Abdulla Avloniy. Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi Islom  ( 86953 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


IXLOS  29 Iyul 2009, 09:19:45

Abdulla AVLONIY

MUXTASAR TARIXI ANBIYO VA
TARIXI ISLOM


Nashrga tayyorlovchi, izohlar va so‘ng so‘z muallifi:
filologiya fanlari nomzodi: Rahmatulla Barakaev

«Toshkent islom universiteti»
nashriyot-matbaa birlashmasi
Toshkent - 2008

Mazkur kitob o‘zbek ma’rifatparvar adibi, «Turkiy guliston yohud axloq» asari muallifi Abdulla Avloniyning Islom dini va payg‘ambarlar tarixi, xususan, Muhammad alayhissalom tarixlari, siyratlari, odob-axloqlari haqidagi risolasidir.
Asar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan toshbosma nusxa asosida tabdil qilindi va nashrga tayyorlandi. Uning asl tili saqlanib qolindi va tushunilishi murakkab so‘zlar lug‘ati ilova qilindi.
"Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot" degan Abdulla Avloniyning ushbu asari ham yoshlar tarbiyasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘z boshi muallifi:
Filologiya fanlari doktori, professor
Hamidulla Boltaboev

Mas’ul muharrir:
Filologiya fanlari nomzodi
Abdumurod Tilavov

Taqrizchilar:
Tarix fanlari doktori
Ubaydulla Uvatov
Filologiya fanlari nomzodi
Sayfiddin Raf’iddinov

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 1363 raqamli tavsiyasiga binoan chop etildi.

MUNDARIJA

Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi Islom
Muxtasar Islom tarixlari va Abdulla Avloniy asari
1. Hazrati Odam alayhissalom
2. Qobil ila Hobil
3. Hazrati Fhis alayhissalom
4. Idris alayhissalom
5. Nuh alayhissalom
6. Hazrati Hud alayhissalom
7. Hazrati Solih alayhissalom
8. Hazrati Ibrohim alayhissalom
9. Hazrati Lut alayhissalom
10. Hazrati Ismoil alayhissalom
11. Hazrati Ishoq alayhissalom
12. Hazrati Ya’qub va Yusuf alayhissalom
13. Hazrati Ayyub alayhissalom
14. Hazrati Shuayb alayhissalom
15. Hazrati Muso alayhissalom
16. Hazrati Yusha’ alayhissalom
17. Hazrati Dovud alayhissalom
18. Hazrati Sulaymon alayhissalom
19. Hazrati Ilyos alayhissalom
20. Hazrati Alyasa’ alayhissalom
21. Hazrati Yunus alayhissalom
22. Hazrati Ash’iyo alayhissalom
23. Hazrati Uzayr va Doniyol alayhissalom
24. Hazrati Zakariyo alayhissalom
25. Hazrati Yahyo alayhissalom
26. Hazrati Iso alayhissalom
27. Zuhuri dini mubini Islom
28. Voqeai ashobi Fil
29. Nasabi sharif
30. Mavludi sharif
31. Tarbiyati Rasuli akram
32. Nashoti Faxri olam
33. Qus bin Qoidaning xutbasi
34. Risolati Rasuli akram
35. Hijrati Faxri olam
36. Madina xalqining shodligi
37. Badr g‘azvasi (urushi)
38. Uhud g‘azvasi
39. Xandaq g‘azvasi
40. Hudaybiya (muohada) kelishuvi
41. Xaybar g‘azvasi
42. Umrai Faxri olam
43. Futuhoti Faxri olam
44. Haji vido’i Faxri olam
45. Vafoti Faxri olam
46. Axloqi Faxri olam
47. Zavjoti Faxri olam
48. Avlodi Rasuli akram
49. Xilofati hazrati Abu Bakr siddiq
50. Xilofati hazrati Umar
51. Xilofati hazrati Usmon
52. Xilofati hazrati Ali
Abdulla Avloniy hamda uning "Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi Islom" asari haqida
Lug‘at va izohlar

Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 09:41:10

Abdulla Avloniy tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlanadi

MUXTASAR TARIXI ANBIYO VA TARIXI ISLOM

Odam alayhissalomdin Muhammad alayhissalomg‘acha arolarinda o‘tg‘an payg‘ambarlarning qissalari va zuhuri islom.
Usuli jadidaga muvofiq ravishda maktabi ibtidoiyalarimizning uchinchi va to‘rtinchi sinf shogirdlari uchun tartib berilub, Turkiston shevasinda eng mo‘tabar asarlara iktifo qilinub, qisqacha Hazrati Odam alayhissalomdin xilofati roshidin zamonigacha darj qilinub, maydoni intishora qo‘yildi.

(Haq ta’bi mahfuzdir)

Ikkinchi tab’i

Noshiri:
"Maktab" kitobxonasi.
Rabbi us-soni h. 1331, m. 1913. Savr.

Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 09:52:13

MUXTASAR ISLOM TARIXLARI VA ABDULLA AVLONIY ASARI

   Har bir mo‘min o‘zining yetti pushtini bilishi lozim sanalgani kabi har bir musulmon farzandi muqaddas tarix hisoblangan Islom tarixidan xabardor bo‘lishi kerak. Ana shu matlab sho‘rolar davriga qadar yurtimizdagi har bir maktab va madrasa uchun dasturi amal sanalgan. Shuning uchun ham madrasa tahsilining dastlabki yillaridanoq Payg‘ambarlik tarixi, Ibodati islomiya, Aqoyid kabi fanlarning o‘qitilishi joriy qilindi. Eski maktab va mumtoz madrasalardagi ushbu ta’lim tizimi jadid (yangi) maktablarida ham davom ettirildi. Natijada ibtidoiy maktablarning uchinchi va to‘rtinchi sinflarida "Muxtasar islom tarixi" alohida fan sifatida o‘qitila boshladi.
   Millatning ma’rifati uchun kurashgan jadidchi ziyolilar o‘z faoliyatini yangi o‘qitish tizimiga asoslangan "œusuli jadida" maktablari ochishdan boshlagan bo‘lsalar-da, bu tizim dastlabki yillari butun mamlakat bo‘ylab keng tarqalmagan, davlat ta’lim tizimi sifatida shakllanmagan edi. Shuning uchun ham Buxoro jadidchilari o‘z maktablari uchun o‘zbek va fors tillarida, Turkiston va boshqa o‘lkalardagi jadid maktablari uchun ham turli olimlar hamda o‘qituvchilar tomonidan mahalliy tillarda shu yo‘sinda darslik va qo‘llanmalar tuzilgani manbalardan ma’lum. Shunday ekan, "œusuli jadida" maktablari keng quloch otgan 1910 yillarda bir nomda bir necha qo‘llanmalar yaratilgani kabi bir necha "muxtasar islom tarixlari" chop qilindi. Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiyning "Muxtasar islom tarixi" risolasi (1913) o‘zbek tilida va Abdurauf Fitratning "Muxtasari ta’rixi islom" asari (1915) fors tilida chop qilingan edi. Shu kabi Munavvarqori Abdurashidxon va Shokir Sulaymonning ham qisqa islom tarix yaratganliklari xabar qilinadi. Ayni yillari Toshkentda ma’rifatparvar Abdulla Avloniy tomonidan yuqoridagi nomda risola e’lon qilindi. Uning mundarijasi Avloniyga qadar bu mavzuda bitilgan asarlardan jiddiy farq qilmasa-da, o‘qitish usuli jihatidan nisbatan to‘liq ma’lumot berishga mo‘ljallangan edi.
   Asar hajman ham Behbudiy va Fitrat risolalaridan bir oz mo‘lroq bo‘lib, bu bilan har bir islomiy hodisaga imkon qadar tafsil berib, yosh o‘quvchilar tomonidan oson qabul etilishi rejalashtirilgan edi.
   Fitrat risolasi o‘zbek tilida ikki marta qayta chop etilib (1992, 2004), izohlari bilan nashr etildi. Ushbu manba garchi to‘liq bo‘lmasa ham yosh o‘quvchilarga muqaddas tarixning eng yorqin sahifalarini ochiq ko‘rsatib beradi. Unda Saodat asri, xulafoi roshidin (asl xalifalar) va umaviylar hamda abbosiylar davrining asosiy voqealari zikr etilgan. Asar so‘zboshisida yozilganidek, bu risola "voqealarning aniq, jonli ifodasi, millatsevarlik ruhi tasvir qatiga singdirilgani va xolis yozilgani bilan farqlanadi (diniy istilohlarni qo‘llashda dabdabali usul va sun’iy iltifot sezilmaydi)" . Asar tarix taqsimidan boshlangan bo‘lib, umumiy va xususiy tarixni tasniflash bilan boshlanadi: "Islom tarixi ham xususiy tarix jumlasiga kiradi. Binobarin, Islom tarixi Hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) dunyoga kelishlaridan va islom dinining dunyoga tarqalishidan bahs qilib, Islom olamining taraqqiyotini tushuntirib beradi. Islom tarixini bilish barcha musulmonlar uchun farzdir".
   Ana shu nuqtai nazardan qaraganda Fitrat asarida tarixiylikka alohida e’tibor qaratilgan bo‘lsa, Avloniy risolasida masalaning pedagogik jihatiga, ya’ni o‘quvchiga osonroq yetkazish uchun harakat qilinganini sezish mumkin. Avloniy domla tarixiy voqealarning o‘zini tasvirlash bilan cheklanmay, undan chiqariladigan saboq-xulosani puxtalaydi. Bu muqaddas tarixning har bir voqeasi kitobxon qalbida muhrlanishini istaydi. Tabiiyki, muqaddas islom tarixining asosiy qismi Payg‘ambarlik tarixidan iborat. Bu yo‘sinda yaratilgan Rabg‘uziyning "Qisasi anbiyo", Alisher Navoiyning "Tarixi anbiyo va hukamo" asarlari kitobxonlar yodida bo‘lsa kerak. Rabg‘uziy qissalarida voqeaning batafsil bayoni talqinlardan kelib chiqib, xalqona usulda tushuntirib berishga qaratilgan bo‘lsa, Hazrat Navoiy asari xos kitobxonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda Payg‘ambarlik tarixining asosiy sifatlarigina bayon qilinadi. "Qisasi anbiyo"dagi 72 qissaning so‘ngida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) tarixlari bayon etilgan bo‘lsa, Hazrat Navoiy asari Payg‘ambarlik tarixida Saodat asrini boshlab bergan Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) davriga kelganda xotimalanadi. Aftidan, Alisher Navoiy hazratlari Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tarixi xususida alohida asar bitmakni rejalashtirgan bo‘lsalar kerak. Oltin O’rdaning poytaxti Saroyda yashab ijod etgan adib Mahmud binni Alining "Nahju-l-farodis" ("Jannatning ochiq yo‘llari") asarida esa faqatgina Muhammad Payg‘ambar (s.a.v.) tarixini bayon qilishlik ravo ko‘rinadi. Adabiyotimiz tarixida bu kabi qissasi anbiyolar, ka’bul axborlar ko‘plab yaratilgan, biroq jadid adabiyoti namoyandalari tomonidan yaratilgan muxtasar islom tarixlarining ham pedagogika va ilohiyot tarixida alohida o‘rni bor. Ular yangi maktablarning ilm toliblari uchun farzi ayn bo‘lgan islom tarixidan saboq berish orqali, avvalo, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilishda sobit turdilar. So‘ngra esa ushbu muqaddas tarixning asosiy qismini o‘quvchilarga quyi sinflardayoq uqtirishga harakat qilganlarki, bularning sa’y-harakatlari barcha jamiyatlar uchun saboq bo‘lg‘usidir. Chunki bolaning ilk yoshligidanoq iymonli-e’tiqodli bo‘lib o‘sgani unib o‘sayotgan jamiyatning yutug‘idir. Agar jamiyat komillik sari intilish taraddudida bo‘lsa e’tiborni ko‘proq yosh avlodga qaratadi va uning takomili yoshlarning o‘sib-ulg‘ayishi bilan barobar kechadi.
   Kitobxonlar hukmiga havola etilayotgan ushbu Abdulla Avloniy asarining ajoyib xususiyatlari haqida keng to‘xtalishga hojat sezilmaydi. Chunki zukko kitobxon asardan murod yoshlarning iymon-e’tiqodi pokiza bo‘lishligi uchun bu muqaddas yo‘lda sarf etilgan kuchni, ruhiy quvvatni tushunishlari lozimligini asarning ilk sahifalaridayoq sezib ulguradi va o‘zini bu muqaddas tarix mutolaasiga chog‘laydi. Bu yo‘lda o‘quvchilarga rag‘bat va inoyat ko‘rsatish maqsadida kitobga muxtasargina lug‘at hamda uni tabdil qilib, bugungi o‘quvchilarga yetkazish taraddudida bo‘lgan hurmatli olimimiz Rahmatulloh Barakot o‘g‘lining so‘ng so‘zi ham ilova qilinadi. Ushbu orqali kitobxonlar nafaqat Avloniy domlaning birgina bugun mutolaasi ko‘rilayotgan "Muxtasar islom tarixi" asari, balki uning boshqa adabiy-ma’rifiy kitoblarini ham esga oladi. Avloniy hazratlari aytgan ma’rifat insoniyatning "hayot-mamot masalasi" ekanini ham tushunganday bo‘ladi.
   Ayni risolaning yana ko‘p mamnun jihatlaridan gapirish mumkin. Biroq odil hukmravo bo‘lgan kitobxonlarimizning zehnu sajiyasiga ishongan holda ushbu risola haqida xolis mulohaza aytishni ularning o‘zlariga qoldiramiz. Dinu iymon yo‘lidagi dastlabki qadamlaringiz qutlug‘ bo‘lsin, degan duo bilan "Muxtasar islom tarixi"ning mutolaasiga kirishamiz.

Hamidulla Boltaboev,
filologiya fanlari doktori, professor
 

Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 10:09:28

Bismillahir rohmanir rohim!

   Oyati Karima: Nahnu naqussu alayka ahsanal qasasi bimo avhayno ilayka hazal Qur’ana va in kunta min qablihi laminal g‘ofilin (Qur’oni karim. "Yusuf" surasi, 3-oyat.).
   Manosi: Yo, Muhammad! Biz Qur’onni senga vahiy qilub, qissalarning go‘zalini hikoyat qilamiz, agarchi biz qissa qilmasdin ilgari bu go‘zal qissalardin xabarsiz bo‘lsang ham.

1. HAZRATI ODAM ALAYHISSALOM

   Janobi Haq olamni bor qilub, Otamiz Odam alayhissalomni loydin yaratub, jon berdi. Farishtalarni Hazrati Odamga sajda qilurg‘a buyurdi. Farishtalar sajda qilub, Iblis sajda qilmadi. Shul sababli Allohu taolo dargohindan quvlanub, mal’un o‘lub, Odam bolalariga dushman bo‘ldi. So‘ngra Janobi Haq Hazrati Odamning chab qobirg‘alarindin Anomiz Havvoni yaratub, ikkilarini jannatga qo‘yub, "bug‘doydin yemangiz", - dedi. Dushman Shayton bir hiyla ila jannatga kirub, vasvasa qilub: "agar bug‘doydin yesangiz, doim jannatda qolursiz", - deb aldab, ikkilarin ham yedurdi. Shul sababli Janobi Haq alarni jannatdin yerga tushurdi. Hazrati Odam Hindistonga yaqin Sarandib otasiga (yurtiga) Hazrati Havvo Makkai mukarrama yonindagi Jadda tog‘iga tushdilar.
   Hazrati Odam jannatdin chiqqanlariga ko‘b vaqt yig‘lab, qilg‘an gunohlariga tavba qildilar. Haq taolo tavbalarini qabul qilub, "Makkaga bor!" - deb amr qildi. Makkaga borub, Hazrati Havvo ila topishub, birga yashadilar. Anomiz Momo Havvo har tug‘ushda bir qiz, bir o‘g‘ul tug‘ub, faqat Shis alayhissalomni yolg‘uz tug‘dilar.

Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 10:10:40

2. QOBIL ILA HOBIL

   Odam alayhissalomning Qobil va Hobil ismli ikki o‘g‘illari bor edi. Qobil o‘zi birla tug‘ushgan Iqlima ismli singlisini olmoqchi bo‘ldi. Odam alayhissalom o‘z shariatlari uzra Hobilga bermoqchi bo‘lganlarida Qobil rozi bo‘lmadi. Odam alayhissalom: "Bo‘lmasa, ikkingiz ham Allohu taologa qurbon so‘yingiz, qaysingizni qurboningiz qabul bo‘lsa, Iqlimani ul olur", - dedilar. Qurbon so‘ydilar. Hobilniki qabul bo‘ldi. Qobil hasad qilub, Hobilni tosh birla urub o‘ldurub, yerga ko‘mdi.
   Janobi Haq Odam alayhissalomni o‘z bolalariga payg‘ambar qilub, o‘n sahifa kitob yubordi. Ming yil yashab, Jum’a kuni vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Sarandib-dadur. Bir rivoyatda Makkada Abu Qubays tog‘indagi g‘orda deyilur. Hazrati Havvo Hazrati Odamdin bir yil so‘ngra vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Jidda tog‘indadur.

Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 10:11:38

3. HAZRATI SHIS ALAYHISSALOM

   Odam alayhissalom vafotlaridin avval Shis alayhissalomni yaxshi ko‘rub, barcha bolalariga podshoh qilub qo‘ymish edilar. Vafotlarindin so‘ng Janobi Haq Shis alay-hissalomga payg‘ambarlik berub, ellik sahifa kitob yubordi.
Shis alayhissalom Ka’bai muazzamani tosh va loydin bino qildilar. Allohga osiy bo‘lgan Qobilning avlodi birla urushdilar. Odam bolalarindin eng avval qilich bilan urushgan Hazrati Shisdurlar.
   Bolalari nihoyatda ko‘paygandin so‘ng, to‘qquz yuz o‘n ikki yoshlarinda vafot bo‘ldilar. Qabri shariflari Makkai mukarrama yoninda Abu Qubays tog‘indadur.

Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 10:13:05

4. IDRIS ALAYHISSALOM

   Hazrati Odam bolalari arosinda to‘g‘ri yo‘ldin chiqub, butlarga cho‘qunmak kabi yamon ishlar ko‘paydi. Haq taolo alarni to‘g‘ri yo‘lga solmak uchun Idris alayhissalomga payg‘ambarlik berub, o‘ttuz sahifa kitob yubordi.
Hazrati Idris qavmlarini to‘g‘ri yo‘lga solub, xalqni ulamoga, podshohga, amirga, avomlarga taqsim qildilar. Yer yuzinda avval kiyim tikkan, qalam birla xat yozg‘an Idris alayhissalomdurlar. Bundin avval Odam bolalari hayvon terisiga qoplanub yurur edilar.
   Idris alayhissalomga ko‘klarning asrori ochilub, Janobi Haq tirik hollarinda yuqori makonga ko‘tardi. Ul vaqt uch yuz oltmish yoshda edilar.


Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 10:14:41

5. NUH ALAYHISSALOM

   Idris alayhissalomdin so‘ng Odam bolalari arosinda to‘g‘ri yo‘ldin chiqub, butlarga cho‘qunmak kabi yamon ishlar ko‘paydi. Janobi Haq alarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmak uchun Nuh alayhissalomni payg‘ambar qilub yubordi.
Hazrati Nuh qavmlarini imonga chaqirdilar. Faqat uch o‘g‘ullari ila sakson kishi imon kelturdi. Boshqalariga nasihat qilsalar, izo va jafo qildilar. Alarni imonlarindin umid uzub, jafolariga sabr qilolmay, duoibad qildilar. Duolari qabul bo‘lub, Alloh tarafindin "Kema yasa!" - deb vahiy keldi.
   Nuh alayhissalom kemani bir xoli yerda tayyor qilg‘anlarindin so‘ng to‘fon alomatlari paydo bo‘ldi. Hazrati Nuh mo‘‘minlarni olub ham har xil hayvonlardin bir juftdin solub, kemaga tushdilar. Yom ismli o‘g‘illari "man tog‘ga chiqub qutulurman", - deb turgan zamonda bir to‘lqin kelub halok qildi! Butun yer yuzi suv birla to‘ldi. Suv baland
tog‘lardin ham oshub, yer yuzindagi barcha insonlar va hayvonlar halok bo‘ldilar.
   To‘fon olti oy davom etub, so‘ngra suvlar kamaydi. Nuh alayhissalomni kemalari Eronistonda Qorabog‘ degan yerda Judi ismli tog‘da to‘xtadi. Kemada uch o‘g‘illarindin boshqa insonlar halok bo‘ldilar. Hozirgi insonlar Hazrati Nuhning bu uch o‘g‘illarindin tarqaldi. Hom ismli o‘g‘illarindin habash va zanjilar, Som ismli o‘g‘illarindin arab, fors va rum qavmlari, Yofas ismli o‘g‘illaridin turk, totor, mo‘g‘ul xalqlari tarqaldi. Shuning uchun Nuh alayhissalomni "Ikkinchi Odam" deyilur. Nuh alayhissalom ming yilcha umr ko‘rub, to‘fonning uch yuz elliginchi yilida vafot bo‘ldilar.

Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 10:17:27

6. HAZRATI HUD ALAYHISSALOM

   To‘fondin so‘ngra Yaman viloyatida Hazramavt atrofinda Ahqof degan yerda Od qavmi paydo bo‘ldi. Shaharlarini obod qilub, nihoyatda mahkam imoratlar soldilar. Bu qavm ham to‘g‘ri yo‘ldin chiqub, butlarga ibodat qildilar.
Janobi Haq bu qavmga Hud alayhissalomni payg‘ambar qilub yubordi. Hud alayhissalom qavmlarni imonga da’vat qildilar. Mo‘‘jizalar ko‘rsatdilar. Oz kishi imon kelturub, boshqalari shirk va zalolatda qoldilar. Janobi Haq bularning boshiga ochlik balosini yubordi. Uch yil qahatchilik bo‘lub, shahar va bog‘larning suvi to‘xtadi. Xotunlari yetti yil bola tug‘madi. Barcha hayvonlari o‘lub bitdi. Bularni ko‘rub ham imon kelturmadilar. Janobi Haq ul qavmni sarsar ismli shamol birla halok qildi.
   Hazrati Hud mo‘‘minlar ila Makkai mukarramaga borub, umrlarini toatu ibodatda kechurdilar. Qabri shariflari Makkai mukarrama shahrindadur.

Qayd etilgan


IXLOS  29 Iyul 2009, 10:19:07

7. HAZRATI SOLIH ALAIHISSALOM

   Od qavmindin so‘ng Shom ila Hijoz orasinda Hajar degan yerda Samud qavmi paydo bo‘ldi. Bular ham Od qavmi kabi tog‘larni, toshlarni tilub, mustahkam uylar soldilar. Lekin bu qavm ham to‘g‘ri yo‘ldin chiqib, butlarga ibodat qildilar.
   Janobi Haq bularga Solih alayhissalomni payg‘ambar qilub yubordi. Solih alayhissalom haq dinga chaqirdilar. Oz kishi imon kelturub, boshqalari kofirlikda qoldilar.
   Bir kun mushriklar "payg‘ambar bo‘lsangiz shul tosh ichindin bolalik teva (tuya) chiqaring", - deb bir katta toshni ko‘rsatdilar. Solih alayhissalom duo qildilar. Allohning amri ila ul tosh yorilub, ichidin bolalik teva chiqdi. Kofirlar ul tevaning anosini so‘ydilar. Bolasi yana shul tosh ichiga kirub ketdi. Bu mo‘‘jizani ko‘rub ham mushriklarning ozlari imon kelturdilar. So‘ngra Janobi Haq ul qavmni ko‘kdin bir ovoz yuborub halok qildi. Solih alayhissalom musulmonlar ila Makkai mukarramaga borub, umrlarini toatu ibodat ila o‘tkardilar.


Qayd etilgan