Bir kuni Abu Bakr va Umar ibn Xattob gaplashib o‘tirgan edi. Ular gaplasha turib bahslashib qolishdi. Umar r.a Abu Bakr oldidan g‘azablanib chiqib ketdi. Abu Bakr uning orqasidan borib, kechirishini so‘radi. Umar (r.a) uning gaplarini eshitishni ham istamay, eshiklarini yopib oldi. Umar keyin bu ishidan ancha pushaymon bo‘ldi. So‘ng o‘zi Abu Bakrning uyiga bordi va eshik oldida turib, Abu Bakrni so‘radi. Ichkaridan u kishini yo‘kligini aytadi. Sal o‘jarroq Siddiq Rasululloh (s.a.v.) oldilariga yo‘l olgan edi. Hattoki yo‘lda shoshilganidan kiyimlari tizzasiga tushib ketardi.
Nabiy alayhissalom uni bu ahvolda ko‘rib Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdilar:
-Do‘stingizga biror aziyat yetdimi? Abu Bakr (r.a.) Rasulullohning oldiga kelib salom berdi va aytdiki:
- Ey Rasululloh, Umar bilan tortishib qoldik, uning ko‘nglini og‘ritdim, so‘ng pushaymon bo‘lib undan kechirim so‘radim, lekin u menga qaramadi, oldingizga kel-dim".
Rasululloh (s.a.v.): "Seni Alloh kechirsin, ey Abu Bakr", deb uch marta takrorladilar. Bir ozdan so‘ng Hazrati Umar ko‘rindi. Uning yuzini g‘azab egallab olgan edi. Rasululloh alayhissalom Umarni ko‘rib shunchalik xafa bo‘ldilarki, hatto yuzlari tirishib ketdi. Bu holni ko‘rib Abu Bakr tiz cho‘kib yolvora boshladi: "Ey Rasululloh, Allohga qasamki, men aybdorman, zulm qildim".
Nabiy alayhissalom aytdilar: "Albatta Alloh taolo meni sizlarga elchi qilib yuborganda sizlar meni yolg‘onchi dedingiz, Abu Bakr esa meni tasdiqladi. Men uchun moli va jonini ayamadi. Endi sizlar men uchun do‘stimni kechirmaysizlarmi?! Sizlar men uchun do‘stimni kechirmaysizlarmi?"
Choshgoh vaqti Rasululloh (s.a.v.) Abu Bakr va Abu Hurayra (r.a.)lar bilan o‘tirganida oldilariga bir a’robiy kishi keldi. A’robiy Rasululloh alayhissalomga qaradi, so‘ng Abu Hurayraga (r.a.) yuzlandi, keyin Abu Bakrga tikilib qarab dedi: "Sen Abu Bakrmisan?"
"Ha" deb javob berilgach:
A’robiy kishi Abu Bakrni haqoratlab so‘kdi. Shunda Abu Bakr ajablanib, Rasululloh alayhissalom tomon qaradi. Abu Bakr Payg‘ambarimizni hayratlangani va tabassum qilganini ko‘rib hayron bo‘ldi. A’robiy Abu Bakrni so‘kishda davom etdi. Abu Bakr sabr qildi va unga churq etmadi. Kimki avf qilsa va yaxshilik qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir. A’robiy yana so‘kishda davom etayotganida jim o‘tirgan Abu Bakr Rasululloh alayhlssalomga qaradi. Nima uchun a’robiy do‘stini so‘kayotgan vaktida hech narsa demadilar? Abu Bakr Nabiy alayhissalomga eng sevimli emasmidi? Nima uchun haqorat qilayapsan, ey falonchi, deb a’robiydan so‘ramadilar.
Nihoyat, Abu Bakrning toqati toq bo‘lib, g‘azablandi va uning ba’zi so‘zlariga javob qaytardi. Do‘stidan bu narsani kutmagan Rasululloh (s.a.v.) o‘rnilaridan turib ketdilar va do‘stiga: "Shayton bilan o‘tirma", dedilar.
Hazrati Abu Bakr a’robiyning ba’zi gaplariga javob berganida Nabiy alayhissalom turib ketganlaridan hayron bo‘ldi. Nima uchun Rasululloh alayhissalomning yuzlarini g‘azab soyasi qopladi?
Abu Bakr nabiy (a.s.)ning ortidan yetib borib so‘radi "Ey Allohning payg‘ambari, u meni haqorat qilganda siz jim o‘tirgan edingiz, ba’zi so‘zlariga javob qilsam, g‘azablanib turib ketdingiz".
Rasul alayhissalom aytdilar: "Haligi kishi seni haqorat qilganida bir farishta seni himoya qilib turardi. Javob qilganingda esa farishta ketib, uning o‘rniga shayton hozir bo‘ldi. Men shayton bor joyda o‘tirmayman".
Nabiy alayhissalom so‘ngra dedilar: "Ey do‘stim, uch narsa borki, uning har biri haqdir. Bir bandaga zulm qilinsa, banda Alloh uchun uni e’tiborsiz qoldirsa, Alloh zulm ko‘rgan bandani aziz qiladi va unga yordam beradi. Bir kishi saxiylik eshigini ochib, u bilan ajr-savobni istasa, Alloh uni yanayam ziyoda qiladi. Bir kishi tilanchilik eshigini ochib, shu bilan molini ko‘paytirmoqchi bo‘lsa, Alloh azza va jalla uni xor qilib qo‘yadi".