Normurod Norqobilov. G'animlar (qissa)  ( 19452 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Ansora  04 Fevral 2010, 20:47:44

Aslida voqea bunday bo‘lgandi. O‘ngirdagi jonivorlarni payqab qolgan cho‘ponlar katta bo‘rilarni otib tashlab, uyani portlatib yuborishgandi. Quyidarada o‘ralashib yurgan geologlar bir qo‘zi uchun ulardan portlatgichlarini ayamagan.

Shu tariqa, esini tanib-tanimay, uning ko‘rgani devorsiz hovli, yotog‘i qo‘pol taxtalardan naridan-beri yasalgan kenggina in bo‘ldi.

U tutqunlikda zohiran o‘zligini yo‘qotganday esa-da, botinan aslicha qolgandi. Negaki, u o‘z vaqtida tog‘larga dahshat solgan keksa bo‘ri Oqtishning zurriyoti edi. Unga ota bo‘rining kuch-qudrati, ziyrakligi va yovqur tabiati meros bo‘lib o‘tgandi. Shuning uchun Yoldorning ichida doim bir quyun o‘ynardi. Bu quyun uni tog‘u toshlarga undar, ko‘nglida adoqsiz va anglarsiz tuyg‘ularni uyg‘otardi. Oysiz tunlari ko‘kka boqib uvlarkan yuragida kechayotgan bu hislarni tushunolmay garang bo‘lardi. U kunduzlari bir oz tinchlanar, tunda esa bari yana qaytadan boshlanardi.

U tunda bu olamga sig‘may qolardi.
Yoldor tor yalanglikka itday g‘azabkor vajohatda yetib kelarkan, tabiiy idrok baribir ustivorlik qildi. Qahrga erk berib, katta xatoga yo‘l qo‘yganini anglab yetganday, hayratli darajada osoyishtalik bilan tevarakni o‘rgana boshladi. To‘da bu yerda kattakon to‘ng‘izni tinchitib, iziga qaytmay, qo‘shni hududga o‘tib ketganini tezda aniqladi. Yoldor qo‘shni hudud egasi Kulbet bo‘rini yaxshi taniydi. Chog‘roq to‘dani boshqaradigan bu jonivorning yaxshi odati, o‘zgalar mulkiga hadeganda suqilavermaydi. Shuningdek, o‘z yeriga qadam qo‘yganlarni ayab o‘tirmaydi. Bo‘zburi to‘dasi esa uning aksi, tog‘ qolib, keng dashtga ham enishadi. Doim hammadan dakki yeb yurishadi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:48:28

Yoldor yo‘qolib ulgurmagan hidlar orasidan Bo‘zbo‘rining tanish isini uchratmadi. Bundan chiqdi, to‘dani o‘zga bo‘ri boshqarmoqda ekan-da. Ko‘p o‘tmay u bunga to‘la amin bo‘ldi. Notanish to‘da boshlig‘i kulrang xarsang sirtiga o‘z belgisini qoldirib ketgan ekan.

Belgi, odatda, turlicha ma’noni ifodalaydi. Hududga da’vogarlik, tajovuzkorlik, nopisandlik va hatto mazaxli belgilargacha bo‘ladi. Belgisiga qarab, jonivorning nelarga qodirligini aniqlash qiyin. Ammo nopisand belgi egasi ko‘pincha ahmoq, o‘pkasi yo‘q jonivor bo‘lib chiqadi. U taxminan mana shunday belgi qoldiradi: "Hozircha shoshib turibman, lekin albatta qaytaman!" Haqiqatdan u qaytadi. Lekin to qaytguncha hudud egasini qoniga tashna qilib yuboradi.
Yoldor xarsang sirtiga boplab o‘z javob belgisini qoldirgan bo‘lsa-da, bundan ko‘ngli tariqcha taskin topmadi. U yaxshi biladiki, raqibi bilan qonli to‘qnashuv yuz bermaguncha, halovat topishi mushkul. Ammo hamma gap shundaki, u bilan qachon uchrashadi?

Ertami yo indingami?

Balki biror soatlardan so‘ngdir?

G‘olib bo‘ladimi yo mag‘lub?

Ayni shu mavhumlik Yoldorni qiynab yuborgandi. U kun bo‘yi shuning ta’sirida yurdi. So‘ng suyukli maskanlaridan biri, qishloq yaqinidagi o‘sha siyrak archali do‘nglikdan qo‘nim topdi.

Hududi keng bo‘lsa-da, u bo‘sh vaqtining ko‘p qismini mana shu do‘nglikda o‘tkazardi. Qishloqni qoralab yashardi. Bo‘zbo‘ri galasini dovonortiga quvib, ulkan hududga allaqachon ega chiqqan esa-da, hanuz qishloqdan uzoqlashib ketolmasdi. Qishloqqa o‘z mulkidek qaramasa-da, haddi sig‘ib uni bemalol oralardi. Oralamagan tunlari kam bo‘lardi. Oralarkan, tutqunlik davri o‘tgan hovliga albatta bosh suqib o‘tardi. Eshik va derazalari zich yopiq kimsasiz kulba tevaragini uzoq aylanardi. Bolaning izlarini qo‘msab, ichdan nola tortardi. Bu yerda hamma narsa o‘z holicha saqlangan, faqat ini o‘g‘irlab ketilgandi. O‘g‘rilar bir tun eshik va derazalarni ham qo‘porib ketishmoqchi bo‘lishgan, biroq hovlida Yoldorga duch kelishib, juftakni rostlashgan. Qishloqda, Yoldor tuni bilan kulbani qo‘riqlab chiqarkan, degan gapni tarqatishgan. Bu gapga kimdir ishondi, kimdir yo‘q, ammo tekshirib ko‘ruvchi biror mard topilmadi. Qishloq itlari esa uning sharpasini ilg‘ashi bilan in-inlariga urib ketadi. Hatto ba’zida ovoz chiqarishga yaramaydi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:49:09

 Yoldorning qishloq oralashidan boxabar kimsalar, uning bu xil tashriflarini favqulodda hodisa deb bilishmaydi. Ularning birdan-bir bilganlari, Yoldor tutqunlikdan xalos bo‘ldi-yu, qishloqqa o‘zga bo‘rilar dorimay qo‘ydi. Biroq bundan odamlarni minnatdor deb bo‘lmasdi. Ular uchun Yoldor shunchaki bir bo‘ri va munosabatlari ham shunga yarasha edi: "Jondor zoti hech qachon kishiga el bo‘lmaydi, hushyor turmasang, ko‘zingni o‘yib ketishi mumkin". Yoldorning esa bu gaplar bilan ishi yo‘q, yovvoyi olam qonuniga bo‘ysunib yashardi. U yovvoyi olamga hurkak jonivor sifatida emas, yovqur bir maxluqot sifatida kirib keldi. Bo‘zbo‘ri uning raftorida o‘ta xavfli bir raqibni ko‘radi va boplab ta’zirini berib qo‘yishni istaydi. Bundan sal avval bu hududning haqiqiy egasi Yassiboshning tavbasiga tayantirgandi. Yassibosh bu o‘lkaga qanjig‘i Oqsiyna bilan hukmronlik qilardi.

Agar Bo‘zbo‘ri Oqsiynaga dahl qilmaganida, Yassibosh bu tizginsiz to‘daga ro‘paru kelib o‘tirmasdi. Nari borsa, odatdagidek, o‘zini ko‘rmaganga olardi. Negaki, Bo‘zbo‘ri to‘dasi biror hudud etagini muqim tutmagan, nuqul ko‘chib yurardi. Qish chillasida dashtga enib, bu tomonlarda kun ilish oldidan paydo bo‘lardi. Ba’zi yillari esa dashtni unutib, Dovonortida qishlab qolardi. Bu endi dasht bo‘rilariga qanday jonivorning yetakchilik qilishiga bog‘liq edi. Qisqasi, Bo‘zbo‘ri zo‘rlardan "kaltak yeb", bundayroqlarni tanobini tortib yuradigan jonivor edi. Yassiboshni shunchaki talabgina qo‘ya qolmay, uni qanjig‘iga qo‘shib, tog‘ning janubiy qismidagi serqishloq hudud tomonga haydadi. Biroq uning bu zo‘rovonligi Yoldorga o‘tmadi. Yoldor xavfli raqibligini birpasda namoyish etib, butun to‘dani tirqiratib yubordi. Keyingi uchrashuvda esa ularni butunlay Dovonortiga surib tashladi.

Yoldor tabiatan o‘ta ziyrak va ehtiyotkor jonivor. Sinalmagan raqibi oldida hech qachon havolanib ketmaydi. Ayrim kezlari tuyqusdan tutib qoladigan itlarga xos jizzaki fe’lini hisobga olmaganda, qolgan payt har qanday vaziyatda sovuqqon bo‘lishga tirishadi. Hovliqmaydi. Raqibining zaif jihatlarini ilg‘ashga urinadi. Birinchi bo‘lib hujumga tashlanmaydi. Agar bunga zaruriyat tug‘ilsa, eng avvalo to‘dadagi "zo‘r"larni safdan chiqarishga harakat qiladi. To‘dada esa "zo‘r"lar uncha ko‘p bo‘lmaydi, bitta yoki ikkita. "Zo‘r" mag‘lublikka yuz tutishi bilan, qolganlari o‘z-o‘zidan to‘zib ketadi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:49:39

U Bo‘zbo‘ri to‘dasini mana shu xilda parokanda qilgandi.

Hozir esa butun fikr-o‘yi xarsang sirtiga o‘z belgisini qoldirishga jur’at etgan o‘sha notanish to‘daboshida edi. U kun bo‘yi xayolidan ketmay qolgandi. Uning Bo‘zbo‘riga nisbatan yosh va baquvvatligini idrok etayotgan bo‘lsa-da, kelbatini jonlantirolmay garang edi. Bunga go‘yo Maymoqning mavjudligi xalaqit berayotgandek edi.

Yoldor bu tomonga kelayotib, Maymoqning Chuqurdaradagi butazorda g‘imirlab yurganini ko‘rgandi. Demak, u bugun tunda yana Qoratepaga o‘ralashadi. Yoldor uning qay tarafga yo‘nalishiga qaraboq, maqsadini anglaydigan bo‘lib qolgandi. Deylik, agar Maymoq Suvlidara yoxud Yashilvodiy bo‘ylab harakatlansa, uni faqat yuqoridagi archazorda uchratish mumkin. Belgilarini yangilab, hududini ko‘zdan kechirish bilan band bo‘ladi. Negaki, archazor o‘ta notinch sarhad — Ulkan ayiq tomonidan tez-tez buzilib turadi... Qo‘tirbuloq yo‘nalishi zirk to‘la Ayriirmoq bo‘ylariga olib chiqqanday, Tuyaqoya bag‘ri o‘zining mazali yong‘oqlari bilan Maymoqning diqqatini tortadi. Qishloq tomon cho‘zilgan uzundan-uzun, vahimali Chuqurdara bo‘ylab qilingan safari esa olmazorda qorin to‘ydirish bilan yakunlanadi. Chuqurdarada turli mevalar unchalik serob emas, lekin tishga bosgulik biror yemish hamisha topiladi. Agar istasa, soztuproqli o‘ngirda bir oz oyoq uzatib olishi mumkin. Qolgan ishlarni esa tun qorong‘usida bemalol eplaveradi.

Yoldor uning bu harakatini o‘zicha tushunadi. Faqat Maymoq allaqanday Bo‘zbo‘ri emas, har to‘qnashganda juda hushyor bo‘lish lozim. Aks holda...

U Chuqurdaraga tutash Bo‘rijarda Maymoqning sharpasini ilg‘aganida, tun allaqachon yarimlagandi. Yoldor asta o‘rnidan qo‘zg‘oldi. Huzur qilib, uzoq kerishdi. So‘ng esa asta yo‘rtib, Qoratepa tomon yo‘lga tushdi.


Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:50:20

* * *   

Yoldor xavfli hid—inson va yaroq isini Qoratepaga yetmasdan burun sezdi. Yozda tuprog‘i o‘ynab yotadigan Kaltatepa yoqalab borib, Qoratepa etagidagi toshloqda to‘xtarkan, dimog‘iga chalingan bu hiddan yag‘rin tuklari hurpaygancha turib qoldi. Ammo iziga qaytmoqni xayoliga ham keltirmadi. Qaytamga toshlar orasiga cho‘zilib yotib oldi. Tumshug‘ini oldinga cho‘zgancha, tevarakni obdon o‘rganishga kirishdi. Va bir ozdan so‘ng Qoratepaning olmazorga tutash qismida ajal yashirinligini to‘la anglab yetdi. Miltiq isi—ajaldan darak. Tog‘da undan cho‘chimaydigan jon zotining o‘zi yo‘q. Hatto Maymoqdek kuchli, anchayin surbet jonivor ham yaroq hidini ilg‘ashi bilan yuvosh tortib, yo‘rg‘alagancha qorasini o‘chiradi. Har holda miltiq tutgan kimsadan doimo uzoqroq yurish ma’qulligini tog‘dagi barcha jonivorlar yaxshi biladi.

Ajal hidining kutilmaganda Qoratepada paydo bo‘lishi dastlab Yoldorni cho‘chitdi, so‘ng taajjublantirdi. Keyin esa qiziqtirib qo‘ydi. Axir shu paytgacha Qoratepada bu hidga hech ro‘paro‘ kelmagandi-da. Bu sirning tagiga yetmoq uchun u kutishga qaror qildi. Biladiki, odam bolasining bardoshi uzoqqa cho‘zilmaydi. Hademay o‘zidan ogoh etadi.

U tutqunlikda odamzodning fe’lini xiyla o‘rgangandi. Uni o‘ziga dahshatli g‘anim deb bilmasdi. Lekin yarog‘ning yo‘rig‘i bo‘lak. Yaroq tutgan odam... Eslasa, hanuz tanasi tirishadi.

Tolmas cholning yon qo‘shnisi Ulash bir kuni unga dabdurustdan miltiq o‘qtalib qoldi. Kayfining zo‘rligidan zo‘rg‘a oyoqda turganligi bois, birinchi otgan o‘qi tuproqni to‘zg‘itib yubordi. Ikkinchisi katakning chekka taxtasini uchirib yubordi. Uchinchi o‘qni uzishga ulgurmadi. Eshakda allaqaerdan kelib qolgan Tolmas chol uning qo‘lidan miltiqni tortib oldi. Quloq chakkasiga o‘xshatib bir tarsaki tushirdi.
— E, ichmay o‘l! — deb so‘kdi.

— Ichaman! — dedi Ulash yosh boladay hiqillab. — Shuningiz bor ekan, ichaman va yana ichaman!

— Buning senga nima og‘irligi tushayapti, ahmoq?

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:51:22

— Tunda uvlab kayfimni qochiryapti.

Aslida esa gap butunlay boshqa tomonda edi. Hamisha shirakayf yuradigan bu banda bir kunmas bir kun Yoldorga yem bo‘lishdan cho‘chirdi. Uning nimasi ko‘p, ichishi va duch kelgan yerda dumalab qolishi ko‘p. U mastlikda Yoldorning yonida cho‘zilib qolishidan qo‘rqardi. Ikki bor bo‘lgan. Ikki safar ham ko‘zini ochib, boshida Yoldorni ko‘rgan. Yirtqichning nigohida qahr va qiziqishga qorishiq g‘alati bir jiddiyatni payqagan. Qo‘rquvdan ishtonini ho‘llab, undan nari qocharkan, bo‘rilarning ko‘z qarashlari itlarnikidan tubdan farq qilishini o‘shanda bilgan.
U yo‘q yerdagi gaplar bilan jonivorga tirg‘alib o‘tirmagan. Shartta miltiqqa yopisha qolgan...

O‘shanda tasodif tufayli muqarrar bir o‘limni chetlashga muyassar bo‘lgan Yoldor yaroq va o‘q-dori hidini bir umrga eslab qolgan. Keyinchalik esa o‘zining mungli qo‘shig‘i bilan Ulashni so‘nggi manzilga uzatib qo‘ygan.

U hech vaqt bu qadar hazin kuylamagandi.

Yoldor qalin qor kechib to‘ydan qaytayotgan Ulashni boshda irillab qarshilagan. Ammo Ulash, kayfi zo‘rligidan, uni payqamagan. Cholning hovlisini kesib o‘ta-o‘ta, indan sal narida gursillab qulagan. Yiqilarkan, o‘rnidan qaytib qo‘zg‘olmagan. Gupillab yog‘ayotgan qor bir zumda uni ko‘zdan bekitgan. Ana shundagina Yoldor odatdan tashqari nimadir yuz berganini ichdan his qilgan va uvlashga tushgan. Biroq tunda uning nolasiga e’tibor beruvchi kimsa topilmagan.

Ertasi tushdan so‘ng Ulashning muzlab qolgan jasadini qor tagidan topganlar, dastlab Yoldordan shubhalanishgan. Murda tanasida tish izlarini ko‘rishmagachgina, sovuqda qotib qolganini fahmlashgan. Biroq yuz bergan bu fojeadan butunlay esini yo‘qotgan Ulashning shallaqi xotini erining o‘limiga Yoldorni aybdor deb bilgan va qarg‘anib qishloqni boshiga ko‘targan.
Bu voqeadan Yoldorning andak anglagani shu bo‘ldiki, itlar ko‘ringan qoraga akillaganday, odam bolasiyam yo‘q-bor narsaga tirg‘alaverar ekan. Agar esi butun to‘rt-besh yigit Tolmas cholning tarafini olmaganda, Yoldorning holiga maymunlar yig‘lashi aniq edi. Murda bir chetda qolib, olomon unga hezlangan. Buning boshida Ergash bodi turgan. Qachonki, yigitlardan biri, agar hadeb sakrayversangiz, Tomlisoydan sigir o‘g‘irlaganingizni hammaga aytaman, deya shipshigandan so‘nggina uni o‘chgan.

 O‘sha tun odamlarning g‘ala-g‘ovuridan qattiq yurak oldirib qo‘ygan Yoldor qishloq oralagan jinsdoshlarini juda yaqindan ko‘rgan. Qutqaringlar meni, deya zorli g‘ingshigan. Yassibosh qilt etmagan, hadik va adovatla bezrayib turavergan. Ammo urg‘ochi bo‘ri Oqsiyna negadir ancha royish bildirgan, hatto beriroq kelishga jur’at etgan. Yoldorga, uning bo‘ynidagi zanjirga, qo‘nqaygan katakka hayron-hayron boqqan. Agar xalaqit berishmaganda, kelib iskalanishiyam mumkin edi. Biroq to‘satdan kulba eshigini ochgan Tolmas chol barcha ishning beliga tepgan. Ularni cho‘chitib yuborgan.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:52:22

Shundan keyin, oradan ancha vaqt o‘tib, ular Qoratog‘ning belida qayta uchrashdilar. Ammo endi Yoldor bir paytlar zorli-zorli g‘ingshigan chorasiz tutqun emas, Bo‘zbo‘ri galasini quvib, ulkan hududga ega chiqqan, yanada aniqrog‘i, uzoq kutilgan ozodlikdan mast yurgan yovqur bir jonivor edi.

O‘sha kuni u hech bir sababsiz, Yassiboshni tappa bosib talagan. Holbuki, Yassibosh ortiqcha biror harakat qilmagandi. Bor-yo‘q aybi, Qoratog‘ yoqalab keta-keta, Bo‘zbo‘riga boy bergan qadrdon hududi sarhadida bir zumga to‘xtagani va bilib-bilmay salgina ichkarilagani edi. U g‘ussaga berilib, Yoldorning paydo bo‘lganini payqamay qolgandi.

Oqsiynaning nazarida, shu kuni Yoldor kuchi va kelbatiga yarasha ish tutmadi. Yassiboshdek o‘rtamiyona jonivorga bu darajada quturib tashlanish shart emasdi. Birgina do‘qning o‘zi kifoya edi. Yassibosh o‘laqolsa u bilan yoqalashib o‘tirmas, darhol qorasini o‘chirardi. Negaki, shusiz ham uning ahvoli ancha xarob, quymichini yalab o‘tgan o‘qdan qattiq aziyat chekib yurgandi.

Oqsiyna archa yonida g‘o‘ddayib qolgan Yoldorga qaray-qaray, Yassiboshning ortidan lo‘killab borarkan, birdan uni tanib qoldi. Iya, bu tutqundagi bo‘ri-ku! Zo‘rlikka zo‘rakan-u, lekin juda tezob va beodob ekan. Bu borada Oqsiyna haq edi. Hali-hanuz yovvoyi olamga to‘la singgishib ketolmagan Yoldor, tez-tez quyushqondan chiqib, "tarbiyasiz"ligini bot-bot namoyish etib turardi. Aks holda Bo‘zbo‘ridek jiddiy raqibni sovuqqonlik bilan yenga bilgan Yoldordek jonivor allaqanday Yassiboshni itday talab o‘tirarmidi. Bu esa uning tutqunlik asoratlaridan hali to‘la qutula olmaganidan darak berardi.

Endilikda Yoldor bu noxush odatlardan deyarli soqit bo‘lgan, o‘tmishidan esa sabr-toqatnigina o‘ziga meros qilib olgandi. Shuning uchun ham toshlar orasiga behuzur joylashib, Qoratepada yashiringan sirning tagiga yetish ilinjida edi. Bu yumushga butun diqqatini qaratganidanmi, Maymoqning Qoratepaga yetib kelganini payqamay qoldi. Payqagan vaqtda esa, Maymoq tumshug‘ini oldinga cho‘zgancha havodan hid olayotgandi. Ana, u xavfni darrov ilg‘adi. Bir zum hang-mang bulib turgandan so‘ng, tezgina iziga qayrildi-da, ortiga qaramay, jadal jo‘nab qoldi.

Maymoqning qorasi o‘chgach, Yoldor yengil tortdi. Xayriyat, bugun u bilan yoqalashib yurmaydigan bo‘ldi. U yana Qoratepa tomonga o‘girildi. Bir muddatdan so‘ng havodagi hidning tebranganini sezdi. Ko‘p o‘tmay Qoratepadan toshloq tarafga qayrilgan yo‘lda ikki ko‘lankani ko‘rdi. Yo‘l toshloqni yonlab kelib yassi tepalikka o‘rlardi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:53:11

Yoldor chekinmoqni xayoliga ham keltirmadi. Xuddi bir paytlar ini to‘riga biqinganday, yerga yanada mahkam qapishdi. U o‘z tajribasidan shuni yaxshi bilardiki, odam bolasi hid olmaydi, harakatsiz qoraniyam ilg‘ashi qiyin. Shu bois, u ortiqcha tahlikaga tushmay, ko‘lankalarni kuzatishda davom etdi.

— Buytiblar sarson yurgandan ko‘ra, qopqon qo‘ygan ma’qul, aka, — derdi ko‘lankalardan biri — G‘uchchi pakana sovuqdan tishlari takillab. —Qaytamga uyqudan qoldik.

— Keladi degansiz... — derdi Sarvar norozi to‘ng‘illab. — Qor yog‘ib bersa zo‘r bo‘lardi-da, izidan birpasda topardim.

— Iziga tushganingiz bilan... — G‘uchchi pakana chaynaldi. — Lekin havoda qorning zahri bor. Sovuqni qarang! Teshib yuboray deydi.

Ular gangur-gungur so‘zlashgancha Yassitepa ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi. Yoldorni tashvishga solgan ajal hidiniyam o‘zlari bilan birga olib ketishdi.
U o‘rnidan qo‘zg‘alishga oshiqmadi. Uzala tushib yotgan joyida baquvvat panjalarini oldinga cho‘zib, obdon kerishdi. So‘ng ildam oyoqqa qalqib, Qoratepa tomon yo‘naldi. Tanish so‘qmoqdan qabrlar oralab borarkan, yo‘lda Maymoqning eski tezagiga duch kelib, asta irillab qo‘ydi.

Bolaning do‘ppaygan qabriga yetganda, butunlay xotirjam tortgandi. Biroq xotirjamligi tezda taajjub bilan almashindi. Boyagi kimsalar hidi qabrning shundoqqina biqiniga o‘tirib qolgandi. Achchiq izg‘irin uni o‘chirishga ulgurmagandi.
Yoldor qabr tevaragini norozi aylanarkan, o‘sha tanish g‘ussa-ayriliq hissi yana yuragini chulg‘ab oldi. Ingranib g‘ingshidi. Bu xil g‘ingshishi ko‘pincha mahzun nolaga aylanib ketardi.
Hozir ham shunday bo‘ldi.


Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:54:15

* * *

— Ana keldi, aka!
Endigina o‘ringa cho‘zilgan G‘uchchi pakana ustidagi ko‘rpani uloqtirib tashlab, turib o‘tirdi. So‘ng gapi to‘g‘ri chiqqanidan xursand bo‘lganday, qo‘shib qo‘ydi:
— Aytdim-ku, keladi deb!

— Balki itdir, — Sarvar ishonqiramay, deraza ortidagi qorong‘ilikka tikildi. — Ba’zan itlar ham mana shunday ovoz chiqaradi.

— Jondorning ovozini itnikidan farqlayolmay o‘libmanmi, aka!
— Aniq shu deb o‘ylaysizmi?

— Emasam-chi! — G‘uchchi pakana unga norozilanib qarab qo‘yadi. — U borakan, bu tomonlarga boshqa jondor doriyolmaydi. Dorib ham ko‘rsin! Ammo-lekin yomon vafodor chiqdi bu! Qarang, haliyam bolaning dardida kuyib yuribdi. Ovozi yurakni ezadi! O‘ldirishga odamning qo‘liyam bormaydi. Balki... a, aka?! Nima deysiz?

— Aytdim-ku, anovu turqi sovuq akang garovdan voz kechsa, unga ortiq xusumatim yo‘q, deb.

— Yo‘-o‘q, u garovdan voz kechmaydi.

— Unda qanday yo‘l bilan bo‘lmasin uni tinchitishimiz kerak.

— Shoyim yo‘g‘onnimi?

— Uf-f...
— Tushundim, aka, tushundim, — G‘uchchi pakananing boshi shalvirab tushdi. — Ertan o‘zim sizga qopqon topib beraman. Uzunqulning bevasida bir talayi bor. Eridan qolgan. Ota tomondan ozgina qarindoshligimiz bor, yo‘q demasa kerak. Ammo-lekin sizni akam demaganimda, Yoldorning yaqiniga yo‘latmasdim. Boy bo‘lganimda, uning xunini o‘zim sotib olardim. Afsus, qo‘lim kalta-da.
Bu gaplar Sarvarga malol kelsa-da, qilt etmadi. Negaki, G‘uchchi pakana kerakli odam. Arazlab ketsa, qo‘ylari qarovsiz qoladi. Qishloq odamlarining terisi yupqaligini kelgan kuniyoq bilgan. Sodda ko‘rinishsa-da, gap ko‘tarishlari qiyin. Bu hol G‘uchchi pakanaga ham begona emas. Shuning uchun doim yaxshi gapirishga tirishadi, yo‘q yerdagi qizlarni o‘ylab topadi. G‘uchchi pakana bariga ishonadi. Sarvar esa ichdan kuladi: "Suluvga havasing ketmay o‘l, avval o‘zingga bunday qarasang-chi!" Biroq G‘uchchi pakanani unchalik ovsar deb bo‘lmaydi, ming hayajonga tushmasin, ba’zan xijolatdan manglay qashlab deydi:

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:57:00

— Bu... aytgan qizlaringizni bari bo‘ychan ekan, shu... o‘zimizga o‘xshagan maydarog‘i yo‘qmi, a, aka?

— Bor, — deydi Sarvar ishonch bilan. — Turli so‘rti, turli markasidan bor. Tanlab-tanlab olaverasiz. Siz faqat chorvaga yaxshi qarasangiz bo‘ldi.

— Bundan sira g‘am yemang, aka. — G‘uchchi pakana dag‘al kaftlarini oldinga cho‘zadi. — Mening qo‘llarim barakali! Mening qo‘limda qo‘ylaringiz tez semiradi.
— Yashang, ukam, yashang!

— Shaharga tushgan kezlarim, yo‘l bo‘yidagi choyxonada o‘tirib, qizlarni tomosha qilaman. — G‘uchchi pakana negadir andak ma’yuslanadi. — Ko‘zimni kuydirib, har qizlar o‘tadi, hali u yoqqa, hali bu yoqqa, nima yeb, nima ichayotganimni ham bilmay qolaman. Shunday paytda meni mayda qilib tuqqan enamdan yomon xafa bo‘p ketaman. Tug‘ib nima qilardingiz deyman... ichimda.

— Onadan xafa bo‘lish yaxshi emas. — Sarvar norozi qosh chimirgan bo‘ladi. — Bu ishda onaning hech bir aybi yo‘q. Ikkinchidan, bo‘y-bastga bu yerda qarasharkan, shaharda buning uncha ahamiyati yo‘q. Muhimi, yurak toza bo‘lishi kerak.

— Toza-toza! — G‘uchchi pakana oshig‘ich e’tirof etadi. — Yurak top-toza! Lekin bizdi qishloq odamlarining yurak bilan uncha ishlari yo‘q. Shunisiga kuyaman men. Tunov yili maydaroq bir qizga og‘iz soldim. Nima debdi deng?

— Nima debdi?

— E, aytgiligi yo‘q, aka.

— Ayting-ayting.

— Pakanaga tekkincha, itga tegaman debdi.

— Bo‘shlik qipsiz-da.

— Tegmayman desa, zo‘rlamaysiz-ku.

— Gohida zo‘rlash ham kerak.

— Keyin meni xeli-xishti tinch qo‘yar...

Qayd etilgan