Abu Ubayda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qatnashgan janglarning hammasida ishtirok etdi. So’nggi lahzalargacha Payg’ambar alayhissalomning eng yaqin mulozimlaridan bo’lib qoldi.
Saqifa kuni (Abu Bakr Siddiq xalifa etib saylangan kun) Umar ibn Хattob:
- Qo’lingni ber, men senga bay’at qilaman, chunki Rasululloh sollallohu alayhi va sallam "Har bir ummatning o’z ishonchli kishisi bo’ladi, bu ummatning eng ishonchli kishisi sensan" degandilar, - deb Abu Ubaydaga xalifalik lavozimini taklif qilganda, u:
— Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozda imom bo’lishlikka buyurgan va to payg’ambarimiz vafot etgunlariga qadar imomgarchilik qilgan bir odam turgan joyda menga xalifalikka yo’l bo’lsin, - deb kamtarlik qilgandi.
Shundan keyin Abu Bakr Siddiqqa itoat izhor etilib, bayat qilindi. Abu Ubayda haq yo’l uzra uning xolis nasihatgo’yi, xayrli ishlarida yelkadosh yordamchisi bo’ldi. Abu Bakr xalifalikni o’zidan so’ng Umar al-Foruqqa vasiyat qilib ketdi. Abu Ubayda hazrati Umarga ham itoatda bo’ldi, sira o’zboshimchalik qilmadi. Тo’g’ri, bir marta u xalifaming buyrug’iga bo’ysunmadi.
Abu Ubayda musulmonlar amiriga itoat etishdan bosh tortgan farmon nima haqida edi?
Voqea Shom diyoriga yuborilgan Abu Ubayda ibn al-Jarroh sarkardaligi ostidagi musulmonlarning zafar yor qo’shini ketma-ket g’alabaga erishib, shomiy shaharlarni hammasini fath etib, sharqdan Frot daryosi yoqasiga, shimoldan Kichik Osiyo chegarasiga yetib kelgan paytda ro’y berdi. Shu vaqtda Shom bo’ylab dahshatli vabo tarqalib, kuniga minglab odamlarning yostig’ini qurita boshladi. Bu mudhish xabar hazrati Umarning qulog’iga chalinishi bilan Abu Ubaydaga quyidagi mazmunda maktub yo’lladi:
- "Biz mushkul ahvolga tushib qoldik. O’zing kelib yordam bermasang bo’lmaydi. Miktubim senga tunda yetib borsa, tong otishini kutib o’tirmay, yo’lga tush. Agar kunduzi yetib borsa, shu zaxoti oyog’ingni qo’lingga olib, shamolday yel".
Abu Ubayda xatni o’qib chiqib:
- Halifaning menda qanday ishi borligini sezib turibman. U bir insonning ajalini kechiktirishga behuda urinyapti, - dedi.
So’ng qo’liga qalam olib, javob xatini yozdi:
- "Amirul mo’minin janoblari, meni nima maqsadda chaqirtirganingizni his etib turibman. Men musulmonlar qo’shinining bir askariman. Ularning boshiga ne kun tushsa, mening ham taqdirim o’shadir. Boshga tushganni ko’z ko’radi. Alloh peshonamga yozib qo’ygan ish sodir bo’lguncha, lashkardan ajralmayman. Sizdan o’tinib so’rayman, avvalgi buyrug’ingizni bekor qilib, meni shu yerda qolishimga ijozat bersangiz".
Maktubni o’qigan hazrati Umarning ko’zlari jiqqa yoshga to’ldi. Buni ko’rib atrofdagilar xavotir ichra:
- Abu Ubayda halok bo’libdimi? - deb so’rashdi.
- Yo’q, - dedi xalifa, - lekin u o’lim bilan yuzma-yuz turibdi.
Amirul mo’minnining gumoni to’g’ri chiqdi — mudhish vabo Abu Ubaydani ham o’z domiga tortdi. O’limi yaqinlashganini sezgan sarkarda qo’shinni to’plab, ularga qarata dedi:
- Vasiyatimni tinglang, birodarlar. Aytganlarimni qabul qilsangiz, o’zingizga yaxshi. Namozni doimo ado etib boring, Ramazon ro’zasini tuting, haqdorlarga zakotu sadaqasini bering, haj va umra qiling, bir-biringizni haqqa, yaxshilikka chorlang, rahbarlaringizdan samimiy maslahatingizni ayamang, sizlarni o’tkinchi dunyo aldab qo’ymasin. Chunki inson ming yil umr ko’rsa ham hozir meni changalida tutib turgan o’likdan qochib qutulolmaydi... Sizlarga Allohning salomi va rahmati bo’lsin.
So’ng Muoz ibn Jabalga yuzlandi:
- Ey Muoz, odamlarga imom bo’lib, namoz o’qib bering.
Namozga buyurishlik Abu Ubaydaning so’ngi so’zlari bo’ldi.
Janoza namozidan keyin Muoz to’planganlarga va’z qildi:
— Musulmonlar, siz bir birodaringizdan judo bo’ldingiz. Хudo haqqi, men sofdillikda, yomonlikdan yiroq yurishda, oxiratga muhabbatda va musulmonlarga yordam berishda uning oldiga tushadigan kishini ko’rganimni eslay olmayman. Marhumning haqqiga duo qiling, ey Allohning rahmatiga sazovor bo’lgurlar!