Normurod Norqobilov. G'animlar (qissa)  ( 19296 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


AbdulAziz  29 May 2009, 01:31:19

G'animlar (qissa)



Muallif: Normurod Norqobilov
Hajmi: 186 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:25:56

Normurod Norqobilov

G'ANIMLAR

Qissa


"œYoshlik" jurnali
2006


Suyukli iti Dikkiquloq o‘ldirib ketilgandan so‘ng, g‘azabi ko‘kka o‘rlagan Sarvar, itining qotili bo‘lmish Yoldor bo‘rining jonini olmoqqa qat’iy ahd qildi. Shu tog‘da yo sen turasan, yo men, deya bor ovozda hayqirdi. Keyin iti jasadini izzat-ikrom bilan tepalikka ko‘mdi. Do‘ppaygan "qabr" ustida, tevarakdagilardan uyaldi shekilli, ko‘zini yoshlamoqdan bazo‘r tiyildi. Mijjalari yoshlanmasa-da, yig‘lamoqdan beri bo‘lib dedi:

— It emas, gavhar edi! Gavharimdan ayirdilar!

Atrofdagilar miyig‘ida iljayishsa-da, odob yuzasidan, sukut saqlamoqqa harakat qildilar. Shunga qaramay, kinoyaomuz tomoq qiruvchilar baribir topildi. Nega deganda, itning o‘limi tog‘da fojea sanalmaydi. Jasadi bu tarzda izzat-ikrom bilan ko‘milmaydi. Eshakda biror o‘nqir-cho‘nqirga sudrab oborib tashlanadi. Eti quzg‘unlarga yem bo‘lib, suyagi tuproqqa qorishib ketadi. Binobarin, tog‘da it qahat emas, istalgan xonadonga bosh suqsang, yo‘q deganda, uch-to‘rttasi oldinga akillab chiqadi. Egasi bilan kelish-da, xohlaganingni tanlab olaver.
Itga aza ochish nimasi?

Biroq Sarvar deganlari qishloq itlarini bir chaqaga olmaydi. Bularda faqat jasad bor, fahm-farosatdan esa zig‘ircha yo‘q, deydi. Tulkisimon Dikkiqulog‘ini esa dunyodagi barcha itlardan afzal ko‘radi. Bunda bor-yo‘g‘i zabon yo‘q, qolgan hamma narsani odamday ilg‘aydi, odamday fahmlaydi, ishonmasangiz sinab ko‘ring, deydi. Ammo Dikkiquloqning o‘ziga xos a’lo jihatlarini odamlar bilishga ulgurmadi. Erta tonglardan birida u Yoldorning changalida, egasi aytmishli, fojeali ravishda nobud bo‘ldi.

Eng yomoni, bu hodisa Sarvarning ko‘z o‘ngida yuz berdi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:33:56

Tong g‘ira-shirasida qo‘ra adog‘idan qora ko‘lanka sirg‘alib chiqqanida, Sarvar odati bo‘yicha hovlida nafas olish mashqini bajarmoqda edi. Iti qo‘radan beriroqdagi yalanglikda iskalanib yurardi. Qora sharpani qishloq itlaridan biri deb o‘ylagan Sarvar avvaliga unga e’tibor bermadi. Qachonki, Dikkiquloq o‘zi tomon jonhalpida otilgachgina, diqqat qildi. Itini ta’qib etib kelayotgan ko‘lankaning rosmana bo‘ri ekanligini angladi. U bamisoli qora quyunday bostirib kelardi. Ana, u hash-pash deguncha itini quvib yetdi. Sarvar es-hushini yig‘ib olguncha bo‘lmay, uni jonsiz jasadga aylantirib, tog‘ tomon asta yo‘rtib keta boshladi. Hatto o‘q ovozidan so‘ng ham harakatini o‘zgartirmadi.

Tabiiy, Sarvar uydan miltig‘ini olib chiqquncha u ancha olislab ketgandi. Yigit uning ortidan behuda yugurib, bekorga o‘q uzib, hiyla yergacha ta’qib etib bordi. So‘ng nafasi qisilib, taqron yerda cho‘zilib qoldi.

Bu hodisani o‘zidan bo‘lak fojea sifatida qabul qiluvchi bo‘lmadi. Sarvar deganlari bu qishloq uchun begona. Tog‘ havosidan dardiga shifo izlab kelgan bir odam. Ammo u o‘zini begonaman deb turgani yo‘q. Kirishimli, pishiq-puxta yigit ekan.
 
Kelishi bilan kishilardan bir suruv qo‘y-qo‘zi sotib olib, G‘uchchi pakanani cho‘ponlikka yolladi. Suyun cholning o‘rtancha o‘g‘liga atab qurdirgan uyini qo‘ra-po‘rasi bilan ijaraga oldi. Haftada bir mashinada kelib, holidan xabar olib ketadigan oshna-og‘aynilarining turq-tarovatiga qaraganda, o‘ziga to‘q odam.

Ammo hech betobga o‘xshamaydi. Kun bo‘yi, yelkasida miltiq, tog‘ma-tog‘ sanqiydi, yo bo‘lmasa, betdagi yovvoyi bodomzorda soatlab muk tushib o‘tiradi.
G‘uchchi pakana esa unga itday sodiq. Suruvga qarashdan tashqari, oqshomgi kuydirish-pishirish ham uning zimmasida.

— Aka shaharga qaytishda meniyam o‘zi bilan olib ketarkan, — deydi maqtanib. — Shahardi jonon qizlaridan biriga uylantirib qo‘yaman o‘zim seni deyapti.


Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:35:16

— Shu niyati bor ekan, qishloqdi qizlariyam teshib chiqmasdi, — deydi eshitganlar kulib. — Yo shahardi qizlari boshqacha bo‘larkanmi?

— Qishloqdi qizlari bizga to‘g‘ri kelmaydi. — G‘uchchi pakana "akaxoni" kabi tevarakka viqorli nazar tashlashga urinadi. — Endi biz, shu... shahardi enasi o‘pmagan qiziga uylanamiz-da. Shu ish peshonada bor ekan-da.

— Nazarimda, Tovqora zarangning qizi ketidan tilingni osiltirib yuruvding, nima, ko‘nmadimi u?

— Aytdim-ku, qishloqdi qizi bizga to‘g‘ri kelmaydi deb. — G‘uchchi pakana bo‘sh kelmaslikka tirishadi. — Uning boshidan achigan qatiq isi anqiydi. Shahardi qizlari atirda cho‘miladi. Bizga shahardi qizi durust.

— Uzoqdagi quyruqqa intilib, yaqindagi o‘pkadan quruq qolmagin tag‘in. Eshitdingmi, unga Uchtoldan sovchilar kelayotganmish.

Biroq bu gap G‘uchchi pakanaga zig‘ircha ta’sir qilmaydi. So‘zlovchi qolib, tog‘larga boqadi, g‘alati tamshanadi.

— Har kech aka bilan maza qilamiz lekin, — deydi tomdan tarasha tushganday. — Akada aroq serob. Og‘aynilari tashlab ketishadi. O‘zi kamgina ichadi-yu, lekin mendan hech ayamaydi.


Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:41:26

— Odamga o‘xshab, uch-to‘rttasini qo‘yningga sob chiqmaysanmi, bizam maza qimaymizmi.

— Aka xafa bo‘ladi-da.

— Bilib o‘tiribdimi.

— Biladi. Aka yomon sinchkov.

— Zo‘r aka topding-da lekin.

— Xudoga shukr!

— Hazir bo‘l, tag‘in choponsiz qoldirib ketmasin. Shahardi odami ayyor bo‘ladi.

— Xafa qilayapsiz, birodar. Aka siz o‘ylagan odam emas.

Qishloq ahlining Sarvar haqida hozircha bilganlari shu. Ko‘proq o‘z mayli va o‘z xayolida bradigan bu odam iti o‘ldirilgan kunning ertasi oqshom erkaklar yig‘ilib o‘tiradigan do‘nglikka chiqib keldi. Kun bo‘yi Yoldorning izidan sang‘agan shekilli, horg‘in va andak tajang edi.

— Nima, tutqich bermayaptimi, mehmon? — dedi Suyun chol hol-ahvol so‘ragan kishi bo‘lib. — Tutishingiz qiyin uni. Ergash bodigayam tutqich bermagan u. O‘rta yerda Ergashning o‘zi o‘lib ketdi.

Sarvar javobga oshiqmadi. Tog‘larga bir muddat tikilib turarkan, tolg‘in bir harakatla cho‘ntagidan bir dasta pul chiqardi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:42:14

— Itimning huniga mana shuni tikaman! — dedi iddaoli, ham kibrli ohangda. — Sharti shu, jasadi oyog‘im ostida bo‘lishi kerak! Tepkilab alamimdan chiqmoqchiman!

U, qo‘lidagi ozmuncha pul emasdi, odamlarning g‘imirlab qolishini kutgandi. Ammo u kutgan hodisa yuz bermadi. Davra ahli tebranmadi. U, yo bu kammi, degancha bo‘lmay, kimdir bu yil qish erta kelishi mumkinligini aytib qoldi. Bir zum sukutga tolgan davra birdan jonlandi. Qishning erta kelish-kelmasligi haqida har kim o‘z bilganicha bashorat qila boshladi.

Sarvar sezdiki, buning hammasi shunchaki gap. Noqulay vaziyatdan qutulmoq uchun ko‘tarilgan "g‘avg‘o". Odamlar go‘yo uning borligini unutganday, keraksiz bahsga berilgandi. Hartugul Suyun chol joniga ora kirdi.

— Cho‘king, mehmon, turmang buytib, — dedi ko‘zlari jovdirab.

— Boray! — dedi Sarvar, bu yerda men ortiqcha ekanman, degan ohangda. — O‘tirib nima qildim, boray!

U ketmoqqa ulgurmadi. Bir chekkada chakmoniga o‘ralib, gumbazday bo‘lib o‘tirgan Shoyim yo‘g‘on to‘satdan tilga kirdi. Sarvar hamisha xo‘mrayib yuradigan bu odamni jinidan battar yomon ko‘rardi. Shuning uchun ensasi qotibroq unga yuzlandi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:43:29

— O‘ldirsangiz mayli, lekin jasadini xo‘rlashingizga yo‘l qo‘ymaymiz, — dedi Shoyim yo‘g‘on tomog‘ini qira-qira.

— Nimaga deganda, Yoldor bizga begona emas, o‘zimizning jondor. Itlarga kun bermagani bilan, hozircha mol-holimizga tekkanicha yo‘q. Puldi esa kissaga soling! Pul degani o‘zimizdayam achib yotibdi.

— Ha, u o‘zimizning jondor, — Suyun chol o‘yindan o‘t chiqmasin degan o‘yda, shosha-pisha gapga aralashadi.

— G‘uchchivoy sizga aytgan chiqar, a?

— Hozircha aytganicha yo‘q.

— U aytmagan bo‘lsa, biz aytamiz-da, — Shoyim yo‘g‘on o‘siq qoshlari ostidan o‘qrayib tikildi.

— Yoldorni Tolmas cholning nevarasi Safar degan bacha asrab olgan. Ikkisiyam rahmatli bo‘lib ketgan. Avval bacha o‘ldi, keyin boboy... Shundan beri Yoldor erkinlikda yuribdi. To‘g‘risi, u bizdiyam rosa jonimizga tekkan. Itlarga hech kun bermaydi. Shu kuz ichi uchta itimni bo‘g‘izlab ketdi. Bu turishda qishloqda bittayam it qolmasa kerak. Shuning uchun uni o‘ldirishga izn beramiz. Lekin xo‘rlashga ruxsat yo‘q.

— O‘ldirilgandan so‘ng... — Sarvar g‘ashi kelayotganini yashirib o‘tirmadi.

— Xo‘rlandi nima-yu, xo‘rlanmadi nima, baribir emasmi?

— Avval siz uni o‘ldiring, — Shoyim yo‘g‘on sovuq kulimsiradi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:44:23

— O‘ldiramanam!

— Agar o‘ldira olsangiz, betdagi anovu suruv sizniki.

Sarvar uning bu gapini hazilga yo‘yib kulmoqchi bo‘ldi. Biroq Shoyim yo‘g‘onning avzoyi bunga yo‘l qo‘ymadi.

— Nazarimda, siz... garov o‘ynamoqchisiz shekilli? — dedi shoshib.

— Emasam-chi! — Shoyim yo‘g‘on iljayishga tirishsa-da, ko‘zlari kulmadi. — Siz nonni "nanna" deb yurganingizda, Shoyim akangiz shaharning ko‘zirlaridan biri bo‘lgan. Vaqtida ahmoqlikni ko‘p va xo‘p qilganmiz. Qisqasi, gap bitta, jondorni o‘ldiring-da, suruvni olib ketavering!

— Demak, eplashimga ishonmayapsiz?

— Ko‘p mayda gap bo‘lmang, ukam! — Shoyim yo‘g‘on asta yonboshlarkan, unga g‘azabnok tikildi. — O‘yinni boshlagan siz, men emas! Pul ko‘rsatib bodilik qilgan men emas, siz! Shuning uchun gapni ko‘paytirmay, harakatingizni qiling! Muddat o‘n kun.

— O‘yinga biz ham qo‘shilsak bo‘ladimi? — deb so‘radi kimdir.

— Yo‘q! — dedi Shoyim yo‘g‘on qat’iy yo‘sinda. — Yutqazsa, bu yigitning tashlab ketadigan narsasi bor. Xo‘sh, sening nimang bor? Yo qari enangni tikmoqchimisan?!

— Hay-hay, og‘izga egalik qilinglar! — Suyun chol kattalarga xos bosiqlik bilan davrani tinchitishga urindi. — Arzimas bir jondorni deb itday irillashmanglar! Uyat bo‘ladi-ya.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:46:14

— Arziydi, aka, arziydi, — Shoyim yo‘g‘on tirsagini yerdan uzib Sarvarga qoshlari ostidan o‘qrayib tikildi. — Damingiz chiqmay qoldi, mehmon? Qani, qo‘lni tashlamaysizmi?!

— Qo‘l tashlash bo‘lsa, qo‘l tashlash-da! — past ketishni istamagan Sarvar o‘tirgan odamlarni oralab o‘tib, uning qoshida to‘xtadi va zardali bir harakatda kaftini uzatdi:

— Tashlang!

— Uzinglar!

Yigitlardan biri sakrab o‘rnidan turdi. Qo‘lini havolatib, tutashgan panjalar ustiga urgan bo‘ldi:

— Uzdim!

Kunbotish tomondan to‘satdan qo‘zg‘algan achchiq izg‘irin kishilarni ortiq ezmalanib o‘tirishiga yo‘l qo‘ymadi. Avval Suyun chol o‘rnidan turdi, so‘ng boshqalar.

Do‘ngda yolg‘iz qolgan Sarvar tevarakka xomush boqarkan, to‘ng‘illagancha, Shoyim yo‘g‘onning go‘riga g‘isht qalay boshladi...


Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:47:15

* * *

Bu paytda Yoldor qishloqdan uncha uzoq bo‘lmagan siyrak archali do‘nglikda yerga bag‘rini bergancha, loqayd cho‘zilib yotardi. Nigohi to‘ng esa-da, quloqlari ding, dimog‘i tiyrak edi. Dimog‘i ilg‘agan hidlarga qarab, tevarakni to‘la idrok etardi. Lanjligiga kelsak, hamma balo qorni to‘qligidan edi. Qorni to‘q kezlari u hamisha to‘ng tortib qolardi. Bugun ham u Uchdarada chog‘roq to‘ng‘iz bolasini qo‘lga tushirgan bo‘lib, endi uning hazmi bilan ovora edi.

Yag‘rini tuklarini hurpaytirib esayotgan sovuq yel tog‘lar boshiga qor tushayotganidan darak berardi. Bu yerlarda qish erta va to‘satdan tushadi. Daralardan kuz havosi arib ulgurmay, kutilmaganda qor tashlab qoladi. Kovlashga ulgurmagan kartoshkalar, terib olinmagan mevalar qor tagida qolib, sovuqdan nobud bo‘ladi. Shuning uchun aksariyat kishilar chorvani ma’qul ko‘rib, yerga qaramaydi. Shuningdek, yerga umid bilan urug‘ qadovchilar ham yo‘q emas. Chorvadorlar qishda bo‘rilardan aziyat chekkandek, ular havoning avzoyiga qarab, jonlari halak bo‘lishadi. Bu yetmagandek, yerdagi hosil yetilib-etilmay "tungi qaroqchilar" — to‘ng‘izlaru ayiqlar tomonidan xomtalash qilina boshlaydi.

Bir qarashda, dunyoning bu tashvishlar bilan Yoldorning hech ishi yo‘qdek. Aslida esa...

Qoratepa biqinidagi olmazor tufayli tunlari uning ham halovati yo‘q. Olmazor Suyun cholga tegishli. Kunduzlari eshakda kelib, bog‘da tentigan bo‘ladi-yu, shom tushmay qorasini o‘chiradi. Tunda olmazorga qo‘ng‘ir ayiq — Maymoq egalik qiladi. Yoldor undan olmazorni emas, Qoratepa etagidagi chog‘roq qabrni qizg‘anadi. Nega deganda, kaltafahm Maymoq boshqa yo‘l quriganday, nuqul qabrlar oralab yuradi. Chog‘roq qabr yoniga yetganda esa, tevarakni o‘rganish uchun albatta to‘xtaydi.

Qayd etilgan