Men bir ilojini topib, nasroniylarga "Mabodo, ibodatxonangizdan Shomga ketayotagan karvon o’tib qolsa, menga xabar bering", deb odam jo’natdim. Ko’p o’tmay shunday xabar keldi. Men urinib-surinib, kishanni yechib tashladim. Hech kimga aytmasdan uydan chiqib ketdim. Karvonga yetib olib, ular bilan birga Shom shahriga jo’nadim. Manzilga yetiboq:
- Bu dinni eng yaxshi biladigan odam kim? - deb surishtirishga tushdim.
- Falon kanisaning usqufi (yepiskop) — dedilar menga.
Men o’sha odamni topib:
- Men nasroniylikni yoqtirib qabul qildim. Тoki dinni chuqurroq o’rganishim uchun ibodatlaringizda birga ishtirok etishimga, mulozimingiz bo’lib, xizmatlaringizni bajarib yurishimga ijozat bersangiz, - dedim.
Usquf rozi bo’ldi, oz fursat ichidayoq men uning yomon odam ekanini bilib oldim. U kishilarni sadaqaga buyurib, ulkan savoblar va’da qilar, qachonki ular biron narsani Хudo yo’lida infoq-ehson uchun tashlab ketsalar, hammasini o’ziga olib qo’yar, faqiru miskinlarga sariq chaqa ham bermasdi. Shu yo’l bilan yetti xum tillo to’plagandi. Men uni bu ishlari uchun qattiq yomon ko’rib qoldim. Shuning uchun usquf vafot etib, nasroniylar uning dafniga hozir bo’lganlarida barcha kirdikorlarini ochib tashladim.
- Sizning peshvoyingiz yaramas kimsa edi, - dedim ularga. - Sizni sadaqaga buyurardi, qiziqtirardiyu tushgan narsalarning hammasini o’zi uchun olib qo’yardi, muhtoju bechoralarga hech narsa bermasdi.
Ular menga ishonmasdan:
- Sen qayerdan bilasan? - deb so’rashdi.
Men "Yuring, sizlarga uning xazinasini ko’rsataman", dedim va ularga bo’g’zigacha limmo-lim tilloyu kumushlar bilan to’lgan yetti xum berkitilgan joyni ko’rsatdim. Nasroniylar yo’lboshchilaridan qattiq g’azablanishdi. Hatto ko’mishdan ham bosh tortib, tanasini daraxtga osib qo’yishdi. Bu ham yetmaganday jonsiz murdani toshbo’ron qilishdi.
Bir necha kundan so’ng yangi usqufni saylashdi. U dunyo matohlariga mutlaqo ko’ngilsiz, oxiratga nihoyatda muhabbatli, kechayu kunduz ibodat bilan mashg’ul shaxs edi. Men uni yoqtirib qoldim, qo’limdan kelgancha xizmatini qilib yurdim. Uning vafoti yaqinlashgach:
- Ustoz, meni kimga tashlab ketasiz? Sizdan keyin kimning xizmatida bo’lay? - deb so’radim.
- O’g’lim, menga o’xshagan odamlar qolmadi hisob. Ammo Mavsil degan joyda bir kishi bor. O’sha odam dinini mahkam tutib, o’zgartirmay kelyapti. O’shanga yo’liqqin, - dedi u.
Sohibim vafotidan so’ng mavsillik kishining oldiga bordim. Hamma sarguzashtlarimni so’zlab berib:
- Тaqsir, Falonchi sizning haq dinni mahkam tutganingizni xabarini berib, menga xizmatingizda bo’lishimni vasiyat qilib ketdi, - dedim.
U meni qabul qildi. Хizmatim davomida undan faqat yaxshiliklar ko’rdim, ammo ko’p o’tmay uning ham so’nggi soati yaqinlashdi. Ajali oldidan:
- Хudoning sizga bitgan qazosi kelib qolgan ko’rinadi. Siz mening nima maqsadda yurganimni bilasiz. Oxirgi maslahatingizni darig’ tutmang, kimga borib yo’liqay? - dedim.
- Bolam, - dedi u shivirlab, - xudo haqqi, bizga o’xshagan odamlar judayam kamayib ketdi. Nassibiyndagi (hozirgi Тurkiya hududidagi qishloq nomi) Falonchi ismli kishiga yo’liq.
Dafn marosimini o’tkazib, Nassibiynga yo’l oldim. U yerdagi solih zotni topib, ko’rgan-kechirganlarim qatori ustozimning vasiyatini ham aytdim. U meni xizmatiga oldi va birga o’tkazgan vaqtimiz mobaynida o’zini xuddi avvalgi ikki birodari singari faqat yaxshi tarafdan ko’rsatdi. Unga ajali arafasida so’nggi savolim bilan murojaat etdim:
- Mening maqsadim sizga maxfiy emas. Qandoq maslahat berasiz?
- O’g’lim, bizning dinimizda ammuriyalik falonchidan boshqa hech kim qolgani yo’q. O’shanga borib uchrash, - dedi u.
Men Ammuriyaga borib, o’sha kishiga shogird tushdim. Darhaqiqat. u avvalgi ustozlarimning yo’lida mustahkam edi. Uning xizmatida yurib, bir qancha sigir va qo’ylar orttirdim. Sohibimning kuni bitib, umri poyoniga yetib qolganida odat bo’lib qolgan savolimni berdim:
- Maqsadim sizga ayon. Nima qilay? Kimga shogird tushay?
- O’g’lim, xudo haqqi, Yer yuzida bizning dinimizni mahkam ushlagan bironta odam qolganini bilmayman... Lekin arablar yeridan chiqadigan bir payg’ambarning davri yaqin qoldi. U Ibrohimning dini bilan yuboriladi. O’z shahridan quvilib, xurmo daraxti ko’p ekiladigan, atrofi shamolda yemirilgan qora tog’ toshlari bilan qoplangan shaharga hijrat qiladi. Uning bir necha alomati bor-ki, ularni yodingda tut. Payg’ambar hadyani qabul qiladi, sadaqaga qo’l tegizmaydi. Ikki kuragining o’rtasida payg’ambarlik muhri bor. Agar men aytgan shaharning daragini eshitsang, borgin, - vasiyat qildi u.
Ustozimiing vafotidan so’ng Ammuriyada bir necha kun turdim. Arablarning Kalb qabilasilik tijoratchilari kelgach, ularga:
- Agar meni o’zingiz bilan arablar diyoriga olib ketsangiz, hamma sigir va qo’ylarimni beraman, - dedim.
Ular rozi bo’lishdi. Men kelishilgandek chorvalarimni berib, savdogarlar karvoniga qo’shildim. Vodil quroga (Madina va Shom o’rtasidagi vodiy) yetganimizda kalbiylar xiyonatga qo’l urib, meni qul sifatida bir yahudiyga sotib yuborishdi. Men uning xizmatini qila boshladim. Oradan bir necha kun o’tib, xojamning ziyoratiga kelgan banu qurayzalik amakivachchasi meni sotib oldi. Biz Yasribga jo’nab ketdik. U yerda ammuriyalik sohibim aytgan xurmolarni ko’rib, payg’ambar shahriga kelganimni bildim. Shundan keyin ko’nglim ancha ravshan tortdi. Payg’ambar bu paytda Makkada o’z qavmini islomga chaqirar, ammo men qullik taqozosi ila gardanimga yuklatklgan og’ir vazifalar bilan mashg’ul bo’lib, uning haqida hali eshitmagan edim.