Xoja Ahmad Yassaviy. Devoni hikmat (yangi topilgan namunalar)  ( 75144 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 B


shoir  13 Iyul 2006, 04:05:34

- 11 -

Muhabbatning daryosig'a o’zum ottim,
Rahmat suyi - ulug' daryo cho’mub bottim.
Ming oltunliq qiymatimni birga sottim,
Banda bo’lub tegdi qulluq yo’li mango.

Kichiklikda qilg'on ishdin emdi yondim,
Tavba to’nin kiydim, tavfiq qurin tongdim.
Nafs qofini markab qilib, tepib mindim,
Ondin tegdi tariqatni yo’li mango.

Tiriklikda hayron o’lub yo’lda qoldim,
"Rabbi" deyu kecha yig'lab, kunduz kuldum.
Boshdin sochu yuzdin saqol anda yuldum,
Ondin so’ngra ruhlar salom qildi mango.

Kecha Alloh, kunduz Alloh dedim munda,
Subhon Azim, Subhon Alloh dedim munda.
Sakkiz uchmoh qabul qilib turdi anda,
Ochib salom qildi behisht huri mango.

Qul Xoja Ahmad, kundek yorur ko’nglum nuri,
Holatim yo’q, qonim yo’q, rangim sori.
Qudrat qanot berdi, uchtum Arshdin nori,
Ro’zi qildi dargohida borin mango.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:05:44

- 12 -

Irodatqa kelduk ersa, ey yoronlar,
Kalomidin xush ajoyib sirni ko’rdum.
"Mutu qabla an tamutu" xabar berdi,
Ul sababdin necha yillar yo’lni ko’rdum.

Havzi Kavsar to’rt burjida to’rt chahoryor,
Yuzlaridin oqib turg'on nurni ko’rdum.
Arshdin farshga uchor ul dam hayrat ichra,
Lavh ul-mahfuz taxtasida durni ko’rdum.

Jon bulbuli sayrab qo’bti so’zni boshlab,
Bu so’zlarni daftar qilg'on durni ko’rdum.
Oshiqlarni kirguzurlar behisht ichra,
Kecha-kunduz boqib turg'on hurni ko’rdum.

Ko’zum yoshi ravon bo’ldi chashma yanglig',
G'urbat ichra irodatni qorshu ko’rdum.
Haq rizosin bilgonlarga hamroh bo’ldum,
Eranlarni xizmatida hurni ko’rdum.

(Qul) Yassaviy, kech uyg'onding deb oydilar,
Eranlar(ni) pandin olib, yo’lni ko’rdum.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:06:01

- 13 -

Ishqsiz yurub toat qilur nodon zohid,
Betuz oshdek toatingni mazosi yo’q,
Oshiqman deb da’vo qilur yalg'on oshiq,
Valloh-billoh, chin oshiqni havosi yo’q.

Ishq o’tida kuyub-yonib toat qilg'il,
Oqil ersang, yig'lamoqni odat qilg'il,
Tunlar qotib, mehnat tortib, rohat ko’rgil,
Mehnat tortmay sango lutfi a’losi yo’q.

Xalq ichinda toat qilding, barcha riyo,
Ayo zohid, qilg'on ishing bori havo,
Hech naf’i yo’q ushbu toat, balki riyo,
Mundog' ishga Haqni aslo rizosi yo’q.

Pinhon yurub toat qilg'il, Xudo bilsun,
Ko’z yoshingni daryo qilg'il, rahmi kelsun,
Ondin so’ngra Haq dardinga davo qilsun,
Ayo do’stlar, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Tasbeh, tahlil ushbularni havosi bor,
Tongla borsa yuz ming ofat-balosi bor,
Yoshdin bo’lak barcha ishni riyosi bor,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Banda bo’lsang, Haq qahridin qo’rqmasmusan?
Har tun, sahar nadomat deb turmasmusan?
Dargohig'a yoshing to’kub bormasmusan?
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ko’p nodonlar ko’z yoshini qadrin bilmas,
Haq qoshida ko’z yoshidek tuhfa bo’lmas,
Tasbeh, tahlil ko’z yoshig'a teng kelolmas,
Yig'lab yurgil ko’z yoshini riyosi yo’q.

Bu olamda Haq Mustafo yig'lab o’tgan,
Yig'lamoqdin ko’zlarining nuri ketgan,
Yig'lay-yig'lay murodini hosil etgan,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Necha yillar yig'lab o’tti Odam ato,
Ondin so’ngra rahm ayladi boqib Alloh,
Ko’zda yoshin qurutmadi Haq Mustafo,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ko’b eranlar yig'lamoqdin tobti murod,
Necha osiy duosidin tobti najot,
Yaxshi bilsang, ko’z yoshidur obi hayot,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Yetti ming yil ul Azozil toat qildi,
Mag'rur bo’lub toatiga, havo qildi,
Riyo qilib dargohidin mardud bo’ldi,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

G'arib Mansur bir tun, sahar ko’b yig'ladi,
Holin ko’rub eranlar rahm ayladi,
Ondin so’ngra chiltan boqib sharob berdi,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Tongla bo’lsa qiyomat kun, ayo do’stlar,
Paydo bo’lg'oy turluk-turluk alomatlar,
Yuz ming qayg'u, dog'u hasrat, nadomatlar,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

O’shal vaqtda maloikka farmon bo’lg'oy,
Avval-oxir barcha xalqni hozir qilg'oy,
Bir-birini, yaxshi-yamon holin so’rg'oy,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Avval boshlab xos qullardin ulamoni,
Olib kelgay dargohig'a ushbularni,
Tangrim degay: "Olib kelgon tuhfang qoni?"
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

"Tinmay yurub olimlardin ilm o’rgonduk,
Harna bilgon ilmimizga amal qilduk,
Yo Qodiro, ulug' zoting anglab bilduk..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Alloh aydi: "Bandam, muni yalg'on ayding,
Qachon Meni rizom uchun ilm o’rgonding?
Yotsang-tursang hozir erdim, har ish qilding...
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Aytib erding ilm o’rganib ulug' bo’lsam,
Xalq ichinda oncha izzat-hurmat ko’rsam,
Dunyo yig'ib yesam-ichsam, o’ynab-kulsam..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ondin so’ngra shahidlarni olib kelgay,
Dargohig'a barchalari boqib turg'ay,
Olib kelgon tuhfang bo’lsa keltur, degay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

"Din toloshib kofir birlan urush qilduq,
Ba’zilarni o’lturubon g'oziy bo’lduq,
Ba’zilarin imon-islom yo’lg'a solduq,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Oxir qo’ymay kofir oldi jonimizni,
Boshni kesib yerga to’kdi qonimizni,
Sarf ayladuk ham yo’lingda molimizni..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

"Ayo bandam, bu so’zlarni bari yolg'on,
Ko’ngul sirrin mendin tutub bo’lmas pinhon,
Zohir-botin har ishingdur menga isyon,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Hollaringni, bandalarim, xo’b bilurman,
Qayda bo’lsang, saning bilan hozirdurman,
Dilingdagi neku badni men bilurman,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Aytur erding, kofir bilan urush qilsam,
Urush qilib g'oziy bo’lub boshin olsam,
Ulug'larni in’omini to’la olsam..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ondin so’ngra olib kelgoy zohidlarni,
Tangrim degay: "Olib kelgon tuhfang qani?
Izzat-hurmat bilan tuttum man silarni..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Zohid aytur: "Rizong uchun toat qilduq,
Tong otquncha namoz o’qub qiyom turduk,
Kecha namoz kunduzlari soim bo’lduq..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Qachon toat qilding meni rizom uchun,
Xalq ichinda izzat-hurmat ko’rmog' uchun,
Xalqni yo’ldin urub molin olmog' uchun,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ondin so’ngra g'aniylarni olib kelgay,
Dunyo molin oncha sanga berdum degay,
Menga qani olib kelgon tuhfang, degay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

G'aniy aytur: "Rizong uchun xayr qilduq,
Taom berib yaxshilardin duo olduq,
Faqir, miskin, yetimlarni holin so’rduq..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Alloh aytur: "Ori, qilding xayru saxo,
Xalq ichida qilding hama, barcha riyo,
Riyo ishni, valloh, qabul qilmam aslo...
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Eshitib, o’qub olim pandin olmadinglar,
Pinhon yurub xayru ehson qilmadinglar,
Dunyoda hech rizolig'im tobmadinglar..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ondin so’ngra kelgoy hama devonalar,
Haq ishqida jonu tandin begonalar,
Diydor izlab har tarafga jo’yonalar,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Oshiqlarni dargohig'a olib borg'ay,
Bari Haqdin qo’rqub yana yig'lab turgay,
Ug'on Izim tuhfang bo’lsa keltur degay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Oshiq aytur: "Tuhfamiz yo’q g'ayr az gunoh,
Qilg'onimiz doim erur jurmu xato,
Lutfung bilan afv etmasang holim taboh,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Barchalari yig'lab aytur: "Sen bilursan,
Izzing ulug', harna qilsang, Sen erursan,
Lutf aylasang, yo’lsizlarg'a yo’l berursan,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Qay kun bizga ishqing tushti, oshiq qilding,
Fahmu xirad aqlimizni tugal olding,
Kayfiyyatni jomin berib behush qilding,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Alloh aytur: "Oshiqlarim, rost aytursiz,
Mendin qo’rqub bag'ringizni qon qilibsiz,
Hasrat qilib, ko’zlaringdin yosh to’kubsiz,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ko’z yoshidin menga yaxshi tuhfa bo’lmas,
Mundin yaxshi dargohimg'a hadya bo’lmas,
Farishtalar toatlari teng kelolmas,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ko’z yoshini shisha uzra quyub olg'ay,
Maloiklar g'assol bo’lub, ani yuvg'ay,
Haq taolo amri bilan ani yuvg'ay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ko’rdunguzmu, maloiklar, bandam, degay,
Bu oshiqdur, men ma’shuqman, biling, degay,
Hurlar qarshu chiqib anga salom qilg'ay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Tuydungmu, deb oshiqlarg'a nido kelgay,
Kimni ko’rsang shafoatni sen qil, degay,
Gohi behisht, gohi Arshqa uchub qo’ng'ay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Huru jannat Xudoyig'a arz aylag'ay,
Ushbu aziz kimdur, bayon qilg'il, degay,
Bir soatki bizga mehmon bo’lsun degay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Nido kelgay ilohimdin "do’stum" dedi,
Bag'ri kuyub, yoshin to’kub, ko’b yig'ladi,
Xorliq, zorliq, mashaqqatni rohat bildi,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Ondin so’ngra Buroq, hulla keturgoylar,
Boshiga toj, hulla, Buroq mindurgoylar,
Taxti behisht uzrasiga qo’ndurg'oylar,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Banda bo’lsang, ishqqa qadam qo’ymasmusan,
Ishqdin ulug' toat yo’qtur, ko’rmasmusan,
Hasrat qilib, bag'ring ezib yurmasmusan,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Qul Xoja Ahmad ishq dardidin aydi muni,
Necha ulug' kitoblardin oldi muni,
Hasrat qilib, yig'lar erdi tuni-kuni,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:06:14

- 14 -

Eranlar tubsiz daryo ichra pinhon,
Tekma g'avvos andin guhar olg'oni yo’q,
Oshiqlari ul tengizg'a cho’mub o’ynar,
Jondin kechmay, ul guharni olg'oni yo’q.

Tariqatning bo’stonidur xush guliston,
Toliblari bulbul sifat qilur javlon.
Muyassar bo’lg'oymu deb durru marjon,
Ixloslik qul mahrum bo’lub qolg'oni yo’q.

Bu yo’llarning jafolarin har kim tortsa,
Tosh yostonib, pir eshigin saqlab yotsa,
Subh yanglig' ko’ngul tongi nogoh otsa,
Ixlosliq qul mahrum bo’lub qolg'oni yo’q.

Qul Xoja Ahmad, savdo qilg'il bozor o’tmay,
Ajal kuni tug'ib, nogoh oyi botmay.
Mavt sharobin Azroildin nogoh totmay,
Ixlosliq qul mahrum bo’lub qolg'oni yo’q.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:06:29

- 15 -

Qudrat bilan farmon qilsa bandasig'a,
Bu olamda hech kim o’lmay qolg'oni yo’q,
Bu omonat jonni berdi Mavlom bizga,
Qobiz kelib ani olmay qo’yg'oni yo’q.

Qobiz kelib aziz jonni qo’ymay olg'ay,
Dunyoparast nojins odam g'ofil qolg'ay,
Jonin kelib qabz etorda tavba qilg'ay,
Tavbasini Xojam qabul qilg'oni yo’q.

Sihatlikda tavba qilg'il, maqbul bo’lsun,
Saharlarda zori qilg'il, qo’lung olsun,
Eranlarga xizmat qilg'il, yo’lg'a solsun,
Xizmat qilmay hech kim yo’lni bilgoni yo’q.

Quloqsizga oyat, hadis, hikmat harom,
Essiz, hikmat ich-qornimda bo’lsun tamom,
Nodonlarg'a tokay aytib, yig'lay mudom,
Dod aylasam, hech kim quloq solg'oni yo’q.

Yer ostig'a kirib yedim xuni jigar,
Imon-islom qo’lg'a olib qildim safar,
Shayton lain qilolmadi menga zarar,
Munkar, Nakir mendin savol qilg'oni yo’q.

Munkar, Nakir haddi bo’lmas qilsa savol,
Imon-islom hozir turub tobsa kamol,
Go’r ichinda Haq ko’rsatsa menga jamol,
Ondog' qullar ikki olam o’lgoni yo’q.

So’zni aytgil so’z qadrig'a yetgonlarga,
Ixlos bilan so’zga quloq solg'onlarg'a,
So’zni chaynab mazosig'a yetgonlarga,
Beixloslar so’z qadrig'a yetgoni yo’q.

So’zga yetmas bexabarga essiz ma’ni,
So’zni aytsang, donog'a ayt, durni koni,
Xizmat qilmay yetgon bormu, bilsang muni,
Xizmat qilmay eranlarg'a yetgoni yo’q.

Dur konini mendin so’rsang shayxi sodiq,
Ondog' qulni xulqi xushi Haqqa loyiq,
Ko’ngli vosi’, joni masih, o’zi oshiq,
Ondog' eshon Haqdin mahrum qolg'oni yo’q.

Ondog' eshon paydo bo’lsa, joning bergil,
Har bir bosqon izlarini ko’zga surgil,
Piri komil mukammildur, beshak bilgil,
Gilaro’lar pir qadrini bilgoni yo’q.

Gilaro’ni yomon-yaxshi har kim piri,
Ixlosi yo’q pirga ma’lum doim siri,
Necha aytsam, ketmas andin ko’ngul kiri,
Gilaro’lar pirdin ulush olg'oni yo’q.

Haryon boqsang Xudo hozir gilaro’lar,
Alloh yodin baland aytib yig'lasanglar,
Yalg'onu chin Haqqa ma’lum, rost yig'langlar,
Yalg'on girya Haqqa maqbul bo’lg'oni yo’q.

Chin darvishlar tosh ustida toat qildi,
Qottiq yerni bistar qilib, odat qildi,
Yuz ming balo boshqa tushsa, toqat qildi,
Toqat qilmay Haq vaslig'a yetgoni yo’q.

Tavbam qabul bo’lsun desang, sahar yig'la,
Jondin kechib, moldin kechib, beling bog'la,
Muhabbatning o’ti bilan yurak dog'la,
Mundog' bo’lmay Haqqa vosil bo’lg'oni yo’q.

Xos darvishlar Haqni izlab jondin kechti,
Riyozatni qottiq tortib, ko’ksin teshti,
Ondin so’ngra vahdat maydin to’yo ichti,
Yalg'onchilar vahdat maydin totqoni yo’q.

Ishq poyasi Arshdin baland qo’lung yetmas,
Vahdat maydin to’yo ichgon taom totmas,
Ishq soyasi tushgon oshiq xalqqa boqmas,
Yalg'onchidur men deb eshitib ko’rgoni yo’q.

Mayxonag'a kirgon tolib holi o’zga,
Oyat, hadis bayon qilsang, yetar so’zga,
Ahlin tobsa, izin olib, surar ko’zga,
Ondog' oshiq bu olamda turg'oni yo’q.

Haqparastlar har yon boqib Haqni ko’rar,
Jazba kelsa, har tarafga o’zin urar,
Yalg'onchilar ko’rdum debon do’kon qurar,
Ko’rdum derlar, Alloh haqqi, ko’rgoni yo’q.

Yalg'on darvish bayonini oytor sanga,
Qo’lda tasbeh, dilda - hiyla, fikr - tanga,
Oqil ersang, ixlos qilma zinhor anga,
Ul nodondin hech kim bahra olg'oni yo’q.

Haqni tobqon tufroq bo’lub yo’lda yotor,
Tufroq sifat olam ani bosib o’tor,
Manmanliklar boshin bosib, tebib ketor,
Bosh ko’torib anga suxan qilg'oni yo’q.

Qul Xoja Ahmad, harna bo’lsang faqir bo’lg'il,
Qoyda borsang, bo’ynung qisib, haqir bo’lg'il,
Oshiq bo’lsang, ishq ilgida asir bo’lg'il,
Asir bo’lmay hech kim murod tobqoni yo’q.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:06:43

- 16 -

Oshiqlari o’ynasa, bu halqaning ichinda,
Hu-Hu teyu jon bersa, bu halqaning ichinda.
Ishq o’tig'a qoynasa, aqlu hushi o’ynasa,
Alloh teyu jon bersa, bu halqaning ichinda.

Jomi sharob ichilur, durru guhar sochilur,
Jonni ko’zi ochilur, bu halqaning ichinda.
Ishq bahrig'a cho’msam men, nola-faryod qilsam men,
"Hu-Hu" teyu o’lsam men, bu halqaning ichinda.

Ruhi holat zikrulloh, la ilaha illalloh,
Ismi a’zam huvalloh, bu halqaning ichinda.
Har kimiga zavq hola, bo’lsa bo’lur bu vola,
Soqiy sunar piyola, bu halqaning ichinda.

Zokir qullar jam’ bo’lub, faryod urub, jon uzub,
Soqiy yuror o’rgulub, bu halqaning ichinda.
Kuysa-yonsa, kul bo’lur, o’lsa, uchsa, o’z bo’lur,
Kong'a tushsa, tuz bo’lur, bu halqaning ichinda.

Xizru Ilyos hozir ul, g'avsu g'iyos nozir ul,
Botin ko’zi zohir ul, bu halqaning ichinda.
Toliblarni murshidi, Qul Xoja Ahmad deb oydi,
Bosh o’ynag'il sen dedi, bu halqaning ichinda.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:06:53

- 17 -

Oshiqlari doim tilar diydorini,
Saharlarda g'aflat birla yotmas bo’lur.
Nodonlardin ushbu sirni pinhon qilib,
Johillarg'a oshiqman deb oytmas bo’lur.

Orif, oshiq dunyo uchun g'am yemadi,
Bu dunyoda izzat-hurmat ber demadi.
Kecha-kunduz ko’z yoshidin oyrilmadi,
Faflat birla g'amlarig'a botmas bo’lur.

Oriflarning dargohidur guhar koni,
Ul tengizda la’lu guhar yo’q imkoni,
Hisobini bilur anda Ishq Sultoni,
Oshiqlarni aqli anga yetmas bo’lur.

Oshiqlari g'avvos bo’lub cho’msa daryo,
Chiqsa andin ulug' durlar bo’lur paydo.
Jondin kechmay jonon yuzin ko’rmoq qoyda?
Emgak birlan tobg'on qo’ldin ketmas bo’lur.

Foniy fano bo’lmay ko’rmas fano mulkin,
Oshiq bo’lsa, pinhon qilur vujud ko’rkin.
Hasrat tongi hasrat birla o’tormukin?
G'am tog'idin emgonmayin o’tmas bo’lur.

Ul uqbadin himmat birla oshomag'ing,
To’rt yuz qirq to’rt yoshing (birla) yoshomag'ing,
Uch yuz oltmish bandi bog'ing bo’shomag'ing,
Mehnat tortmay rohat tongi otmas bo’lur.

Qul Xoja Ahmad eranlarni yod aylabon,
Hikmat oytib, ushbu so’zni qildi bayon,
Tinglangizlar, ushbu so’zni, barcha yoron,
Yalg'on so’zni xaloyiqg'a yoymas bo’lur.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:07:00

- 18 -

Kecha-kunduz Haq yodini oyg'on oshiq,
Ma’shuq yodin tildin hargiz qo’ymas bo’lur.
Xorliq-zorliq mashaqqatni rohat bilgon,
Bu dunyoning izzatini suymas bo’lur.

Fikru zikri Haq egamni sanosidur,
Diydor talab qilib yurgon gadosidur,
Haqni zikri jumla dardni davosidur,
Dunyolig'din qo’lg'a zarra olmas bo’lur.

Rahm aylasang, bo’ston qilg'ung tog'u cho’lni,
Yo Allohim, yorliqag'il jumla qulni.
Yo’ldin ozg'on gumrohlarg'a ko’rguz yo’lni,
Oshiqlarni izin izlab qolmas bo’lur.

Ayo oshiq, kecha-kunduz Haqni izla,
Zohir yurub, botiningda Arshni ko’zla.
Hikmat o’qub oyat-hadis so’zin so’zla,
Xazon yanglig' qizil yuzi so’lmas bo’lur.

Domlar qo’yub xaloyiqni yo’ldin urgon,
Yalg'on oshiq bo’lub (davu) do’kon qurg'on.
Kecha-kunduz ishrat qilib davron surgon,
Dunyo molin ko’rub ko’zi to’ymas bo’lur.

Saharlari erta qo’pub zori qilg'on,
Yaxshilarga xizmat qilib duo olg'on.
Piri mug'on sori yurub xizmat qilg'on,
Piri mug'on etogini qo’ymas bo’lur.

Piri mug'on - Haq Mustafo beshak biling,
Oti chiqsa, durud oytib, ta’zim qiling.
Sunnatlarin mahkam tutub, ummat bo’lung,
Ummat bo’lg'on shar’ yo’lidin yonmas bo’lur.

Oshiq bo’lsang, saharlarda tinmay yig'la,
G'ariblarni izin izlab, ko’nglin ovla.
Dunyoparast nojinslardin bo’yun tovla,
Chin oshiqlar bu dunyoda kulmas bo’lur.

Qul Xoja Ahmad, oshiq bo’lsang, zori qilg'il,
Halqa qurub kim zikr oytsa, yori bergil.
Zikrin oytib, suhbat ichra durlar tergil,
Guhar olg'on hargiz g'ofil bo’lmas bo’lur.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:07:09

- 19 -

Orif-oshiq jon mulkida alam tortsa,
Yetti a’zo toqat qilmay larzon bo’lur.
Ishq daryosi vujud ichra jo’sh aylasa,
Bexud bo’lub girdob ichra hayron bo’lur.

G'avvos kerak ul daryog'a o’zin solsa,
Qarmoq solib nahanglarin sayd aylasa,
Durru maqsud andin keyin qo’lg'a olsa,
Ondog' murshid xalq ichinda pinhon bo’lur.

Tariqatning yo’li uzoq qilsang safar,
Kimi yetar, kimi yetmas, kimga xatar.
Izlaganlar eranlarg'a oxir yetar,
Er nazari tekkon kishi mardon bo’lur.

Yo’lun topqon mardonlarg'a xizmat qilur,
Ko’b anjuman orosida xilvat qilur.
Ahlu iyol, molu mulkdin uzlat qilur,
Mushkul ishlar bilmon nechuk oson bo’lur.

Har kim kiysa malomatning xil’atini,
Botin rostlab, vayron qilsa suratini.
Hech tortmasa maxluqotning minnatini,
Mundoq oshiq borsa, anda sulton bo’lur.

Oqil ersang, to’g'ri yo’lg'a qadam urg'il,
Mardonlarni suhbatidin bahra olg'il.
Ashobi Kahf itin ko’rub, ibrat olg'il,
Ibrat olg'on xos qullari jonon bo’lur.

"Yo Rabbano, fag'firlano, zunubano!",
Gunohimg'a iqror bo’lub keldim mano.
Qahr aylasang, qohir sano, qodir sano,
Lutf aylasang, yuz ming osiy xandon bo’lur.

Qul Xoja Ahmad, uzoq yo’lda hayron bo’ldung,
Amaling yo’q, kundin kunga giryon bo’ldung,
Eranlarga yeta bilmay sarson bo’ldung,
Onda borsang nadomatlar chandon bo’lur.

Qayd etilgan


shoir  13 Iyul 2006, 04:07:20

- 20 -

Haq Mavlomning nazari kimga tushsa,
Nodon bo’lsa, bir lahzada dono bo’lur.
Uch yuz oltmish tomurlari nurga to’lur,
To’rt yuz qirq to’rt so’ngaklari bino bo’lur.

Ondin so’ngra vahdat maydin to’yo ichor,
Ahlu iyol, xonumondin tugal kechor.
Alloh deyu qoyda borsa, shayton qochor,
Yetti a’zo hamdin oytib go’yo bo’lur.

Vahdat maydin ichgon oshiq bexud bo’lar,
Mansur yanglig' jondin kechib dorg'a minar.
Ixlos birla pir etogin mahkam tutar,
Piri mug'on nazar qilsa go’yo bo’lur.

Jismim: "Rabbim - jon Alloh" deb yo’lg'a kirgil,
Jonu dilim bir Alloh deb sahar turg'il.
"Ma fi qalbi illalloh" deb yig'lab yurg'il,
Yo’lsizlarg'a Haq Mustafo hudo bo’lur.

Ishq bahrig'a cho’mgon oshiq guhar olur,
Bulhavaslar oshiqman deb yo’lda qolur.
Tekma nodon, xomtama’lar neni bilur?
Guhar olg'on chin oshiqlar daryo bo’lur.

Dunyo suygon g'ofil odam Haqni suymas,
Bu yo’llarni uqbasi ko’b hargiz bilmas.
Saharlarda chorzarb urub hargiz qo’ymas,
Tongla borsa oxiratda xandon bo’lur.

Haqg'a oshiq bo’lg'on kishi jondin kechor,
Bexud bo’lub, shavq sharobin to’yo ichor.
Ro’zi qilsa jannat kirib hurlar quchor,
«La ilaha illalloh» deb shaydo bo’lur.

Fe’ling ozdi, xaloyiqdin shafqat ketti,
La’nat yog'di, kundin kunga rahmat ketti.
Xoja, mullo, yaxshilardin izzat ketti,
Turluk-turluk alomatlar paydo bo’lur.

Munofiqlar fisq etibon o’zni bilmas,
Oning uchun yaxshilarni ko’zga ilmas.
Ko’ngli qottig', yaxshi so’zga quloq tutmas,
Qiyomatda Haq qoshida rasvo bo’lur.

Kunda yuz ming Alloh desang, anga yoqar,
Ko’z yoshingni daryo qilsang, ma’shuq boqar.
Bag'ring ichra darding bo’lsa, yoshing oqar,
Alloh o’zi chin dardlikka davo bo’lur.

Qul Xoja Ahmad, mehnat qilg'il, olam kuysun,
Farishtalar sandin kelib ulush olsun.
Arshu Kursi, Lavhu Qalam nurg'a to’lsun,
Nurdin bahra olg'on ko’ngul safo bo’lur.

Qayd etilgan