"œShaharlar onasi"
deb nomlanadi. O‘tgan mingyilliklar davomida ushbu shahar muqaddas qadamjo sifatida dunyo musulmonlarini o‘ziga jalb etib kelgan. Xususan, Islomdan keyingi davrda shaharning ziyoratgoh sifatidagi ahamiyati beqiyos darajada oshgan.
Makka Mukarrama — "œgirdogirdi" tog‘lar bilan o‘ralgan maskan. Bu jihatdan shahar tog‘ o‘rtasiga o‘rnatilgan kosani yodga soladi. Bundan ming yilcha oldin muqaddas maskanga tashrif buyurgan sayohatchi adib Nosir Xisrav o‘z "œSafarnoma"sida bu haqda shunday yozadi: "œMakka shahri tog‘lar orasida va siz qaysi tomondan kelmang, to shaharga yetmaguncha, uni ko‘ra olmaysiz".
Payg‘ambarlik yeri, vahiy manzili bo‘lgan Makka Islom olamining urib turgan yuragiga mengzaladi. Shaharning nechog‘li ulug‘ sharaf va obro‘ga ega ekanini Alloh taolo Qur’oni karimning "œBalad" (Shahar) surasida Makkai Mukarrama nomiga qasam ichganidan ham bilish mumkin (Sharif kitobda Alloh taolo bir qancha o‘rinlarda ahkom va ruknlarning muhimligini ont bilan ta’kidlaydi).
Qur’oni karimda Makka, Bakka, Balad Al-Amin, Um Al-Qura, Al-Haram Al-Amin kalimalari bilan zikr etilgan muqaddas shahar nomiga bejiz "œMukarrama" (karam qilingan) sifati qo‘shilmaydi. Bir qarashda shaharning o‘simlik va hayvonot olami siyrakligini bilish qiyin emas. Makkada xurmo daraxti juda ko‘p uchraydi. Onda-sonda ko‘rinib qoladigan buta va giyohlarni aytmaganda, atrofda ko‘m-ko‘k maysazoru bog‘lar ko‘zga tashlanmaydi. Lekin shunga qaramay, shaharda dunyoning jamiki noz-ne’matlari muhayyo ekani va ular uncha ham qimmat bo‘lmagan narxlarda sotilayotgani hayratingizni oshiradi. To‘rt tomoni tog‘ bo‘lgan shaharni o‘z karami bilan mo‘l-ko‘l rizqlantirib qo‘ygan Zotga beixtiyor hamdlar aytasiz.
Nomi yuqorida zikr etilgan Nosir Xisrav sayohatnoma asarida Makka shahrini g‘aribroq ko‘rinishdagi chog‘roq bir maskan sifatida ta’riflaydi. Bizningcha, shaharni hozirgi qiyofada ko‘rganda, balxlik adib hech ikkilanmay o‘z fikrini o‘zgartirgan bo‘lardi. Chunki zamonaviy Makka betakror go‘zal manzara kasb etgan. Yuzlab muhtasham mehmonxonalar, supermarketlar, ma’muriy binolar, minoralari ko‘kka bo‘y cho‘zgan masjidi oliylar shaharni ziynatlab turibdi. O‘ziga xos me’moriy uslub ifodasi bo‘lgan tosh yo‘llar va oq marmar qoplangan imoratlar esa shahar chiroyiga chiroy qo‘shgan. Shaharda kechayu kunduz hayot tinmaydi. Katta ko‘chalarni yoritib turuvchi son-sanoqsiz chiroqlar yarim tunda ham kunduz charog‘onligini yodga soladi.
Makkada tozalik va orastalikka katta e’tibor qaratilishi e’tiborimizni tortdi. Ko‘chalar va dam olish maskanlari har soatda maxsus tayinlangan ko‘k libosli kishilar tomonidan tozalab, ozoda holatga keltiriladi. Ko‘rinishidan farroshlik bilan shug‘ullanayotgan kishilar xorijdan kelgan ishchilar ekanini bilish mumkin. Aytishlaricha, Makka tozaligi yo‘lida oz emas, ko‘p emas 7000 ga yaqin kishi xizmat qilar ekan.