"Fitna san'ati"dan iqtiboslar:
"1989 yili uyushtirilgan tartibsizlikdan maqsad yosh avlodni yana bir karra qatag‘on qilish, milliy ruh va milliy an’analar nisbatan tuzukroq saqlangan Farg‘onada ularning ko‘zidan o‘tini olish, ijtimoiy-siyosiy faoliyati jonlanib borayotgan millatning bundan keyingi har qanday haqli talab va harakatlarini bosib qo‘yishdan iborat edi.
Farg‘onada o‘ttiz to‘qqiz oy davomida 394 «aybdor»ga nisbatan 205 ta jinoiy ish ochilgan. Shulardan 370 ga yaqin ayblanuvchiga nisbatan qo‘zg‘otilgan 108 ta jinoiy ish ayblov fikri bilan oliy sudga hamda viloyat sudlariga oshirilgan. «Ommaviy tartibsizliklar, odam o‘ldirganlik, milliy qirg‘in (?), o‘t qo‘yishlar kabi 110 ta jinoyat ishi bo‘yicha 160 dan ortiq aybdor og‘ir jazolarga hukm etilgan. Shuningdek, «ommaviy bezoriliklar uchun sudlanganlar soni juda ko‘p». Endi «jinoyat sodir qilganlarning o‘ziga kelsak, ko‘pchiligi 13—14 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlardirki, aksariyati jinoyatni mish-mishlar tufayli, ehtirosga berilib, ayrim hollarda boshqalar undovi orqasida sodir etganlar». (A. Otajonov. «Kommuna», 1990 yil mayining 16-kuni). Ko‘rinib turibdiki, eskidan qolgan ayblov turi ko‘p! Tomoshaga chiqqan yosh bolalar ham «jinoyatchi»! Qatag‘on emasmi bu?!
Yovuz fitna tufayli Farg‘onada 112 kishi shahid bo‘ldi, 1000 dan ortiq kishiga tan jarohati yetdi, 400 yigit javobgarlikka tortildi, 700 ga yaqin kishi ma’muriy jazo oldi. Qatag‘on emasmi bu?! Bularning qanchasi gunoh qilgan-u, qanchasi tuhmatga qolgan, qanchasi vahshiyona qiynoqlar ostida qilmagan aybini bo‘yniga olgan»?!
Mamlakat xalqlari bilan birga, musulmon millati boshiga tushgan umumiy kulfatlarni gapirmaylik. «Quloq» qilinganlarni, «bosmachi», «aksilinqilobchi», deb otilganlarni, sun’iy ochlikdan qirilganlarni, xullas, 20-yillar bosqiniyu 30-yillar qatag‘onini qo‘ya turaylik. 40-yillar qirg‘inidan, 50-yillar zulmlaridan so‘zlamaylik! 1920 yildan 1950 yilgacha SSSRda o‘ldirilgan 66 million 800 ming kishidan qanchasi turkiy musulmon xalqi ekanini bilmaganga olaylik! Biroq 70-yillardagi ma’naviy o‘limlar, Afg‘oniston bosqinidagi mislsiz qirg‘inlar, 80-yillardagi asossiz qamashlar — Gdlyan, Ivanov boshchiligidagi 200 kishidan ortiq «tergovchilar guruhi»ning qilmishlari, Olmaota harakatining bostirilishi, minglab yigitlarning surgun qilinishi, Dushanbe va Boku shahridagi, Farg‘ona, Bo‘ka, Parkentdagi xunrezliklar, yigitlarimizning armiyada qirilayotgani... Zaharli zavodlar, ekologik halokatlar, qishloq xo‘jaligidagi ajal urug‘lari... Bu ongli qatag‘on-qirg‘inni (genotsidni) eng kaltafahm zot ham o‘z nomi bilan atashga farosat topadi!.. O’zbekistondagi bugungi ahvol qirg‘inning (genotsidning) rejali ravishda, keng jabha bo‘ylab olib borilayotganini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, tinimsiz haqoratlar, tuhmatlar, milliy ayblovlar turkiy xalqlarning ko‘zini ochirmaslik uchun qo‘llanayotgan usullar ekanligi sezilib qolayotir. Insoniyat o‘z tarixida bundan ham ortiqroq zulmni ko‘rganmikan?!
Xalqning muxtor vakilaridan tuzilajak komissiya halol va sotilmas huquqshunoslar bilan birgalikda, Farg‘ona, Bo‘ka, Parkent, Andijon, qolaversa, Boku, Dushanbe, O’sh fitnalarida ayblangan yigitlarning «jinoiy ish»larini sinchiklab tekshirib, haqni nohaqdan ajratishlari shart! Qirg‘in-qatag‘onning bundan ham mudhishroq sirlari o‘shanda ochiladi!"