Normurod Norqobilov. G'animlar (qissa)  ( 19064 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 B


Ansora  04 Fevral 2010, 21:58:34

Sarvar o‘zini zo‘r ovchi hisoblasa-da, bo‘rilar haqida bilganlari odamlardan eshitgan turli rivoyatlaru afsonalar edi, xolos. Emishki, bo‘ri och qolsa, hatto tomni tesharmish, yana emishki, agar u qasdlansa, o‘chini olmasdan qo‘ymasmish. Tomni teshgan jonivorga u yotgan chuqurga tushish nima bo‘pti. Yengilgina bir sakrasa bo‘ldi-da.

O‘zi qasdlangani uchunmi, Yoldorni ham qasdda yuribdi deb o‘ylagandi. Pichog‘ini yalang‘ochlab, turli harakatlarni mashq qilgani shundan edi. Qaytamga, o‘rta yerda qo‘lining muzlagani qoldi. Oxiri u pichog‘ini qorga sanchib, kuh-kuhlab, kaftlarini isitishga tushdi. Orada chuqurning nishabroq bo‘lib ko‘ringan devori tomon siljib, undan chiqishni o‘yladi. Oqibat, barcha urinishlari behudaligini, yarador oyog‘i bilan yuqoriga tirmashib bo‘lmasligini anglab, sudralib yana joyiga qaytdi. Yoldorni ko‘rib turishni istadi. U g‘animining harakatlaridan ogoh bo‘lish uchun emas, yolg‘izlikdan qo‘rqdi. Har holda Yoldor tirik jon, yuragiga dalda berib turadi. Aks holda qor bosgan bu tog‘u toshlar o‘zini yutib yuboradigandek edi.
U bu tog‘lar qarshisida o‘zini qum zarrasidan ham mayda his qilmoqda edi. Holbuki, bir necha soat burun bu dunyoga sig‘maydigandek edi. Orzu-o‘ylari ham bisyor edi. Garovda yutqazib qo‘yishi o‘lim bilan tengdek edi. Endi esa buning barisi o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, jonidan o‘zgasi ko‘ziga ko‘rinmasdi.
So‘nggi onlarda uni ikki bor uyqu elitdi. Tevaragidan ketmay, asta aylanishayotgan ajal sharpasi g‘oyat makkorlik bilan o‘lim to‘rini tashlashga urinayotganini sezib turardi. Unga har gal chap berish qiyinligini, agar shu sozda miq etmay o‘tiraversa, ajal osongina o‘z niyatiga yetishini yaxshi bilardi. Yigitni, ayni damda u mahrum bo‘lgan, harakatgina qutqarib qolishi mumkin edi. Bir safar cho‘lda shu yo‘l bilangina omon qolishganini u hanuz eslaydi.
Ov paytida mashinalari cho‘l o‘rtasida buzilib qolganida, amaldor jo‘rasi ko‘p o‘ylab turmay, yo‘l tadorigini ko‘ra boshlagan.

— Mashina-chi? — degan u jo‘rasiga ergashishni ham, ergashmaslikni ham bilmay. — Mashina qolaveradimi?

— Unga it ham tegmaydi, — degan jo‘rasi. — Bu yerlarga hafta-o‘n kundayam birov oyoq bosmaydi.

— Harholda...
— Mashina jondan aziz emas-ku, birodar, — jo‘rasi achchiq haqiqatni aytishga jazm qildi.—Agar bu yerda qolsak, mashinadangina emas, jondan ayrilamiz. Mashina yoqib ham bu balodan qutulishimiz qiyin. Bizni faqat harakat qutqaradi. Cho‘ponlar qo‘nolg‘asiga yetib olsak marra bizniki. Aks holda joningizdan umid uzavering!

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 21:59:40

Ular tuflangan tupuk yerga tushmay yaxlaydigan sovuqda yo‘lga tushishgan. Sarvar yura-yura g‘alati bir sarxushlikni his qila boshlagan, uyqu tortayotganini sezgan. Jo‘rasining hay-haylashlari ortiq qulog‘iga kirmay qo‘ygan. Shunda kutilmaganda qo‘ymichiga kuchli tepki kelib tushgan.

— Agar yana mudrasangiz, qo‘ndoq bilan uraman! — degan jo‘rasi uzr so‘rash o‘rniga dag‘dag‘a qilib.— Uxlamang! Uyqu—o‘lim! Sabr qilsangiz, hademay cho‘ponlar qo‘nalg‘asiga yetamiz.

Jo‘rasi miltiq qo‘ndog‘i bilan urmagan-u, lekin yo‘l bo‘yi yana uch bor o‘xshatib tepgan. Jahlini qo‘zitish uchun xunuk so‘zlar bilan so‘kkan. Xafa bo‘lishga esa uning holi yetmagan, tepkilar kuchsiz, nordon so‘zlar ta’sirsiz, oppoq qor bosgan cho‘l cheksiz tuyulgan. Keyin esa, og‘aynisidan anchagina o‘pkalanib yurgan, o‘shanda meni yomon tepgansiz, deb. Jo‘rasi muzlab o‘lishning sir-asrorini yaxshilab tushuntirishga majbur bo‘lgan. Uning aytganlari mana endi asqotayapti. Biroq harakatsiz odamga bu vaqtinchalik chora ekanini ham fahmlab turardi. Imkoni boricha uyqu to‘riga ilinmaslikka tirishardi.

O‘shanda og‘aynisidan har tepki yeganda, u o‘ksik o‘ylarga berilgan. Nega men bunga dum bo‘lib yuribman o‘zi, deb o‘ylagan. Amaligayam, o‘zigayam tupuraman degan. Tupurishga qurbi yetmasligini sezgach esa, negadir talaba yigitni eslagan. Uning achchiq so‘zlarida qandaydir haqiqat mavjudligini his qilganday bo‘lgan. Lekin neligini anglayolmagan. Anglashga eringan. Navbatdagi tepki tushib qolmasligi uchun yo‘rg‘alashga uringan. Keyin gaplashaman sen bilan, deya o‘zini tinchlantirishga harakat qilgan. Ana shunda karaxt shuuri qatidan talaba yigitning istehzoli chehrasi qalqib chiqqan: "Bekorga chiranayapsiz!" degan. Quturib so‘kinmoqchi bo‘lganida, u qumga singandek ko‘zdan yo‘qolgan. Ortidan turtkilab kelayotgan jo‘rasi esa buni o‘zicha tushungan.

— So‘kining, so‘kinavering! Faqat uxlamang! — degan. — Onadan so‘kinasizmi, otadan so‘kinasizmi, mutloq xafa bo‘lish yo‘q. Lekin uxlamang, iltimos!

— Sizni so‘kayotganim yo‘q. — U hushyor tortishga urinadi. — Sizni so‘kib o‘libmanmi! Axir siz... Sizni so‘kib bo‘ladimi!

— Yo‘q, so‘kinavering.
Tun pardasi chulg‘ay boshlagan dasht qa’ridan yana talaba yigit tirjayib chiqadi: "Aytdim-ku, bekorga chiranmang ko‘p deb! So‘kolmaysiz! Chunki siz odamlarni tabaqalashtirib, shunga qarab muomala qiladigan pastkash bir kimsasiz. Erta bir kun bu amaldan ketsa, hol so‘rashga yaramaydigan bandasiz! Yana aytaymi kimligingizni?.." Sarvar qo‘lini to‘lg‘ab, uni o‘zidan nari haydamoqchi bo‘ladi. Ammo yelkasiga kelib tushgan turtkidan munkib ketadi. Qaddini bazo‘r tiklab, qarshisida tag‘in sovuq dashtni ko‘radi. Dashtning uzoq bir burchida lipillayotgan chiroqqa ko‘zi tushadi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 22:01:13

— Endi o‘lmaymiz! — deydi hiqillab.

— O‘lishingizga yo‘l ham qo‘ymaymiz-da! — deydi jo‘rasi shodon va tolg‘in ovozda. — Uxlasangiz, yana turtaman!

Buni qarangki, sovuq dashtda g‘ashiga tekkan talaba yigit bu yerda ham uni tinchiga qo‘ymayotgan edi. Istehzoli kulimsiragancha nuqul uxlashga undardi.
— Uxlang-uxlang! Bahuzur uxlayvering!

Mudray boshlagan Sarvar to‘ng‘igan lablarini bazo‘r qimirlatadi.
— Mumkin emas, uxlasam—o‘laman.

— Bu bilan dunyo hech narsa yo‘qotmaydi, uxlayvering!

— Bilaman, qo‘yningda toshing bor.

— Menda tosh nima qiladi?

— Unda nega meni yoqtirmaysan?

— Dunyoqarashingiz juda kir-da...

— Lekin men ham seni yomon ko‘raman!

— Siz o‘zingizdan bo‘lak, hech kimni yaxshi ko‘rmaysiz.

— To‘g‘ri topding lekin.

— Shuning uchun ham uxlang deyapman-da.

— Tong otsin, sen bilan keyin gaplashaman!

— Sizning tongingiz otarmikan?

— Buncha tiling zahar-a?

— Bo‘larim shu.

— Ta’ziringni bermasimdan, qorangni o‘chir!

— Siz esa, uxlang.

— E, yo‘qol!

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 22:03:14

Sarvar munkib, uyg‘onib ketadi.
Ko‘zlarini ochib, do‘ngda bir gala qorani ko‘radi. Qarasaki, bir to‘da bo‘ri. Umri bino bo‘lib, buncha bo‘rini bir yerda yig‘in holda uchratmagandi. Ammo yuragida qo‘rquv tuyg‘usini his qilmadi. Axir to‘ng‘ib o‘lding nimayu, bularga yem bo‘lding nima — bari bir go‘r emasmi. U narida yax qotgan qorga sanchib qo‘yilgan pichog‘iga ko‘z qirini tashlab qo‘yadi. Lekin uni qo‘liga olishga intilmaydi. Boshini devorga suyagancha, yuqoriga loqayd tikiladi.

Bir ozdan so‘ng do‘ngdagi voqeani, ya’ni Yoldor g‘anim to‘daga qarshi tish qayrab turganini sekin-asta fahmlay boshlaydi. Yoldorning holati juda bejo edi. Yag‘rin tuklarini hurpaytirgancha, qoya yanglig‘ qotib turardi. G‘anim tomon esa bu "qoya"ga urilib, chilparchin bo‘lishdan cho‘chiyotgandek edi.

Oxiri ulardan birining sabri tugadi shekilli, to‘dadan ajralib chiqdi. "Qoya"ga birdan tashlanmay, irillagancha uning atrofini aylana boshladi. "Qoya"—Yoldor, boshini bir oz burganini demasa, qilt etmay turaverdi. Chamasi, uning nazari taraddudlanayotgan boshqa bo‘rilarda edi. Tevaragini aylanayotgan yirtqichni uncha pisand qilmayotgandek edi. Shunda Yoldordan sal narida cho‘nqayishgan bo‘rilar safidan yana biri oldinga intildi. Ammo u kutilmaganda ikkinchi bir bo‘ri tomonidan qayirib tashlandi.

Ko‘z o‘ngida yuz berayotgan bu manzara Sarvarga juda qiziq tuyuldi. Hayajondanmi, taniga qon yugurib, jindek isigandek bo‘ldi. Bu orada hanuz irillab aylanayotgan yirtqich to‘satdan Yoldorga tashlanib qoldi. O‘rtada olatasir olishuv boshlandi. Itlarning o‘zaro talashganini ko‘p bor ko‘rgan Sarvarning Yoldorga rahmi keldi. Negaki, odatda, begona it boshqa itlar tomonidan jamlikda ayovsizlarcha talanadi.

Biroq u kutgan hodisa yuz bermadi. Do‘ngda saf tortgancha olishuvni kuzatayotgan bo‘rilardan birortasi jangga aralashmadi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 22:03:43

Sarvar taajjubdan dong qotdi va xayoliga kelgani shu bo‘ldi: "E, tavba! Jondorlar yigitlarcha urisharkan-ku!" Uning sinchkov nigohi manglayida qashqasi bor jonivorning harakatlarini nazardan qochirmadi. Oqmanglayli bu yirtqich jangni kuzatishdan ko‘ra, ko‘proq safdagi boshqa bo‘rilarga ko‘z-quloq bo‘lib turardi. Ana, u yana bir sherigini ortga haydadi.

Bu ikkisi esa qorni to‘zg‘itib, beshafqat olishardi. G‘animi zo‘r, Yoldor esa undan-da kuchliroq ekanligi tezda ayonlasha boshladi. G‘anim to‘satdan angillab yubordi. Yoldor navbatdagi hamlaga hozirlanguncha bo‘lmay, u dumini qisgancha qochib qoldi. Sheriklari unga ergashdi.

To‘da maydonda Yoldorni yolg‘iz qoldirib, bir zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Yoldor do‘ngda bir oz cho‘nqayib o‘tirdi. Tumshug‘ini cho‘zib hid oldi. Qor bosgan vodiyga uzoq tikilib qoldi. So‘ng oshiqmay iziga qayta boshladi. "O‘ra" yonidan o‘tayotganda, andak to‘xtadi. Sarvarga shunchaki bir ko‘z tashlab, yana yo‘lida davom etdi.
Bu vaqtga kelib Sarvar bo‘ri zotidan umuman cho‘chimay qo‘ygandi. Yoldor haqidagi dastlabki o‘ylari endi unga juda kulguli tuyulmoqda edi. Ammo uning kulmoqqa chog‘i yo‘q, bo‘rilar olishuvi paytida hayajondan xiyol qizigan vujudi tag‘in sovqota boshlagandi. U Yoldorning o‘rnida iti bo‘lmaganidan o‘kindi. Agar Dikkiquloq tirik yurganida, uni bu holga tashlab qo‘ymagan, allaqachon qishloqdan odamlarni boshlab kelgan bo‘lardi. Dikkiquloqning qotili esa unga shunchaki bir qarab o‘tdi-ketdi. Biroq u negadir Yoldorga nisbatan g‘azab his qilmadi.
Yuqorida muzlagan qorning qisirlashi eshitilganda, tag‘in uning ko‘zi ilina boshlagandi. O‘limga chorlovchi bu uyqu shu qadar shirin ediki, ortiq ko‘z ochishni istamay turganida, G‘uchchi pakananing ovozi eshitildi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 22:04:13

— Iya, aka, nima yotish bu?!

Sarvar ko‘zlarini ochib, "o‘ra" og‘zida angrayib, ham quvonib turgan G‘uchchi pakanani ko‘rdi.

— Izingizni olib kelayapman, — dedi u "o‘ra"ga tushmoq uchun qulay joy qidirib. — Ko‘nglim sezgani bo‘pti-da. Yomon yiqilmadingizmi ishqilib? Hozir oldingizga tushaman.

— Tushmang! — Sarvar jonlanib, qo‘li bilan, to‘xta, deganday ishora qildi. — Tusha ko‘rmang! Baribir foydasi yo‘q. Oyoqni sindirib olganman. Arqon kerak.
Bu gapdan so‘ng G‘uchchi pakana chuqur og‘zida bir zum serraygancha turib qoldi. Negadir u yon-bu yon qarandi. Keyin so‘ragani shu bo‘ldi.

— E, miltiq qani?
Sarvar shu tobda ko‘ziga har qanday tug‘ishganidan ziyoda bo‘lib ko‘rinayotgan yigitga jilmayib qarash bilan cheklandi.

— Tushunarli,— dedi G‘uchchi pakana hech narsani tushunmagan bo‘lsa-da. — Hozir odam boshlab kelaman. Arqon ham olib kelaman. Emasam, ketdim men.
U qasir-qusur qor bosgancha tezda ko‘zdan yo‘qoldi.

Sarvar toshdevorga behol suyandi. Negadir yig‘lagisi keldi. Quvonchdanmi yo g‘amdanmi, har holda ich-ichidan nimadir to‘lqin urib kelmoqda edi.
U jilmaygan ko‘yi yig‘lay boshladi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 22:05:16

* * *

U G‘uchchi pakana butun qishloqni boshlab keladi deb sira o‘ylamagandi. Qishloqda erkak borki, deyarli bari kelgandi.

Epchil yigitlar arqonga osilib, osilmay chuqurga tusha boshladilar. Turgan gap, G‘uchchi pakana hammadan ko‘ra ko‘proq jon kuydirardi. Baqirib-chaqirib yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga tirishardi.

— Shuncha odamni ovora qilishingiz shartmidi? — Sarvar xijolat tortganini yashirolmadi. — Kishini uyatga qo‘ydingizda.

— E, nimasi uyat buning!—G‘uchchi pakana o‘ktam ovozda shang‘illadi. — Odam odamga shunday paytda qayishmasa, qay paytda qayishadi. Men birovga yur demadim, ovoza qildim. Ammo lekin Botir aka bilan Sulton akaga yuring deganim rost. Boshqalarning o‘zlari kelishdi. Elchilik-da, elchilik! Eldan aylanay! I-i, og‘riyaptimi?

— Yigitlar, ehtiyot bo‘linglar! Zokir, sen pastdan tut! Juda imilladingda, Abdurayim! Ha, shunday. Barakalla! Arqonni qorindan emas, qo‘ltiq tagidan sol, shunda tortib olish osonroq bo‘ladi.

U Shoyim yo‘g‘onga "o‘ra" og‘zida ro‘paro‘ bo‘ldi. Shoyim yo‘g‘onning ko‘zlaridan to‘nglik arigan, boshqalar kabi hamdardlik bilan boqib turardi. Yigitlar ko‘kragini sirib turgan arqonni yecha boshlaganida, u Shoyim yo‘g‘onga yuzlandi. Hech bir ichki iztirobsiz dedi:

— Aka, siz yutdingiz.

Ammo Shoyim yo‘g‘on u kutganchalik quvonmadi, irg‘ishlamadi. Qarashlari bir oz tundlashdi-yu, lekin hech qanday o‘zgarish yuz bermadi. Og‘zidan oppoq hovur chiqarib, mushtumiga yo‘taldi. Keyin birdan esiga tushganday, oshig‘ich bir harakatla ustidan qalin po‘stinini yechdi-da, sovuqdan qaltiray boshlagan Sarvarning yelkasiga tashladi.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 22:06:02

— Bir nima deganday bo‘ldingizmi? — dedi so‘ng hardamxayol ohangda.

— Garov...

— Esdan chiqaring!

— Axir...

— Ko‘p mayda gap bo‘mang!

— Labz...

— Suruv menikimi?

— Sizniki.

— Unda men uni omon qolgan joningizga siylov qildim. Kattazanglik qilmaganingizda shu balolar yo‘q edi. Bundan so‘g‘in davlatingiz bilan maqtanmang! Agar juda oshib-toshib ketgan bo‘lsangiz, yarmini, ana, pakanaga bering. Kuymaysiz. Joningizni omon saqlab qolgan shu-da.

Odamlar orasidan G‘uchchi pakananing norozi ovozi eshitiladi.
— Aka, mening otim bor!

— Uzr, G‘uchchi aka, — Shoyim yo‘g‘on kuladi. — Til qurg‘ur besuyaklik qipti. Ming bor uzr.

— Sizga odamni kalaka qilish bo‘lsa... — G‘uchchi pakana to‘ng‘illay-to‘ng‘illay uning uzrini qabul qiladi. — Bundan so‘ng eshitmay, qattiq xafa bo‘laman.
Qor ustiga yozilgan chakmonga avaylab yotqizilgan Sarvarning ko‘zi naridagi nuragan qoyaga tusharkan, uning poyida sodir bo‘lgan bugungi voqeani esladi. Nazarida, Yoldor uni boshqa bo‘rilardan himoya qilgandek tuyuldi. Yoldor quvib solmaganida, ular meni tirik qo‘ymasdi, degan xayolga bordi. Bu o‘y ilgariroq miyasiga kelmaganidan o‘kindi.

— Aka! — dedi Shoyim yo‘g‘onni yoniga imlarkan, ovozi tovlanib. — Shu... Yoldorga tegmasak! Oddiy jondor desam, zo‘r yigit ekan u! Qo‘ying, o‘z maylida yuraversin!

— Bizam shu o‘ydamiz, — dedi Shoyim yo‘g‘on nimanidir anglaganday. — Mayli, o‘z erkida yuraversin.

Qayd etilgan


Ansora  04 Fevral 2010, 22:07:54

* * *

O‘sha kuni oqshom G‘uchchi pakana yangi gap topib keldi.
Bu paytda Sarvar issiq xonada, pechkada gurillab yonayotgan o‘tga xayolchan termulgancha, odamlarning g‘amxo‘rligidan erkalanib yotardi. Taxtakachlangan oyog‘i qo‘shni kampir qo‘yib bergan kursi ustida, qandaydir giyoh qo‘shib damlangan choydan mayda xo‘plab, g‘arq terga tushgancha, tom ma’noda, erkalanib yotardi.

— Yoldor o‘ziga sherik topib olibdi,— dedi G‘uchchi pakana eshikdan kira-kira. — Ikkisi Zarangbetda quvlashib yuribdi. Menimcha, topgani qanjiq, o‘zini tutishi boshqacharoq...

— Yaqinda sizam quvlashib qolasiz, G‘uchchivoy, — dedi bunga javoban Sarvar akalarga xos salmoqli ohangda. — Yetar shuncha vaqt erkin yurganingiz.

— Nima deganingiz bu, aka?

— Sizni uylantiramiz deganimiz bu.

— E, odamni uyaltirmang ko‘p!

Qo‘shni kampir laganda ovqat ko‘tarib kirganida, ular shovqinlashgancha, reja tuzishar, ularning kayfiyatidan andoza olgandek, pechkadagi o‘t sho‘xchan chirsillar, tashqarida esa tungi bo‘ron qo‘zg‘olgandi.
U xuddi och bo‘riday uv tortardi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  05 Fevral 2010, 10:06:06

G'animlar (qissa)



Muallif: Normurod Norqobilov
Hajmi: 186 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan