab, bu lo‘li kampir ehrom nimaligini bilarmikan, degan shubhaga bordi.
— Misr ehromlariga eltdi, — takrorladi u ohista va dona-dona qilib, — u yerda menga: "œAgar yana bu yerga kelib qolsang, bekitilgan xazinani izlab topasan", dedi. Va endi menga xazina qaerda yotganini uqtirmoqchi bo‘lganida uyg‘onib ketdim. Ikkinchi marta ham bu tush xuddi shunday — hech o‘zgarishsiz qaytarildi.