Normurod Norqobilov. G'animlar (qissa)  ( 27827 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Ansora  04 Fevral 2010, 20:57:59

Sarvarning unga rahmi keladi. Yaxshilik qilib, birorta qari qizga uylantirib qo‘ysammi deydi. Biroq bundan o‘ziga hech bir naf yetmasligini o‘ylab, tezda fikridan qaytadi. U nafi yo‘q yumushni jinidan yomon ko‘radi. G‘uchchi pakana esa hozircha arzon ishchi kuchi sifatida kerak. Ertaga uni hatto eslab ham o‘tirmaydi. Va’dalar nima, quruq so‘z, aytilishi bilan ketadi havoga singib. Uni na tutib bo‘ladi, na boshqa qilib.

Shunga qaramay, G‘uchchi pakananing o‘ta xokisorligiga ba’zida uning juda havasi keladi. Ko‘ziga u muammosiz odam bo‘lib ko‘rinadi. U cho‘pchaklarga ishonadi, barcha narsadan faqat yaxshilik qidiradi. Hatto qo‘shnisining sigiri tug‘sayam o‘zida yo‘q quvonadi. Sarvarga esa bu hislar yot. Ko‘ngli hamisha nimadandir dilgir. Puli ko‘pning tashvishi mo‘l, deya o‘zini ovutmoqqa urinsa-da, chin dildan quvona bilmasligidan gohida xunob bo‘lib ketadi. O‘shanda negadir hamisha mardikor yigitni eslaydi. Uning achchiq gaplaridan ma’no qidiradi. Esida, qurdirayotgan imoratiga hammaning havasi kelgan, hamma maqtagan, faqat ugina pinak buzmagan, o‘tkinchi havas qullari, deya g‘udrangan. Oxiri u mardikor yigitni haydab solgan. Pulidan siqib, jahlini chiqarmoqchi bo‘lgan. Ammo u g‘azablanmagan, qullardan xafa bo‘lish yo‘q, deya ketgan-borgan. Keyin eshitsa, u shoir ekan. She’rlaridan o‘qib, usta sho‘rlikni ko‘p xunob qilar ekan.
"Qul" deya, u nimani nazarda tutgan, bu narsa Sarvar uchun hanuz qorong‘i. Buni, yupunning bodiligi, deb o‘ylaydi.

U G‘uchchi pakananing xurragiga quloq tutib, qorong‘ilik qo‘yniga tikilib yotarkan, dilgirlik sababini darddan qidiradi. Shu dardi tufayli tog‘u toshlar orasida sarson yurganiyu turqi sovuq Shoyim yo‘g‘onga duch kelganini o‘yladi. Bu yoqqa kelishni maslahat bergan tabib cholning go‘riga endi g‘isht qalay boshlaganida, kasali borgan sari kamroq bezovta qilayotgani yodiga tushib qoldi. Buni qarangki, Yoldor bilan andarmon bo‘lib, dardiniyam esidan chiqarib yuboribdi. Nahotki tuzalyapti?! Agar o‘rtada suruv masalasi ko‘ndalang turmaganida, shu tobda o‘zini qanchalik baxtiyor his etardi-ya! Ming afsuski, suruvdan ayrilib qolish ehtimolligi, undagi bu tuyg‘u yuziga soya tashlab turardi.

U yotgan joyida bezovta to‘lg‘ondi. Yo‘q, suruvni bermoq jon bermoqdan yuz karra yomon. Qanday bo‘lmasin Yoldorni tinchitishi lozim. Aks holda bir umr kuyib o‘tadi. Mol achchig‘i — jon achchig‘i deb bekorga aytishmagan.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 20:58:52

* * *

Qo‘shni hudud bo‘rilari mulkiga dahl qilganidan beri Yoldor tinchini yo‘qotgandi. Burun butun hududini uch-to‘rt kunda bir, juda nari borsa, haftada ikki bor aylanib chiqadigan jonivor Qoratepadan qaytishi bilan shu yumushga unnadi.
U hududini aylanib, zarur joylardagi belgilarni yangilab chiqarkan, qo‘shni to‘da qayta bosh suqmaganini sezdi. Ammo bundan uning ko‘ngli tinchib qolmadi. Negaki, to‘daboshi shunchaki jig‘iga tegmoq istasa, bu qilig‘ini takror namoyish etardi. Tog‘da bu xil hodisalar ko‘p uchraydi. Ayrim qitmir jonivorlar hudud egasining ko‘ziga tashlanmasdan chegarani buzib yuradi. Biroq kuchiga ishongan to‘da ko‘pda qitmirlikni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Demak, nopisand belgi qoldirishga haddi siqqan yetakchi bo‘ri qandaydir shumlikni o‘ylagan.

Yoldor So‘qirqoyada uzoq turib qoldi. Tevarakdan ko‘z uzmay, dimog‘iga chalingan har bir hidni ilg‘ashga, o‘rganishga tirishdi. Yolg‘izligi kor qilganday, negadir alamli g‘ingshidi. Yaqinda o‘ziga royish bildirib, g‘alati qiyshanglab ketgan Oqsiynani qo‘msayotganini sezib, bundan g‘oyat ajablandi. Chunki bu tuyg‘u unga yot edi. Ilgari o‘zga jonzodni hech o‘ylamagandi.

U ruhida qandaydir o‘zgarish yuz berayotganini his etib, dardmand ohangda uvlab yubordi. Ammo bu yo‘qlov emasdi. Yuragi tubidan ixtiyorsiz holatda yuzaga qalqiyotgan tuyg‘ularni idrok etmoqqa ojiz qolgan jonning fig‘oni edi.

U Oqsiynani o‘n kuncha burun yana uchratgandi. Mulkining shimoliy-sharqiy qismidagi Ko‘ksuv bo‘ylarini ko‘zdan kechirayotib, yashin urgan archa yonida to‘xtagandi. Ko‘ksuv jonivorlarning serqatnov joyi bo‘lib, o‘tgan-qaytgan hayvonlar archa tanasida o‘z belgilarini qoldirib ketardi. Yoldor o‘z belgisini yangilashdan avval archa tevaragini gir aylanib hid olar, ya’ni nima kelib, nima ketganini obdon o‘rganardi. U endigina shu yumushga unnaganida qo‘shni hududdagi zirk butalari orasidan qandaydir jonivorning o‘ziga tikilib turganini payqadi. Shamol teskari esib, is olmoqning imkoni yo‘qligidan uning g‘ashi keldi. O‘sha tomonga hushyor boqdi. Ko‘zi ilg‘agani Yassibosh bo‘ldi.

Tanidan dardi arib, qayta kuchga to‘lgan Yassiboshning nigohi to‘la adovat bo‘lsa-da, nimadandir hanuz ikkilanayotgani shundoqqina sezilib turardi. Chamasi betlashishga jur’ati yetmayotgan edi. Biroq hudud uniki, ortiq sustkashlik hamisha yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xuddi shuni sezganday, u butalar orasidan chiqib, toshloq maydonga kelib cho‘nqaydi. Bu tomonga faqat o‘ligimnigina bosib o‘tasan deganday, g‘o‘ddayib turib oldi. Bu bilan, ya’nikim, vaziyatni to‘g‘ri baholay olmaganidan, u jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan. G‘animga eldan burun ro‘paru kelgandi. Holbuki, Yoldor tomondan hozircha hech bir ortiqcha xatti-harakat sezilmasdi. Lekin vaziyat shu qadar qaltis ediki, uchqundan alanga chiqib ketishi hech gap emasdi. Buning uchun Yassiboshning birgina tahdidi, irillashi kifoya edi. O‘z navbatida, Yassiboshni ham ko‘pda ayblab bo‘lmasdi. U hudud talashishlardan shu qadar yurak oldirib qo‘ygandiki, oqibat, qo‘rqqan oldin musht ko‘tarar qabilida avvalroq o‘zi maydonga chiqib qo‘ya qolgandi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:00:03

Yassiboshning baxtiga Yoldor uni mensimadi. Viqorli bir qarash bilan cheklanib, archa tanasida qoldirilgan belgilarni "o‘qish"ga tutindi.

Ayni shu paytda oqish xarsang ortidan paydo bo‘lgan Oqsiynaga Yoldorning bu sokinligi juda yoqib ketdi. U ilgarigi jizzaki yirtqichga sira o‘xshamasdi. Ulg‘ayib, yanada haybatli tus olibdi. Harakatlari shu qadar o‘ziga yarashardiki, Oqsiyna bir zum mahliyo turib qoldi. Keyin tumshug‘i bilan Yassiboshni turtkilab nari hayday boshladi. Orada Yoldorga kishi bilmas qiyshanglab qarab qo‘ydi.

Oqsiynaning qiyshanglashlari Yoldorning nazaridan chetda qolmadi. Biroq bu narsa archa tanasiga belgi qo‘yishiga xalaqit bermadi. Bundan Oqsiyna qattiq og‘rindi. Alamidan uvlab yuboray dedi. Yo‘liga tixirlik qilib, maydonni tark etishga oshiqayotgan Yassiboshning yag‘rinidan g‘archcha tishlab, uni oldiga solib haydadi. Butazorga sho‘ng‘iy-sho‘ng‘iy birrovgina ortiga o‘girildi. Yoldor uning ko‘zlarida jamlangan araz, nafrat va mehrning qorishiq ifodasini ko‘rib, hayrati battar oshdi.

Agar Maymoqning o‘kirigi xalaqit bermaganida, Yoldor anglarsiz tuyg‘ular iskanjasida qancha turardi, Xudo biladi. Ayiqning tahlikali bo‘kirishi uning xayolini tariqday sochib yubordi.

U sergak tortdi.
Maymoqning ovozi So‘qirqoya ortidagi soylikdan kelardi. O‘kirigida g‘azabdan ko‘ra qo‘rquv va nochorlik ohanggi kuchliroq edi.

Yoldor voqeani tez fahmladi va asta irillab qo‘ydi.
Shu kunlarda Maymoqning ahvoli ancha chatoq edi. Uning hududiga Ulkan ayiq tajovuz qilmoqda edi. Bir haftadirki, ular mushuk-sichqon o‘ynashardi. Maymoq zaifligi bois, g‘animiga qarshi chiqishga jur’ati yetmay, po‘pisadan nariga o‘tmas, o‘z navbatida, Qoyalitog‘lar vodiysining hukmdori bo‘lmish Ulkan ayiq bu hududni to‘la egallashga unchalik oshiqmas, go‘yo Maymoqning sillasini quritmoqqa ahd qilganday, hozircha dam-badam paydo bo‘lish bilan cheklanmoqda edi.
Yoldor hadik va qiziqish bilan soylikka enarkan, qiziq manzaraning ustidan chiqdi. Ulkan ayiq muyulishdagi quyuq butazorda bamaylixotir kavshanib yurar, Maymoq esa ancha berida, har lahzada qochmoqqa shay holda, o‘kirib turardi. Aftidan uning bo‘kirishlari Ulkan ayiqqa chivin chaqqanchalik ta’sir etmayotgan edi.
Uning harakati Yoldorning ham g‘ashiga tegdi. U xuddi shu soylikda Bo‘zbo‘ri bilan qattiq olishgandi. Bu voqea esiga tushdimi yo egalik hissi ustivorlik qildimi, irillab yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi. Tahdiddan yiroq, shunchaki qizg‘anish hissi ostidagi nido edi bu. Ammo bu narsa Ulkan ayiqqa g‘alati ta’sir qildi. U hang-mang bo‘lib tevarakka ko‘z soldi va ko‘rdiki, allaqanday bir bo‘ri Maymoqning yonini olib, irillab turibdi. Bu esa jonivorlar hayotida kamdan-kam uchraydigan hodisa edi. Hudud, odatda, hamjins hayvonlar o‘rtasida talash bo‘ladi. Boshqa turdagi jonivorlar bu mojaroga aralashmaydi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:00:48

Agar bu hol Qoyalitog‘lar vodiysida yuz berganida, Ulkan ayiq g‘azabdan quturgan, ularga tashlangan, tutsa tiriklayin yeb-yutgan bo‘lardi. Ammo u begona hududda, yovvoyi jonivorlar ichdan buysunadigan qonun-haqlik va nohaqlik tuyg‘usi izmida edi. Biroz ikkilanishdan so‘ng, nohaqligini sezish tuyg‘usi baribir ustunlik qildi. U o‘kirayotgan Maymog‘u, irillayotgan Yoldorga taajjub-la bir-bir boqib, oshiqmay butazorni tark eta boshladi. Bundan botirlangan Maymoq bir necha odim ilgariladi. Undan ortig‘iga botinolmadi. G‘animini o‘chakishtirib qo‘yishdan qo‘rqdi.

Yoldor esa Ulkan ayiq ketishi bilan tinchlandi. Maymoq tomonga qarab qo‘yishniyam lozim topmay, yonbag‘irlik bo‘ylab yo‘rtib ketdi. Shuningdek, Maymoq ham unga e’tibor berib o‘tirmadi. Nega deganda, yuzaga kelgan bu hodisa ittifoqlik belgisi emasdi. Har qaysi o‘zini mulk egasi sifatida bilib, qo‘llaridan kelgancha uni himoya qilishga tirishgandi, xolos.

Yoldor Sarvar tomonidan qo‘yilgan birinchi qopqonga Ichaksoyda ro‘paru keldi. U xatarning mavjudligini yaqinlashmayoq isidan sezgandi. Biroq bu narsa olg‘a yurishga monelik qilmadi. Qopqon ingichka so‘qmoqqa o‘ta no‘noqlik bilan o‘rnatilgan ekan. Ustiga ozgina xas sochilgan nam tuproq ostidan temir, xo‘rak va odam isi gupurib turardi.

U cho‘nqaygan ko‘yi, xavfli maydonchani obdon ko‘zdan kechirdi. Ora-orada tevarakka nazar solishniyam unutmadi. Keyin ajal bilan o‘ynashgisi kelganday, qopqon tepasidan sakrab o‘tdi. So‘ng yana ortga sapchidi. Bu qilig‘i o‘ziga yoqqanday, birpas qotib turdi-da, to‘satdan shartta ortiga o‘girilib, orqa panjalari qopqon ustiga tosh va tuproq socha boshladi. Kutgani bo‘ldi. Tuproq va xaslarni to‘zg‘itib, qopqon qisqichlari qarsillab yopildi. Bundan o‘zi ham cho‘chib ketdi.
U qopqonga ilk bor tutqunlikdan xalos topgan kunlari duch kelgandi. Bo‘rikalla tizmasiga tutash vodiyda to‘ng‘iz bolasiga ko‘zi tushganida, ich-ichidan yayrab ketadi. To‘ng‘iz bolasi chiyillar, har yon talpinar, lekin hech nari ketolmasdi. Bu sinoatdan avvaliga u hayron bo‘ladi. So‘ng tumshuq yalab, oldinga intiladi. Ammo chakalakzordan chiqishga ulgurmay, qarshi tomondan kelayotgan ovchiga nazari tushadi. Chakalakzorda qolib, voqeaning davomini kuzatadi.
Aftini malla soqol qoplagan ovchi ishni cho‘zib o‘tirmaydi. Tutqundagi jonivorni otib o‘ldiradi-da, qopqonni qayta o‘rnatib ketadi.

Ovchi archalar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Yoldor bekingan joyidan chiqadi. Temir va yana allambalolar hidi muallaq turib qolgan joyga asta yaqinlashadi. U cho‘nqayib iskalanadi, yerbag‘irlab yotib iskalanadi, u yon-bu yon yurib iskalanadi. Odamzoddan hayiqmaydigan jonivor temir isidan cho‘chiydi. Dimog‘ini qitiqlayotgan xo‘rakning xushbo‘y hidi ortida qandaydir xatar yashiringanini sezadi. Nimaligini anglayolmay, boshi qotadi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:03:08

Agar shu tobda uzoqdan eshak mingan chol ko‘rinmaganda, Yoldorning qopqonga tushishi aniq edi. Xo‘rakning xushbo‘y hidi butun fikr-zikrini o‘g‘irlab qo‘ygandi.

Baxtiga chol kelib qolib, u tag‘in chakalakzorga biqinishga majbur bo‘ldi. Cholning bo‘shangina iti hidni sezib, oldinga o‘tadi. Iskalanib qopqonga yaqinlashadi va to‘satdan vangillab yuboradi. Voqeani fahmlagan chol so‘kina-so‘kina eshakdan tushadi, so‘kina-so‘kina itni qopqondan bo‘shatadi, so‘kina-so‘kina uni bir chetga uloqtiradi, so‘ng so‘kina-so‘kina oqsoq itini ergashtirib ketadi.

Yoldor yerda zanjiri chuvalanib yotgan qopqonni kelib hidlaydi va tilsiz bu yovni xotirasiga mahkam mixlab oladi. Temir va xo‘rakning omuxta hidi—xatar! Keyinchalik juda ustalik bilan o‘rnatilgan qopqonlarni ham osongina aniqlaydigan bo‘ldi. Yaydoq va ovloq joylarda yemish bejiz yotmasligini va bu hid ortida albatta biror xavf yashiringanligini fahmlab yetdi. Ko‘pincha, agar hafsala qilsa, tosh va tuproq sochib, qopqonni zararsizlantirib ketar, ba’zan esa uni chetlab o‘tardi.

U navbatdagi qopqonga Qoratepa yaqinida duch keldi. Bu qopqon G‘uchchi pakananing qutqusi bilan qo‘yilgandi.
Yoldorning Qoratepaga kelishiga hanuz to‘la ishonmagan bo‘lsa-da, Sarvar uning rayini qaytarolmagan, qopqonlardan birini shu yerga joylashtirgandi. Qolganlarini esa o‘z bilgicha, lekin Yoldor yuradigan so‘qmoqlarni tusmollab qo‘yib chiqqandi.
Yoldor bu qopqonga tegmadi. Uni chetlab o‘tdi. Olmazorda shovur sezib, qabrlar orasidan o‘sha tomonga mo‘raladi. Suyun chol nevarasi bilan olma terib yurgan ekan.

U Qoratepada ko‘p hayallamay, Yalangtosh orqali kunbotar tomon yurdi. Hududning shimoliy-g‘arbiy qismidagi asosiy "ustun"lardan biri bo‘lmish qayrag‘och yonida to‘xtadi. Unda qoldirilgan hidlarni obdon iskab o‘rgandi. Qandaydir ahmoq buqa daraxt tanasiga rosa ishqalanibdi. U bundan ko‘pda ranjib turmay, belgisini yangiladi-da, nari borib cho‘nqaydi. Tog‘larga boqdi. Beridagi cho‘qqilarga ham qor tushganini ko‘rdi.

U havodagi qor hidi qatorida, yuragida tag‘in o‘sha g‘alati hisni tuydi. O‘ziga araz, nafrat va mehr bilan qarab ketgan Oqsiynani yana qo‘msay boshladi. Qiziq, ilgari bu xil tuyg‘ularni sezmasdi. Dastlab ozodlikdan boshqasini o‘ylamasdi. So‘ng erkinlikdan sarmast yurdi. Keyin hudud masalasi bilan andarmon bo‘ldi. Agar qo‘shni to‘daning beboshligini o‘ylamasa, kunlari binoyidek o‘tmoqda edi.
Biroq kutilmaganda, mana tushunuksiz tuyg‘ular uni qiynoqqa sola boshladi. Totli, o‘z navbatida, mavhum bu hislarning neligini anglashga qurbi yetmay, u asta kelib qayrag‘och poyiga cho‘zildi. Quyidagi ilonizi so‘qmoqdan ketib borayotgan eshakli cholga hardamxayol tikildi. Bu bir paytlar uni qopqonga tushishidan asrab qolgan o‘sha chol edi.
 U eshakliga ergashgan bo‘shang itga jiddiy boqarkan, ilk bor yuragida tanish tajovuzni his etmadi. Avvallari it zotini ko‘rsa, butun vujudi intiqom o‘tidan lovullaydigan jonivorning, bu safar, biror tuki qilt etmadi. U hanuz tushunuksiz tuyg‘ular girdobida edi.

Yoldor bu yerda uzoq turmay, Egrisoyni qoralab yo‘lga tushdi. Egrisoyda to‘ng‘izlarning katta oilasi yashardi. U alaqachon ularni ko‘z ostiga olib qo‘ygandi. Agar ovi baroridan kelmasa, Qizilqiya yoqalab Do‘ngqoyaga o‘tadi. Qoya o‘ngirlaridan birida g‘amlamasi bor.
U bir maromda yo‘rtib borarkan, Uchburundagi yovvoyi do‘lanazorda Maymoqni ko‘rdi. U mevasiz buta tagida nimanidir ishtaha bilan chaynardi. Yoldor odatiga xos, asta irilladi. Maymoq esa unga e’tibor ham bermadi.


Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:26:08

* * *

Qo‘ygan qopqonlaridan biror naf chiqavermagach, Sarvar chinakamiga tashvishga tushib qoldi. G‘uchchi pakananing qarovidan, uning ta’biri bilan aytganda, yiltillab semira boshlagan qo‘ylari ortiq uni quvontirmay qo‘ydi. Ularga omonat sifatida qaray boshladi. Aslida ham shu. Agar Yoldorni tinchitmasa, bir necha kundan so‘ng suruv Shoyim yo‘g‘onning ixtiyoriga o‘tadi. Qani endi, odam yollash mumkin bo‘lsayu bu boshog‘riqdan tezroq qutula qolsa. Ammo shart bo‘yicha bu mumkin emas. Shoyim yo‘g‘on hatto qopqonga qarshi chiqib o‘tiribdi.

— Qopqonga kelishmaganmiz, — dedi bugun ertalab. — G‘irrom o‘yinni bas qiling!
— Qanaqasiga g‘irrom? — Sarvar yo‘q yerdagi bu da’vodan hayron bo‘ldi. — Nima qilaman, qanday qo‘lga tushiraman, nima farqi bor sizga?

— Judayam farqi bor-da! — Shoyim yo‘g‘on unga teshib yuborar darajada o‘qrayib tikildi. — Jondor bo‘lsa-da, u yigitday bir gap! Biz uni yigit deb bilamiz.
 
   Yigit bilan yigitday gaplashing! Hali qopqon qo‘yasiz, hali anovu pakanani ergashtirib chiqasiz. Baridan boxabarmiz. G‘irrom o‘yinni bas qiling! Yo‘g‘asam yomon xafalashib qolamiz.

U deraza yonida shu gaplarni eslab o‘tirarkan, tund osmonga umidvor tikildi. Qani endi, bir enlikkina qor yog‘ib bersa-yu, Yoldorning iziga tushish imkoniyati tug‘ilsa.
Ovda iz olib, o‘ljani qo‘lga tushirishni u amaldor og‘aynisidan o‘rgangandi. Ovga ishqibozlikniyam shu jo‘rasidan yuqtirgan. Qish-qirovli kunlarda amaldor og‘aynisi vahimali xorijiy mashinasida gurillab kelardi-da, uni ovga olib ketardi. Sarvar boshda ovni shunchaki ovoragarchilik deb o‘ylardi. Ammo nafi ko‘p tegadigan amaldor og‘aynisining gapini hech ikki qilolmasdi. Ikkinchidan esa, ov bahonasida yaxshigina maishatga berilishardi. Amaldor mingan mashinaning yukxonasidan jondan bo‘lak hamma narsa topilardi. Bu noz-ne’matlar dala-dashtda, qorda, gulxan tevaragida negadir boshqacha tatirdi.

Amaldor jo‘rasi, uning o‘ylashicha, pishqirib, guldirab, gumburlab yashardi. Bo‘yi naq ikki metr, kuchi gavdasiga mos, agar chinakamiga istasa, har qanday qo‘yni bir o‘tirishda yeb tugatadigan azamat yigit edi. Sizdan ajal ham hayiqsa kerak, derdi ba’zida Sarvar uning kelbatiga havaslanib boqib. Biroq ajal deganlari qo‘tosday baquvvat bu yigitdan hech ham hayiqmas ekan, bir o‘tirishda sezdirmaygina jonini olib qo‘ydi. Bu holdan hamma hayron. Kimdir u dedi, kimdir bu, orada devday bir yigit o‘ldi-ketdi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:28:32

Sarvarga undan ovchilik meros bo‘lib qoldi. U ovchilikning o‘ziga xos sir-sinoatlarini to‘la o‘zlashtirolmagan esa-da, obdon zavqini totishga ulgurgandi. Shundan beri u ovni kanda qilmaydi.

Amaldor og‘aynisi, bu dashtda qimirlagan jon borki, bari bizniki, deyishni yaxshi ko‘rardi. Ular shaharchaning kunbotish tomonidagi ufqqa tutash sarhadsiz cho‘lni yayov va mashinada qadamba-qadam kezib chiqishgan. Ovning hadisini olgan jo‘rasi qordagi izlarni bexato aniqlardi. Izga qarab yovvoyi jonivorning qachon va qay paytda o‘tganligini adashmay aytardi. O‘ljasining mazali qismini dashtning o‘zidayoq kabob qilishga tushardi. U gohida ovchi itlarini ishga solsa, gohida yirik jonivorlarni mashinada quvlab otardi. O‘ljasining ketidan tushganda, u butunlay o‘zgarardi, ya’ni yovvoyi bir ovozda bo‘kirar, so‘kinar va bundan g‘oyat huzurlanardi. Itlarni esa juda yoqtirardi. Yaxshilarini erinmay ovga o‘rgatardi. Yoldor tomonidan o‘ldirib ketilgan Dikkiquloq uning eng yaxshi ko‘rgan itlaridan biri edi. Sarvar uni, jo‘ramdan esdalik deb, o‘ziga olgandi. Og‘aynisining o‘limidan so‘ng, dashtma-dasht izg‘ishni bas qilgan bo‘lsa-da, Qamishko‘lga tanda qo‘ygandi. O‘rdak ovi bilan shug‘ullanardi. Hatto bir marta cho‘loq bo‘rini otgan. Ammo Yoldor deganlari u bilgan va tasavvur etgan bo‘rilarga hech o‘xshamasdi. Uning qiliqlaridan hayratda edi. Odatda tirik bo‘rini ko‘rish har kimga ham nasib etavermaydi. Ular imkoni boricha ko‘zga tashlanmaslikka urinishadi. Yoldorni esa necha bor qishloq yaqinida, do‘ngda, buloq bo‘yida va hatto qo‘rasi yonida uchratdi. Yarog‘ini qo‘liga olguncha bo‘lmay, arvohday ko‘zdan yo‘qoladi. Biroq uzoqlab ham ketmaydi. Qoratepada bo‘ridan tashqari, ayiq iziga duch kelganda, hang-mang turib qolgan. Ammo hayratini birovga aytolmagan. Negaki, qishloq odamlari juda g‘alati, ular o‘z his-tuyg‘ularini hech qachon oshkor etishmaydi, nari borsa, shuning nimasiga buncha hovliqasan, degan ohangda, tog‘da yashaymiz-da, deb qo‘ya qolishadi.

Faqat G‘uchchi pakanagina ularga o‘xshamaydi. Ichidagi tashida. Soddaligi bois, qishloqda unchalik obro‘yi yo‘q. Biroq do‘stga itday sodiq.

— Aka, bugun miltiqni menga bersangiz, — deb qoldi ertalab dab-durustdan. — Shoyim yo‘g‘onga beradigan qo‘yimiz yo‘q! Men unga qo‘y tugul, qo‘yning qulog‘ini ham ravo ko‘rmayman!

— Namuncha yomon ko‘rmasangiz uni.

— Men uni yomon ko‘rmayman, men... — G‘uchchi pakana gapning u yog‘ini aytishga iymanadi. Qizarib bosh qashlaydi-da, so‘ng deydi: — Suruv qo‘ldan ketmasin deyman-da. Axir siz akamsiz, kuyadi-da odam.

— Rostdan kuyasizmi?

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:30:32

— Emasam-chi!

— Miltiqni nega so‘rab qoldingiz? Yo Shoyim yo‘g‘onni...

— E, yo‘q, — deya G‘uchchi pakana uning gapini bo‘ladi. — Yoldor uchrasa, otmoqchiman. Menga uchrab turadi-da u.

— Qo‘ylarga ehtiyot bo‘ling.

— U qo‘ylarga tegmaydi deganman-ku.

— Men uni tushunmayman.

— Uni hech kim tushunmaydi.

— Qani endi, bir enlikkina qor yog‘ib bersa...

— Men ham shunga ilhaqman.

Sarvar shularni eslab, tund osmonga, yonbag‘irlikdagi archazorga dilgir tikiladi. G‘o‘ldirab so‘kinadi. Nega deganda, u ertalabdan beri garang. O‘tirib o‘tirolmaydi, turib turolmaydi. Yarog‘ini ko‘tarib chiqishdan esa biror ma’ni yo‘q. Tog‘da Yoldorni qidirish, pichan g‘aramidan igna izlashdek bir gap ekaniga allaqachon aqli yetgan. Shuningchun qorni intiq kutmoqda edi. Havo esa yurakni siqar darajada tund, yog‘ib yog‘masdi, ochilib ochilmasdi.

U deraza yonida qancha turdi, bilmaydi. Orada pechkaga o‘tin tashladi. Miltig‘ini qayta tozaladi. So‘ng joyiga cho‘kib, Yoldorni qaerdan qidirishni o‘ylay boshladi. Keyin birdan ko‘zlariga ishonmay derazaga yopishdi. Yo‘q, ko‘zlari aldamagan, tashqarida qor uchqunlamoqda edi.

U quvonchdan baqirib yubordi. Xuddi amaldor og‘aynisidek bor ovozda hayqirdi. Keyin qo‘llarini beo‘xshov salanglatgancha, o‘yinga tushib ketdi.

— Kuning bitdi, Yoldor! Kunginang bitdi!

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:31:26

* * *

Yoldor tuni bilan yog‘ib chiqqan qorni mamnun qarshiladi. Qorli havo ichida dimlanib yotgan lanjlikni quvib, g‘ayrat quyunini solgandek, u yanada tetiklandi. Qor kechib daydidi. Qor kechgani sari g‘ayrati jo‘shayotganini sezdi.

Odatdagidek, u qishloqdan uncha uzoqlashib ketmagandi. Saharga yaqin tingan qor ustida iz qoldirib, qishloqqa endi. Negadir cholning kimsasiz kulbasiga bosh suqqisi keldi. Eshik va derazalarni bir-bir iskab chiqdi. Oshxonaga kirib chiqishniyam unutmadi. Bo‘m-bo‘sh qo‘ra yonida bir zum cho‘nqayib turdi-da, so‘ng qishloq itlarining yuragiga qutqu solib, yana iziga qaytdi. Bu safar itlar uni ortiq qiziqtirmadi. U hanuz anglarsiz tuyg‘u girdobida edi.

U buloq bo‘yiga yetganda, ichdan nimadir uni tog‘lar tomonga chorlayotganini his etdi. Nima? Quvonchmi yo tashvishmi? Bu xil hisni ilgariyam ikki-uch bor tuygan. Hududiga begonalar oralaganini avvaldan sezgan va hamisha haq bo‘lib chiqqan. Ammo bu safargi hislar to‘fonliroq edi. Bugun hayotida nimadir sodir bo‘lishi mumkindek edi.

U Uchqizilda shumshayib turgan Maymoqqa duch keldi. Qor toqqa emas, Maymoqning ichiga yoqqandi. Tanasiga yog‘ zahirasini to‘la g‘amlashga ulgurmagan Maymoq juda g‘amgin edi. Hademay qish uyqusiga ketishi lozim bo‘lgan bu jonivor zahiraning kamligi o‘zini ne kuylarga solishini yaxshi bilardi. Odatda, ochiqqan jonivor muddatdan ilgari uyg‘onib ketadi. Uyg‘onganda, ko‘klamga hali uzoq, tog‘ esa qalin qor ko‘rpasi ostida mudrayotgan bo‘ladi. Oqibat, u yegulik topolmay haftalab och yuradi. Uyquga to‘la qonmagani uchun karaxtlik qoniga tashna qilib yuboradi. Biror o‘ngirda g‘ujanak tushib olib, panjalarini so‘radi. Ammo tanasida ortiqcha yog‘ yo‘q, nafsi qonmay alamnak o‘kiradi. Mo‘rilaridan tutun o‘rlab turgan qishloqqa umidvor boqadi. Qishloqqa ensa nimadir topishini va shuningdek, jonidan ayrilib qolishi mumkinliginiyam biladi. Shu bois, qishloqqa enishdan tiyilib, tog‘lar oralaydi. Ko‘klam kelishini zor-intizor kutadi. Nishabliklarda maysalar nish urishi bilan uning kuni tug‘a boshlaydi. Biroq bungacha necha haftalab ochlik azobini boshidan kechirishi kerak. Bunaqa paytlarda u har qanday o‘laksadan tap tortmaydi. Ammo tog‘da o‘laksalar hamisha ham topilavermaydi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:33:26

Yoldor muyulishda paydo bo‘lganida, u g‘oyat ezgin holatda mung‘ayib o‘tirardi. Axir ezilmay bo‘ladimi, kuni kecha ko‘zlarini yashnatib turgan mevalardan asar yo‘q, bari qor tagida qolgan. Qorni esa ertalabdan tatalamoqda. U alamdan Yoldorga qarab asta o‘kiradi. Yoldor esa uning zamzamasiga e’tibor ham bermadi. Qor kechib, qiyalik bo‘ylab yo‘lda davom etdi.

Yoldorning qadam ranjida qilishi Maymoq uchun foydadan xoli bo‘lmadi. Kimsasiz tuyulgan tog‘da tirik jonni uchratish uning esiga harakat qilish lozimligini tushirdi. Negaki, tog‘ hissiz, tog‘ shafqatsiz—agar harakatdan erinsang, uning quchog‘ida yashashing qiyin, tirik qolishing gumon. Lanjlik va hafsalasizlik ortidan hamisha o‘lim poylab turadi.

U qordan egilgan butalarni silkilab, yemish qidirishga tushdi.
Hozircha qorin tashvishidan xoli bo‘lgan Yoldor esa qorda iz qoldirib, tobora ilgarilarkan, qiyalikda bir zum to‘xtadi. Cho‘nqayib tevarakni zimdan kuzatdi. So‘ng oshiqmay yana yo‘lda davom etdi.

Uning navbatdagi qo‘nim topgan manzili Qilso‘qmoqdan beridagi Keng so‘qmoq bo‘ldi. Bu so‘qmoq Dovonortiga olib boradigan yagona yo‘lning boshlanish qismi hisoblanib, Qilso‘qmoqdan uni archazor qiyalik ajratib turadi. U Kengso‘qmoq deb nomlansa-da, aslida siyrak archali, uzun va enlik sayhonlik edi. Sayhonlikning bir yonida nuragan qoya, ikkinchi yoni esa qiyalanib borib, chog‘roq vodiyga borib tutashardi. Vodiydan narisi mayda tizmalar bo‘lib, go‘zal manzara hosil qilardi.
Yoldor qarshisida yuz ochgan bu manzaraga — qor qo‘ngan archalarga, mo‘’jaz vodiyga, bir-biriga ulanib ketgan tog‘ tizmalariga asta boqarkan, yuragini hapqirtirgan hisning boisini anglaganday bo‘ldi. Muzdek havoda qo‘shni to‘daning ojiz hidini ilg‘adi. Ilg‘ashi bilan yag‘rin tuklari tikrayib, vajohatli irilladi. Oldingi panjalarini qorga botirib, tishlarini dahshatli tarzda shaqirlatdi. Lekin o‘tgan galgidek hovliqmadi. Qaytamga vaziyatni yanada aniqroq o‘rganishga urindi. Shamol olib kelayotgan hidga qaraganda, to‘da Qilso‘qmoqdan narida harakatlanmoqda. Agar ular bu tomonni ko‘zlagan bo‘lsa, faqat mana shu yo‘nalishdangina kelishi mumkin. Shu tobda uning dimog‘iga o‘zga bir hid chalinmaganda, Yoldor ortiq sabr qilolmas, o‘pkasini qo‘ltiqlamasa-da, har holda allaqachon to‘da sari yurgan bo‘lardi.

Qayd etilgan