Shu zahotiyoq o’rnimdan turdim. G’ulomim Mazkurga bir tuya va bir otni tayyorlashni buyurdim. Keyin o’g’lim Ja’far bilan fursatni boy bermay, Abvoga qarab jo’nadik. Abvo - Makka va Madina orasidagi diyor bo’lib, men Ragulullohni o’sha yerda to’xtaganlarini eshitgan edim. U yerga yaqinlashgach, yuzimga niqob to’sib oldim. Chunki Payg’ambar alayhissalomning huzurlariga yetib, islomimni e’lon qilgunimcha, yo’l-yo’lakay musulmonlarning birontasi meni tanib qolib, o’ldirib qo’yishi mumkin edi.
Ulovlarni qoldirib, bir milcha masofani yayov bosib o’tdik. Shundoqqina yonimizdan musulmon askarlarining peshqadam guruhlari ketma-ket o’tib ketishdi. Men har safar jangchilar ichida Muhammadning meni taniydigan sahobasi chiqib qolishidan ko’rqib, yashirinib turdim.
Navbatdagi guruxlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko’rindilar. Men chopib u kishining oldilariga chiqdim. Ro’paralariga turib, yuzimdagi niqobni yechdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga ko’zlari tushishi bilan, tanidilar. Tanidilaru yuzlarini o’girib oldilar. Men yana u kishining ro’paralariga o’tdim. Payg’ambar alayhissalom yana teskari qarab oldilar. Bu holat bir necha marta takrorlandi. Men qanchalik janobimizning nazarlariga tushishga intilmayin, har safar harakatlarim zoe’ ketar, u zot meni ko’rishni mutlaqo istamasdilar.
Yo’l-yo’lakay "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening islomga kirganimni bilsalar, shubhasiz, xursand bo’lib ketadilar. U kishining quvonchlariga ashoblari ham, albatta, sherik bo’lishadi", deb o’ylagan edim. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuz o’girishlarini ko’rgan musulmonlar menga xo’mrayib qarashdi, birontasi ham iliq munosabat bildirmadi, Abu Bakrga yo’liqqanimda, keskin orqasiga o’girilib, ketib qoldi. Men yolvorgannamo Umar ibn Xattobga qaradim. U ham ro’yxushlik ko’rsatmadi, balki, dard ustiga chipqonday, ansorlardan birini menga qarshi gij-gijlab qo’ydi. Haligi ansoriy meni rosa so’kdi:
- Ey Allohning dushmani, Allohning elchisiga, u zotning sahobalariga ozor beradigan hali senmisan?! Sening Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbatan adovatingni butun Mashriqu Mag’rib ahliga taqsimlasa ham ko’plik qiladi.
U tinmay haqorat qilib o’shqirar, atrofdagi musulmonlar menga o’qrayib qarashar, ayrimlari bundan xursand ham edilar. Nogoh, men amakim Abbosni ko’rib qoldim, chopib borib, unga iltijo qildim:
- Ey amakijon, qarindoshligimiz, qavmimdagi obro’-e’tiborim tufayli Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening islomga kirganimni ko’rib, xursand bo’ladilar, deb o’ylagandim, biroq nima bo’lgani o’zingizga ma’lum. U kishi bilan gaplashib ko’ring - meni kechirsinlar.
- Yo’q - dedi amakim, - u kishining yuz o’girishlarini ko’rganimdan keyin sen haqingda bir og’iz so’z aytishga ham jur’at qilolmayman. Men uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam benihoya ulug’ zotdir. Vaqt o’tsin, balki uzr aytishning qulay fursati kelib qolar.
- Ey amaki, meni bu ahvolda tashmlb qo’ymang, - qichqirib yubordim dahshatga tushib.
- Hozir sen haqingda og’iz ochishning mavridi emas, - dedi u.
Men tashvish va xavotir ichra amakivachcham Ali ibn Abu Tolibni qidirib topdim ammo u ham iltimosimga xuddi amakim Abbosday javob berdi. Shunda men yana Abbosga murojaat qildim:
- Xo’p, siz Rasulullohga uzrimni yetkaza olmas ekansiz, jilla qursa, hech holi jonimga qo’ymasdan hadeb meni so’kayotgan, bu ham yetmaganday, boshqalarniyam qayrayotgan anavi kishini tiyib qo’ying.
Amakim "qandoq odam u?" deb so’radi. Men uning sifatlarini aytdim.
- U Nuaymon ibn Horisku, Najjor qavmidan, - dedi amakim va uni topib kelish uchun odam jo’natdi. U kelgach, nasihat qildi:
- Ey Nuaymonch bilib qo’y, Abu Sufyon — Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakivachchasi, mening akamning o’g’li. Bugun u janobimizning g’azabida bo’lsa, erta-indin roziligiga ham erishib qolar. Shuning uchun uni tinch qo’y.
Bu so’zlarni eshitgan Nuaymon boshqa menga aziyat yetkazmaslikka va’da berdi.