Hijriy ikkinchi (milodiy sakkizinchi) asrning o'rtalaridan e'tiboran hadislarni tasnif etish ham boshlanadi. Eng avvalo ularni boblarga ajratib tasnif etgan olimlardan Ar-Rabiy ibn Subayh as-Sa'diy (vafoti 777 yil), basralik Sa'iyd ibn Abu Aruba (vafoti 773 yil), yamanlik Xolid ibn Jumayl, Muammar ibn Roshid al-Azadiy (vafoti 770 yil), makkalik Abdumalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj (vafoti 768 yil), Sufyon ibn Uyayna (vafoti 812 yil), kufalik Sufyon ibn Sa'iyd as-Savriy (vafoti 778 yil), basralik Hammod ibn Salma (vafoti 783 yil), Shomdan Al-Valiyd ibn Muslim (vafoti 810 yil), rayylik Jurayr ibn Abdulhamiyd (vafoti 803 yil), Xurosondan Abdulloh ibn al-Muborak (vafoti 797 yil), Vositdan Xushaym ibn Bashiyr (vafoti 799 yil), kufalik Zakariyo ibn Abu Zoida (vafoti 767 yil), Muhammad ibn Fuzayl ibn G'azvon (vafoti 810 yil), Vakiy' ibn Jarroh (vafoti 813 yil), yamanlik Abdurrazoq ibn Hammom (vafoti 827 yil)larni ko'rsatish mumkin. Shu davrda yaratilgan asarlarni tahlil etib aytish mumkinki, ularning aksariyati muayyan bir mavzuga, masalan, tafsir, axloq-odob, g'azot, shar'iy ahkomlar kabi masalalarga bag'ishlangan edi. Mazkur asarlar Payg'ambar alayhissalomning hadislari, sahoba va tobe'iynlarning so'zlarini o'zida mujassam etgan edi. Ayni vaqtda ushbu asarlar hadislarning to'plami sifatida bo'lib, ularning ishonchli (sahih)ligi masalasiga unchalik e'tibor berilmagandi. Hijriy uchinchi (milodiy to'qqizinchi) asrdan boshlab esa, hadislarni jamlovchi (jomi’), musnad va mu'jam shaklidagi yirik asarlar paydo bo'la boshladiki, tarkibiy jihatdan ularni uch asosiy qismga bo'lish mumkin.
1. Boblarga ajratilgan yirik asarlar (Al-Javomi’ al-mubavabba). Bu asarlar turli-tuman mavzularni o'zida qamragan bo'lib, ularga boblarga ajratilgan holda tartib berilgan.
Mana shu asarlardan Imom Buxoriyning "Al-Jomi’ as-sahih", Imom Muslim ibn al-Hajjojning "Al-Jomi' as-sahih", Termiziyning "Al-Jomi’ al-Kabir", imom Abu Dovudning "As-Sunan", imom Nasaiyning "As-Sunan", imom Ibn Mojaning "As-Sunan", imom Ad-Dorimiyning "As-Sunan" kabi asarlarini ko'rsatish mumkin.
2. Musnadlar (Al-Masoniyd).
Bu uslubdagi asarlarda ma'lum bir sahobaning rivoyatlari bir joyda zikr qilinib, undan keyin ikkinchi sahoba davom ettiradi. Bu asarlarda keltirilgan hadislarga mavzularga rioya qilinmaydi. Masalan, imom Ahmad ibn Hanbal o'zining "Al-Musnad" nomli yirik asarida avval to'rt to'g'ri xalifalarning (chahoryorlar) rivoyatlarini keltirib, keyin birin-ketin boshqa sahobalarning rivoyatlarini keltiradi. Hammasi bo'lib uning asarida to'qqiz yuz to'rtta sahoba zikr qilinadi. Muallif o'z asarini boblarga ham bo'lganligini aytish mumkin.
3. Mu'jamlar (Al-mao'jim). Bu xildagi to'plamlarda musannif asariga o'z shuyux (ustoz)larining hadislarini kiritib, ularning ismlarini mu'jam (alifbo) tartibida keltiradi.