Bayramda eng xursand bo'ladiganlar tilidan:
BIZ - MUSULMON BOLALAR!
Biz - musulmon bolalar,
Ko'nglimizda yo'q g'ubor,
Qurbon hayiti kelsa,
Qish ham tuyular bahor.
Mazza qilib o'ynaymiz,
Qurbonliklarga to'yib,
Bizni xurram aylaydi
Otamiz qo'chqor so'yib.
Qo'ni-qo'shni birodar
Eng aziz aqrabolar
Ayyom bahonasida,
Bir-birdan xabar olar.
Biz ham yugurib yelib,
Dadamizga hamrohmiz,
Amma, tog'a, xolajon,
Chehrangizga mushtohmiz.
O'ndan ortiq qarindosh
Tor uyga ham siqqaymiz,
Qo'y go'shtiga tamoman
To'yib uydan chiqqaymiz.
Uyga borib yanada
Shodligimiz kuchayar,
Ortib qolgan go'shtlarni
Ko'rib dil mehr tuyar.
Sekin borib so'raymiz:
Suykalib qadam bosib
"Dada, dada, bu go'shtlar
Kimlarga bo'lar nasib?"
Otamiz ham javobin
Berar qarabon yerga:
"Bu go'shtlar yo'l olgusi
Mazlum oilalarga!
Koshki tarqasa edi
Shu bilan bir alami,
Qurbon hayiti bolam,
Ularning ham bayrami!
Bayram o'z yo'ligadir,
Tinmay o'ynasang, kulsang
Sen ularni biron on
Unutma bolam bo'lsang!"
Mana shu nasihatni
Unutmaymiz, birodar
Din deb qon to'kkanlarni
Yod etarmiz har safar!
So'zimiz oxiri shu:
Mo'minlar ulug' bo'lsin,
Musulmonlarning Qurbon
Ayyomi qutlug' bo'lsin!"
Xayrulloh Hamidov