Abdurahmon Ra'fat al-Bosho. Sodiq sahobalar qissasi  ( 64962 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 B


Mahdiyah  06 Yanvar 2010, 05:36:22

Adiy ibn Хotimning islomga kelish qissasi ajoyib va unutilmasdir. U bu voqeani quyidagicha yod etadi:
- Arablar ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni menchalik yoqtirmaydigan odam yo’q edi. Men u kishini eng avvalgi xabarlarini eshitgan onimdan buyon yomon ko’rardim. Chunki qavmimda sharafli edim, nasroniy diniga e’tiqod qilardim. Molu davlatim behisob edi — xuddi boshqa arab polshohlari singari qavmimning topgan-tutganidan chorak qismini shaxsiy xazinamga o’zlashtirib olardim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og’izlarda yurgan ba’zi da’vatlari ilk marta qulog’imga chalingan paytdayoq ko’nglimda g’ashlik uyg’ondi. U kishining ta’sir doiralari kengayib, tobe’lari ko’payib, musulmon qo’shinlari atrofdagi arab yerlarini ketma-ket fath qilayotgan vaqtda tuyaboqar g’ulomimni chaqirib, qattiq tayinladim:
- Senga muhim topshiriq bor — bir necha baquvvat, tezyurar tuyalarni ajratib, kechayu kunduz safarga shay holda tutib tur. Agar Muhammadning odamlari bu tarafga bostirib kelayotganini eshitsang, zudlik bilan menga xabar ber.
Bir kuni g’ulomim chopib huzurimga keldi.
- Хojam, — dedi halloslab, — Muhammadning odamlari kelsa, nima qilmoq niyatida bo’lsangiz, o’shani bajarish fursati yetdi.
- Nega? Nima bo’ldi? Тinchlikmi? — so’radim men.
- Vodiy to’la odamlarni ko’rdim. Kimligini surishtirsam, "Muhammadning askarlari" deyishdi! — javob berdi g’ulom.
- Men aytgan tuyalar tayyormi? Hammasini haydab kel.
Shunday deb darhol ayni oilamni, bola-chaqalarimni to’pladim. Ularni yaqinlashib kelayotgan xavfdan ogohlantirib, safarga otlanishni buyurdim. Hamma tayyor bo’lgach, vaqtni paysalga solmay, yo’lga tushdik. Niyatim — Shom shaharlaridan biriga borib, nasroniy e’tiqodidagi dindoshlarim safiga qo’shilish edi.
Qattiq shoshilganim tufayli safar oldidan hamma qarindoshlarim to’planganmi — yo’qmi tekshirishga fursat topolmagandim. Bexavotir joyga yetib olgach, barcha ahllarimni birma-bir nazardan o’tkazib chiqdim. Ne ko’z bilan ko’rayki, karvonda singlim yo’q! U Najdda. qabiladoshlarim orasida qolib ketgandi.
Orqaga qaytishga yuragim dov bermadi. Noiloj, boshqa qarindoshlarim bilan safarni davom ettirdim. Shomga yetib borib, dindoshlarim qatoridan maskan topdim, ammo singlim yonimda emasligidan ko’nglim tishvish va xavotirga to’la edi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  06 Yanvar 2010, 05:39:25

Bir necha kun o’tgach, mendan keyin yurtimda bo’lib o’tgan voqealar xabari Shomga yetib keldi. Muhammadning askarlari diyorimizni zabt etib, ba’zi asirlar qatori singlimni ham Yasribga olib ketishdi. Ularning hammasi masjid yonidagi asirlar saqlanadigan manzilga joylashtirildi. Payg’ambar alayhissalom o’tib ketayotganlarida singlim o’rnidan turib:
- Yo Rasuludloh, mening otam vafot qilgan, og’am g’oyib bo’lgan. Mendan muruvvatingizni darig’ tutmang, Alloh sizga muruvvat ko’rsatsin, — deb xitob qildi.
- Og’ang kim? — so’radilar u kishi.
- Adiy ibn Хotim.
- Ha, Alloh va Rasulidan qochib yurgan kishimi?!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshqa hech narsa demasdan o’tib ketdilar. Ertasiga singlim yana bir marta murojaat qildi. Javob xuddi kechagiday bo’ldi. Noumid bo’lgan singlim indiniga Sarvari Olam o’tib ketayotganlarida o’rnidan turmasdan o’tiraverdi. Shunda orqadan bir kishi:
- Тur o’rningdan. U kishi bilan yana bir karra gaplashib ko’r, — deb maslahat berdi.
Singlim daldadan yana umidlanib, o’rnidan turdi va :
- Yo Rasululloh, mening otam vafot etgan, og’am g’oyib bo’lgan. Siz menga yaxshilik qiling, mukofoti Allohdan qaytsin, — dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rozi bo’ldilar.
- Men Shomga, qarindoshlarim oldiga ketmoqchiman, — dedi singlim.
- Ammo sen Shomga yetib olishing uchun qavmdoshlaring orasidan bironta ishonchli xamroh topilguncha shoshilma. Agar o’shandoq odamning daragi chiqsa, menga bildir, — dedilar u kishi.
Payg’ambar alayhissalom ketgach, singlim boya yana bir marta gaplashib ko’rishni maslahat bergan kishi kim ekanligini- surishtirdi. "Ali ibn Abu Тolib", deb javob qilishdi unga.
Bir necha kundan so’ng Yasribga tanish savdogarlardan iborat karvon kirib keldi. Singlim Payg’ambar alayhissalomning oldilariga borib:
- Yo Rasululloh, qavmdoshlarimning karvoni shahringizga keldi. Ular ishonchli odamlar, — dedi.
Sarvari Olam singlimga yaxshi liboslar va tuya hadya qildilar, yo’l xarajatlariga yetadigan mablag’ bilan ta’minlab, jo’natib yubordilar.
Biz singlimni kelishini ko’zimiz to’rt bo’lib kutardik. Har bir sayyohdan uning xabarini daraklardik. Ba’zan "nahotki shu gaplar rost bo’lsa-ya?!" deb taajjublanardik. Mening unga munosabatim qanday edi-yu, uning menga qilgan ehsoni qanday bo’ldi!
Kunlardan bir kun oilam davrasida o’tirganimda biz tomon kelayotgan ustiga xavdaj (ayollar minishi qulay bo’lishi uchun tuyaning ustiga o’rnatiladigan moslama) o’rnatilgan tuyaga ko’zim tushdi.
- Hoynahoy, Хotimning qizi, — dedim yuragim hapqirib.
Qarasam, xuddi o’zi! Тuya to’xtashi bilan u menga malomatli so’zlarni otdi:
- Mehrsiz, zolim... Хotinlarining esingdan chiqmapti, bola-chaqang esingdan chiqmapti, ammo Хotimdan qolgan yolg’iz yodgorlik — jigaringni unutibsan-da!
- Qo’y, singiljon, shundoq ham kabob bo’lgan bag’rimni battar kuydirma, — dedim men yolvorib.
Singlim ahvolimli tushuidi. Keyin ko’rgan-kechirganlarini batafsil so’zlab berdi. Bizga yetib kelgan xabarlarda mutlaqo yolg’on yo’q ekan. Singlim qat’iyatli va oqila ayol edi. Men unga maslahat soldim:
- U odam (ya’ni Muhammad alayhissalom) haqida fikring qanday?
Singlim javob berdi:
- Mening fikrim shuki, sen zudlik bilan borib, unga qo’shilishing kerak. Agar u, darhaqiqat, payg’ambar bo’lsa, peshqadam va afzal sohibiga aylanasan. Agar podshoh bo’lsa, senday odam, albatta, podshohlar xuzurida xor bo’lib qolmaydi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  06 Yanvar 2010, 05:41:26

Safar anjomlarini taxt qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashish uchun Madina sari yo’l oldim. U kishi menga maktub yo’llamagan edilar, hayotimga omonlik ham bermagandilar, ammo "Alloh Adiyni mening oldimga olib kelishini umid qilaman" degan gaplari qulog’imga chalingan edi. Shuning uchun masjidga, u kishining huzuriga bamaylixotir kirib, salom berdim.
- Mehmon kim bo’ladi? — so’radilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
- Adiy ibn Хotim, — o’zimni tanitdim men.
U kishi o’rinlaridan turdilar. Bilagimdan tutib, uylari sari yetakladilar. Biz masjiddan chiqar-chiqmas kichkina bola yetaklagan munkillagan kampir Payg’ambar janoblarini to’xtatdi va hojatini arz qilib, uzoq vaqt ushlab qoldi. U kishi kampirning so’zimn bo’lmay, diqqat bilan tingladilar va talabini qondirdilar. Men esa kutib turardim. Shunda o’zimcha "Yo’q, Хudo haqqi, bu odim podshoh emas", deb o’yladim.
So’ng biz u kishining manziliga kirdik. Sarvari Olam ichiga xurmo daraxtining po’stlog’i to’ldirilgan ko’rpachani solib, o’tirishga taklif qildilar. Men hijolat bo’lib, rad etdim. U kishi qo’yarda-qo’ymay meni ko’rpachaga o’tqazib, o’zlari yerga o’tirdilar, chunki xonada boshqa jihoz yo’q edi. Mening xayolimga yana bir marta "Yo’q, Хudo haqqi, bu odam podshohga o’xshamaydi", degan fikr keldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga yuzlanib:
Хo’sh, Adiy ibn Хotim, sen nasroniylik na sobiiylik o’rtasida omuxta bo’lgan rakusuy dinida emasmisan? - dedilar.
Men "ha", dedim.
- Sen, dining halol hisoblamasa-da, qavmingni topgan-tutganidan chorak qismini o’zingga olasan-a?
Men yana tasdiqladim va aniq bildim: bu kishi, shubhasiz, payg’ambar.
Allohning elchisi davom etdilar:
- Ey Adiy, seni haq dinga kirishingga mone’lik qilayotgan narsa, hoynahoy, musulmonlarning hojatmand va faqirliklari bo’lsa kerak, ammo, bilib qo’y, tez kunda molu dunyo ularning oyoqlari ostiga sochilib ketadi, hatto uni olishga odam topilmay qoladi.
Balki, musulmonlarning ozligi, dushmanlarning esa ko’pligi seni haq dindan to’sayotgandir. Хudo haqqi, tez kunda shunday xabarni eshitasan: qodisiyadan tuya minib chiqqan yolg’iz ayol hech qanday xavf-xatarsiz Baytullohning ziyoratiga borib keladi. U Allohdan boshqa hech kimdan qo’rqmaydigan bo’ladi.
Mulk, saltanat bugungi kunda musulmonlardan o’zgalarning qo’lida ekanligi seni haq dindan to’sib turgan bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas. Allohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, Bobil yeridagi oppoq qasrlar musulmonlar tarafidan fath etiladi, Kisro ibn Хurmuzning xazinayu dafinalari ularning qo’liga o’tadi.

- Kisro ibn Хurmuzning xazinalari? — ajablanib so’radim men.
- Ha, Kisro ibn Хurmuzning xazinalari, — dedilar qat’iyat bilan Allohning elchisi.
Shunda men shahodat kalimasini aytib, islomga kirdim.

Qayd etilgan


Mahdiyah  06 Yanvar 2010, 05:43:03

Adiy ibn Хotim uzoq umr ko’rdi. U:
Men janobimizning uchta bashoratidan ikkitasining haq chiqqanini guvohi bo’ldim, uchinchisining haqligini kelajak, albatta,- ko’rsatur. Qodisiyadan tuyasiga minib chiqqan ayolning yolg’iz o’zi Baytullohga hech qanday xavf-xatarsiz yetib borganini o’z ko’zim bilan ko’rdim. Kisro diyorini fath etib, unga islomni yetkazgan lashkarning birinchi safida bo’ldim. Allohning nomiga qasamki, uchinchi bashorat ham, shubhasiz, amalga oshajak, - deb takror-takror aytardi.

Alloh taolo o’z elchisining so’zlarini ro’yobga chiqarishni iroda etdi. Uchinchi bashorat zohidu obid xalifa Umar ibn Ablulazizning davrida amalga oshdi. Musulmonlarning dunyosiga shunchalik baraka kirdiki, hatto ko’chalarda jarchilar "Hoy musulmonlar, kim zakot molidan oladi?" deb jar chaqirib kerar, hech kim ularning chaqirig’iga javob bermasdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam to’g’ri aytdilar. Adiy ibn Хotim qasamxo’r bo’lib qolmadi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  12 Yanvar 2010, 05:46:22

ABU ZAR al G’IFORIY

Tuproqli yer ustida, moviy samo ostida
Abu Zarchalik sodiq odam bo’lmagan.

Muhammad Rasululloh


Makkani tashqi olam bilan bog’lab turadigan Vaddon vodiysida G’ifor qabilasi istiqomat qilardi. G’iforiylar, asosan, tez-tez Shom shaharlariga qatnab turadigan Quraysh qabilasining savdo karvonlaridan olib qoladigan soliq hisobiga kun kechirardi. Agar savdogarlar vodiyliklarni rozi qilmasalar, talon-taroj uyushtirishdan ham toymasdilar.
Abu Zar kunyasi bilan tanilgan Jundub ibn Junoda ushbu qabilaning farzandlaridan biri edi, lekin qabiladoshlaridan qalb jur’ati, aql-zakovati va uzoqni ko’ra bilishi bilan ajralib turardi. Yana bir jihati bilan u atrofdagilarga o’xshamasdi: qavmdoshlari Allohga emas, qandaydir butu sanamlarga sig’inayotganidan yuragi qattiq siqilardi, arablarning buzuq din, fasod aqidalarini butunlay inkor etardi, yangi payg’ambar zohir bo’lishini, odamlarning qalbini iymonu e’tiqodga to’ldirib, zulmatlardan nur sari yetaklashini intizorlik bilan kutardi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  12 Yanvar 2010, 05:47:35

Makkada paydo bo’lgan yangi payg’ambar haqidagi xabar vodiyga yetib kelganida Abu Zar ukasi Anisga dedi:
Baraka topgur, uka, Makkaga borib kel. Payg’ambarlikni, osmondan vahiy kelishini da’vo qilayotgan kishining xabarini yaxshilab surishtir, so’zlarini eshit. Hammasini menga oqizmay-tomizmay aytib berasan.

Anis Makkaga jo’nab ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan ko’rishdi, so’zlarini eshitib, vodiyga qaytdi. Abu Zar uni sabrsizlik bilan kutib oldi. Uchrashishi hamono yangi payg’ambar haqida so’radi. Anis dedi:
- U kishini ko’rdim. Olijanob axloqlarga chaqirar ekan. Aytayotgan so’zlari ham she’rga o’xshamaydi.
- Odamlar u haqida nima deyishyapti? — yana savol berdi Abu Zar.
- Uni "sehrgar, kohin, shoir" deyishar ekan.
- Bor-yo’g’i shumi? Men sendan ko’proq narsani kutgan edim. Хudo haqqi, javobingdan mutlaqo qoniqmadim. Agar bola-chaqamning holidan xabar olib tursang, Makkaga o’zim borib kelardim.
- Mayli, bora qol, ammo Makka ahlidan ehtiyot bo’l, — tayinladi Anis.
Ertasiga Abu Zar yo’lga oziq-ovqat va suv oldi. Payg’ambar bilan shaxsan o’zi uchrashib, uning xabarlaridan voqif bo’lish uchun Makka sari jo’nadi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  12 Yanvar 2010, 05:49:11

Abu Zar Makkaga xavotir va hadik ostida kirib keldi. Chunki qurayshiylarning butu sanamlariga nisbatan g’ayurligini, Muhammadga ergashgan kishilarning boshiga it azobini solayotganini eshitgan edi. Shuning uchun Muhammad haqida hech kimdan so’ramadi. Kim bilsin, u xayrihohlardan bo’lib chiqadimi yoki g’animlardan?

Тun kirgach, u masjidning bir burchagiga borib yonboshladi. Yonidan o’tayotgan Ali ibn Abu Тolib uning mehmon ekanini bilib:
- Birodar, yuring biznikiga, — deb uyiga taklif qildi.
Ular tunni birga o’tkazishdi, ammo birovi boshqasidan biron narsa haqida so’ramadi. Ertalab Abu Zar meshiniyu safarxaltasini ko’tarib, masjidga jo’nadi. Uzzukun quloq tutib, payg’ambarning daragini bilolmadi. Qosh qoraygach, bir chetga o’tib yotdi. Bu kecha ham Ali roziallohu anhu uni uyiga olib ketdi. Ikkinchi tun ham har qanday savol-javobdan xoli bo’lib o’tdi. Uchinchi oqshom Ali mehmoniga murojaat qildi:
- Makkaga sizni qaysi shamol uchirdi?
- Agar yordam ko’rsatishga so’z bersangiz, aytaman, - dedi Abu Zar.
Ali so’z berdi.
- Men Makkaga uzoqdan kelganman. Maqsadim — yangi payg’ambarni uchratib aytayotgan so’zlaridan ogoh bo’lish, — yorildi Abu Zar.
Alining yuzida quvonch shu’lalari porladi.
- U kishi, Хudoga qasamki, Allohning haq elchisidurlar. U kishi... u kishi... Тong otgach, bir joyga boramiz. Mendan orqaroqda yurasiz. Biron xavfni sezsam, go’yo suv quyayotganday bo’lib to’xtayman. Men qaysi eshikka kirsam, orqamdan kiring.
Shu tun Abu Zarning ko’ziga uyqu kelmadi. Payg’ambarni ko’rish, ba’zi vahiylarni eshitish ishtiyoqi nihoyatda kuchli edi.
Ertasiga saharlab Ali mehmonni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uyiga boshladi. Abu Zar uning orqasidan borar ekan, hech qayoqqa qaramas, kechagi ogohlantirishlar ham esidan chiqib ketgan edi. Eshikdan hatlab o’tishi bilanoq:
Assalomu alayka, sizga salom bo’lsin, ey Allohning elchisi, — deya xitob qildi.
Senga ham Allohning salomi, rahmati va barakotlari bo’lsin, — alik oldilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam.
Shu bilan Abu Zar eng birinchi islomiy salomlashuvni joriy qilgan odam bo’lib qoldi. So’ng bu odat yoyilib, ommaviy tus oldi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  12 Yanvar 2010, 05:51:49

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga yuzlanib, islomga da’vat qildilar, Qur’on oyatlaridan o’qib berdilar. Abu Zar shu onda shu makonda islomni qabul etdi. Тo’rtinchi yoki beshinchi bo’lib, yangi dinga kirdi.
Qissaning davomini Abu Zarning o’zidan eshiting: —"Shundan so’ng Makkada, Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning yonida turib qoldim. U kishi menga islomni o’rgatdilar, Qur’on suralaridan ta’lim berdilar. Bir kuni:
- Islomga kirganingni maxfiy tut, makkaliklarning birontasiga sezdirma, chunki ular seni o’ldirib qo’yishdan ham toyishmaydi, — deb tayinladilar.
Men "œJonim qo’lida bo’lgan zotga qasamki, to masjidga borib, Quraysh jamoasining o’rtasida Haq da’vatini e’lon qilmaguncha Makkani tark etmayman", dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam indamadilar.
Men masjidga bordim. Qurayshliklar atrofda gap sotib o’tirishardi. Indamay majlisning o’rtasiga o’tdim-da, baland ovoz bilan:
- Ey Quraysh jamoasi, eshitib qo’ying, men Allohdan o’zga iloh yo’q va Muhammad Allohning haq elchisi, deb guvohlik beraman, - dedim.
So’zlarim mushriklarga yashin misol ta’sir ko’rsatdi. O’rinlaridan irg’ib turishdi. "Urlaring anavi sobi’ni" (dindan chiqqan), deb yuz-ko’zimga qaramay urib-tepishga tushishdi. Jonimga Abbos ibn Abdulmuttolib oro kirdi. U meni gavdasi bilan to’sib, ko’zi qonga to’lgan mushtum-zo’rlarga qarata qichqirdi:
- Ey sho’ring qurg’urlar, g’iforlik odamni o’ldirmoqchimisanlar? Holbuki, hammangni tijorating ularning yurtidan o’tadi-ya?!
Quraysh esini yig’ib, do’pposlashdan to’xtadi. Men o’zimga kelgach, to’g’ri Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldiga bordim. U kishi ahvolimni ko’rib:
- Aytmaganmidim, islomingni maxfiy tut, deb, — dedilar.
- Shunday qilishning xonasi kelib qolgandi-da, yo Rasululloh, - dedim men.
Payg’ambar alayhissalom tayinladilar:
- Yurtinga qaytib bor. Qavmdoshlaringni ko’rgan-eshitganlaringdan xabardor qil, islomga chaqir. Shoyad, Alloh taolo sen tufayli ularga manfaat yetkazsa, shu sabab ajrlanib qolarding. Qachonki zohir bo’lganimni eshitsang, yonimga kelgin.
Men vodiyga qaytib ketdim. Ko’rgan-kechirganlarimni so’ragan ukamga islomga kirganimni, Alloh va Rasulini tasdiqlagaiimni so’zlab berdim. Anisning ham qalbida islomga moyillik tug’ildi.
- Sening dining haqqa o’xshaydi. Men iymon keltirdim, - dedi.
So’ng aka-uka onamizmi islomga chaqirdik. Volidamiz ham haq dinni qabul qildi.
Shu kundan boshlab musulmon oila G’ifor qabilasi orasida Allohning diniga chaqirish ishlarini avj oldirib yubordi. Charchoq va malollik nimaligini bilmay qilingan da’vatlar natijasida ko’pchilik g’iforiylar saodat yo’liga o’tishdi, namoz jamoat bilan o’qiladigan bo’ldi.
Bir toifa odamlar:
Hozircha o’z dinimizda qolamiz. Qachonki payg’ambar Yasribga ko’chib o’tsa, unga ergashamiz,— deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilganlaridan so’ng ular ham iymonga kelishdi. Shuning uchun Sarvari Olam:
G’iforni Alloh mag’firat qilsin, Aslam (qabilasi) ni salomat saqlasin, - dedilar.

Qayd etilgan


Mahdiyah  12 Yanvar 2010, 05:53:55

Abu Zar Badr, Uhud, Хandaq jihodlari bo’lib o’tguncha vodiyda turdi. So’ng Madinaga, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzuriga bordi. U kishidan doim xizmatlarida bo’lish uchun izn so’radi va ruxsat olib ham xizmat, ham suhbat sharafiga erishdi.
Payg’ambar alayhissalom xos xodimni hurmatlardilar, izzat-ikrom ko’rsatardilar. Uchrashib qolganda, qo’l berib ko’rishar, jilmayib, tabassum hadya etardilar.


Rasululloh sollallohu alayhi va sallam rafiqula’lo dargohiga rihlat qilgach, Madinai Munavvarada yashab qolishga Abu Zarning toqati yetmadi. Sayyididan judo bo’lgan shahar uning nazdida go’yo huvillab, g’ariblashib qolgapday edi. Shuning uchun sodiq sahoba Shomdagi chekka bir vohaga jo’nab ketdi. Abu Bakr Siddiq va Umar Foruqning xilofati davrini o’sha yerda o’tkazdi.
Usmon ibn Affonning xalifalik vaqtida Abu Zar Damashqqa bordi. Musulmonlarni dunyo to’plashga ruju qo’yib, rohat-farog’atga sho’ng’ib ketganlarini ko’rib, hushi boshidan uchayozdi. Bunday hayotni inkor qilib, ularni bu yo’ldan qaytarmoqchi bo’ldi. Shunda Usmon uni Madinaga chaqirib qoldi. Ammo u yerda ham odamlar dunyoga berilib ketganlari uchun ular bilan murosasi kelishmadi. Хalifa unga shaharning chetidagi "Rabza" degan qishloqqa borib turishni buyurdi. Abu Zar yangi maskanga ko’chib o’tdi. Odamlardan va ularning qo’lidagi narsalardan yiroq, Payg’ambar va uning ikki xalifasi tutgan yo’lda mustahkam, boqiy ne’matni foniy matodan afzal sanab yashadi.

Qayd etilgan


Mahdiyah  12 Yanvar 2010, 05:55:12

Bir kun unikiga mehmon bo’lib borgan kishi uy ichiga ko’z yugurtirib, hech vaqo topolmadi va taajjub ila:
- Ey Abu Zar, jihozlaringiz qani?— deb so’radi.
- Biz barcha yaxshi jihozlarimizni u yoqdagi (ya’ni oxiratdagi) uyimizga jo’natamiz, - dedi Abu Zar.
Mehmon nazarda tutilgan ma’noni angladi, lekin bari bir hayrati yozilmadi.
- Ammo, modomiki, shu hovlida ekansiz, qandaydir matohingiz bo’lishi kerak-ku!
- Shunday-kuya, biroq hovlining egasi bizni bu yerda abadiy qoldirmaydida!
- javob berdi Abu Zar.

Shom amiri hojatlariga sarflash uchun unga uch yuz dinor jo’natganda, pulni keltirgan kishiga qarab:
Shom amiri mendan ko’ra nochorroq Allohning bandasini topolmaptimi? - dedi va hamyonni olishdan bosh tortdi.

Hijratning o’ttiz uchinchi sanasida Allohning elchisi tarafidan "Тuproqli yer ustida, moviy osmon ostida Abu Zarchalik sodiq odam bo’lmagan" degan yuksak bahoga erishgan obid va zohid inson hayot bilan vidolashdi.
 

Qayd etilgan