Orzular diyoriga safar.  ( 9986 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


Munavvara  29 Aprel 2009, 18:56:42

Dunyo va oxirat eshigi bir qadam
Masjidul-Haramdan chiqib, ozroq yursangiz, savdo qatorlari — bozorga duch kelasiz (Bu holat dunyo va oxirat eshiklari bir qadam ekanini yana bir karra yodga soladi go‘yo). Endigina foniy olamning bitmas-tuganmas g‘amlaridan forig‘ bo‘lib, ularni bir lahzaga bo‘lsa-da unutib, ruhingiz tozarib, Ka’batulloh ziyoratidan chiqasiz-u, o‘zingiz sezmagan-istamagan holda yana dunyo tashvishlari bag‘riga sho‘ng‘iysiz. Bu yerda turli davlatlardan keltirilgan kiyim-kechak, estalik buyumlari, ming turdagi tasbehlar, mushku anbar va kitoblar sotiladi. Bozorda asosan mahalliy yoshlar va qo‘shni mamlakatlardan ish istab kelgan kishilar savdo qilishadi. Hojilar estalik sovg‘a sifatida olib ketadigan tasbehlar, turfa shaklu shamoyildagi do‘ppilar Xitoy, Yaponiya, Indoneziya, Pokiston, Hindiston, Misr, Malayziya kabi dunyoning turli mamlakatlaridan keltiriladi. Savdo qatorlarini tark etib, biror chaqirim yursangiz, katta yo‘llar kesishgan chorrahaga duch kelasiz. Ayni shu yerdan shaharning turli tumanlariga eltuvchi tunnel va katta yo‘llar o‘tgan.

Hijoz viloyatining ma’muriy markazi — Makkai Mukarramada taxminan 400 mingdan oshiqroq kishi istiqomat qiladi. Shahar aholisi xuddi madinaliklar kabi asosan savdogarlik va mehmonlarga xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Makka — dunyoning eng qadimiy shaharlaridan biri. Bu yerga bashariyat otasi Odam alayhissalomning qadami tekkan. Ya’ni, Yer yuzidagi dastlabki hayot shu tuproqda boshlangan. Shu bois ham, Makkai Mukarrama tarixda "œUmmul-balad" —

Qayd etilgan


Munavvara  29 Aprel 2009, 18:58:23

"œShaharlar onasi"


deb nomlanadi. O‘tgan mingyilliklar davomida ushbu shahar muqaddas qadamjo sifatida dunyo musulmonlarini o‘ziga jalb etib kelgan. Xususan, Islomdan keyingi davrda shaharning ziyoratgoh sifatidagi ahamiyati beqiyos darajada oshgan.
Makka Mukarrama — "œgirdogirdi" tog‘lar bilan o‘ralgan maskan. Bu jihatdan shahar tog‘ o‘rtasiga o‘rnatilgan kosani yodga soladi. Bundan ming yilcha oldin muqaddas maskanga tashrif buyurgan sayohatchi adib Nosir Xisrav o‘z "œSafarnoma"sida bu haqda shunday yozadi: "œMakka shahri tog‘lar orasida va siz qaysi tomondan kelmang, to shaharga yetmaguncha, uni ko‘ra olmaysiz".

Payg‘ambarlik yeri, vahiy manzili bo‘lgan Makka Islom olamining urib turgan yuragiga mengzaladi. Shaharning nechog‘li ulug‘ sharaf va obro‘ga ega ekanini Alloh taolo Qur’oni karimning "œBalad" (Shahar) surasida Makkai Mukarrama nomiga qasam ichganidan ham bilish mumkin (Sharif kitobda Alloh taolo bir qancha o‘rinlarda ahkom va ruknlarning muhimligini ont bilan ta’kidlaydi).

Qur’oni karimda Makka, Bakka, Balad Al-Amin, Um Al-Qura, Al-Haram Al-Amin kalimalari bilan zikr etilgan muqaddas shahar nomiga bejiz "œMukarrama" (karam qilingan) sifati qo‘shilmaydi. Bir qarashda shaharning o‘simlik va hayvonot olami siyrakligini bilish qiyin emas. Makkada xurmo daraxti juda ko‘p uchraydi. Onda-sonda ko‘rinib qoladigan buta va giyohlarni aytmaganda, atrofda ko‘m-ko‘k maysazoru bog‘lar ko‘zga tashlanmaydi. Lekin shunga qaramay, shaharda dunyoning jamiki noz-ne’matlari muhayyo ekani va ular uncha ham qimmat bo‘lmagan narxlarda sotilayotgani hayratingizni oshiradi. To‘rt tomoni tog‘ bo‘lgan shaharni o‘z karami bilan mo‘l-ko‘l rizqlantirib qo‘ygan Zotga beixtiyor hamdlar aytasiz.

Nomi yuqorida zikr etilgan Nosir Xisrav sayohatnoma asarida Makka shahrini g‘aribroq ko‘rinishdagi chog‘roq bir maskan sifatida ta’riflaydi. Bizningcha, shaharni hozirgi qiyofada ko‘rganda, balxlik adib hech ikkilanmay o‘z fikrini o‘zgartirgan bo‘lardi. Chunki zamonaviy Makka betakror go‘zal manzara kasb etgan. Yuzlab muhtasham mehmonxonalar, supermarketlar, ma’muriy binolar, minoralari ko‘kka bo‘y cho‘zgan masjidi oliylar shaharni ziynatlab turibdi. O‘ziga xos me’moriy uslub ifodasi bo‘lgan tosh yo‘llar va oq marmar qoplangan imoratlar esa shahar chiroyiga chiroy qo‘shgan. Shaharda kechayu kunduz hayot tinmaydi. Katta ko‘chalarni yoritib turuvchi son-sanoqsiz chiroqlar yarim tunda ham kunduz charog‘onligini yodga soladi.

Makkada tozalik va orastalikka katta e’tibor qaratilishi e’tiborimizni tortdi. Ko‘chalar va dam olish maskanlari har soatda maxsus tayinlangan ko‘k libosli kishilar tomonidan tozalab, ozoda holatga keltiriladi. Ko‘rinishidan farroshlik bilan shug‘ullanayotgan kishilar xorijdan kelgan ishchilar ekanini bilish mumkin. Aytishlaricha, Makka tozaligi yo‘lida oz emas, ko‘p emas 7000 ga yaqin kishi xizmat qilar ekan.

Qayd etilgan


Munavvara  29 Aprel 2009, 18:59:10

Rahmonning mehmonlari
Aslida haj amali Islomning asosiy besh ustunidan biri sifatida melodning 628 yili (hijriy 6-7 yillar) da farz qilingan. Bunga dalil Qur’on karimning "œOli Imron" surasi 97-oyatidir: "œYo‘lga qodir bo‘lgan odamlar zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir". Mana shu hukm sobit bo‘lgandan buyon minglarcha musulmonlar xoh piyoda, xoh otda muborak farzni bajarish ishtiyoqida Yerning turli chekkalaridan Makka sari oshiqadilar. Shukrki, bir paytlar ajdodlarning qo‘l yetmas orzusi bo‘lgan amalni ado etish bizning davrimizga kelib millionlab dindoshlarga nasib etyapti. Zamonlar o‘rtasidagi tafovutni to‘laroq tasavvur qilish uchun quyidagi raqamlarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz.

1920-yillarda har mavsumda 90 mingdan oshiqroq kishi haj amalini bajargan. Urush yillariga kelib esa, bor-yo‘g‘i 10-20 ming musulmon Ka’batulloh ziyoratini ado etish baxtiga musharraf bo‘lgan.

Tabiiyki, bugunga kelib bu raqamlar butkul o‘zgarib ketgan. Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda xorijdan Saudiya Arabistoniga muborak ziyorat uchun 1,5 million musulmon kelmoqda. Agar bunga Saudiyaning o‘zidan chiqadigan 1,5 million kishini ham qo‘shsak, yanada ulkan ko‘rsatkich hosil bo‘ladi.

To‘g‘ri, jahonnning 6 milliardlik aholisi oldida bu raqam biroz g‘arib va kichik tuyuladi. Lekin 3 million insonning bir paytning o‘zida yagona maskanga yig‘ilishi aqlni shoshiruvchi vaziyatni yuzaga keltiradi. 3 million kishilik izdihomni tasavvur qilishga urinib ko‘ring. Dunyoning boshqa biror-bir yerida bu qadar ko‘p inson yig‘ilganini ko‘rish mumkin bo‘lmasa kerak.

Hojilarni "œRahmonning mehmonlari" deb atashadi. Mehmon — atoyi Xudo. Odatda, mezbon uyiga tashrif buyurgan qo‘noqlarning hurmati va izzati uchun yaxshilab ziyofat uyushtiradi, mehmonlarning ko‘nglidagi tilaklarni amalga oshirishga harakat qiladi. Xuddi shu kabi hojilar ham Ka’batulloh ziyorati vaqtida Allohning mehmoni bo‘ladilar. Ularga bu dunyoning foniy noz-ne’matlaridan million karra qadrli ziyofatlar beriladi: ularning duolari ijobat etiladi; Haq taolo bandalar bo‘ynidagi tog‘-tog‘ gunohlarni mehmonlik hurmati avf suvi bilan yuvib tashlaydi. Mehmon qalbidagi jamiki tilaklarni ijobat etadi. Zero, bu maskanda o‘z xohish-istaklarini amalga oshirolmay yurgan, har nafasda cheksiz qudrat sohibiga muhtoj bo‘lib turgan inson emas, har ishga qodir zot Alloh mezbonlik qiladi.

Qayd etilgan


Munavvara  29 Aprel 2009, 18:59:59

Chodirlar vodiysi

Makkadan 5-6 km masofada Mino vodiysi joylashgan. Bu yerda Hajning vojib amallaridan biri — shaytonga tosh otish bajariladi. Zulhijja oyining 8-kuni, ya’ni Hayitdan ikki kun oldin dunyo musulmonlari ana shu muqaddas vodiyga jam bo‘ladilar. Bu maskanda hojilar bir muddat dunyo hoyu havaslarini unutishga harakat qiladilar. Chunki Minoda o‘tadigan 5-6 kun davomida ziyoratchilar besh-olti yulduzli mehmonxonalarning hashamdor xonalarida emas, chodirlarda tunaydilar. Lekin shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, hojilar istiqomat qiladigan maskan nomi chodir bo‘lgani bilan zamonaviy uylardan kam farq qiladi. Chodirlarga ozoda va toza gilamlar to‘shalgan, konditsionerlar o‘rnatilgan. Poyoni ko‘rinmaydigan sanoqsiz oq chodralarning barchasida shunday...

Haj amallari bundan bir necha asrlar oldin qanchalik mashaqqat bilan bajarilgan. Ochig‘i, bugungi kelib bu qiyinchiliklarning mingdan biri ham qolmagan bo‘lsa kerak. Hojilar amallarni bajarishda qiyinchilikka duch kelmasligi uchun deyarli hamma joyda qulayliklar yaratilgan...

Hikmatlarda keltirilishicha, Alloh taolo payg‘ambari Ibrohim xalilullohni sinash uchun suyukli o‘g‘li Ismoil alayhissalomni qurbonlik qilishni buyuradi. Yaratganning har bir buyrug‘iga so‘zsiz itoat etgan payg‘ambar farzandi arjumandini so‘yish uchun yo‘lga tushadi. Yo‘lda otasi oldida o‘lim sari ketayotgan Ismoil (a.s) ni qariya chol qiyofasiga kirib olgan shayton: "œOtang seni qurbonlik uchun olib ketyapti, joningni saqlash uchun qochmaysanmi?" deya vasvasa qiladi. Shunda yosh bo‘lsa-da, qalbi imon nuri bilan to‘la Ismoil (a.s.) shaytonga qarata bir necha bor tosh otadi. Hozir ham hojilar ayni o‘sha yerda Allohning payg‘ambaridan qolgan odat bo‘yicha la’natga uchragan shaytonga nafratlarini ifoda etib, tosh otadilar.

Minoda qo‘shni mamlakatlardan, shuningdek, Rossiyadan avtobuslarda kelgan ziyoratchilarni ko‘rdik. 3500-4000 km masofani avtobuslarda bosib o‘tgan dindoshlarga ko‘pchilik havas bilan qaradi. Shunda hamrohlardan biri bir necha yil avval O‘zbekistondan haj qilish uchun velosipedda kelgan vatandoshlar haqida so‘zlab berdi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): "œKimki yayov haj qilsa, unga yetmish Makka savobi beriladi", degan ekanlar. Hammamiz velosiped, avtobus va... samolyotlarda kelayotgan musulmonlarga ham ana shunday ulug‘ savoblar nasib etishini tiladik.

Qayd etilgan


Munavvara  29 Aprel 2009, 19:02:32

Duolar ijobat maskan


Arafa kuni hojilar Makka yaqinida joylashgan Arafot vodiysiga keladilar. Hadisi shariflarda "œHaj — bu Arafadir", deyilgan. Ya’ni Arafotda turish hajning asosiy uch farzidan biri sanaladi. Bu amalsiz ziyorat qabul bo‘lmaydi. Arafot vodiysi ham ko‘hna sayyoraning eng muqaddas qadamjolaridan biri. Bu yerda bandalarning har qanday ezgu tilagi, duoyi xayrlari ijobat bo‘ladi. Chunki shayton so‘ziga kirib, taqiqlargan mevani yeb, jannatdan yerga tushirilgan otamiz Odam atoning tavbasi ham ayni shu maskanda qabul bo‘lgan. Bu yerda ko‘proq va yana ko‘proq duoda bo‘lish zarur.

Arafa kuni quyosh o‘z yotog‘iga bosh qo‘ygandan keyin Arafotdan uncha ham uzoq bo‘lmagan Muzdalifaga boriladi. Tog‘lar bag‘rida joylashgan vodiyda bir kecha ochiq osmon ostida ibodat qilinadi. Bu maskanda ham duo va tasbehda bo‘lish afzal.

...Shu tariqa haj ruknlari birin-ketin bajo etildi. Qurbonlik, soch oldirish, shaytonga tosh otish va Ka’ba tavofi bajarilgach, haj ahkomlari yakunlandi. Vatanga qaytish uchun Makkadan Jiddaga ravona bo‘lish vaqti yetdi. Butun dunyo musulmonlarini ohanrabo yanglig‘ o‘ziga tortuvchi Ka’bayi Muazzama joylashgan maskan, Sarvari koinot Muhammad Mustafo (s.a.v.) tavallud topgan, ul zotning bolaligi o‘tgan shahar, Islom beshigi bo‘lgan Makkai Mukarramani tark etish anchayin og‘ir. Bomdodga azon aytilmasdan avtobus Jidda sari sokin yo‘lga tushdi. Kechagina so‘zbozlikda hammaga dars berayotgan hamrohlar ham birdan kamgap bo‘lib qoldi. Hamma o‘z xayoli bilan band. Avtobus sukunatini esa nuroniy bir otaxonning so‘zlari buzdi: "œOtam Makka ziyoratiga bormaganlar borguncha, borganlar o‘lguncha armon bilan o‘tadi, degandilar. Bu gap qanchalar to‘g‘ri ekan". Avtobusdagilar barchasi birdaniga otaxonga qarashdi. Hoji ota ko‘pchilikning ko‘nglidan o‘tayotgan so‘zlarni tilga chiqargandi.

Sobirjon Yoqubov
http://islom.ziyouz.com

Qayd etilgan


Muzayyana  01 May 2009, 09:51:57

 :as:
Alloh rozi bo'lsin, singiljon!
Haqiqatdan ham bu yerlar har bir mo'min musliminning orzuyi.
Duo qilaylik, inshaAlloh hammamizgayam shu diyorlarni muborak havosi bilan bir zum bo'lsinda nafas olishlikni nasib etsin.
U yerda qilingan ibodat va duolar ziyodasi bilan ijobat bo'lar ekan, inshaAlloh!
Sahobalardan biri aytgan ekanlar:
-Makkada turib bir gunoh ish qilganimdan ko'ra, dunyoning boshqa joyida turib, 40 marttta gunoh qilganim yaxshi edi!

Qayd etilgan