- 71 -
To’ldi umr paymonasi,
man yig'lamay kim yig'lasun?!
Shayton ko’ngul hamxonasi,
man yig'lamay kim yig'lasun?!
Qilmas nasihat hech kishi,
isyon bila bo’ldi ishim,
Mundog' kechib yozuq ishim,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Qottig' gunoh bo’ldi ishim,
jahannamda bo’ldi yerim,
Oxir g'azab qilsa Karim,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Qur’on xatin ko’rmas ko’zum,
oyat-hadis ermas so’zum,
Qulman desam, yalg'on o’zum,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Na mundadur ro’za-namoz,
na xayr, ehsonu niyoz,
Yo’q haqiqat, xayri niyoz,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Nafsim mani o’tqa solur,
har lahza tandin jon olur,
Dardim davo tobmay qolur,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Shayton g'animdur mango,
nechuk aylay yo Rabbano,
Yo Rab, sig'inurman sango,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Yigitlik quvvati ketti,
qariliq navbati yetti,
Keldi yaqin margi ajal,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Tutqoy o’lum jomi sharob,
xonumon qilg'on xarob,
Yo hasrato, alal-abad man yig'lamay,
kim yig'lasun?!
Agar yuz yil muhlat berur,
ajal oxir qorshu kelur,
Jong'a qaro kunlar solur,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Dunyo ishi(dur) bir sori,
nafsim erur (dushman) bori,
Uqbo erur hasrat yeri,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Qildim base, fisqu fujur,
qoldim netay mahrumu dur,
Ko’nglumda yo’qtur zarra nur,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!
Haqdur Karim yo akram,
Qul Xoja Ahmad, yema g'am,
Darmondalik dambadam,
man yig'lamay, kim yig'lasun?!