Alkimyogar (roman). Paolo Koelo  ( 118347 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 11 12 13 14 15 16 B


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:32:06

XOTIMA

Bo‘zbolaning ismi Santyago edi. U vayron bo‘lib yotgan cherkovga yetib kelganida allaqachon qorong‘u tushgan edi. Omborxonada hanuz tutanjir ko‘karib turar, o‘yiq gumbazdan, xuddi burungiday, yulduzlar ko‘rinardi. U bir oqshom otari bilan shu yerda tunaganini esladi, o‘shanda, ko‘rgan tushini aytmaganda, tun xotirjam o‘tgandi.
Hozir u yana shu yerda. Biroq bu safar qo‘ylarini haydab kelgani yo‘q. Uning qo‘lida belkurak bor edi.
U osmonga uzoq tikildi, keyin to‘rvadan vino olib, bir qultum ichdi. Bir safar oqshom sahroda yulduzlarga termilgani va Alkimyogar bilan vino ichgani yodiga tushdi. Orqada qancha yo‘l qolib ketganini va Tangri unga qanaqa g‘aroyib usul bilan xazinaga ishora qilganini o‘yladi.
Agar u tushlariga ishonmaganida, lo‘li kampirni, Malkisidqni, qaroqchilarni uchratmaganida...
"œBu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Biroq yo‘l belgi-alomatlar bilan ko‘rsatib qo‘yilgan edi, undan men chetga chiqolmasdim", — o‘yladi u.
U o‘zi sezmagan holda uxlab qoldi. Ko‘zini ochganida quyosh tepaga ko‘tarilib ketgan edi. Santyago tutanjirning tagini kovlay boshladi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:32:17

"œKeksa sehrgar, — o‘yladi u Alkimyogar haqida, — sen barini oldindan bilgansan. Men bu cherkovgacha yetib kelishim uchun oltin quymaning ikkinchi bo‘lagini ham menga qoldirding. Ruhoniy meni kiyim-kechagim abgor, o‘zimni do‘pposlangan alpozda ko‘rib kulib yubordi. Sen meni bundan xalos qila olarmiding?"
"œYo‘q, — u shamolning shitirlagan ovozini yaxshi eshitdi. — Agar men seni ogohlantirganimda, sen ehromlarni ko‘rmasding. Ular chindan ham juda go‘zal, to‘g‘rimi?"
Bu Alkimyogarning ovozi edi. Bo‘zbola kuldi va qazishni davom ettirdi. Yarim soatcha vaqt o‘tib, belkurak allaqanday qattiq narsaga urildi, tag‘in bir soatlardan so‘ng Santyagoning oldida qadimgi tilla tangalar bilan liq to‘la chiroyli sandiqcha turardi. Sandiqchada tag‘in qimmatbaho toshlar, oq va qizil patlar bilan bezatilgan oltin niqoblar, zumrad qoplangan tosh sanamlar bor ediki, jangu jadallarda qo‘lga kiritgan bu o‘ljalarni g‘olib mamlakat allaqachon unutib yuborgan, o‘ljalar egasi ular haqida farzandlariga ham hech nima demagan edi.
Santyago to‘rvadan Urim va Tumimni oldi. Ular faqat bir marta, ertalabki payt bozorda unga asqotgandi: hayot ularsiz ham bo‘zbolaga ishonchli belgilarni ko‘rsatib turdi.
Santyago ularni sandiqchaga soldi — bu ham uning xazinasining bir bo‘lagi: toshlar unga endi hech qachon uchratmaydigan keksa podshohni eslatib turadi.

Qayd etilgan


shoir  10 Oktyabr 2007, 15:32:44

"œHayot chindan ham O‘z Taqdiri yo‘lidan boradiganlarni siylaydi, — o‘yladi u va Tarifga borishi, lo‘li kampirga xazinaning o‘ndan birini berishi lozimligini esladi. — Lo‘lilar chindan dono! Dunyo bo‘ylab ko‘p kezishlaridan shunday bo‘lsa kerak".
U yana shamol esayotganini sezdi. Bu "œlivantinlik" edi, Afrikadan yelardi, biroq bu safar o‘zi bilan sahro bo‘yini olib kelmadi, mavrlar bosqinini daraklamadi. Endi Santyago sekin yaqinlashib kelib, lablariga bo‘sa bo‘lib qo‘ngan muattar bo‘yni, mayin tovush va ta’mni farqladi.
Bo‘zbola tabassum qildi: bu Fotimaning ilk o‘pichi edi.
— Men borayapman, — dedi u, — sening yoningga borayapman, Fotima.

T A M O M

www.ziyouz.com

Qayd etilgan


AbdulAziz  08 Yanvar 2009, 06:59:52

Alkimyogar



Muallif: Paolo Koelo
Hajmi: 237 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan