Hayotimizga telegraf, radio, keyin telefon kirib keldi. Radiotelefon, peyjer, uyali aloqa telefoni… Inson hayotining turmush tarzi rivojlanib bormoqda. Ammo bizlar mana shu imkoniyatlarimizdan to’gri foydalanamizmi? Uning o’ziga xos qonun-qoidalariga amal qilamizmi? Shu haqda suhbatlashamiz.
Muhim telefon so’zlashuvlari qisqa, muloyim va hurmatni ketkazmaydigan bo’lishi kerak. Shunisi qiziqki, tadqiqotlarga ko’ra, tik turgan holda gaplashsangiz, ovozingizdagi ohang qat’iyroq bo’ladi. Agar o’tirgan holda gapirsangiz, ovozingiz yumshoqroq va muloyimroq chiqadi.
Telefonda gaplashishning bir nechta umumiy qoidalari bor. Raqam terishdan avval o’ylab ko’rishingiz kerak. Sizning qo’ng’irog’ingiz xush kelarmikan? Telefon qilayotgan kishingizni bezovta qilib qo’ymasmikansiz? Shu tobda siz qo’ng’iroq qilayotganingizda uni kimdir bezovta qilmayotganmikan?
Har qanday qo’ng’iroq salomlashish va tanishishdan boshlanadi, keyin gaplashishingiz kerak bo’lgan odamni chaqirib berishlarini iltimos qilasiz.