- 13 -
Ishqsiz yurub toat qilur nodon zohid,
Betuz oshdek toatingni mazosi yo’q,
Oshiqman deb da’vo qilur yalg'on oshiq,
Valloh-billoh, chin oshiqni havosi yo’q.
Ishq o’tida kuyub-yonib toat qilg'il,
Oqil ersang, yig'lamoqni odat qilg'il,
Tunlar qotib, mehnat tortib, rohat ko’rgil,
Mehnat tortmay sango lutfi a’losi yo’q.
Xalq ichinda toat qilding, barcha riyo,
Ayo zohid, qilg'on ishing bori havo,
Hech naf’i yo’q ushbu toat, balki riyo,
Mundog' ishga Haqni aslo rizosi yo’q.
Pinhon yurub toat qilg'il, Xudo bilsun,
Ko’z yoshingni daryo qilg'il, rahmi kelsun,
Ondin so’ngra Haq dardinga davo qilsun,
Ayo do’stlar, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Tasbeh, tahlil ushbularni havosi bor,
Tongla borsa yuz ming ofat-balosi bor,
Yoshdin bo’lak barcha ishni riyosi bor,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Banda bo’lsang, Haq qahridin qo’rqmasmusan?
Har tun, sahar nadomat deb turmasmusan?
Dargohig'a yoshing to’kub bormasmusan?
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ko’p nodonlar ko’z yoshini qadrin bilmas,
Haq qoshida ko’z yoshidek tuhfa bo’lmas,
Tasbeh, tahlil ko’z yoshig'a teng kelolmas,
Yig'lab yurgil ko’z yoshini riyosi yo’q.
Bu olamda Haq Mustafo yig'lab o’tgan,
Yig'lamoqdin ko’zlarining nuri ketgan,
Yig'lay-yig'lay murodini hosil etgan,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Necha yillar yig'lab o’tti Odam ato,
Ondin so’ngra rahm ayladi boqib Alloh,
Ko’zda yoshin qurutmadi Haq Mustafo,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ko’b eranlar yig'lamoqdin tobti murod,
Necha osiy duosidin tobti najot,
Yaxshi bilsang, ko’z yoshidur obi hayot,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Yetti ming yil ul Azozil toat qildi,
Mag'rur bo’lub toatiga, havo qildi,
Riyo qilib dargohidin mardud bo’ldi,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
G'arib Mansur bir tun, sahar ko’b yig'ladi,
Holin ko’rub eranlar rahm ayladi,
Ondin so’ngra chiltan boqib sharob berdi,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Tongla bo’lsa qiyomat kun, ayo do’stlar,
Paydo bo’lg'oy turluk-turluk alomatlar,
Yuz ming qayg'u, dog'u hasrat, nadomatlar,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
O’shal vaqtda maloikka farmon bo’lg'oy,
Avval-oxir barcha xalqni hozir qilg'oy,
Bir-birini, yaxshi-yamon holin so’rg'oy,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Avval boshlab xos qullardin ulamoni,
Olib kelgay dargohig'a ushbularni,
Tangrim degay: "Olib kelgon tuhfang qoni?"
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
"Tinmay yurub olimlardin ilm o’rgonduk,
Harna bilgon ilmimizga amal qilduk,
Yo Qodiro, ulug' zoting anglab bilduk..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Alloh aydi: "Bandam, muni yalg'on ayding,
Qachon Meni rizom uchun ilm o’rgonding?
Yotsang-tursang hozir erdim, har ish qilding...
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Aytib erding ilm o’rganib ulug' bo’lsam,
Xalq ichinda oncha izzat-hurmat ko’rsam,
Dunyo yig'ib yesam-ichsam, o’ynab-kulsam..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ondin so’ngra shahidlarni olib kelgay,
Dargohig'a barchalari boqib turg'ay,
Olib kelgon tuhfang bo’lsa keltur, degay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
"Din toloshib kofir birlan urush qilduq,
Ba’zilarni o’lturubon g'oziy bo’lduq,
Ba’zilarin imon-islom yo’lg'a solduq,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Oxir qo’ymay kofir oldi jonimizni,
Boshni kesib yerga to’kdi qonimizni,
Sarf ayladuk ham yo’lingda molimizni..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
"Ayo bandam, bu so’zlarni bari yolg'on,
Ko’ngul sirrin mendin tutub bo’lmas pinhon,
Zohir-botin har ishingdur menga isyon,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Hollaringni, bandalarim, xo’b bilurman,
Qayda bo’lsang, saning bilan hozirdurman,
Dilingdagi neku badni men bilurman,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Aytur erding, kofir bilan urush qilsam,
Urush qilib g'oziy bo’lub boshin olsam,
Ulug'larni in’omini to’la olsam..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ondin so’ngra olib kelgoy zohidlarni,
Tangrim degay: "Olib kelgon tuhfang qani?
Izzat-hurmat bilan tuttum man silarni..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Zohid aytur: "Rizong uchun toat qilduq,
Tong otquncha namoz o’qub qiyom turduk,
Kecha namoz kunduzlari soim bo’lduq..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Qachon toat qilding meni rizom uchun,
Xalq ichinda izzat-hurmat ko’rmog' uchun,
Xalqni yo’ldin urub molin olmog' uchun,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ondin so’ngra g'aniylarni olib kelgay,
Dunyo molin oncha sanga berdum degay,
Menga qani olib kelgon tuhfang, degay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
G'aniy aytur: "Rizong uchun xayr qilduq,
Taom berib yaxshilardin duo olduq,
Faqir, miskin, yetimlarni holin so’rduq..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Alloh aytur: "Ori, qilding xayru saxo,
Xalq ichida qilding hama, barcha riyo,
Riyo ishni, valloh, qabul qilmam aslo...
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Eshitib, o’qub olim pandin olmadinglar,
Pinhon yurub xayru ehson qilmadinglar,
Dunyoda hech rizolig'im tobmadinglar..."
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ondin so’ngra kelgoy hama devonalar,
Haq ishqida jonu tandin begonalar,
Diydor izlab har tarafga jo’yonalar,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Oshiqlarni dargohig'a olib borg'ay,
Bari Haqdin qo’rqub yana yig'lab turgay,
Ug'on Izim tuhfang bo’lsa keltur degay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Oshiq aytur: "Tuhfamiz yo’q g'ayr az gunoh,
Qilg'onimiz doim erur jurmu xato,
Lutfung bilan afv etmasang holim taboh,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Barchalari yig'lab aytur: "Sen bilursan,
Izzing ulug', harna qilsang, Sen erursan,
Lutf aylasang, yo’lsizlarg'a yo’l berursan,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Qay kun bizga ishqing tushti, oshiq qilding,
Fahmu xirad aqlimizni tugal olding,
Kayfiyyatni jomin berib behush qilding,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Alloh aytur: "Oshiqlarim, rost aytursiz,
Mendin qo’rqub bag'ringizni qon qilibsiz,
Hasrat qilib, ko’zlaringdin yosh to’kubsiz,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ko’z yoshidin menga yaxshi tuhfa bo’lmas,
Mundin yaxshi dargohimg'a hadya bo’lmas,
Farishtalar toatlari teng kelolmas,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ko’z yoshini shisha uzra quyub olg'ay,
Maloiklar g'assol bo’lub, ani yuvg'ay,
Haq taolo amri bilan ani yuvg'ay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ko’rdunguzmu, maloiklar, bandam, degay,
Bu oshiqdur, men ma’shuqman, biling, degay,
Hurlar qarshu chiqib anga salom qilg'ay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Tuydungmu, deb oshiqlarg'a nido kelgay,
Kimni ko’rsang shafoatni sen qil, degay,
Gohi behisht, gohi Arshqa uchub qo’ng'ay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Huru jannat Xudoyig'a arz aylag'ay,
Ushbu aziz kimdur, bayon qilg'il, degay,
Bir soatki bizga mehmon bo’lsun degay,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Nido kelgay ilohimdin "do’stum" dedi,
Bag'ri kuyub, yoshin to’kub, ko’b yig'ladi,
Xorliq, zorliq, mashaqqatni rohat bildi,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Ondin so’ngra Buroq, hulla keturgoylar,
Boshiga toj, hulla, Buroq mindurgoylar,
Taxti behisht uzrasiga qo’ndurg'oylar,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Banda bo’lsang, ishqqa qadam qo’ymasmusan,
Ishqdin ulug' toat yo’qtur, ko’rmasmusan,
Hasrat qilib, bag'ring ezib yurmasmusan,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.
Qul Xoja Ahmad ishq dardidin aydi muni,
Necha ulug' kitoblardin oldi muni,
Hasrat qilib, yig'lar erdi tuni-kuni,
Yig'lab yurgil, ko’z yoshini riyosi yo’q.