Najoshiy bizni huzuriga chorlab, odam yubordi. Podshoh bizdan dinimiz to’g’risida so’rashini bilib, yo’lga tushishdan oldin iymonimizni yashirmaslikka, bor gapni ochiq bayon qilishga kelishib oldik va buni Ja’far ibn Abu Tolibga topshirdik. So’ng Najoshiyning qabuliga qarab jo’nadik.
Podshohning o’ngu so’lini rohiblar egallab o’tirishardi. Barchalarining egnida taylason (rohiblar kiyadigan uzun rido), boshlarida xoch surati tushirilgan bosh kiyim, oldilarida diniy kitoblari ochiq turardi. Amr ibn Os va Abdulloh ibn Abu Rabia ham tu yerda edi.
Kutganimizdek, birinchi savol dinimiz to’g’risida bo’ldi.
- Sizlar qavmingizning dinini tark qilibsiz, mening dinimga kirmabsiz, boshqa bironta xalqning ham mavjud dinini qabul qilmay, o’zingizcha yangi din paydo qilibsiz, deb eshitaman? — so’radi Najoshiy.
Hammamizning nomimizdan Ja’far ibn Abu Tolib oldinga chiqib, javob berdi:
- A’lo hazrat, biz johil qavm edik. Sanamlarga ibodat qilardik, o’limtiklarni yerdik, hech qanday buzuq ishdan orlanmasdik, qarindoshchilik aloqalarini uzardik, qo’shnichilik haqlariga rioya etmasdik, kuchimiz yetgan odamnmng qonini so’rardik. By hol to Alloh nasl-nasabi ma’lum, to’g’ri so’zligi, omnatdorligi va pokizaligi bilan oramizda mashhur bo’lgan kishini payg’ambar qilib yuborguncha davom etdi. U zot bizlarni Allohni yakka bilishga, yolg’iz ungagina ibodat qilishga, o’zimiz va ota-bobolarimiz shu paytgacha, Allohni qo’yib, sig’inib kelayotgan tosh va butlardan voz kechishga chaqirdi. U bizni rostgo’ylikka, omonatdorlikka, qarindosh-urug’ va qo’ni-qo’shnilar bilan xushmuomala bo’lishlikka, harom ishlarga qo’l urmaslikka, qon to’kmaslikka o’rgatdi. Buzuqliklardan, yolg’on so’zlashdan, yetimlarning molini nohaq yeyishdan va pokiza ayollarni haqorat qilishdan qaytardi. Allohning yolg’iz o’zigagina ibodat qilib, unga aslo shirk keltirmaslikka, namozni to’la-to’kis o’qishga, sadaqotlar berishga buyurdi. Biz uni haq payg’ambar ekanini tasdiqlab, iymon keltirdik, Alloh tarafidan buyurilgan ishlarda unga ergashdik, halol deganini halol deb, harom deganini harom deb qabul qildik.
Shuning uchun, janobi oliylari, qavmimizning bizga nisbatan adovati kuchaydi. Dinimizdan voz kechib, butlar ibodatiga qaytishimizni talab qilib, ko’p aziyatu ozorlar berishdi. Zulmu bedodlik, tazyiq nihoyatda avj olib, jonimiz haqildoqqa kelgach, sizning yurtingizga hijrat qildik. Sizni boshqalardan afzal bilib, panohingizga qochib keldik va hamon himoyangiz ostida zulm ko’rmaymiz, deb umid qilamiz.
Najoshiy Ja’fardan so’radi:
- Sen, payg’ambaringiz Alloh tarafidan keltirgan biron narsani o’qib bera olasanmi?
- "Xa", - dedi Ja’far va Maryam surasini o’qiy boshladi:
-"KOF, HA, YO, AYN, SOD. (Ushbu-) Parvardigoringiz O’z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri-qissasidir. Eslang: u Parvardigoriga xufyona duo iltijo qilib, degan edi; "Parvardigorim, darhaqiqat mening suyaklarim mo’rtlashdi, keksalikdan boshim-sochim oqardi. Parvardigorim, men senga duo qilib (hech qachon) noumid bo’lgan emasman" ("Maryam" surasi, 1-4-oyatlar).
Sura o’rtalariga yetganda Najoshiyning ko’zidan bir necha tomchi yosh sizib chiqib, soqoliga oqib tushdi. Allonimg kalomini eshitgan atrofdagi rohiblar ham o’zlarini tutolmay yig’lashdi. Shunda podshoh bizga qarata xitob qildi:
- Sizning payg’ambaringiz keltirgan din va Iso olib kelgan ta’limot bir manba’dan nur emganligi aniq.
So’ng Amr va uning sherigiga:
- Sizlar ketaveringlar, xudo haqqi, men himoyamdagi kishilarning birontasini ham sizning qo’lingizga topshirib qo’ymayman, - dedi...
Najoshiyning qabulidan chiqqanimizda Amr jo’rttaga bizga eshittirib, hamtovog’iga dedi:
- Allohga qasamki, ertaga podshohga bular haqida shunday xabarni yetkazamanki, uning qalbi nafratga to’lib, pushtipanohlikdan bu bedavolarni ko’rishga ko’zi, otishga o’qi yo’q dushmanga aylanadi va o’zi ularni mamlakatidan dumini tugib yuboradi.
Abdulloh ibn Abu Rabia uni hovridan tushirmoqchi bo’ldi:
- Bu fikringdan qayt, Amr. Ular boshqa dinga kirgan bo’lsalar ham qavmdoshlaring...
Amr uning so’zini bo’ldi:
- Qo’ysang-chi shu gapingni... Xudo haqqi, men bularning ko’zlarini ochib qo’yaman. Ularning Maryam o’g’li Isoni oddiy banda deyishlarini podshohga yetkazsam, ana unda tomoshani ko’raver...