1. Avvallari baxt deganda yetib bo’lmaydigan bir manzilni tushunardim. Hozir esa hayotda orzu qilib, yetishgan barcha manzillarimni baxt deb bilaman.
Bolaligimda bir ertak o’qigandim. Bir bolakay har kuni erta tongda tom tepasiga chiqib, uzoq-uzoqlarga qaraydi. O’shanda juda uzoq tog’ tepasida nimadir oppoq bo’lib yaraqlab turganini ko’radi. Bola har kuni shu narsani ko’rish uchun turadi. Uning nimaligini bilishni, unga yetishishni orzu qiladi. Shu tuyg’u bolaga tinchlik bermaydi. Bolaning nazarida unga yetishish baxt edi.
U ulg’ayadi va bir kuni uzoq yo’lga otlanadi. Ming bir mashaqqat bilan bola manzilga yetib boradi. Qarasa, bir kulba. Uning tomi quyosh nurlarida yaltirab ko’rinayapti. Bolaga necha yillar tinchlik bermagan o’sha narsa shu edi. Ammo u xafa bo’lmaydi. Chunki shuncha bosib o’tgan yo’li, yaqinlari sog’inchi, kechgan yillari -barchasi bir butunlikda uning baxti ekanligini tushunib yetadi.
Xulosa qildimki, mening har bir bosib o’tgan yo’lim, yetgan manzilim — baxtim bo’laklaridir. Mana shu bo’laklar yig’indisini men baxt deb bilaman.
2. Mening baxtim, avvalo, baxt uchun intilayotganimda. Topayotgan so’zim, o’g’lim ham baxtim. Shukrki, barchamizda Olloh in’om etgan, sevgiga, sog’inchga tashna KO’NGIL bor. Shuning o’zi baxtliman, deb aytishga asos bo’lsa kerak.
Zebo MIRZAYEVA