Turkiston xalqlari qo'llagan taqvimlar. M Hakimov  ( 16174 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


Abdullоh  02 May 2009, 17:13:28

Hijriy-qamariy   yil   hisobi   -   tarix   (era)   boshini Muhammad   Payg‘ambar   xijratlaridan  olgan  va  oy   (qamar) taqvimiga asoslangan yil hisobi. Bu yil hisobi ancha uzoq tarixga ega. Arabiston yarim orolida yashagan qadimgi xalqlar miloddan avvalgi ming yillikda oy taqvimini qo‘llaganlar. Arablar islomdan ikki yuz yilcha oldin (milodiy V asr boshlarida) oy-quyosh taqvimidan foydalanishga o‘tgan edilar. Oy-quyosh taqvimida 24 yillik davr (tsikl) mavjud bo‘lib, bu takrorlanib turar edi. 24 yilning 9 yili 13 oylik, 15 yili 12 oylik bo‘lardi. Yilga ortiqcha bir oy (ya’ni 13-oy) qo‘shishni va shu oyning o‘zini nasi deb atalgan. Nasi oyi qamariy va shamsiy yil oralaridagi farqni yo‘qotish maqsadida, bu farq bir 5 oyga to‘lganda  qamariy yilga qo‘shimcha   13-oy sifatida  qo‘shilgan.    Bu taqvim bo‘yicha, ya’ni islomgacha arab oylari yilning muayyan vaqtida boshlangan (Arab oylarining qadimgi lug‘aviy ma’nosi xam shundan xabar beradi).

Arablar qo‘llagan oy-quyosh taqvimidagi oylarning tartibi, nom va ma’nosi quyidagicha edi:
1. Muharram. Ta’qiqlangan, man’ etilgan, muqaddas ma’nolarini beradi. Bu oyda diniy an’analar bo‘yicha urush va xarbiy yurishlar olib borish mutlaqo ta’qiqlangan. Bu xolat yettinchi (rajab), o‘n birinchi (zulqa’da) va o‘n ikkinchi (zulhijja) oylariga ham taalluqli bo‘lgan.
2. Safar. "Sariq", "za’faron" degan ma’noni beradi. Bu oyda arablar boshiga og‘ir kulfat tushib, badanlariga og‘ir halok qiluvchi yara toshar edi. Shu kasalga duchor bo‘lgan bemorlarning rangi sarg‘ayib ketar edi.
3-4. Rabi’ ul-avval va rabi’ ul-oxir. "Rabi’" so‘zi arab tilida "baxor" ma’nosini beradi. Ammo qadimgi arablar, "rabi’" so‘zini "kuz" ma’nosida xam qo‘llaganlar. Ushbu har ikki oy kuz faslida kelgani uchun "birinchi kuz" va "ikkinchi kuz" ma’nolarini anglatgan.
5-6. Jumodiyul avval va jumodiyul oxir. Bu oylarning nomi "jamada" so‘zidan olingan bo‘lib, "qotib qolmoq", "muzlamoq" ma’nosini beradi. Ushbu xar ikki oy yilning suv yaxlab qotib qoladigan davriga, ya’ni qish fasliga to‘g‘ri kelgan.
7. Rajab. "Irjob" so‘zidan olinib, "urush va hujumlardan o‘zingizni saqlang" degan ma’noni beradi.
8. Sha’bon. "Tashaaba" so‘zidan olinib "tarmoqlanmoq", "tarqalmoq" ma’nosini beradi. Bu oyda arablar xujumlar uyushtirar edilar.
9. Ramazon. "Ramada" so‘zidan olinib "yondirmoq", "jazirama oy" ma’nolarini anglatadi. Bu oy yozning eng issiq vaqtiga to‘g‘ri kelgani uchun shunday atalgan.
10. Shavvol. "Shala" so‘zidan bo‘lib, "ko‘tarmoq", "ko‘tarilmoq", "olib bormoq", "ko‘chirmoq" ma’nolarini beradi. Bu oyda arablar orasida "shavvilu" xitobi, ya’ni "o‘z yashab turgan joylaringizdan qo‘zg‘alinglar" so‘zlari yangrab turgan.
11. Zulqa’da. "qa’da" so‘zi "o‘tirmoq", "o‘z uyida qolmoq" ma’nolarini ifodalaydi.
12. Zulhijja. "Haj" so‘zidan olinib "haj qilish" ma’nosini beradi. Qadimgi arablar Ka’baga kelib shu oyda haj qilganlar.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:16:18

Avval vaqti-vaqti bilan qo‘shib kelingan 13-oy "nasi" Muhammad payg‘ambar tomonlaridan milodiy 631 yilda bekor qilindi. Arablar endi faqat qamariy taqvimga, qamariy oylarga o‘tdilar. Shundan keyin arab oylari avvalgi nomlarining lug‘aviy ma’nosini yo‘qotdi, bir yil 365 kun emas 354 kunga aylandi, yil boshi — 1-muxarram avvalgidek xar yili muayyan vaqtda emas, oldingi yilga nisbatan 11 kun barvaqt keladigan bo‘ldi. Nasi oyi ta’qiqlanib qamariy taqvimga o‘tilganligi Muhammad payg‘ambar tomonlaridan e’lon qilinganligi sababli bu taqvim Muxammad taqvimi ham deyiladi.

Islom dini vujudga kelgach, musulmonlar diniy va dunyoviy ishlarini olib borishlari uchun o‘zlariga xos taqvim-tarix bo‘lishiga zarurat tug‘ildi. Bu muhim masala ikkinchi xalifa Umar raziallohu anhu (xalifalik yillari milodiy 634-644) davrlarida muhokama qilindi va hal etildi.

Milodiy 631 yilda musulmonlar qamariy oylarga to‘la o‘tgan bo‘lsalarda, xalifalikning dastlabki yillarida voqea-xodisalarning sodir bo‘lgan vaqtini faqat oy nomi va shu oyning ma’lum kunini qayd etish bilan cheklanar edilar. Oyga qo‘shib aytiladigan sana (yil) hisobi yo‘q edi. Musulmonlar o‘rtasida yozilgan xat-hujjatlarga sana qo‘yish odati bo‘lmagan. Bir kuni bir kishi xalifa Umar huzurlariga kelib sha’bon oyida to‘lanishi kerak bo‘lgan qarz xaqidagi hujjatni ko‘rsatadi. Shunda Umar "bu xujjat qaysi sha’bonga tegishli? O’tgan yili sha’bongami yoki bu yilgi sha’bongami?" - deb so‘raydilar. Huddi o‘sha paytlarda Jazira viloyatining voliysi Abu Musoga ikkita buyruq yozib beriladi. Bu buyruqlarning biri ikkinchisiga sira to‘g‘ri kelmas, boshqa-boshqa edi. Ularning qaysi biri oldin, qaysi biri keyin yozilganligini bilolmagan Abu Muso xalifa Umardan so‘raydi. Chunki xar ikki buyruqda ham sana yo‘q edi. Nihoyat, xalifa Umar o‘z atrofiga mo‘‘tabar kishilarni to‘plab mashvarat o‘tkazadi. To‘planganlarning barchasi bir ovozdan oy hisobi bilan ish yuritishni ma’qul deb topdilar. Chunki diniy ahkomlarni qamariy tarixdan boshqacha yurgizish mumkin emas edi. Zero, payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham vafotlaridan bir oz oldin oy-quyosh taqvimidagi "nasi" oyini bekor qilib faqat oy hisobini qoldirgan edilar. Mashvarat qatnashchilari o‘sha vaqtgacha qo‘llanib kelgan qamariy oy nomlarini ham saqlab qolishni lozim ko‘rdilar. Bu oylar arab ahli o‘rtasida juda mashhur edi. Hozir bo‘lganlar taqvim boshi - tarix (era) boshini qaysi vaqtdan, qaysi voqeadan boshlab hisoblashga oid turli fikrlarni o‘rtaga tashladilar. Ba’zilar payg‘ambarning tavallud kunlaridan desa, ba’zilar payg‘ambarlikning kelishidan tarix boshlashni aytdilar. Oxiri hazrati Ali ibn Abu Tolib islom taqvimi - tarixini payg‘ambarning Makkadan Madinaga ko‘chib o‘tishlari - hijratlaridan boshlashni taklif etdilar. Bu taklif ma’qullandi va qabul qilindi. Payg‘ambarning Makkadan Madinaga hijrat qilib yetib borgan vaqtlari - rabi’ ul avval oyidan 11 kecha o‘tganda - dushanba kuni voqe’ bo‘lgan edi. Bu milodiy hisob bilan 622 yilning 23 sentyabr kuniga muvofiq keladi.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:21:33

Xalifa hazrati Umar raziallohu anhu huzurlarida islomning taqvim boshi va tarix boshini qabul kilishga bag‘ishlangan mazkur mashvarat majlisi hijratdan 17 yil keyin - 17 yil muharram oyining 1-kuni (milodiy 638-yil 23 yanvar) bo‘lgan edi. Hijrat esa yuqorida aytilganidek, rabi’ul avval oyining 11 kunida, ya’ni oy sanasining 3-oyida bo‘lib o‘tgan. Vaholanki, arablarda avvaldan yil boshi muharram oyining 1-kunidan hisoblangan. Shu sababli tarixiy voqealarni hisoblaganda chalkashlik sodir bo‘lmasligi uchun hijrat voqe’ bo‘lgan 3-oydan oldingi 1- va 2- oylar (muharram, safar) ham hijrat yil hisobiga qo‘shib olindi va muharram yil boshi bo‘lib qoldi. Ya’ni, aniq qilib aytganda, hijriy hisobning 1-yilining 1-kuni muharram bo‘lib qoldi. Bu sanani milodiyga aylantirganda 622 yilning 16 iyuliga muvofiq tushadi. Dunyo bo‘yicha sharqshunos olimlar tomonidan tuzilgan milodiy va hijriy taqvimning mutanosiblik (sinxron) jadvallarida hijriy yilning birinchi kuni milodiy 622 yil 16 iyul-jum’adan boshlanadi. Hijriy qamariy hisobda bir yil 354 kun bo‘ladi. Toq oylar (muharram, rabi’ul avval, jumodiyul avval, rajab, ramazon, zulqa’da) - 30 kundan, juft oylar (safar, rabi’uloxir, jumodiyuloxir, sha’bon, shavvol, zulhijja) - 29 kundan hisoblanadi. Hijriy - qamariy taqvimda kabisa yili muayyan tartibda kelmaydi. Ba’zan uch yildan keyin, ba’zan ikki yildan keyin keladi. Umuman, hijriy hisobda har 30 yilning 11 tasi kabisa yili bo‘lib keladi. Chunonchi 1391-1420 yillarning 1393, 1396, 1398, 1401, 1404, 1406, 1409, 1412, 1415, 1417, 1420 yili kabisa hisoblanadi. Ana shu yillarda 1 kun orttiriladi oxirgi oy zulhijja 29 kun emas, 30 kun qilib olinadi.

Hijriy yil milodiy yilga nisbatan qisqaroq (354 yoki 355 kun) bo‘lgani uchun yil boshi — 1-muharram har yili ma’lum vaqtda kelmaydi. Kelgusi yil oldingi yilga nisbatan 10, 11 yoki 12 kun (yilning oddiy yoki kabisa bo‘lishiga qarab) ertaroq keladi. Bu davra 33 yil davom etib, hijriy yil boshi — 1-muharram 33 yil oldin boshlangan kunga yoki shu kun yaqiniga aylanib keladi. Hijriy yil bilan milodiy yil orasida 10, 11 yoki 12 kun yig‘ilib borib, 33 yili hijriy - qamariy hisobda 34 yilga barobar bo‘ladi. Milodiy hisobda 100 yil hijriy hisobda 103 yil hisoblanadi.

Islom dini tarqalgan dunyoning barcha mamlakatlarida hijriy qamariy yil hisobi diniy taqvim sifatida qabul qilingan. Ro‘za, hayit, haj kabi islomiy ibodatlar, ayrim oylarda o‘tkaziladigan marosimlar shu taqvim asosida olib boriladi.

Hijriy - qamariy yil hisobi VIII asrdan boshlab islom dini, arab tili va arab yozuvi bilan birga Turkistonga kirib keldi. XX asr birinchi choragiga qadar Turkiston xalqlari davlatning barcha siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarida va kundalik amaliy ishlarda hijriy - qamariy yil hisobidan foydalandilar.

Ilmiy - ijodiy, kitobat ishlarida, har qanday yozma manbalarning yaratilgan vaqtini qayd etishda hijriy-qamariy yil hisobi qo‘llandi. Yil hisobi har qanday yozma manbalar, ilmiy va adabiy asarlar, maktublar rasmiy hujjatlar tarkibida kelganda odatda so‘z bilan yozilgan. Kotiblar yil hisobini ikki xil qayd etganlar. Agar kotib o‘zi ko‘chirgan asar oxiriga xotima bersa kitobat tarixini so‘z bilan yozgan. Agar kotib kitobat tarixining o‘zinigina qayd etish bilan cheklansa sana (yil) ni raqam bilan ko‘rsatgan.

Hozirgi ilmiy adabiyotlarda tarixiy sanalar, voqealar xronologiyasi xijriy va milodiy hisoblarda yonma - yon yoki faqat milodiy hisobda beriladi. Masalan: Alisher Navoiyning tavallud va vafot sanalari xijriy 844 yil 17 ramazon - 906 yil 12 jumodiyussoniy - milodiy 1441 yil 9 fevral - 1501 yil 3 yanvar shaklida ko‘rsatiladi.

Olimlar xijriy yilni milodiy yilga aylantirish bo‘yicha bir necha formulalar taqdim etganlar. Biroq bu formulalar oy va kunni aniq ko‘rsatib berolmaydi. Shuning uchun ilmda mumkin qadar aniqlikka intilish maqsadida hijriy 1-yilning 1-muxarramidan 1421 yilgacha milodiy 622 yilning 16 iyulidan 2000 yilgacha kunma-kun mutanosiblik (sinxron) jadvallari tuzilgan (V.V. Sс‹bulskiy. Sovremennс‹e kalendari stran Blijnego i Srednego Vostoka. Sinxronisticheskie tablitsс‹ i poyasneneniya. Moskva izd-vo "Nauka", 1964. str 11-114). Bunday jadvallardan foydalanish ilmiy tadqiqotda qulaylik va ishonchlilik tug‘diradi. O’zbekiston musulmonlari idorasi 1944 yildan boshlab xar bir yil uchun alohida xijriy va milodiy hisobning kunma-kun mutanosiblik jadvalini nashr etib keladi. Bu jadval ham keng xalq ommasi XX asr ikkinchi yarmida jaxonda yuz bergan muxim voqealarni xijriy hisob bilan qaysi yil; qaysi oy va qaysi kunda sodir bo‘lganligini bilishda ma’lum axamiyatga ega.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:22:12

Milodiy yil hisobi - xozirgi vaqtda dunyoning ko‘p davlatlari tomonidan amalda qabul qilingan rasmiy yil hisobi, taqvim. Bu taqvim Sharq va g‘arb manba’larida bir necha nomlar bilan ataladi. Sharqda Isaviy yil (payg‘ambar Iso alayxissalomning nomidan) milodiy yil hisobi (milodiy so‘zi tavallud - "tug‘ilish" so‘zidan olingan. Bu so‘z xam Iso payg‘ambarning "tug‘ilishi" bilan bog‘liq) deb yuritiladi. Ko‘proq, milod, milod boshi, milodiy tarix, milodiy yil hisobi, milodiy taqvim, miloddan avvalgi, miloddan keyingi atamalari ishlatiladi. Mazkur taqvim g‘arbda Ovrupo taqvimi (dastavval Ovrupo davlatlari qabul kilgani uchun ), xristian taqvimi (ko‘proq xristianlar foydalangani uchun), Yuliy taqvimi (Rim imperatori Yuliy Sezar tashabbusi bilan qadimgi misrliklardan olingani uchun), Grigoriy taqvimi (Rim papasi Grigoriy XIII tomonidan 1582 yil 15 oktyabrda isloh etilgani uchun) nomlari bilan ataladi. Bu nomlar orasida xqzirgi vaqtda Grigoriy taqvimi, Grigoriy yil hisobi iboralari mashhur bo‘lib ketgan. Ba’zi ilmiy adabiyotlarda yuliy va grigoriy so‘zlari birikib yuliy-grigoriy taqvimi deb xam aytiladi. Milodiy taqvimga payg‘ambar Iso alayxisslomning "tug‘ilishi" tarix boshi qilib olingan va bu tushuncha juda mashxur bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, aslida bu taqvimga asos bo‘lgan yil hisobi tizimi miloddan ancha avval qadimgi misrliklar tomonidan ko‘llanib kelar edi.

Ovruponing eng qadimgi madaniy markazlaridan bo‘lgan Rimda miloddan oldin xam yil hisobi mavjud edi. Bu taqvim Rim tarixi (Rim erasi) deb atalib, Rim shaxriga asos solingan kundan hisoblab kelinardi. Rim taqvimi ancha chalkash bo‘lib, bir yil 10 oydan iborat bo‘lardi, dehqonchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘linmaydigan qish vaqti - 2 oy yilga kiritilmas edi. Yil hisobini shu tartibda olib borish tarixiy voqealarning ketma-ketligini, izchilligini hisoblashda ko‘p kiyinchiliklar tug‘diradi. Shularni nazarda tutib Rim imperatori Yuliy Seear miloddan avvalgi 46 - yilda rim taqvimi o‘rniga bir muncha mukkamal yangi taqvim - qadimgi misrliklar yil hisobini qabul qiladi. Bu tadbir Rim imperatori Yuliy Sezar tashabbusi bilan amalga oshadi. Shuning uchun mazkur taqvim tarixiy manbalarda yuliy taqvimi degan nom bilan ham ataladi. Taqvimni rimliklar "milliylashtirib" undagi atamalarni, xususan oy nomlarini lotin tilida atay boshlaydilar. Mazkur taqvim o‘rta asr sharq manbalarida rumiy taqvimi, rumiy yil hisobi, rumiy oylari deb yuritiladi.

Abu Rayxrn Beruniy xam o‘zining mashxur "Al-osor ul-boqiya an ul qurun-ul-holiya" (qisqacha "Xronologiya" ) asarida milodiy yil hisobiga bir necha marta to‘xtab o‘tadi. U mazkur taqvimni, rumiy taqvimi, rumiy yil hisobi deb ataydi, bu taqvimga birinchi marta kabisa yilini kiritgan Yuliy Sezar bo‘ladi, deb yozadi. Beruniy milodiy yil hisobini qadimgi xalqlarning qator yil hisoblari bilan qiyoslaydi, solishtiradi. Olim milodiy oylarning lotincha nomlarini yunoncha talaffuz bilan keltiradi. 1. Yanvariyus. 2. Febririyus. 3. Martiyus. 4. Afiliyus. 5. Moyus. 6. Yuniyus. 7. Yuliyus. 8. Afg‘ustus. 9. Sentembriyus. 10. Tembriyus. 11. Novombriyus. 12. Dombriyus.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:23:10

Yuliy Sezar tomonidan joriy etilgan taqvim Ovruponing ko‘p mamlakatlarida birin-ketin qabul qilindi. U XVI asr oxirlarigacha qo‘llandi. Yuliy taqvimida xam mavjud bo‘lgan ayrim xatoliklar asrlar osha ortib boradi. Natijada 1580 yilga kelib yuliy taqvimidagi 21 mart bilan bahorgi tengkunlik orasidagi farq 10 kunni tashkil qiladi. Taqvimdagi bunday katta farq nasroniy bayramlarining kunini belgilashda chalkashliklar tug‘dirar edi. Shu boisdan yuliy taqvimini isloh etishga ehtiyoj sezildi. O’sha vaqtda Rim papasi bo‘lgan Grigoriy XIII riyoziyot va falakiyot olimlari ishtirokida taqvim isloxoti hay’ati tuziladi. Hay’at yuliy taqvimining kamchiliklarini o‘rganib chiqib yangi taqvim loyihasini taqdim etadi va amalda joriy qilinadi. Bu islohotga muvofiq 1582 yil 4 oktyabr-payshanbadan keyingi kun 1582 yil 15 oktyabr-juma deb e’lon qilinadi. Yuliy taqvimidagi kabisa yili qoidasi asosan saqlanadi.

Shundan keyin bu taqvim yuliy taqvimi deb emas, grigoriy taqvimi deb atala boshlandi. Hozirgi vaqtda g‘arb ilmiy adabiyotlarida, yil hisoblari bo‘yicha tuzilgan mutanosiblik (sinxron) jadvallarida mazkur atama ishlatiladi. Ammo ayrim hollarda olimlar yuliy-grigoriy taqvimi deb ham qo‘llaydilar.

Grigoriy taqvimi 1582 yil 15 oktyabrdan e’tiboran Italiya, Ispaniya, Portugaliya, Polshada rasmiy davlat taqvimi sifatida qabul qilindi. Ovrupodagi boshqa davlatlar XVI-XVIII asrlarda Grigoriy taqvimiga o‘tishdi. Grigoriy taqvimi Rossiyada (shu jumladan Turkiston o‘lkasida xam) 1918 yilda joriy etildi. Xalq Komissarlar kengashining qarori bilan 1918 yil 31 yanvar yuliy taqvimining oxirgi kuni - 1918 yil 14 fevral grigoriy taqvimining birinchi kuni deb qabul qilindi (Grigoriy taqvimi qabul qilingandan buyon yig‘ilib qolgan 3 kun ham bir yo‘la qo‘shilib 13 kun oldinga suriladi).

Milodiy yil hisobi o‘rta asrlardayoq sharq olimlariga ma’lum bo‘lsada, undan amalda foydalanish Turkistonga Rossiya istilosi bilan birga XIX asr ikkinchi yarmida kirib keldi. Mahalliy tillarda tuzilgan ayrim xujjatlarda xijriy va milodiy yil hisoblari barobar qayd etiladi. Milodiy tarix sanalaridan xabardor bo‘lgan kotiblar o‘zlari ko‘chirgan qo‘lyozmalarning oxirida hijriy va milodiy sanalarni yonma-yon yozib qo‘yadigan bo‘ldilar. Chunonchi milodiy 1880 - hijriy 1298, milodiy 1885 - hijriy 1303, milodiy 1900 - hijriy 1318, milodiy 1917 - hijriy 1336, milodiy 1922 - hijriy 1341 kabi. Har ikki yil hisobidan yonma-yon foydalanish XX asr birinchi choragi oxirlariga qadar davom etdi. So‘ngra xijriy yil hisobi tushirib qoldirilib faqat milodiy hisob rasmiy va amaliy taqvimga aylandi.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:24:11

Milodiy yil hisobi aslida Sharqdagi eng qadimgi quyosh yili taqvimlaridan biri hisoblanadi. Yer quyosh atrofida 365 kun 5 soat 48 daqiqa 46 soniyada bir marta aylanib chiqadi. Bu muddat bir tropik yil deb aytiladi. Bir yilni ana shu muddat bilan hisoblash qadimgi misrliklar taqvimiga asos qilib olingan edi. Demak, milodiy hisobda bir yil 365 kun 6 soatdan iborat (5 soat 48 daqiqa 46 soniya yaxlitlanib 6 soat qilib olinadi). Har uch yil 365 kun 6 soatdan iborat (5 soat 48 daqiqa 46 soniya yaxlitlanib 6 soat qilib olinadi). Har uch yil 365 kundan - oddiy yilni to‘rtinchi yil esa oddiy yillardan ortib qolgan soatlar - 1 qun qo‘shilib 366 kun - kabisa yilini tashkil qiladi. Bu yil hisobi qadimgi dunyo tarixida nisbatan aniq taqvim bo‘lganligi uchun uni yuqorida aytilganidek Yuliy Sezar birinchi bo‘lib Misrdan Rimga - Ovrupoga olib o‘tgan edi.

Milodiy yil hisobidagi oylarning tartibi, nomlanishi va nomlanishining sabablari hamda kunlar miqdori quydagicha:

1. Yanvar - 31 kun. Qadimgi rimliklar xudosi Yanus nomidan olingan.
2. Fevral - 28 kun (kabisa yilida 29 kun). Qadimgi rimliklarning har yili 15 fevralda o‘tkazilgan fevruarius - halollanish marosimi nomidan olingan.
3. Mart - 31 kun. Qadimgi rimliklarning urush xudosi Mars nomidan olingan.
4. Aprel - 30 kun. Lotincha aprilis "quyosh bilan istiladigan" degan ma’noni beruvchi so‘zdan olingan.
5. May - 31 kun. Qadimgi rimliklarning Yer xudosi May nomidan olingan.
6. Iyun - 30 kun. Qadimgi rimliklar xudosi Yunona nomidan olingan.
7. Iyul - 31 kun. Qadimgi rim imperatori Yuliy Sezar nomidan olingan.
8. Avgust - 31 kun. Qadimgi rim imperatori Avgust (Yuliy Sezarning nabira jiyani) nomidan olingan.
9. Sentyabr - 30 kun. Lotin tilida yettinchi degan ma’noni beradi. Qadimgi Rimda yil boshi - birinchi oy martdan hisoblangan, Sentyabr esa yilning yettinchi oyi bo‘lib kelgan.
10. Oktyabr- 31 kun. Lotin tilida sakkizinchi degan ma’noni beradi. Qadimgi Rim taqvimida yilning 8-oyi.
11. Noyabr - 30 kun. Lotin tilida to‘qqizinchi degan ma’noni beradi. Qadimgi Rim taqvimida yilning 9-oyi.
12. Dekabr - 31 kun. Lotin tilida o‘ninchi degan ma’noni beradi. Qadimgi Rim taqvimida yilning 10-oyi.

Qayd etilgan


Abdullоh  02 May 2009, 17:24:53

Milodiy yil hisobida yilning boshlanishi turli davrlarda xar xil bo‘lgan. Chunonchi, qadimgi Rimda 1-mart Rossiyada (1700-yilgacha) 1-sentyabr yil boshi bo‘lgan. Hozirgi vaqtda dunyoning hamma yerida milodiy yil hisobida yil boshi 1-yanvardan boshlanadi.

Ilgarilari tarixchilar o‘z xalqlarining tarixini yoritganda asosan shu xalqning o‘tmishi bilan cheklanar, boshqa xalqlar tarixiga - umumiy tarixga kamroq murojaat qilar edilar. Mazkur tarixchilar voqealar solnomasini yoritishda o‘zlarining azaldan qo‘llab kelgan (agar bo‘lsa) an’anaviy taqvimlari - yil hisobini qo‘llar edilar. Insoniyat tarixining keyingi davrlarida xususan XIX asrdan boshlab axvol  butunlay  o‘zgardi. Dunyodagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy voqealar ayrim xalqlarni qiziqtirib qolmay, balki jamiki xalqlarning diqqat - e’tiborini torta boshladi. Endi dunyodagi barcha madaniy xalqlar o‘z tarixlarini umum dunyo tarixi bilan bog‘lab o‘rgana boshladilar. Shuning uchun jahon xalqlari o‘rta asrlardan boshlab dunyo tarixi uchun yagona taqvim bo‘lib xizmat qilib kelayotgan milodiy yil hisobini ma’qul ko‘rdilar va shuni tanladilar. XX asr boshlarigacha jahondagi yirik mamlakatlar milodiy taqvimga o‘tib bo‘lgan edi. XX asr davomida ayrim sharq mamlakatlari o‘zlarining an’anaviy taqvimlarini ham saqlagan xolda milodiy yil hisobini qabul qildilar. Hozirgi vaqtda jahon xalqlari o‘zaro siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarning hamma turlarini milodiy yil hisobi asosida olib boradilar. Milodiy yil hisobi Birlashgan millatlar tashkiloti amal qiladigan yagona jaxon taqvimi hisoblanadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 May 2009, 08:21:53

Turkiston xalqlari qo'llagan taqvimlar



Muallif: M. Hakimov
Hajmi: Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan