85. Payg‘ambarimiz qaysi oyat nozil bo‘lganidan keyin oshkora da’vat qilishni boshlaganlar?
— "Bas, (ey Muhammad alayhissalom), Siz o‘zingizga buyurilgan ishni (ya’ni, Haq Dinga da’vat qilishni) yuzaga chiqaring va mushriklardan yuz o‘giring!"; (Hijr surasi, 94-oyat)
— "(Ey Muhammad alayhissalom), Parvardigoringizning Yo‘li (Dini)ga hikmat (donolik) va chiroyli mav’iza (pand-nasihat) bilan da’vat qiling!"; (Nahl surasi, 125-oyat)
— "Va (ey Muhammad alayhissalom), yaqin qarindosh-urug‘laringizni (Allohning azobidan) ogohlantiring!" (Shuaro surasi, 214-oyat)
86. Alloh taolo: "Va (ey Muhammad alayhissalom), yaqin qarindosh-urug‘laringizni (Allohning azobidan) ogohlantiring!" degan oyatni tushirganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Safo tepaligiga chiqib, baland ovozda: "Ey Bani Fihr! Ey Bani Adiy!" deya Quraysh ichidagi qarindosh-urug‘larini chaqiradilar, ular to‘planishadi. Oralarida Abu Lahab ibn Abdulmuttalib ham bor edi. Payg‘ambarimiz: "Aytinglar-chi, agar men sizlarga: "Mana shu tepalikning orqasida dushman qo‘shini ustingizga hujum qilish uchun poylab turibdi", desam, menga ishonasizlarmi?" deydilar. Ular: "Ha! Ishonamiz, sening yolg‘on gapirganingni tajribada hech ko‘rmaganmiz!" deyishadi.
Shunda u zot: "Shak-shubhasiz, men qattiq azob oldidan sizlarga yuborilgan bir ogohlantirguvchi payg‘ambardirman!" deydilar. Badbaxt Abu Lahab: "Yer yutsin seni! Bizni shuning uchun yig‘dingmi?" deydi, hatto Payg‘ambarimizni urish uchun qo‘liga tosh ham oladi va mana shu voqeadan keyin "Masad" surasi nozil bo‘ladi ("Ar-rahiyqul maxtum"). Savol: Bu voqea nubuvvat (payg‘ambarlik)ning nechanchi yili sodir bo‘lgan?
— 4-yili;
— 5-yili;
— 6-yili.