Normurod Norqobilov. G'animlar (qissa)  ( 27818 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Ansora  04 Fevral 2010, 18:13:43

* * *

Miltiqni yelkaga osib, ermak uchun tog‘ma-tog‘ sanqish boshqa-yu, ma’lum bir jonivorning izidan tushish boshqaligini Sarvar birinchi kuniyoq anglab yetgandi.
Odatda, ov kishiga bir olam zavq bag‘ishlaydi. Biror o‘ljani qo‘lga kiritsang-kiritmasang, uzzukun shu tuyg‘u izmida harakatlanasan. Horish neligini bilmaysan. Biroq maqsad aniqlik kasb etsa, bu hisni ortiq tuymaysan. Jonsaraklanasan, poylaysan, yurasan, qidirasan va o‘ljang tutqich bermagani sari, fig‘oning ko‘kka o‘rlab, g‘azab otiga minasan. Ov o‘zining odatiy sir-sinoatini yo‘qotib, o‘ta yoqimsiz bir yumushga aylanganini sezasan.

Agar o‘sha kuni Shoyim yo‘g‘on bilan garov o‘ynamaganida, Sarvar bu ishdan allaqachon voz kechgan va hatto ichgan qasaminiyam unutib yuborgan bo‘lardi. Aslida bariga bodiligi aybdor. Shu fe’li tufayli hamisha yo‘q yerdagi g‘avg‘olar bilan boshini og‘ritib yuradi. O‘shandayam kutilmaganda bodiligi xuruj qilib qoldi.

Puli bilan maqtangisi keldi. Ammo u kutgan hodisa yuz bermadi. Qo‘lidagi pulga qayrilib qarovchi bo‘lmadi. Sezdiki, ovozidagi kibr ohangi yoqmadi ularga. Bundan xijolat tortmadi, qaytamga ich-ichidan istehzoli kuldi. Xuddi bir vaqtlar uyida mardikorchilik qilgan talaba yigitning ustidan kulganday kuldi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 18:14:54

O‘shanda talaba yigit g‘alati gap qilgan. "Aka, xafa bo‘lmang-u, shu-u, sizlarda hayrat yetishmaydi. Hamma narsani aniq o‘lcham va holatda ko‘rasizlar.
 
Bolalaringiz ertakka, o‘zingiz afsonaga ishonmaysiz. Aniqlik ruhni o‘ldiradi, afsona esa ruhga cheksiz parvoz bag‘ishlaydi. Ayni shu ruh yetishmaydi sizda..." Sarvar istehzoli tabassum bilan cheklanmagan, o‘zicha gap bilan uzib olgan: "Afsonaga ishonganingdan mardikorchilik qilib yuribsan-da!" Talaba, sizga gapirish befoyda, deganday boshini eggan, so‘ng manglayini qashlab, yangi tushayotgan qo‘shqavatli imoratga, hovlini kengaytirish maqsadida chopib tashlangan daraxtlarga, ikkinchi qavatga olib chiqadigan naqshinkor zinapoyaga berilib gul chizayotgan keksa ustaga bir-bir boqarkan, o‘ychan nigohini yana uy egasiga qadagan. Achinishini yashirmagan. Bu holatdan Sarvar hang-mang turib qolgan. Qiziq, yupun bir talaba unga achinyaptimi?

Nima uchun?

Biroq bu xil mayda-chuydalar ustida bosh qotirishga ko‘nikmagani uchun sababini so‘ramagan. Nazarida, bajarishi lozim bo‘lgan yumushlari shu qadar ko‘p ediki, bir lazhaga chalg‘ishi mumkin emasdek edi. Lekin dard degani yomon ekan, har qanday orzu havasing va bu yo‘lda tinimsiz yelib-yugurishlaring bir chaqaga qimmat ekan. Xuddi shuni sezganday, tabib chol gapning lo‘ndasini aytdi-qo‘ydi.

— Jon kerak bo‘lsa, dardga bee’tibor qaramang, — dedi ortiq ezmalanmay. — Manovi damlamani kanda qilmay ichib turing. Tog‘dagi bodomzor havosidan nafas oling. Bahor yoki yozni kutib turmay, hoziroq jo‘nang! Xudo xohlasa hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketasiz.

Do‘xtirlardan uncha naf ko‘rmagan Sarvar tabib cholning aytganiga ko‘ndi. Tavakkal deya toqqa keldi. Kelganda ham dardmand kishi sifatida emas, yarog‘iyu ovchi iti Dikkiquloq bilan keldi. Keliboq shuni bildiki, bu yerda qo‘y-qo‘zilar juda arzon ekan. Uzoq o‘ylab turmay, kishilardan bir talay jonliq xarid qildi. Olganlari chog‘roqqina bir suruv bo‘ldi. Agar tomog‘iga jindek yaxshi qaralsa, har bir jonlig‘i shaharda birga uch tashlab turibdi-da. Mana foyda qaerda!

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 18:18:14

Endi esa o‘sha "foyda" xavf ostida qolgandi. Yoldorni aytilgan muddatda tinchitmasa, suruvni qo‘sh-qo‘llab Shoyim yo‘g‘onga topshirishiga to‘g‘ri keladi. Agar yutsa... Ammo hamma balo shundaki, Yoldor deganlari anoyi jonivorlardan emas ekan. Xudoning balosi, qidirganingda yo‘qolib, qidirmaganingda qarshingdan chiqib turadi, xuddi kalaka qilayotganday.

Bu yetmagandek, oqshomlari G‘uchchi pakana yarasiga tuz sepgani sepgan edi. Derdiki, bugun uni O‘tovlisoyda ko‘rdim. O‘sha kuni Sarvar Toshlisoyda tentigan bo‘ladi. Ertasi umid bilan O‘tovlisoyga borsa, Yoldorni butunlay boshqa bir manzilda ko‘rishganini aytishadi.

U G‘uchchi pakana ustalik bilan qovurgan etdan bir bo‘lagini og‘ziga solarkan, xunobi oshganidanmi, ishtahasi yo‘qolganini sezadi. Shishadan o‘ziga aroq quyadi.

— Ellik grammdan oshirmayman degandingiz-ku, aka, — deydi G‘uchchi pakana uning bu qilig‘idan ajablanib.

— Negadir yuragim siqilib ketayapti, — deydi Sarvar nafsini tiyishga tirishib. — Shaharda buni yashiklab ichardik.

— Shuning uchun ham tovga davo qidirib kep o‘tiribsiz-da...

Sarvar oldidagi aroq to‘la piyolani istar-istamas nari suradi. G‘uchchi pakana xuddi shuni kutib turganday, piyoladagini liqqa yutadi. Chapillatib et chaynaydi. Bugun suruvni yaxshi o‘tloqda boqqanini aytib maqtanadi. Ertangi rejalarini bildiradi. Sarvarning esa qulog‘iga gap kirmaydi. Uning ovqat yeyishini havaslanib kuzatadi. Bu temirniyam hazm qilib yuborsa kerak, deb o‘ylaydi. So‘ng xayoli yana Yoldorga og‘ib, kayfiyati battar tundlashadi. Beixtiyor shishaga qo‘l cho‘zadi...

Mana shunday oqshomlardan birida G‘uchchi pakana Yoldorga xiyonat qildi. Uning ayrim tunlari Qoratepaga kelib turishini og‘zidan gullab qo‘ydi. Atay emas, shunchaki befarosatlik qildi. Holbuki, qishloq ahli buni Sarvardan sir tutishgandi. U esa og‘zini to‘ldirib sotdi. Bariga Sarvarning bo‘ri haqidagi ayrim hangomalariga ishonmasligi sabab bo‘ldi. O‘ziga ortiq darajada bino qo‘ygan bu odamning osmonga qarab qah-qah otishi G‘uchchi pakananing nafsoniyatiga tegdi. Qizishib, andak tutaqib, o‘zi guvoh bo‘lgan bir voqeani so‘zlab berdi. Har ikki gapning birida, biz bandalar shu jondorcha emasmiz, deya ta’kidlab turdi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:40:42

Bola jon bergan tunda G‘uchchi pakana Tolmas cholnikida edi. Chol uni faqir va xokisorligi uchun yaxshi ko‘rardi. Kelsa, izzatini qilardi.

O‘sha tunda Yoldor qattiq bezovtalanadi. G‘ingshiydi, ingraydi va uvlab olamni buzadi. Tolmas chol undan yirtqichni zanjirdan bo‘shatishini so‘raydi. Mayli, ketsa ketsin, deydi. Biroq zanjirdan bo‘shatilgan Yoldor hech qayoqqa ketmaydi.
 
G‘uchchi pakana kutgandek, tun qo‘yniga singib yo‘qolmaydi. To‘g‘ri bola yotgan xonaga kirib boradi. Bemorni tevaraklab o‘tirganlarni lol qoldirib, bolaning bosh tomoniga o‘tib cho‘nqayadi. Yuziga termulgancha turib qoladi.

 Saharga yaqin bolaning joni uzilgach, uni uydan haydab chiqardilarmi yo o‘zi ketdimi, G‘uchchi pakana buni eslayolmaydi. Ammo bolaning tobuti yerdan ko‘tarilishi oldidan yana hovlida paydo bo‘ladi. Somonxona devori yonida cho‘nqayib, ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kadi. Buni G‘uchchi pakana ko‘rmagan, eshitgan. U ikki yigitni qavatiga olib qabr kavlagani ketgandi. Dafn marosimi paytida Yoldorni mozor yaqinida ko‘rgani chin. Jonivor ezgin bir holatda kishilarning hatti-harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib turgan.

Qishloq ahlining yuragini o‘rtagan ikkinchi hodisa sal keyin yuz berdi. Tuproq yo‘ldan g‘amgin odimlashayotgan odamlar ortdan eshitilgan hazin nidodan ajablanib, xushyor tortishadi. Bunaqa paytda ortga, Qoratepaga qayrilib qarash taomilga to‘g‘ri kelmasa-da, hamma iziga o‘girilishga majbur bo‘ladi. Qarashsaki, yangi qabr boshida Yoldor ko‘kka tumshuq cho‘zgancha, hazin uv tortmoqda. U shu qadar mungli uv tortadiki, yurakning bardosh bermog‘i qiyin edi.

Odamlar orasida boshi egik borayotgan Tolmas chol ortiq chidayolmaydi. O‘krab yuboradi. Qoratepada Yoldor, tuproq yo‘lda Tolmas chol basma-bas "uv" tortmoqqa tushadilar.

Hamma shoshib qoladi.

Mijjalar yoshlanadi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:41:50

Tolmas cholga qiyin edi. Kimsasiz qolgandi u. Yolg‘iz o‘g‘lidan yolg‘iz yodgor bo‘lmish nevarasidan judo bo‘lgan chol aytib-aytib yig‘laydi. Hademay qavatingga boraman, kutgil meni, bolam, bolajonim, deya bo‘zlaydi.

Haqiqatan u uzoq kutdirmadi. Bolaning qirqi o‘tib-o‘tmay, bu dunyoni tark etdi.
Chol dafn qilingan kuniyam Yoldor tuni bilan Qoratepada uvlab chiqdi.

G‘uchchi pakana buning bariga guvoh edi. Hammasini bila turib, Yoldorning Qoratepaga kelib turishini yetti yot begonaga aytib qo‘ydi. So‘ng esa shosha-pisha xatosini to‘g‘rilashga urindi.

— Lekin Qoratepada o‘q otmaydilar. Gunoh bo‘ladi!

Sarvar u to‘lqinlanib hikoya qilgan voqeani loqayd eshitdi. Ammo Yoldorning Qoratepaga kelib turishini e’tiboridan qochirmadi. G‘uchchi pakananing keyingi gapidan esa quturib baqirib yubordi. G‘uchchi pakana xokisor, biroq anchagina oriyatli edi.

— Nimaga menga baqirasiz?! — dedi ko‘zlarini chaqchaytirib.
— Men sizga xizmatkor emas, ukaman! Sizdan uka sifatida iltimos qilayapman. Otmang shuni! Yuraversin o‘z maylida. To‘rt-besh itni o‘ldirgan bilan qishloqda kuchuk kamayib qolarmidi. Ertan Shoyim yo‘g‘onning oldiga o‘taman. Garovingdan kech deyman! Yoldor bizga begona emas deyman!

— Kechmasa-chi!

— Kechmasa, o‘ldiraman uni! — G‘uchchi pakana mushtini do‘laytirib, mastona chayqaladi. — Aslida u odam emas, yoshligida gunohni ko‘p qilgan deyishadi. Hozir ham odam bolasiga qayishmaydi. To‘g‘ri, so‘zida turadi, bergan va’dasini bajaradi. Shunga qaramay, baribir inson emas u. Qachon qaramang, qovog‘ini osib yuradi. Ertan borib, garovdan kech, deyman! Kechmasang o‘ldiraman deyman!

Sarvar qizlardan hech omadi chopmagan bu odamchaning behuda chiranishlaridan ichida kularkan, uning popugini pasaytirish uchun nozik gap qildi.
— Unda men topgan qiz hali-veri erga tegolmas ekan-da.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:42:55

— Nima deganingiz bu, aka? — G‘uchchi pakana hushyor tortdi.

— Gapingizga qaraganda, uylanish niyatingiz yo‘qqa o‘xshaydi.

— E, yo‘q, ertagayoq uylanishga tayyorman, — G‘uchchi pakananing ovozi qaltirab ketadi. — Men tengilar uch-to‘rt bolaning otasi bo‘ldi! Men yuribman itning orqa oyog‘i bo‘lib. Bu yog‘iga bir akalik qiling. Butun umidim sizdan, akajon! Bu dunyodan xotin quchmay o‘tib ketmaylik.
 
— Men sizga tushunmay qoldim, — Sarvar ajablangan kishi bo‘ladi. — Bir uylanaman deysiz, bir Shoyim yo‘g‘onni o‘ldiraman deysiz, qaysi biriga ishonay?
— Uni o‘ldirish menga ne zaril, kayfda odam nimalar demaydi, aka.

— Unda bu yo‘lda Yoldorni qurbon qilamiz.

— Qanday qilib?

— Qoratepada otib o‘ldiramiz.

— El nima deydi?

— Tunda birov bilib o‘tiribdimi?

— Gunohdan qo‘rqaman, aka!

— Men otaman, siz shunchaki yonimda bo‘lasiz.

— Tunda mozordan qo‘rqasizmi?

— Har holda...

— Men ham qo‘rqaman!

— Yorning vasliga yetishmoq uchun odam hech narsadan qaytmasligi kerak.

 — To‘g‘risi, Yoldorga achinayapman! — G‘uchchi pakana xomush tortadi. — Keyingi kunlarda yomon achinayapman.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:44:06

— Garovda yutqizsam, kim menga achinadi?

— Halitdan yuragim uvushib ketayapti lekin...

— Jononga yetishsangiz, hammasi esdan chiqib ketadi.

— Qiz-qiz deb toza jonimni olayapsiz!

— Jon oladigan hurliqoda ular, — Sarvar ovoziga sirli tus beradi. — Bitta emas, o‘nta jonni tikishga arziydi.

— Shunchalik zo‘rmi?

Sarvar bu gapga e’tibor bermagan kishi bo‘lib, iddao qilishga o‘tadi:
— Siz esa Yoldorga achinaman deysiz. Biz otmasak, erta bir kun baribir boshqa birov o‘ldirib ketadi.

— Shunchalik zo‘rmi, a, aka?! — G‘uchchi pakana uning gapiga e’tibor bermay, battar tipirchilaydi.

— O-o! — Sarvar ko‘zlarini yumib, boshini sarak-sarak qiladi. — Sutga chayilganday bari. Tanlab-tanlab olaverasiz.

— O‘h-h, o‘lib qolaman hozir! — G‘uchchi pakana qaltirab dasturxon chetidagi shishani qo‘liga oladi. — Yuz gramm ichmasam, yuragim tars yorilib ketadi!

 Bari sutga chayilganday deng?! Voy, akami-iy, siz uchun unday jondorlarning o‘ntasini qurbon qilib yuboramiz! Sizgayam quyaymi? Ozgina, ko‘p emas, ozgina. Ertan qavatingizda bo‘laman. Uning qaerdan kep, qaerga ketishini yaxshi bilaman. Doim bolaning qabri tepasiga kelib ketadi. To‘g‘ri aytasiz, biz otmasak, baribir boshqa birov o‘ldiradi. Shuning uchun ko‘zni chirt yumamiz! Ko‘zni chirt yumib... Keyin esa uni izzat-ikrom bilan ko‘mamiz!

— Ha, unga aza tutamiz, — Sarvar kafti bilan qansharini qashlagan bo‘lib, miyig‘ida iljayadi.
G‘uchchi pakana kalaka bo‘layotganini sezmay, bu gapni qizg‘in ma’qullaydi. So‘ng Yoldor haqidagi gurung yana qizlarga ulanib, Sarvar yigitni entiktiruvchi yolg‘on-yashiq taassurotlarga erk beradi. G‘uchchi pakana esa bolishni quchoqlab, tuni bilan uxlayolmay chiqadi.


Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:46:04

* * *

Maymoqning navbatdagi tashrifi bo‘lmaganida, Yoldor bugun Qoratepaga enishni xayoliga ham keltirmagandi. Nega deganda, shusiz ham tashvishlari yetib ortardi. Peshinda Yashildaraorti bo‘rilar galasining hidini olganidan beri, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qolgandi.

Mudom ko‘chib yuruvchi bu to‘dani eski g‘animi Bo‘zbo‘ri boshqaradi. Sharqdan qo‘zg‘olgan izg‘irin olib kelgan bu hidni tuygan Yoldor dastlab taajjublanadi. Keyin sergak tortadi. Havodagi isga qarab, gala allaqachon unga qarashli hududga qadam qo‘ygani va lallayib o‘tiraversa, ular yanada hadlaridan oshishlari mumkinligini fahmladi. U birdan quturib ketadi. Tirnoqlarini yerga botirib, vahshatli irillaydi. Bu bilan qanoatlanmay, archa tanasini timtilaydi. So‘ng archa tubiga peshobini sochib, sharqqa intiladi.

Hudud uchun kurash hech qachon oson kechmagan. Hudud egasi yo g‘olib, yo mag‘lub bo‘lishi kerak. Shuningdek, uchinchi yo‘li ham bor. Bu — xo‘rlik. Ammo xo‘rlik bilan o‘lim orasi hamisha bir odim. Yoldor xo‘rlik qurboniga aylanib, hayotdan erta ko‘z yumgan jonivorlarni ko‘p ko‘rgan. O‘ziga qolsa, xo‘rlikdan o‘lim ming marta afzal. Odatda, kuchi taniga sig‘maydigan yovqur jonivorlar doimo ikki yo‘ldan birini tanlaydi. Ular uchun uchinchi yo‘l yo‘q.

U soylardan sakrab, archazorlardan quyunday uchib, hududining sharqiy chegarasi hisoblanmish tor yalanglikka yetib kelganda, hanuz g‘azabdan quturmoqda edi. Uchragan qorani burdalash vajohatida edi. U itlar kabi qahrga erk berib, bo‘rilarga xos viqor va sovuqqonlikni butunlay unutib qo‘ygandi. Bu yaxshilik alomati emasdi. Negaki, g‘azab kuchni qirqib, aql-idrokka pand beradi. Qonli to‘qnashuvlarda esa kuch qatori, idrok hamisha muhim rol o‘ynaydi.
Biroq bunda Yoldorni ko‘pda ayblab bo‘lmasdi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:46:40

U tutqunlikda ne balolarni boshidan kechirmadi. Kimlar uning g‘ashiga tegmadi. O‘tgan ham qotingan, qaytgan ham. Oqibat, u itlardek serzarda maxluqqa aylangandi. Itlardan farqli jihati, ko‘ringan qoraga irillayvermaydi. Inida tinchgina yotishni o‘ylardi. Biroq uni o‘z holiga qo‘yishmasdi. Endigina bohuzur cho‘zilganda, bo‘ynidagi zanjirning tashqarida qolgan qismi shildirab, kimdir uni tishga torta boshlardi. U murosa ilinjida asta irillaydi: "Tinchimga qo‘ysang-chi!" Bunga javoban ermaktalab kimsa battar irshanglaydi. Bo‘ynidagi tasma tomog‘ini bo‘g‘a boshlagach, u tahdidli irillaydi: "Chiqsam, chatog‘ingni chiqaraman! G‘ashimga tegma ko‘p!" Bu ifodani barcha jonivorlar, hatto eng kaltafahm it ham ilg‘ashi mumkin. Lekin odamzod undagi ma’noni hech qachon tushunmaydi. Yoldor inidan boshini chiqarishi bilan ura qochishnigina biladi. Ba’zilari ortiq tirg‘almay, darrov keta qoladi. Ayrimlari esa naridan turib toshbo‘ron qilishga tushadi. Yoldor tumshug‘i, yag‘rini va biqiniga kelib tushayotgan zarbdan chinakamiga quturadi.

Xuddi qopag‘on itlardek olg‘a sapchiydi. Burdalash qasdida to‘lg‘onadi.
Bu xil qotinishlar tufayli undagi bo‘rilarga xos tabiiy viqorga putur yetgandi. Itlardek jizzaki bir maxluqqa aylangandi. Ammo tinch paytlarida yana asliga qaytardi. Tunlari yulduz to‘la osmonga boqqancha, hazin va mungli qo‘shig‘ini boshlab yuborardi.

Bunday vaqtlarda u olamni unutardi. Xayolan tog‘larda erkin chopqillab yurardi.
Holbuki, tog‘larda emin-erkin chopqillab yurish unga nasib etmagan. Ko‘z ochib ko‘rgani og‘zi tor, to‘ri keng o‘ngir bo‘lgan. O‘ngirda o‘zidan bo‘lak yana to‘rtta og‘a-inisi bor edi. Bari bir-biridan sho‘x edi. Yorug‘ olamga, ya’ni tashqi dunyoga birinchi bo‘lib u intilgan. Ko‘zlari quyosh nuridan qamashib, bir zumga garang turib qolgan. Olamda hidlar ko‘pligini shunda anglagan. Shabadada chayqalayotgan buta novdasiga, xarsangtosh ustidan yo‘rg‘alab borayotgan kaklikka lolu hayron tikilib turganida, qaerdandir onasi paydo bo‘lgan. Yelkasidan beozor tishlab qorong‘i iniga olib kirgan. Onasining bu harakatida u tahlikaga o‘xshash nimadir sezgan. Ayrim paytlarda ota bo‘rida ham shu narsani his etish mumkin edi. Bu esa uning jimitdek yuragida tashqi olamga nisbatan qiziqishni yanada kuchaytirardi. Xullas, quyoshli olamni ko‘rishga ulgurgan Yoldor shu kundan e’tiboran inida tinch o‘tirolmay qoldi. Bir kuni o‘ngirdan ancha uzoqlashib ketdi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:47:11

Og‘zi qalin buta bilan ihotalangan o‘ngir quyuq archazor do‘nglikda joylashgandi. Do‘nglik pasti toshloq sayhonlik bo‘lib, sayhonlikdan so‘ng yana archazor boshlanardi. Archazorda yovvoyi jonivorlar yurishidan hosil bo‘lgan chalkash so‘qmoqlar serob edi. Yoldor ana shunday so‘qmoqlardan biriga tushib qolib, pildiragancha boshi oqqan tomonga keta boshlaydi. Bu kamdek, u yo‘lda kakliklardan biriga alahsiydi. Kaklik quloqlari dikkaygan bu beo‘xshov jonivorni hiyla yergacha ergashtirib borib, birdan uchadi ketadi. Yoldor anqaygancha qolaveradi.

U adashib qolganini keyin sezib, g‘ingshimoqqa tushadi. Tumshuqchasini oldinga cho‘zib, tanish va qadrdon hidlarni qidiradi. Onasining iliqqina quchog‘ini shu qadar qo‘msaydiki, yuragi toriqqanidan zorli ovozda ingillab yuboradi. Xuddi shu payt o‘ngir tarafda nimadir ketma-ket qarsillaydi. So‘ng o‘lik sukunat cho‘kadi. Qo‘rquvdan o‘zini archa payiga urgan Yoldor toshdek qotadi. Qimirlasa yana nimadir yuz beradigandek, hatto ko‘zlarini ochishdan hayiqadi. Saldan so‘ng gumburlagan ovozdan esa o‘takasi yorilish darajasiga yetadi. Umrida eshitmagan bu sadodan tog‘lar qaldirab, archa tanasi titrab ketganini sezadi.

Dahshatdan archa payiga qapishgan Yoldor shu sozda qancha yotdi bilmaydi. Lekin dunyoda qo‘rquvdan ham kuchliroq shunday bir narsa bor ediki, u har qanday tirik jonni harakatlantirmasdan qo‘ymasdi. Buning oti ochlik edi. U ochlikka toqat qilolmay, biqingan joyidan asta chiqadi. Duch kelgan so‘qmoqqa tushib, pildirab keta boshlaydi. Bir ozdan so‘ng sharpani sezib, o‘zini tovatosh panasiga oladi. Biroq sharpa-Safar uni allaqachon payqab ulgurgandi...
Mana shu tarzda Yoldor tog‘lardan ayro tushadi. Odam bolasining asiriga aylanadi. Ota-onasi va o‘ngirdagi og‘a-inilarining taqdiri ne kechganidan bexabar qolaveradi.

Qayd etilgan