Imom Qurtubiy. Jannat vasfi ("Tazkira"dan)  ( 127825 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 B


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:14:30

JANNAT VASFI

Imom Qurtubiyning  “Tazkirasidan”

Arabchadan:
Jahongir To‘lqin o‘g‘li va
Ubaydulloh Abdulaziz o‘g‘li o‘girdi

Muharrir:
Abdug‘afur Iskandar

Toshkent
« Movarounnahr »
2006

   Ushbu risola Imom Qurtubiyning Islom olamida «Tazkira» nomi bilan mashhur bo‘lgan "At-tazkiratu fiy ahvalil mavta va umuril axirot" (Jon berish holatlari va oxirat ishlaridan eslatma) kitobidan bir bobdir. Unda dorul baqo - jannat ishonchli xabarlar bilan vasf etilgan.
   Risola keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.


   Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘incha qo‘mitaning 2006 yil 31 mart 265-sonli ruxsati bilan chop etildi.

MUNDARIJA

Muqaddima
Jannat ne’matlari, sifatlari va u haqida kelgan xabarlar
Jannat ahlining bu dunyodagi sifatlari
Jannatlarning bir-biridan afzalligi bormi?
Jannat ne’matlari va jannat ahliga tayyorlab qo‘yilgan narsalarning sifati haqida
Jannat anhorlari va tog‘lari hamda ularning bir parchasi dunyoda mavjudligi haqida
Ya’juj ma’juj chiqib zamon oxirlashganda, bu davrlarning yo‘qolishi, Qur’on va ilmning ko‘tarilishi haqida
Jannat daryolari qaerdan oqib chiqadi?
Xamr jannat egalarining sharobi ekani, kim uni dunyoda ichsa, oxiratda ichmasligi, jannat egalarining libos va idishlari haqida
Jannat daraxtlari, ularning mevalari va dunyodagi mevalarga o‘xshashlari haqida
Jannat liboslari haqida
Jannatdagi barcha daraxtlarning tanasi oltindan ekani haqida
Jannatdagi ziroat (ekin-tikin) haqida
Jannat eshiklari, ularning soni, kimlar uchunligi, nomlari va kengligi haqida
Jannat darajalari va ulardan mo‘minga beriladiganlari haqida
Jannat bolaxonalari va ularning egalari haqida
Jannatdagi qasrlar, hovlilar, uylar va mo‘min banda erishadigan narsalar haqida
Alloh taoloning "Baland ko‘tarilgan ko‘rpachalar", degan oyati haqida
Jannat chodirlari, bozorlari, jannatiylarning dunyoda qilgan ishlari va ibodatlarini eslashlari
Hech kimning jannatga ruxsatsiz kirmasligi haqida
Jannatga birinchi kiradiganlar faqirlar ekani haqida
Jannat ahlining sifati, darajasi, yoshi, bo‘yi, yoshligi, teri, kiyimi, tarog‘i, tutatqisi, jufti va tili hamda jannatda bo‘ydoq  bo‘lmasligi haqida
Hurlar, ularning so‘zlari va odamiy ayollarning javoblari hamda xo‘jayinlari haqida
Yaxshi amallar hurlarning mahri ekani haqida
Hurlar nimadan yaralganligi haqida
Kishi dunyoda qaysi xotin bilan bo‘lsa, oxiratda ham u bilan bo‘lishi haqida
Jannatda yeyish, ichish va nikoh xaqiqatda borligi, ifloslik, kamchilik va uyquning yo‘qligi haqida
Mo‘min qachon jannatda bolani xoxlasa, bir lahzada homila bo‘lishi, tug‘ilishi va ulg‘ayishi haqida
Jannatdagi barcha narsa abadiy, eskirmaydi,  bo‘lmaydi, tugamaydi
Jannatdagi ayol-hurning dunyoda yurgan juftlarini ko‘rishi haqida
Jannatdagi qush, ot va tuyalar haqida
Hino jannat rayhonlarining sayyidi ekani va jannat rayhonlar bilan o‘ralgani haqida
Qo‘y va echki jannat hayvonlaridan ekani haqida
Jannatning atrofi, hidi va so‘zlashi haqida
Jannatga ekin daraxt ekish "Subhonallohi val hamdu lillahi..." kalimasi ekani haqida
Zikr jannatni bino qilishda mablag‘ ekani haqida
Jannat ahlining eng quyi va eng oliy darajasi haqida
Allohning roziligi jannatdan afzalligi haqida
Jannat ahlining Alloh taoloni ko‘rishi eng katta ne’mat ekani haqida
Alloh taoloni ko‘rish haqida
Jannat ahliga alloh taoloning salomi haqida
“Va yana bizning huzurimizda qo‘shimcha (izzat-ikrom)lar ham bordir” oyati haqida
Jannat va do‘zax ahli haqida kelgan oyat va ulamolar tafsiri xususida ulamolarning so‘zlari
Musulmon va mushriklarning vafot etgan go‘daklari haqida
Farzandi vafot qilgan kishining mukofoti haqida
Jannat ahlining jannatga kirgan paytlaridagi yegulik va sovg‘alari haqida
Jannat kaliti "Laa ilaha illalloh" kalimasi hamda namoz ekani haqida

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:23:05

MUQADDIMA

   Yer yuzida xayrli, ezgu ishlarni amalga oshiradiganlar uchun jannatlarni shay etib qo‘ygan parvardigorimiz Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Insoniyatni ezgulikka bosh-lab, ul abadiy ne’matlar diyori sari chorlagan payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga (s.a.v.) salovot va salomlar yog‘ilsin. Dunyoni yaxshilikka burkab, jannat eshigi tomon shoshgan, yaxshilikda musobaqalashgan sahobai kiromlar va boshqa solihlarga Allohning roziligi bo‘lsin. Jumladan, jannat vasfini kitobat etib, qalblarda u yoqqa nisbatan shavq uyg‘otgan Imom Qurtubiy hazratlarini Alloh rahmatiga g‘arq etsin.
   Aziz o‘kuvchi, ushbu mo‘‘jaz risola Islom olamining qadrli ilmiy meroslaridan sanalmish "At-tazkiratu fiy ahvalil mavta va umuril axirot" — "Jon berish holatlari va oxirat ishlaridan eslatma" kitobidan bir bobdir (Alloh nasib etsa, yaqin oylar ichida qolgan boblar ham qo‘lingizga yetib borishi ustida kamarbastamiz).  
Imom Qurtubiy Abu Abdulloh ibn Ahmad ibn Abu Bakr ibn Farh (vafotlari 671 hijriy, shavvol) Andalusning Qurtuba shahrida tavallud topganlar ("Qurtubiy" degan taxallus olishlari vatanlariga nisbatandir). Allohning solih bandalaridan, orif ulamo, taqvodor, zohid, mufassir, nasihatgo‘y edilar. "Al-jame’u liahkamil Qur’an" nomli tafsirlari Islom olamida juda mashhurdir.
   Ushbu jannat haqidagi bobda muallif jannat haqidagi oyatlarni batafsil tafsir etganlar, mufassirlarning mo‘‘tabar so‘zlarini keltirganlar, sahih-hasan hadislarni, sahobai kiromlar va boshqa ulug‘larning vasflarini bayon qilganlar, pirovardda, jannat xususida shunday "guldasta" bunyod etganlarki, o‘qigan kishi beixtiyor dimog‘ida ajib hidlarni, balki, jannat bo‘ylarini tuyadi. Albatta, jannat ulug‘ maskan, barcha mo‘minlar ko‘z tikkan makon. Qolaversa, u yerdagi ne’matlaru hurlar, qushlaru-buloqlar ham o‘z egalariga intizor turibdi. Jannat vasfini o‘qir ekansiz, qalbingizda ajoyib hislar uyg‘onadi, unga nisbatan sog‘inch paydo bo‘ladi, umidingiz kuchayib, toqatsizlik ham tug‘ilsa, ajab emas.
Ammo bir narsani unutmasligimiz kerak. Jannatni har  qancha sog‘inmaylik, shuning o‘zi u yerga kirish uchun kifoya emas. Uning mahri shu dunyodir. Uning qiymati shu dunyoda to‘lanadi. "Biz bu dunyoni yaxshi ko‘ramiz, chunki u dunyoni (ya’ni, jannatni) mana shu dunyoda topamiz", degan edilar Hazrati Ali. Jannatni sog‘inmoq bu dunyodan kechmoq, degani ham emas. "Alloh senga ato etgan mol-davlat bilan (avvalo) oxirat diyorini (obodligini) istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin", deyilgandir Qasas surasining 77-oyatida.          Payg‘ambarimiz(s.a.v.) ham bu dunyosini deb, u dunyosidan, u dunyosini deb, bu dunyosidan kechganlar mo‘min emasligini aytganlar. Demak, mo‘min kishi ikki tarafni ham birday tutadi, u dunyosining g‘amini mana shudunyoda yeydi.
   Alloh taolo insonni yer yuziga inson o‘laroq jo‘natgan ekan, vazifasini uddalaganlar uchungina jannat hozirlab qo‘yilganini unutmaslik kerak.
"Jannat..."ga sayringiz xayrli bo‘lsin, shavqingiz toshsin, Allohning o‘zi uni muyassar aylasin, omiyn, yo Rabbil olamiyn
.
Muharrir


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:25:11

JANNAT NE’MATLARI, SIFATLARI VA U HAQIDA KELGAN XABARLAR.

   Alloh taolo O’zining Kitobida jannatni kishida shubha qoldirmaydigan darajada, sifatlab berdi. Ayniqsa, "Rahmon", "Voqea", "G’oshiya" va "Inson" suralarida batafsil bayonlar kelgan. Shuningdek, payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham jannatni ochiq-ravshan hujjatlar bilan vasf qilganlar. Bu vasflarning "sahih" va "hasan"larini hamda salafi solihlardan vorid bo‘lgan xabarlarni o‘quvchilarimizga tortiq etamiz. Alloh taolo bizlarni u zotlar bilan birga qilsin. Omiyn.
   Ibn Vahb rivoyat qiladi: "Bizga Ibn Zayd ushbu hadisni aytdi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Aniqki, insonning ustiga zamondan u tilga olgulik bir narsa bo‘lma-gan vaqt-muddat ham kelgandir" (Inson surasi, 1), oyatini o‘qiyotgan edilar. Bu sura nozil bo‘layotganda, huzurlarida bir qora tanli odam bor edi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan bir narsalarni so‘rardi. Umar ibn Xattob unga: "Bas qil! Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga xalaqit berma", dedilar. Rasululloh (s.a.v.): "Qo‘yaver, ey Ibn Xattob", dedilar. Sura inib bo‘lgach, haligi kishiga o‘qib berdilar. Oyatlarda bayon qilingan jannat vasflarini eshitib, uning nafasi bir siqildi-yu joni uzildi.   Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunda: "Jannatga bo‘lgan shavq birodarla-ringizning jonini chiqardi", dedilar".

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:27:27

JANNAT AHLINING BU DUNYODAGI SIFATLARI.

   Ibn Vahb Ibn Zayddan rivoyat qiladi: "Alloh taolo jannat ahlini bu dunyoda qo‘rquvchi, mahzun, ko‘p yig‘laydigan, mushfiq, shuning oqibatida oxiratda ne’matlangan va shod bo‘ladilar, deb vasf etgan. Alloh taoloning shunday so‘zi bor:
   "Haqiqatan, bizlar ilgari (hayoti dunyoda) ahli oilamiz orasida (bo‘lgan chog‘imizda oxiratda Allohning azobiga duchor bo‘lishdan) qo‘rqar edik" (Vat-tur, 26).
   Do‘zax ahlini esa, bu dunyoda xursandchilik va shodlik bilan sifatlagan:
   "Darvoqe’, u (hayoti dunyodalik paytida) ahli oilasida (o‘z kufru isyoni bilan) shodu xurram edi. Albatta, u o‘zining hech qachon (Parvardigori huzuriga) qaytmasligiga ishonar edi" (Inshiqoq, 13-14)".
   Jannat ahlining bu dunyodagi vasfiga yuqoridagi xabar kifoya qiladi.


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:38:30

JANNATLARNING BIR-BIRIDAN AFZALLIGI BORMI?

   Alloh taolo aytadi: "Parvardigori (huzurida) turishdan (ya’ni, Parvardigori oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishidan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir" (Rahmon, 46). So‘ngra: "U ikki (jannatdan) quyiroqda yana ikki jannat bordir" (Rahmon, 62), dedi.
   Abdulloh ibn Abbos "Parvardigori (huzurida) turishdan qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir", oyati haqida: "Farzlarni (Allohning buyruq va qaytariqlarini) ado qilganlar uchun ikki jannat bo‘ladi", deganlar. Ba’zi mufassirlar: "Allohdan qo‘rqqan har bir banda uchun ikkitadan jannat bor", desa, ba’zilari: "Hamma Allohdan qo‘rqqan bandalar uchun ikki jannat bor", deydilar.
   Allohdan qo‘rqqan har bir banda uchun ikkitadan jannat bor, degan so‘z kuchliroq.
   Muhammad ibn Ali Termiziy aytadi: "Jannatning biri Allohdan qo‘rqqani va buyruqlarini bajargani, ikkinchisi qaytariqlaridan qaytgani uchun".
   Albatta, Alloh har bir jonni amali ustida kuzatib turuvchi zotdir.
   Mujohid va Naxa’iy Alloh huzurida turishdan qo‘rqqan inson haqida deydilar: "U shunday kishiki, bir gunoh ishni    qilmoqchi bo‘ladi, yodiga Alloh tushadi, shu zahoti Allohdan qo‘rqib, u ishni tark etadi".
   Ikki jannat haqida ham turli fikrlar mavjud. Abdulloh ibn Abbos Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat  qiladilar: "Ikki jannat — jannat kengli-gidagi ikki bog‘-bo‘ston. Har bir bo‘stonning kengligi yuz yillik masofadir. Har bir bo‘stonning o‘rtasida ustma-ust nur yog‘ilib turadigan hovli bor, undagi har bir narsa ne’mat va ko‘kalamzordan iborat. Uning turishi abadiy va daraxtlari o‘suvchidir" (Buni Haraviy va Sa’labiylar Abu Hurayradan ham rivoyat qilishgan).
   Ba’zilar: "Ikki jannatning biri qasrlarning quyi qismi, ikkinchisi yuqorisi"; deydilar.
   Muqotil: "U ikki jannat "jannatun-na’im"dir", degan. "U ikki (jannatdan) quyiroqda yana ikki jannat bordir", oyati xususida ham turli fikrlar bildirilgan. Ibn Abbos aytadilar: "Avvalgi ikki jannatdan darajasi pastroq yana ikki jannat bor. Bu jannatlar Allohdan qo‘rqqan bandalar uchun. Avvalgi ikki jannatda xurmo va mevali daraxtlar o‘sadi. Keyingi ikki jannatda esa ekinzor va nabototlar, yoyilib to‘shalgan narsalar bor".
   Mavridiy: "Ehtimol, quyiroqdagi ikki jannat — jannat egalaridan martabasi pastroq bo‘lgan mangu yosh xizmatkor bolalar uchundir. Shunda erkak va ayol xizmatchilar alohida bo‘ladilar", deydi.
Ibn Jurayj: "Yuqoridagi ikki jannat peshqadam, muqarrab bandalar uchun, u yerda har bir mevadan ikki nav bor va ostlaridan buloqlar oqib turadi. Quyidagi ikki jannat o‘ng tomon egalari uchun, u yerda meva, xurmo, anorlar va otilib turuvchi buloqlar bor", deydi.
   Ibn Zayd aytadi: "Yuqoridagi ikki jannat oltindan bo‘lib, muqarrab bandalar uchun, quyidagi ikki jannat kumushdan bo‘lib, o‘ng tomon egalari uchun". Said ibn Jubayr ham Abdulloh ibn Abbosdan shunga o‘xshash fikrni rivoyat qilgan,   Abu Muso Ash’ariy ham shu fikrda. Alloh taolo bu to‘rt jannatni sifatlagach, ular o‘rtasidagi farqqa ham ishora qilgan. Avvalgi ikkisi haqida: "U ikkisida ikki oqar chashma bordir" (Rahmon, 50) degan; keyingi ikkisi haqida: "U ikkisida tinmay otilib turuvchi ikki chashma bordir" (Rahmon, 66), deydi. Otilish oqib turishdan pastroqdir. Yana avvalgisi haqida:
   "U ikkisida barcha mevadan ikki nav bordir" (Rahmon, 52), deydi, ya’ni, biz bilgan va bilmagan yoki ho‘l va quruq. Buni Alloh umumiy tarzda aytdi, xoslagani yo‘q. Ikkinchisi haqida: "U ikkisida meva, xurmo va anorlar bordir" (Rahmon, 68), degan. "Barcha mevadan" deb umumiy qilmasdan, xoslab aytdi. Yana avvalgi ikkisi haqida aytadi:
   "(Ahli jannat) astarlari shoyidan bo‘lgan ko‘rpachalar ustida yastangan hollarida (o‘ltirurlar)" (Rahmon, 54). Ikkinchisi haqida: "(Jannat ahli u jannatlarda) yashil bolishlar va go‘zal gilamlar ustida yastangan hollarida (o‘ltirurlar)" (Rahmon, 76), deydi. Aniqki, ipak-shoyi ko‘rpachalar gilamdan yaxshiroq.
Avvalgi ikkisidagi hurlar haqida: "Ular go‘yoki yoqut va marjondirlar" (Rahmon, 58), deb; ikkinchisidagi hurlar haqida: "U (jannat)larda xushhulq va go‘zal yuzli (ayol)lar bordir" (Rahmon, 70), deydi. Har qanday go‘zallik yoqut va marjonning go‘zalligi kabi emas. Avvalgi ikkisi haqida: "(U ikki jannat son-sanoqsiz) shox-novdalar egasidirlar (ya’ni, sermeva va soya-salqindirlar)" (Rahmon, 48), deydi. Pastdagi ikki jannat haqida:
   "(Ular sersuv va seryaproqlikdan) qoramtirdirlar" (Rahmon, 64), deb aytadi.
   Bu izohlar, avvalgi ikki jannatning darajasi yuqori, degan insonlarning nisbiy qarashlari. Aslida pastdagi jannat ham ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan ne’matlarga ega. Balki Alloh taolo zikr qilmagan farqlari yana ham ko‘prokdir.
"Nima uchun avvalgi ikki jannat egalarining sifatlari keltirildi-yu keyingi ikkitasiniki keltirilmadi?" deyilsa, "Jannatlarning umumiy soni to‘rtta, Allohdan qo‘rquvchi insonlarning darajalari ham har xil. Avvalgi ikkisi ko‘proq qo‘rquvchi taqvodorlarga, keyingi ikkisi ulardan pastroq darajadagi insonlarga", deb javob qilinadi.
   Aslida bu gaplar ham mufassirlarning fikrlari, lekin bu yerda boshqa bir fikr ham bor, u "keyin zikr qilingan ikki jannat avvalgi zikr qilingan ikki jannatdan oliy va afzal", degan fikrdir. Zahhok ham shuni ma’qullagan. Chunki avvalgi ikki jannat oltin va kumushdan, keyingi ikki jannat yoqut va zumraddandir.
   "U ikki jannatdan quyiroqda yana ikki jannat bor", oyatiga kelsak, "quyiroqda" so‘zi arab tilida "duun" kalimasi bilan ifodalangan. Bu so‘z "oldida, yaqinida, old tarafida", degan ma’nolarni ham beradi. Xuddi shu ma’noni Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy ixtiyor qilib, "Navodirul usul" kitobida aytadi: "U ikki jannatning old tarafida arshga yaqinroqda yana ikki jannat bor".
   Muqotil: "Avvalgi ikki jannat "Adn" va "Na’im" jannatlari, keyingi ikkitasi "Firdavs" va "Ma’vo" jannatlari", degan.   Bunga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: "Agar so‘rsangiz, Firdavs jannatini so‘rangiz..." degan hadislari dalolat qiladi. Bu haqda hali so‘z keladi, inshaalloh.
   Keyingi ikki jannatni avvalgi ikkitasidan afzalroq, deb tushungan mufassir ulamolar, jumladan, Termiziy aytadi: "Keyingi ikki jannat haqida: "U ikkisida tinmay otilib turguvchi ikki chashma bordir" (Rahmon, 66), deyilgan. U har xil mushk, anbar, kofur kabi xush bo‘ylar bilan Allohning do‘stlariga sachrab-otilib turadi. Otilish oqishdan yax-shiroq".

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:39:10

DAVOMI...

   Abdulloh ibn Abbos: "Bu suv bilan otilib turuvchi favvoradir"; Said ibn Jubayr: "Suv va mevalar bilan otilib turadi", deganlar.
   Keyingi jannatlar haqida: "U ikkisida meva, xurmo va anorlar bordir" (Rahmon, 68), deyildi. Ba’zi ulamolar, xurmo bilan anor meva emas, chunki mevalarni zikr qilib, yana alohida xurmo va anorni zikr qildi, deydilar.  Bu zohir kalomdir. Jumhur ulamo, u ikkisi ham mevalar turkumidan, ikkisining alohida zikr qilinishi esa, boshqa mevalardan afzalligi uchun, bu hol Alloh taoloning: "Barcha namozlarni va xususan o‘rta namozni (asr namozini) saqlanglar — o‘z vaqtlarida ado qilinglar!" (Baqara, 238); yana:
   "Kim Allohga va Uning farishtalariga, payg‘ambarlariga, Jabroil va Mikoilga dushman bo‘lsa, bas, albatta, Alloh (bunday) kofirlarga dushmandir" (Baqara, 98), deb aytganiga o‘xshaydi, deyishadi.
   Ba’zilar: "Xurmo bilan anorning alohida zikr qilinishiga sabab ular xuddi bizlardagi nok, guruch kabi odatiy taom, xurmoni ,qorin to‘ydirish uchun, anorni meva sifatida iste’mol qilar edilar. Boshqa mevalar esa, ular uchun ajib va qiziqarli edi. Shuning uchun turfa xil mevalar aytilib, so‘ngidan o‘zlaringiz yeb yurgan xurmo va anorlar ham bor, degan ma’noda alohida zikr qilindi", deydi.
   Keyingi ikki jannatdagi hurlar "œxoyrootun hisan" kalimasi bilan sifatlangan. Termizii aytadi: "œXoyrotun"dan "œAlloh ixtiyor qilgan, tanlagan", degan ma’no chiqadi. Alloh o‘zi tanlab, o‘zi yaratdi, Allohning tanlovi odamlar tanlaganiga o‘xshamaydi. So‘ng  "œhisanun" (go‘zal) deb vasf qildi. Narsani yaratgan zot go‘zal deb sifatlaganidan keyin haqiqatda go‘zal bo‘ladi-da! Yana bir farq: avvalgi ikki jannatdagi hurlar haqida "begona erkaklarga qarashdan ko‘zlarini tiyguvchi, go‘yo yoqut va marjon kabi", deyiladi. Bu sifatga ega bo‘lganlar afzal-mi yoki Alloh tanlaganimi? Albatta,   Allohning tanlagani. Shuningdek, ikkinchisi haqida: "(Ular) chodirlarda asralgan hurlardir", deyildi, avvalgisida: "(begona erkaklarga qarashdan) ko‘zlarini tiyguvchi (qiz)lar bor", deyildi. Chodirlarda asralgani ko‘zlarini tiyguvchilardan oliyroq va afzalroqdir".
   Rivoyatlarda keladiki: "Arshning ostida turgan bulut yomg‘ir yog‘adi va uning rahmat tomchilaridan hurlar yaraladi, so‘ng anhor bo‘yida ularning har biriga kengligi qirq mil bo‘lgan chodir tikiladi, unda birorta eshik bo‘lmaydi. Allohning do‘sti, ya’ni, u hurlarning egasi kelib, chodirni yechadi. Bu narsa u hurlarga farishta va xizmatchilardan biror jonzotning ko‘zi tushmaganini bildirish uchun qilinadi. Ular maxluqlarning ko‘zlaridan asralganligi uchun ham, "chodirlarda asralgan hurlar", deyildi". Alloh bilguvchiroq.
   So‘ngra keyingi ikkinchi ikki jannat haqida: "(Jannat ahli u jannatlarda) yashil bolishlar va go‘zal gilamlar ustida yastangan hollarida (o‘tirurlar)" (Rahmon, 76), deyildi. "Bolish" arab tilida "rofrofun" kalimasida kelgan.  Uning ma’nosi haqida ham turli fikrlar bildirilgan. Ba’zilar, chodirning yopinchig‘i va kiyimlarning etagigacha osilib turadigan qismi, deydi. Ba’zilar, u beshik (arg‘amchi) kabi o‘ngga, chapga, tepaga, pastga tebranadi va unga juftlari bilan chiqqan kishi rohat oladi, qushning havoda qanot qoqishi ham "raffa" deyiladi, deyishgan.
   Hakim Termiziy aytadi: "Tebranuvchi bolish (rafraf) shoyi astarli ko‘rpachadan afzal. Avvalgi ikki jannat haqida: "Ahli jannat astarlari shoyidan bo‘lgan ko‘rpachalar ustida yastangan hollarida (o‘ltirurlar)"; keyingisi haqida: "(Ular) yashil bolishlar va go‘zal gilamlar ustida yastangan hollarida (o‘ltirurlar)", deyildi. Yashil bolish shunday narsaki, Allohning do‘sti unga o‘rnashsa, xuddi arg‘imchoq kabi u yoq-bu yoqqa, xohlagan tarafiga tebranib uchadi".
   Me’roj haqidagi hadisda keladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam "Sidratul muntaho"ga yetgach, Rafraf kelib, u zotni Jabroildan qabul qilib oldi va Arshning ostonasiga uchib olib chiqdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "U men bilan bir tepaga, bir pastga uchdi, hatto meni Alloh taoloning huzuriga olib bordi", deganlar. So‘ng qaytish vaqti yetgach, yana Rafraf u zotning qo‘llaridan tutib, bir yuqoriga, bir pastga uchib, Jabroilga topshirdi. Shunda Jabroil alayhissalom ovozlarini baland ko‘tarib, Allohga hamd aytib yig‘ladi".
   Demak, Rafraf Alloh taoloning xizmatchilaridan. Unga eng mo‘‘tabar va xos ishlar topshirilgan. Xuddi Baroq payg‘ambarlarga ulov bo‘lgani kabi. U ham maxsus vazifadir.
   Keyingi ikki jannat ahliga berilgan "rafraf" esa ularning bolish va suyanchiqlaridir. U egalarini xohlagan tarafga — anhor bo‘ylariga, qirg‘oqlar, bog‘u-rog‘lar va hurlarning chodirlariga uchirib olib boradi.
   So‘ng: "...go‘zal gilam ustida", dedi. Alloh taolo uni go‘zal deb ta’riflayaptimi, demak, haqiqatda go‘zal. Naqadar go‘zal ekanini biz tasavvur qila olmaymiz.
   Alloh taolo bu ikki juft jannatni bir-biridan farq qiluvchi sifatlar bylan sifatladimi, demak, ular farqli ekan.
   Alloh subhonahu va taolo: "Parvardigori (huzurida) turishdan (ya’ni, Parvardigori oldida turib, hayoti dunyoda qilib o‘tgan barcha amallariga javob berishdan) qo‘rqqan kishi uchun ikki jannat bordir", dedi, so‘ng: "U ikki (jannat)dan quyiroqda yana ikki jannat bordir", dedi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, jannatlar yettita emas, to‘rtta ekan. Buning bayoni ham hali keladi, inshaalloh.

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:41:46

JANNAT NE’MATLARI VA JANNAT AHLIGA TAYYORLAB QO’YILGAN NARSALARNING SIFATI HAQIDA.

   Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Alloh azza va jalla: "Solih bandalarim uchun ularga bergan narsalarimdan tashqari zahira qilib, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan va birorta insonning xayoliga ham kelmagan narsalarni tayyorlab qo‘yganman", deyapti, dedilar, so‘ng ushbu oyatni o‘qidilar:
"Bas, ularning qilib o‘tgan amallariga mukofot bo‘lsin, deb ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini biror jon bilmas" (Sajda, 17) (Muslim rivoyati).
   Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumo aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir kuni ashoblariga: "Jannatga kirish uchun yeng shimaruvchilar bormi? Chunki u ta’rifga ojiz. Ka’baning Rabbiga qasamki, jannat charaqlagan nur, tebranib turgan rayhonlar, tiklangan qasrlar, to‘lib oquvchi anhorlar, pishib yetilgan turli xil mevalar, go‘zal va chiroyli juftlar, sofligi va tiniqligi abadiy bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p zeb-ziynatlar diyoridir. U oliy, ajoyib, tinch va osoyishtadir", dedilar. Ashob: "Biz jannat uchun yeng shimaruvchilarmiz, ey Rasululloh!" deyishdi. Ul zot: "Inshaalloh, denglar", dedilar..." (Ibn Moja rivoyati).
   Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Rasulullohdan (s.a.v.): "Maxluqlar nimadan yaratilgan?" deb so‘radim. "Suvdan", dedilar. So‘ng: "Jannat nimadan bino bo‘lgan?" dedim. "Kumush va oltin g‘ishtlardan. Uning poydevori mushk, toshlari dur va yoqut, tuprog‘i za’faron. Kim unga kirsa, ne’matlanadi, umidsiz bo‘lmaydi, abadiy turadi, o‘lmaydi, kiyimlari eskirmaydi, yoshligi ham ketmaydi (qarimaydi)", dedilar" (Termiziy rivoyati).
   Ibrohim ibn Muoviya Said Toiydan rivoyat qiladi: "Menga ummul mo‘mininning ozod etgan quli Abul Mudalla Abu Hurayraning ushbu hadisini aytdi: "Ey Rasululloh, (s.a.v.):  nima uchun sizning huzuringizda bo‘lganimizda qalblarimiz yumshab, oxiratni o‘ylab qolamiz. Qachon sizning oldingizdan ketib, bola-chaqamiz oldiga borsak, dunyoga mashg‘ul bo‘lib ketamiz", dedik". Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Agar sizlar meni tark qilgan chog‘ingizda ham, huzurimda bo‘lganingiz kabi holatda turganingizda, farishtalar sizlar bilan, albatta, qo‘l berib so‘rashar, sizlarni ziyorat qilish uchun uylaringazga kelishar edi. Agar sizlar hech gunoh qilmaganingizda, Alloh taolo gunoh qiladigan qavmni keltirgan bo‘lur edi, so‘ng u qavm istig‘for aytib, gunohlarini kechirishini so‘rar va Alloh ularni kechirar edi", dedilar. Biz: "Ey Rasululloh, (s.a.v.) jannat haqida xabar bering, u nimadan bino bo‘lgan", dedik. "Oltin va kumush g‘ishtdan. Uning loyi xushbo‘y mushk, mayda toshlari dur va yoqut, tuprog‘i za’fa-rondir. Unga kim kirsa, boqiydir, umidsiz bo‘lmaydi, abadiydir, o‘lmaydi, kiyimi ham eskirmaydi, yoshligi ham ketmaydi", dedilar" (Abu Dovud Tayolisiy chiqargan).
   Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ibn Sayyodga: "Jannatning tuprog‘i nimadan?" deb savol qildilar. U: "Oppoq mushkdan bo‘lgan tuproq, ey Abul Qosim!" dedi. Janob Rasululloh (s.a.v.): "To‘g‘ri aytding", dedilar (Muslim rivoyati).
   Imom Muslimning yana bir rivoyatida kelishicha, Ibn Sayyod Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan jannatning tuprog‘i haqida so‘ragan. U zot: "Sof mushkdan bo‘lgan oppoq tuproq", deb javob berganlar.

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:45:13

JANNAT ANHORLARI VA TOG’LARI HAMDA ULARNING BIR PARCHASI DUNYODA MAVJUDLIGI HAQIDA

   Alloh taolo deydi: "Taqvo egalari uchun va’da qilingan jannatning misoli-sifati (bu): Unda aynimagan suvdan bo‘lgan daryolar ham, ta’mi o‘zgarmagan sutdan bo‘lgan daryolar ham, ichuvchilar uchun lazzatli, musaffo asaldan bo‘lgan daryolar ham bordir" (Muhammad, 15).
   Rivoyat qilinishicha, u daryolar o‘zansiz oqadi. Bu ish ham Allohning qudratidandir.
   Nabiy sollallohu alayhi va salam aytadilar: "œJannatdagi anhordar mushkdan bo‘lgan tepaliklar (yoki tog‘lar) ostidan oqib chiqadi" (Uqayliy rivoyati).
   Ismoil ibn Ishoq aytadi: Bizga Ismoil ibn Abu Idris Kasir ibn Abdulloh ibn Umar ibn Avfdan, u otasidan, u bobosidan hadis aytdi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "To‘rtta tog‘ jannat tog‘laridan, to‘rtta daryo jannat daryolaridan, to‘rtta maydon jannat maydonlaridandir".
   "Qaysi tog‘lar?" deyishdi. U zot: "Uhud tog‘i, u bizni yaxshi ko‘radi, biz ham uni yaxshi ko‘ramiz; Tur tog‘i ham jannat tog‘laridan. Lubiy va Judiy tog‘lari ham jannat tog‘lari-dandir. Jannat anhorlari — Nil, Furot, Sayhon va  Jayhon. Maydonlari - Badr, Uhud, Xandaq va Xaybar", dedilar.
   Hakim ibn Muoviya otasidan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannatda suv dengizi, sut dengizi, asal dengizi va sharob dengizi bor. So‘ng undan keyin daryolar oqadi" (Termiziy rivoyati).
   Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Sayhon, Jayhon, Nil,.. Furot, barchasi jannat daryolaridandir" (Muslim rivoyati).
   Ka’b aytadi: "Dajla — jannat bog‘ daryosi, Furot — sut daryosi, Misr (ya’ni, Nil) — sharob daryosi, Sayhon — asal daryosi. Bu to‘rtala daryo Kavsardan oqib chiqadi".
   Buxoriy Isro va Me’roj haqidagi Anas roziyallohu an hudan rivoyat qilgan hadisda shunday zixr etadi: "U zot dunyo osmoniga yetganilarida, oqib turgan ikki daryoni ko‘rdilar va: "Ey Jabroil, bu ikkisi nima?" deb so‘radilar. Jabroil alayhissalom: "Nil bilan Furotning unsuri", dedi. So‘ngra keyingi osmonga chiqdilar. Unda boshqa bir daryoni ko‘rdilar.  Unda dur va zabarjaddan bo‘lgan qasr bor edi. Qo‘llari bilan urgan edilar, u xushbo‘y mushk ekan. "Bu nima, Jabroil?" deb so‘radilar. "Alloh sizga berkitib qo‘ygan Kavsar", dedi Jabroil".


Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:47:00

YA’JUJ MA’JUJ CHIQIB ZAMON OXIRLASHGANDA, BU DAVRLARNING YO’QOLISHI, QUR’ON VA ILMNING KO’TARILISHI HAQIDA.

   Abu Ja’far Nuhas Ibn Abbosdan hadis aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Alloh azza va jalla yer yuziga beshta daryoni tushirdi: Hind daryosi Sayhunni, Balx daryosi Jayhunni, Iroq daryolari Dajla bilan Furotni va  Misr daryosy Nilni. Alloh ularni eng quyi jannatdagi buloqdan Jabroil alayhissalomning qanotlari bilan nozil qildi. Ularni tog‘larga o‘rnatib, yer yuziga oqizdi va insonlar uchun foydali qildi. Bu ish Alloh taoloning ushbu: "Va Biz osmondan (aniq) o‘lchov bilan suv yog‘dirib, uni yerga joylab qo‘ydik" (Mo‘minun, 18), degan so‘zining isbotidir. Qachon Ya’juj-Ma’juj chiqish payti kelsa, Alloh Qur’onni, ilmni va ushbu beshta daryoni ko‘tarish uchun  Jabroil alayhissalomni yuboradi. So‘ng bu narsalar osmonga ko‘tariladi. Bu ish Alloh taoloning ushbu: "Shak-shubhasiz, Biz uni ketkazishga ham qodirmiz", degan so‘zidir (Mo‘minun, 18). Bas, qachon bu narsalar yer yuzidan ko‘tarilsa, odamlar dunyo va din yaxshiliklarini yo‘qotadi". Qur’onning Ya’juj-Ma’juj chiqish paytida ko‘tarilishi xususida turlicha qarashlar bor.
   Mas’udiydan rivoyat qilinadi: "Ibn Mas’ud davrlarida Furot daryosi toshdi. Bu hol insonlarga yoqmadi. Shunda Ibn  Mas’ud: "Uning toshishini yomon ko‘rmanglar! Hali shunday zamon keladiki, bir tog‘ora suv qidiriladi-yu, topilmaydi.  Bu hodisa hamma suv o‘z unsuriga qaytganda bo‘ladi. U paytda suv va buloq qoldiqlari faqat Shomda qoladi", dedilar.

Qayd etilgan


IXLOS  19 Avgust 2009, 11:47:40

JANNAT DARYOLARI QAYERDAN OQIB CHIQADI?

   Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Kim Allohga va Rasuliga iymon keltirsa, namoz o‘qisa, ro‘za tutsa, uni jannatga kirgizish Allohning zimmasida bo‘ladi, u Alloh yo‘lida hijrat qiladimi yoki (hijrat qilmay) tug‘ilgan yurtida qoladimi, farqi yo‘q", dedilar. Sahobalar: "Ey Rasululloh,(s.a.v.) insonlarga bu xushxabarni yetkazaylikmi?" deb so‘rashdi. U zot aytdilar: "Jannatda yuzta daraja bor, uni Alloh yo‘lida jaxd qiluvchilar uchun tayyorlab qo‘ygan. Har ikki darajaniig orasi osmon bilan yercha. Bas, agar Allohdan so‘rasangiz, Firdavsni so‘rangiz. Chunki u jannatning eng oliy va balandidir, uning shifti — Allohning Arshi. O’sha yerdan jannat daryolari oqib chiqadi" (Buxoriy rivoyati).
   Qatoda aytadi: "Firdavs — jannatning eng oliyi, eng o‘rtasi, afzali va eng balandidir".
   Ba’zilar: "Firdavs hamma jannatlarni ichiga olgan umumiy nom, xuddi jahannam barcha do‘zaxlarning umumiy nomi bo‘lganidek. Masalan, Alloh taolo Mo‘minun surasining av-valida mo‘minlarning sifatlarini maqtab, so‘ng: "Ana o‘shalar Firdavsga merosxo‘r bo‘ladigan vorislardir. Ular o‘sha joyda mangu qolurlar", deg‘an. Yana Ma’orij surasida xuddi shunday sifat egalarini: "Ana o‘shalar jannatlarda hurmat-izzat ko‘rguvchilardir", deydi. Bundan bilamizki, Firdavs bitta jannat emas, balki bir nechta jannat ekan", deydilar. Vahb ibn Munabbah ham shunday fikrda.


Qayd etilgan