Normurod Norqobilov. G'animlar (qissa)  ( 27805 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Ansora  04 Fevral 2010, 17:48:14

Ana shunda naq tumshug‘i tagida irillagancha Yoldor paydo bo‘ladi. U yon sakrab, bu yon sakrab, Maymoqni qabr yonidan uzoqlashtirmaguncha tinchimaydi.

Maymoq esa hamisha bir holdan taajjublanadi. Negaki, tumshug‘i tagida bamisoli iblisday irg‘ishlayotgan kulrang bu maxluq boshqa yerda, ya’ni tog‘u toshda ro‘paru kelib qolsa, qayrilib ham qaramaydi. Qoratepada esa naq betidan oladi.
Ne sababdan?

U Qoratepada hamisha Yoldorga yon beradi. Axir bir necha metr narida olma hidi dimog‘ingni qitiqlab tursa, qaysi ahmoq bezbet bir maxluq bilan pachakilashib o‘tiradi. U olmazorga sho‘ng‘irkan, albatta, ortiga qarab qo‘yadi. Yoldorni qabr yonida cho‘nqaygan holda ko‘radi. Ammo hakalak otayotgan nafsi ortiqcha o‘ylarga izn bermaydi.

Yoldorga tirg‘almasligining asosiy sabablaridan yana biri shundaki, odatda, jonivorlar o‘zlarining qachon haq, qachon nohaqligini juda yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham hamisha vaziyatga qarab ish tutishadi.

Olmazor esa o‘z mulki emas, odam bolasiga tegishli begona hudud. U, qulog‘i ding holda, har bir mevaga og‘iz solarkan, o‘zga hududdaligini, xatti-harakatidagi nohaqlikni doimo ichdan his etib turadi. Bunaqa paytda ortiqcha sharpa chiqarmaslikka urinadi.

Yoldorning kurakda turmaydigan qiliqlariga chidashining boisi shunda.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:49:07

Ammo yaqinda Maymoqniki yomon tutdi. Tuproq titib qarshisida irg‘ishlayotgan Yoldorga birdan hamla qilib qoldi. Yoldor bazo‘r o‘zini chetga olgan bo‘lsa-da, xiyol tegib o‘tgan zarbadan baribir bir yumalab tushdi. Ezib tashlash qasdida bostirib kelgan g‘animining changalidan bir amallab qutularkan, oxirgi daqiqada uning orqa soniga tish botirishga ulgurdi. Maymoq beso‘naqay, Yoldor esa epchil, qabr tepasida olatasir jang boshlanib ketdi. Qabr qavatidagi chirigan cho‘plar sindi, har yon sochildi. Aslida buni olishuv deb bo‘lmasdi. Maymoq hujum qilar, Yoldor esa qochar, qocha turib goh uning yonboshida, goh ortida paydo bo‘lib qolardi... Oxir oqibat, bu safar ham Maymoq bosiqlik qildi. Behuda hamlani tezda bas qilib, qabrdan uzoqlashdi. Zumda olmazorga singib yo‘qoldi.

Qabr yonida darg‘azab qolgan Yoldor andak zarbaning zalvorli kuchini keyin his qildi. Vujudi qaqshab, qabrlar orasida xiyla vaqt cho‘zilib yotdi.

Hozir ham u yag‘rinining sim-sim og‘rishiga e’tibor bermaslikka tirishib, qishloqqa tikilib yotarkan, do‘ngda yig‘ilib o‘tirgan odamlar yaqinida iskalanib yurgan malla itga ko‘zi tushib, boshda ohista irillab qo‘ydi. So‘ng, itning harakatlarini zimdan kuzatarkan, yuragida o‘sha tanish his-jon olmoqqa tashnalik tuyg‘usi qayta bosh ko‘targanini sezdi. Dahshatli jag‘lari shaqirlab, beixtiyor o‘rnidan turib ketdi. Ammo it olisda, yonida esa odamlar... U noiloj qayta joyiga cho‘kdi.

Zanjirband etilgan murg‘ak jonivor qishloq itlari tomonidan ermakka emas, bo‘ri zotidan bo‘lgani uchun beshafqat talanardi. Qalin taxtalardan qo‘poldan-qo‘pol yasalgan ini va jonsarak bola — Safar joniga ora kirmaganida, u allaqachon itlar changalida jon taslim qilgan bo‘lardi. Qiziq jihati, itlar unga ochiqda hujum qilishar, iniga esa birortasi bosh suqolmasdi. Bola hovlida paydo bo‘lishi bilan hammasi tumtaraqay qochardi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:49:53

Barcha qishloq uylari kabi hovli girdi devor bilan o‘ralmagani uchun it ham, bit ham bemalol kirib kelaverardi. Shalpangquloq itini ergashtirib yuradigan Ergash bodi g‘animlarining eng yomoni edi. Hovli egalari yo‘q paytlarida, u itini Yoldorga gij-gijlar, bu yetmagandek, uni inidan sudrab chiqarib, biqiniga ayovsiz tepkilardi. Xonadon sohiblari kelib qolsa, bahonasi tayyor edi.

— Shu keldi-yu, sigirimning suti qochdi, — derdi og‘zidan ko‘pik sachratib. — Tezda yo‘qoting buni! Emasam, o‘zim yo‘qotaman!

— Qanaqasiga? — Tolmas chol hayron.

— Shunaqasiga! — Ergash bodi yanada balanddan kelishga tirishadi. — Siz uyda jondor saqlaganingizdan beri qishloqdan halovat ketdi. Qo‘ylarim yem yemay qo‘ydi. Bolalar ko‘chaga chiqolmay qoldi.

Tolmas chol og‘ir odam, ammo nevarasi Safar uning g‘irt teskarisi edi. Qo‘liga tushgan toshu kesak bilan avval shalpangquloq itni, so‘ng egasini siylardi. Joni og‘rigan Ergash bodi tutoqib quvlardi. Bola qochardi. Qocha turib, mo‘ljalga behato urardi. Oqibat, Ergash bodi bu xonadonni manglayi g‘o‘ra holda tark etardi. Bola va bo‘rivachchaga nisbatan yuragida adadsiz kek saqlardi. Negaki, bu hovlida odatdan tashqari hodisa yuz bergan, ya’ni xonadonda bo‘ri saqlanardi. Ko‘nikmadan yiroq hol esa gohida kishida nafrat hissini qo‘zg‘otadi. Ergash bodi mana shu tuyg‘u yetovida Yoldorga ozor berishga tirishardi. Uning himoyachisini esa ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi.

— Shoshma, hali ikkovingni ham yeyman! — derdi mavhum ohangda.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:50:32

Ergash bodining qorasi o‘chishi bilan Safar inga suqilib kirar, to‘rda qaltirab turgan Yoldorni silab-siypalar, erkalab ovutar, goho esa alami kelib yig‘lab ham olardi. Shu sabablimi Yoldor unga qattiq mehr qo‘ygandi. Yonidan bir qadam nari jilmasligini istardi. Biroq bola bekorchi emas, uning o‘ziga yarasha bir talay yumushlari bor edi. Maktab, o‘t-cho‘p terish, qo‘y-qo‘zilarga qarash, ishqilib, uyda qadalib o‘tirishi qiyin edi. Yoldor esa uning qaytishini hamisha ilhaq kutardi. Ovozini eshitishi bilan inidan o‘qdek otilib chiqar, bo‘ynidagi og‘ir zanjirni shildiratgancha irg‘ishlar, so‘ng yer bag‘irlar, etigini yalar va tag‘in irg‘ishlar, xullas, muhabbatini to‘laligicha namoyish etishga tirishardi.

Bola uning tomog‘iga yaxshi qarardi. Yoldor yeganicha yeb, ortgan yemishlarni ini to‘riga ko‘mib qo‘yardi.

Hozirda tog‘da uning ortgan yemishlari saqlanadigan bir necha hufiya joylari mavjud. Shulardan biri mana shu do‘nglik ortidagi o‘ngir. O‘n kun burun qo‘lga tushirgan o‘ljasining qolgan-qutganini o‘sha o‘ngirga bekitib qo‘ygandi. Qishloq itlari topib, talon-taroj qilib ketishibdi. Yovvoyi tabiatning o‘zgarmas, shafqatsiz qonun-qoidalariga itlar buysunmaydi. Jonivorlar tomonidan qattiq amal qilinadigan hudud masalasiga munosabatlari ham shunga yarasha. Aks holda Yoldordek beshafqat jonivorning hududida bemalol daydishib, unga tegishli nasibani pok-pokiza tushirib ketishmasdi.

Yoldor haftada ikki-uch bor butun hududini aylanib chiqarkan, qishloqqa yondosh sarhadlar itlar tomonidan buzilganini sezgach, eski alamlari yangilanib, ulardan boplab o‘chini olardi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:52:59

Sarvarning iti Dikkiquloq ayni shu vajdan uning g‘azabiga duchor bo‘lgandi.
Sarvar ovga hamisha itini ergashtirib chiqardi. Yoldor inson hidi qatori itning isiniyam tuyarkan, g‘azabdan qaltirab ketardi. Tajribadan bilardiki, hududni inson qavmidan asrash qiyin. Ammo manovi it nima qilib yuribdi uning mulkida? Yoqimsiz hidini buruqsitib, rosa tentibdi. Tag‘in belgisini qo‘yib ketganiga o‘lasanmi.

Uchdaradagi bukri archa tanasiga, soydagi kulrang xarsang sirtiga, yonbag‘irlikdagi siniq simyog‘ochga peshobini sochib ketibdi. Yoldor uning belgisi ustiga o‘z belgisini qo‘yadi: "Tutsam, o‘ldiraman! Qorangni ko‘rmayin boshqa!" Ertasi esa Dikkiquloq tomonidan qoldirilgan quyidagi javobni o‘qiydi: "Yaxshisi, o‘zing qorangni o‘chir! Bu yerga keldim va yana kelaman!" Yoldor qahrdan otash bo‘lib yonadi. Ammo yaroq tutgan egasining oldida itga qotinishning hech bir iloji yo‘q. Natijada, u payt poylay boshladi va erta saharlarning birida osongina niyatiga yetdi.

U do‘nglikda yig‘ilib o‘tirgan odamlar orasida o‘zi haqida gap bo‘layotgani va joni garovga qo‘yilayotganidan bexabar holda tevarakni jimgina kuzatib yotarkan, ichki bir sezgi bilan Maymoqning shu yaqin atrofda o‘ralashib yurganini tuydi. Maymoq olmazorga enishdan avval Bo‘rijardagi butazorga tanda qo‘yadi. U yerdan tishga bosgulik meva-cheva qidirib, tezroq qorong‘u tushishini kutadi. Qish erta kelishini sezgan ayiq zoti hamisha oshiqadi. Qish uyqusiga ketish oldidan badanidagi yog‘ zahirasini ko‘paytirish ilinjida yemishga zo‘r beradi. Bunaqa paytda yuho nafsini tog‘dagi mevalar bilan qondirish mushkul, shuningchun mo‘l-ko‘l ozuqa qidirib qoladi. Agar anovu yaramas Yoldorning g‘ashiga tegishini hisobga olmasa, olmazor juda bop joy. Maymoq undan zig‘ircha cho‘chimaydi. Cho‘chimagani bois ham har galgi yo‘nalishini hech o‘zgartirmaydi. Binobarin, bundan bo‘lak iloji ham yo‘q. Negaki, odam bolasiga tegishli hududga doimo pusib yaqinlashmoq va so‘ng tevarakni obdon o‘rganmoq zarur. Kim bor, kim yo‘q deganday. U shu niyatda qabrlar oralab borarkan, chekkadagi chog‘roq qabr tepasida to‘xtashga majbur bo‘ladi. Chunki tepa yoqalab o‘tgan yo‘ldan narisi olmazor. O‘ng panjasi qabr ustida, chap panjasini xiyol oldinga cho‘zgancha, olmazorni diqqat-la ko‘zdan kechira boshlaydi. Bunaqa paytda barcha jonivorlar kabi ko‘proq dimog‘iga ishonadi.

Ko‘milgan o‘ljasini kavlab yeyayotgan jonivorlar harakatini ko‘p kuzatgan Yoldor uning bu qilig‘ini o‘zicha tushunadi. Maymoqni qabrga daxl qilayapti deb o‘ylaydi. Qabrda esa uning sevikli odami Safar yotibdi...

U Maymoq bilan bo‘ladigan tungi uchrashuvni o‘ylab, ezgin ovozda uv tortib yuborganini sezmay qoldi. Qishloq itlari hushyor tortib, akillashga tushdi. Odamlar esa bu nidoga e’tibor ham berishmadi.

Ular Yoldorning vaqt-bevaqt uv tortishiga ko‘nikib qolishgandi...



Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:54:59

* * *

Do‘ngda hanuz dilgir cho‘zilib yotgan Yoldor itlarning navbatdagi akillashidan hushyor tortdi. Quloqlarini dikkaytirgancha qishloq tomon tikildi. Ko‘rdiki, qishloq o‘rtasidagi sayxonlikda bir gala it qandaydir suvoriy ortidan akillab kelmoqda. Otliq notanish shekilli, itlar uni qishloq chekkasigacha uzatib kelishdi. So‘ng nomiga bir-ikki akillab, eran-qaron tarqalisha boshladi.

 Itlarni ko‘rgan Yoldorning ko‘zlari yovuzona chaqnadi. Bezovtalanib o‘tkir tirnoqlarini yerga botirdi. Bo‘g‘iq irilladi. Qani endi manovi yaramas maxluqlarni ovloq joyda uchratsa-yu, bo‘g‘ziga tish botirib, obdon xumoridan chiqsa. U har bir itni o‘ldirganda qasosning totli bir hissini tuyardi. Biroq bu lahzaga yetishish mushkul, negaki, itlar hech qachon osonlikcha tutqich bermasdi. Boz ustiga, uning qishloq oralaganini sezgan odamlar varanglatib o‘q uzib qolardi. Uzoqdan turib "tishlaydigan" bu yaroqdan Yoldor juda cho‘chirdi. U yana shuni yaxshi bilardiki, bu yaroq yaydoq joyda xavfli, tog‘da esa uning yomonligi kam, istagan bir buta yoki xarsang joniga oro kirishi mumkin. Eplab yashirina bilsang bo‘ldi. Bunaqa paytda uning hid bilish sezgisi favqulodda ochilib, g‘animi qaerda va qancha masofada guvranayapti, barini bilib, anglab turadi.

Sezdirmay uzoqlashishga hamisha ulguradi. Boshqa jonivorlar singari vahimaga tushmaydi.

Itlarga qiron keltirayotgan bo‘lsa-da, qishloqda uning joniga qasd qiluvchi kimsa yo‘q edi. Hatto Ergash bodi ham boshda bu o‘ydan yiroq edi. Qachonki, Yoldor shalpangquloq itini o‘ldirib ketgandan so‘nggina, uning mavjudligini, shu atrofda o‘ralashib yurganini his qildi. Itimdan keyin navbat qo‘ylarimga keladi shekilli, bu yaramas qo‘ramni bo‘shatmaguncha tinchimaydiganga o‘xshaydi, degan xayolga bordi. Bu yetmagandek, Suyun cholning gapi hammasidan oshib tushdi: "Azob yegan jondor o‘sha odamdan qasdini olmasdan qo‘ymaydi. Buni hayotda ko‘p ko‘rganman. Shuning uchun oldi-ortingizga qarab yuring". Ergash bodi nopisand kulgan bo‘lsa-da, yuragiga hadik oralagan. Unda avvalroq o‘zim tinchita qolay uni, deya yeng shimarib ishga kirishgan.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 17:55:29

Ammo Yoldorni mahv etish oson emasdi. Ergash bodi shoxida yursa, u bargida harakatlanardi. Ana shunday kunlardan birida ular tasodifan to‘qnash kelib qoldilar. Ergash bodi bu safar yaroqsiz edi, Dovonorti qishlog‘ini janozaga aytib kelayotgandi. G‘animlar Qilso‘qmoqning yuqori qismida uchrashdilar. Qilso‘qmoq azaldan Xudo qarg‘agan joylardan biri hisoblanadi. Pichoqda kesilgandek tik jarlik betidagi bu so‘qmoq Dovonorti qishlog‘ini vodiy bilan bog‘lab turuvchi yagona yo‘l edi. Ikki otliq bazo‘r sig‘arli bu yo‘ldan hali odam bolasi yiqilib o‘lmagan. Uning birinchi qurboni Ergash bodi bo‘ldi.

Agar Ergash bodi so‘qmoqqa xiyol kechikibroq yetib kelganida yoxud uning o‘rnida boshqa bir kimsa bo‘lganida, fojea yuz bermasligi aniq edi. Negaki, havoda terchigan ot hidi burqsib, tuyoq tovushlari eshitilgan zahotiyoq Yoldor iziga qayrilgandi. Uzun so‘qmoqni ildam bosib o‘tib, yonbag‘irlikdagi archazorga sho‘ng‘imoqchi edi. Ularni devordan turtib chiqqan qizg‘ish xarsang ajratib turardi. Avval g‘animining hidini oldimi, yo qiziqish usutun chiqdimi, har holda jadal quyiga enayotgan Yoldor birdan to‘xtadi. Boshini burib, suvoriyning xarsang ortidan chiqib kelishini kuta boshladi. Sergak tortgan otini qichab kelayotgan Ergash bodiga ko‘zi tushgach esa, beixtiyor irilladi. Uning o‘tkir nigohi bir zumda ko‘p narsani, ya’ni otning xurkayotgani-yu egasining beparvoligini, eng muhimi, egar qoshida yaroq yo‘qligini ilg‘ab ulgurgandi. G‘animi bu safar qurolsiz edi.Shunga qaramay, u, odatiga xos, lo‘killab qochmoqqa tushdi. Agar Ergash bodi o‘zi va otiga dalda berish uchun "Hayt!" deb qichqirmaganida, Yoldor so‘qmoqni adoqlab, archazorga bekinmoqchi edi.

Ergash bodining hadik to‘la bu hayqirig‘i undagi eski alamlarni qo‘zg‘ab yubordi. Ayniqsa, quyidagi manzara bor bo‘yicha xotirasida jonlandi.
O‘sha kuni hovli kimsasiz edi.

 Yoldor ini yonida cho‘zilib yotardi. Yo‘ldan o‘tib borayotgan Ergash bodi eshikda qulf ko‘rgach to‘xtaydi. U yon-bu yon qaranib, xunuk tirjayadi. So‘ng ketidan ergashib kelayotgan shalpangquloq itini Yoldorga gij-gijlaydi. Iti hamlaga o‘tish o‘rniga uning chotiga suqiladi. Bundan uning qahri keladi. G‘ingshiyotgan itini boplab bir tepadi-da, Yoldor tomon yuradi. Yo‘l-yo‘lakay yerda yotgan kaltakni qo‘liga oladi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 18:09:25

Yoldor endi ulg‘aygan, kuchga to‘lgan. Avvalgidek iniga suqilmaydi. Shum niyatda o‘ziga yaqinlashayotgan g‘animiga irrilagancha peshvoz chiqadi. Ergash bodiga xuddi shu narsa kerak edi. Hali senmi menga irillaydigan, deya qo‘lidagi kaltakni ishga soladi. Ammo tezda kaltagini oldirib qo‘ygach, tosh qidirishga tushadi. Bo‘ynidagi zanjirni uzish darajasida tortqilab, o‘ziga tomon intilayotgan Yoldorni toshbo‘ron qilishdan biror huzur topmagach, naridagi qo‘radan uzun kaltak topib chiqadi. Bu orada hovli hangomatalab bolalarga to‘ladi. Yoldor ular orasidan xaloskorini behuda qidiradi. Tiyrak nigohli bolani topolmagach, shaloq so‘zlar bilan so‘kingancha, o‘ziga kaltak ko‘targan g‘animiga tashlanadi. Orada bo‘ynini sirib turgan zanjiriga ham og‘iz solib ko‘radi...

Agar qo‘shni chol aralashmaganida, bu ish ne natija bilan yakunlanishi noma’lum edi. Qo‘shni chol Yoldorni ayab emas, Tolmas cholning hurmati uchungina oraga tushdi. Ergash bodini hovlidan haydab soldi.

Ergash bodi so‘kina-so‘kina uzoqlasharkan, Yoldorning yuragida o‘ziga nisbatan qasos o‘tini battar alangalatgani va bir kun kelib, bu o‘tda o‘zi kuyib ado bo‘lishidan bexabar edi. Qaytamga o‘z qilmishidan g‘oyat mamnun edi.
Payt topib, jonivorga tirg‘alishlarini keyinchalik ham qo‘ymadi.

Mana endi, lo‘killab ketib borayotgan joyida keskin ortiga burilib, vajohatli bir tarzda yo‘liga ko‘ndalang bo‘lgan Yoldorning qarshisida tang ahvolda qolgandi. Iziga qaytay desa, tor so‘qmoqdan otini ortga qayirish qiyin. Boz ustiga, sakramoqqa shay turgan yirtqich har lahzada hamla qilib qolishi mumkin. U yaroqsiz chiqqan o‘ziniyam, ayni shu kunda qazosi yetgan qo‘shnisiniyam go‘riga g‘isht qalarkan, orada tezgina tubsizlikka ko‘z tashlab oldi. Pastga qulasa, tariqday sochilib ketishini o‘yladi. Birdan bir quroli qo‘lidagi qamchisini mahkam changalladi, raqibining harakatlarini kuzatarkan, uning nigohiga nazari tushgach, yuragi orqasiga tortib ketdi. Yovuzona chaqnayotgan bu ko‘zlarda uzoq va ilhaq kutilgan lahzaga favqulodda yetishganda paydo bo‘ladigan shunday bir ifoda mavjud ediki, bu holat yovuzlikning o‘zidan ko‘ra ming chandon dahshatliroq edi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 18:10:58

Ergash bodining tagidagi ot qo‘rquvdan titrab-qaltirab ortga tisarilardi. Ko‘zlari olayib, burun kataklari kerilib ketgandi. Tuyoqlari ostidan ko‘chgan tosh quyiga uchardi. Ayni tobda ro‘parasidagi yirtqichdan ko‘ra, ostidagi otning talvasasi xavfliroq edi. U har soniyada jarga qulashi mumkin edi. Xuddi shuni sezganday, Yoldor oldinga sakradi. Ot qattiq kishnagancha, o‘zini ortga tashladi. Yuganga yopishgan egasining barcha urinishlari besamar ketdi. Sho‘rlik jonivor ustidagi suvoriysi bilan jarga quladi.

Qishloq ahli bu fojeadan nimanidir sezgandek esa-da, Yoldorni ayblovchi topilmadi. Qilso‘qmoqning bo‘lgani shu — vaqt-bevaqt qurbonlik talab qilib turadi. Har yili bu so‘qmoqdan nechtalab qo‘y-qo‘zilar yiqilib o‘lmaydi deysiz. Cho‘ponlar bariga chidaydi, yuqori yaylovga olib chiqadigan boshqa yo‘l bo‘lmagach, chidamay qayoqqa ham borishardi.

G‘animi jarga qulagandan so‘ng, Yoldor darhol so‘qmoqni tark etmadi. Yuz bergan bu voqeadan hayron bo‘lgandek, cho‘nqaygan ko‘yi jar labida uzoq turib qoldi. So‘ng o‘zining mungli qo‘shig‘ini boshlab yubordi. Tiyrak ko‘zli bolakayni qo‘msab, cho‘zib-cho‘zib uv tortdi. U bolakayni o‘ngida emas, tushlarida ham sog‘inardi. Yag‘rinida uning iliq kaftini his etib, g‘ingshib-g‘ingshib qo‘yardi va uyg‘onib o‘zini qo‘nalg‘alaridan birida ko‘rardi.

Yoldorning muqim ini yo‘q edi. Qo‘nolg‘alari esa serob edi. Oyog‘ini uzatmoq istasa, o‘sha qo‘nolg‘alardan birini tanlab, bahuzur cho‘zilardi. Bu unga tutqunlikdan odat bo‘lib qolgandi. Zero, tutqunlikda inidan ishonchliroq joyning o‘zi yo‘q edi. U ham o‘zga jonivorlardek, qo‘nalg‘alarini sir tutardi. Cho‘zilmoqni istasa, avvaliga obdon tevarakni kuzatar va so‘nggina orom uchun yastanardi. Ko‘zi ilinganda esa, goh itlarga talanayotganini, goh bolakayning silab-siypalayotganini tush ko‘rardi. Qisqasi, tutqunlikdagi xotiralari uni mudom tinch qo‘ymas, doimo ta’qib etgani etgan edi. Bolani qo‘msagan kezlari esa cho‘zib uv tortar, so‘ngsiz bu nidolar uning dardli "doston"i—alam va armonlari edi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 18:12:28

Yoldor bu "doston"ni deyarli har tun kuylardi. U hanuz ikki sarhad o‘rtasida—kishilik dunyosi bilan yovvoyi olam o‘rtasida sarsonu sargardon kezinardi.

Qishloqni tark etolmaganidek, yovvoyi olam qo‘yniga ham to‘la singib ketolmasdi.
U qishloq itlari tomonidan "uzatib" qo‘yilgan otliqni loqayd kuzatarkan, u yaqinlashavergach, o‘zini panaga tortdi. Buning uchun xiyolgina chapga surilish bilan kifoyalandi, ya’ni sovuq shamolda chayqalib, yelkasini siypalayotgan buta novdalari orasiga yaxshilab yashirinib oldi. Ammo quyidagi so‘qmoq bo‘ylab horg‘in odimlayotgan ot baribir hidini sezdi. Quloqlarini ding qilib, ketma-ket pishqirdi. Taysallandi va bu qilig‘i uchun serzarda suvoriy tomonidan achchiq qamchi bilan siylandi. Otning badaniga tekkan zarbani Yoldor o‘z tanida his etgandek, yomon tirishdi. Tumshug‘ini oyoqlari orasiga suqib, ingrashnamo g‘ingshidi. Haytovur, suvoriyga Xudo insof berib, otni qamchilashni bas qildi. So‘kinish bilan cheklandi.
Yoldorning nazarida, odam bolasining turgan bitgani shu, salga qo‘liga erk beradi.

Tutqunlikda u buni ko‘p kuzatgan. O‘zining hovlida saqlanishi negadir ko‘pchilikka uncha yoqmas va shu bois, bobo va nevaraning kayfiyati tez-tez buzilib turardi. Bobo odamlarning gap-so‘zlariga mayllik bildirardi-yu, lekin qaysar nevarasining ko‘nglidan o‘tolmasdi. Shunday paytlarda girdini yomg‘ir yuvgan supa labiga mahzun cho‘kib qolardi. Aksiga olganday, xuddi shu lahzada qo‘ra biqinida qantarig‘li kulbet hanginiki tutib qolardi. Quloqni qomatga keltirib, hangrashga tushardi. Oqibat, chol bor alamini undan olardi. Xalacho‘p bilan rosa savalardi.

Lekin u biron marta ham Yoldorga qotinmagan. Uni boshqalar urishgan. Shuning uchunmi, miltiq ovozidan ham ko‘ra, kaltakdan ko‘proq cho‘chiydi. Cho‘chiydi-yu, biroq qaytmaydi...

Qayd etilgan