- 44 -
Subhon Izim xos ishqini qildi in’om,
Oshiq bo’lub pok ishqida kuymayinmu?
O’zdin o’zga talablarni qildi harom,
Banda bo’lsam yalg'uz o’zin suymayinmu?
Qayu banda yalg'uz suysa podshoh qilay,
O’n sakkiz ming olam ichra ifsho qilay,
Xaloyiqlar toji, saroy insho qilay,
Bu so’z eshitib onga jonim bermayinmu?
Haq taolo oshiqlarg'a berdi xil’at,
Jon berorda yog'ib o’tti obi rahmat,
Oshiqlarni har mo’yida ming xosiyat,
Mehnat tortib xosiyatlar ko’rmayinmu?
Alloh aydi: "Rahmatimdin ishq yarattim",
Oning uchun oshiqlarni ko’b yig'lattim,
Dardu balo, mehnatlarga bel bog'lattim,
Belim bog'lab ishq yo’lida o’lmayinmu?
Oshiqlarg'a va’da qildi diydorini,
O’zi bilur diydor uchun bemorini,
Tunlar qotib ko’b yig'lag'on bedorini,
Bedor bo’lub Haqqa qulluq qilmayinmu?
Dunyo talab harislarni bandam demas,
Ro’zi mahshar yo’ldin ozsa yo’lg'a solmas,
Suvsab, chanqab dod aylasa, qo’lin olmas,
Dunyo tebib oxiratni suymayinmu?
Xojam aydi: "Chin bandaga beroy ulush,
Sharti uldur manga sori qilsa yurush,
Nafsdin kechib shayton bilan qilsa urush...
Nafsdin kechib riyozatda so’lmayinmu?
Rahmatimdin umid tutsang, sahar turg'il,
Kecha yotmay, kunduz yig'lab Haqni tobqil,
Ondin so’ngra arig' bo’lub nafsni tebgil...
Nafsni tebib Haqqa qulluq qilmayinmu?
Sirot kechmay banda bo’lsang, qah-qah kulma,
Jannat kirmay bu dunyoda xurram yurma,
Diydor ko’rmay yig'lamaqni zinhor qo’yma",
Munda yig'lab oxiratda kulmayinmu?
Essiz umrum Haqqa yonmay bejo ketti,
Muhabbatning jomin ichmay vaqtim yetti,
Kimga oytib, kimga yig'lay, boshim qotti,
Nadomatda sochu soqol yulmayinmu?
Osiy, jofiy qulung ichra man gunahkor,
Gunohimni afu aylasang, o’zung G'affor!
Rahmat bilan aybim yobsang, oting Sattor,
Umid tutub dargohinga kelmayinmu?
Haq taolo rahmat birlan manga boqti,
Rahmat suyi ko’zlarimdin tinmay oqti,
Oshiqlarg'a ishq chaqmoqin yoqib choqti,
Ishqin o’qub xaloyiqg'a yoymayinmu?
Qulluq ichra odat qilay qilsang qabul,
Yo’qluq ichra ado bo’lsam misli rasul,
Bu olamda hech kim yo’qtur mandek malul,
G'arib bo’lub ostonangda o’lmayinmu?
Lutfu karam ehson qildi, bilolmadim,
Shokir bo’lub aning shukrin qilolmadim,
Parvonadek ming tasadduq bo’lolmadim,
Parvonadek kuyub axgar bo’lmayinmu?
Tun saharlar bedor qildi yig'lasun deb,
Yoshin to’kub ishqqa belin bog'lasun deb,
O’rtab-kuyub yurak bag'rin dog'lasun deb,
Dog'in olib Haq qoshig'a bormayinmu?
Vahdoniyat daryosidin xabar berdi,
Alloh o’zi Hodiy bo’lub yo’lg'a soldi,
Do’zax ichra qolmasun deb qo’lum oldi,
Jonu dilim ondog' Haqqa bermayinmu?
Alloh aydi: "Jonni berdim toat qilg'il,
Yuz ming balo sanga solsam toqat qilg'il",
Mani izlab yig'lamaqni odat qilg'il,
Balosig'a sobir bo’lub yurmayinmu?
Haq taolo salom aydi kuygonlarga,
Qonlar to’kub ikki ko’zin o’yg'onlarg'a,
Jonni jong'a payvand qilib yurgonlarga,
Xanjar olib ko’zlarimni o’ymayinmu?
Haq partavi kimga tushsa, dono qilur,
Ko’ngli yorub botinlarin bino qilur.
Ma’rifatni oytib o’zin go’yo qilur,
Go’yo bo’lub Haq yo’llarin oymayinmu?
Salom aydi do’stlarig'a Haq mehribon,
"Munda yig'lang, oxiratda qilay xandon".
Haq yo’lida oshiqlarni joni qurbon,
Bu so’z eshtib yuz ming jonim bermayinmu?
Man daftari soniy oydim dardga darmon,
Biru borim bandam desa qolmas armon.
Harna qilsa, O’zi qilur, Haqdin farmon,
Farmonida hozir bo’lub yurmayinmu?!
Qul Xoja Ahmad, bu dunyoda beg'am o’tdung,
Haqdin qo’rqmay tong otquncha ko’pub yotding.
Dunyo tilab Haq zikrini toshlab otding,
"Tubu ilayh" o’quy-o’quy o’lmayinmu?!