Xoja Ahmad Yassaviy. Devoni hikmat (yangi topilgan namunalar)  ( 56801 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 B


shoir  13 Iyul 2006, 04:16:38

- 71 -

To’ldi umr paymonasi,
man yig'lamay kim yig'lasun?!
Shayton ko’ngul hamxonasi,
man yig'lamay kim yig'lasun?!

Qilmas nasihat hech kishi,
isyon bila bo’ldi ishim,
Mundog' kechib yozuq ishim,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Qottig' gunoh bo’ldi ishim,
jahannamda bo’ldi yerim,
Oxir g'azab qilsa Karim,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Qur’on xatin ko’rmas ko’zum,
oyat-hadis ermas so’zum,
Qulman desam, yalg'on o’zum,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Na mundadur ro’za-namoz,
na xayr, ehsonu niyoz,
Yo’q haqiqat, xayri niyoz,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Nafsim mani o’tqa solur,
har lahza tandin jon olur,
Dardim davo tobmay qolur,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Shayton g'animdur mango,
nechuk aylay yo Rabbano,
Yo Rab, sig'inurman sango,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Yigitlik quvvati ketti,
qariliq navbati yetti,
Keldi yaqin margi ajal,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Tutqoy o’lum jomi sharob,
xonumon qilg'on xarob,
Yo hasrato, alal-abad man yig'lamay,
kim yig'lasun?!

Agar yuz yil muhlat berur,
ajal oxir qorshu kelur,
Jong'a qaro kunlar solur,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Dunyo ishi(dur) bir sori,
nafsim erur (dushman) bori,
Uqbo erur hasrat yeri,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Qildim base, fisqu fujur,
qoldim netay mahrumu dur,
Ko’nglumda yo’qtur zarra nur,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Haqdur Karim yo akram,
Qul Xoja Ahmad, yema g'am,
Darmondalik dambadam,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:16:47

- 72 -

Ka’ba sori ketor bo’lduq inshaalloh,
Ey yoronlar, yaxshi qoling, to ko’rguncha.
Qoyda borsoq Alloh yodi bizga hamroh,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Ketoy dermiz xonumondin judo bo’lub,
Ahlu iyol, xonumondin sivo bo’lub,
Dunyo uqbin toshlab, bahri Xudo bo’lub,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Yo’lg'a qadam qo’yoy dermiz Haqni izlab,
Yeru ko’kda, oyu kunlar Haqni izlab,
Arshu Kursiy, Lavhu Qalam Haqni izlab,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Ahlu iyol, xonumondin judo bo’lub,
Sivo etib, xotunlarni mehrin berib,
Safar qilduq vasli uchun jondin bezib,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Arsh istasang, mo’min qulni ko’ngli ichra,
Ishq tilasang, mo’min qulni ko’ngli ichra,
Ko’ror bo’lsang, mo’min qulni ko’ngli ichra,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Ayb etmangiz, Haqni izlab yurodurmiz,
Xosiyatlik Ka’ba sori borodurmiz,
Xo’blar ko’rub, yo’lda ibrat olodurmiz,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Shoyad ko’rsak borib Ka’ba jamolini,
Xizmat qilsak yo’lda sohib kamolini,
Istoydurmiz doim vaslu visolini,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Banda bo’lsoq Xojamizni izlamak xo’b,
Shomu sahar xizmatida kizlamak xo’b,
Yetim qolg'on bo’talardek bo’zlamak xo’b,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Qul Xoja Ahmad, ma’budig'a ko’ngul berib,
Haq vaslini tilar doim javlon qilib,
Ishq yo’lida mandek yo’qtur hech kim g'arib,
Ey yoronlar, yaxshi qoling to ko’rguncha.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:16:58

- 73 -

Ayo g'ofil, ko’zung ochgil,
ketibdur jumla yor emdi,
Jahon ko’hna rabotidur,
ki bilsang roh guzor emdi.

Ko’zungni ravshani ehson,
dilingni quvvati imon,
Bu dunyo bevafo yalg'on,
ketorsan bemador emdi.

Kecha-kunduz jadal aylab,
bu dunyo izzatin izlab,
Tun-kun behuda so’zlab,
yurursan sharmisor emdi.

Go’ristonlar aro boqg'il,
xaloyiqni tomosho qil,
Bori hasrat qilib yig'lar,
yotibdur xoru zor emdi.

Nidoyi "irji’i!" kelsa,
na kelturdung ayo bandam?
Bo’lursan sarnigun ul dam,
turursan ustuvor emdi.

Jahong'a e’timod etma,
tiling Haq zikridin qo’yma,
Bu dunyo ayshini surma,
bo’lursan nomdor emdi.

Saharlarda turub yig'la,
ibodatg'a beling bog'la,
Imoningni arig' saqla,
bo’lursan obdor13 emdi.

Bu dunyo zavqidin kechgil,
muhabbat jomidin ichgil,
Boridin bir yo’la kechgil,
yurursan shohsuvor emdi.

Xaloyiq barchasi o’tti,
bori yer qo’ynig'a yetti,
O’g'ul-qizin yetim etti,
buzuldi ro’zgor emdi.

Xoja Ahmad Yassaviy, izzat —
tun-kun yutgoni hasrat,
Saharlar tortibon mehnat,
qila ko’r gashti kor emdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Iyul 2008, 08:31:14

Devoni hikmat (yangi topilgan namunalar)



Muallif: Ahmad Yassaviy
Hajmi: 228 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan