Abdulla Oripov. Saylanma  ( 94956 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 31 B


AbdulAziz  15 Iyul 2006, 01:55:56

Saylanma. Abdulla Oripov



Muallif: Abdulla Oripov
Hajmi: 226 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:45:37


Buyuk o'zbek shoiri.O'zbekiston Qahramoni va O'zbekiston xalq shoiri. Shoir o'z hayot yo'lini shunday tasvirlaydi: Mening tug'ililib o'sgan, bolaligim o'tgan joylar Qarshi (qadimgi Nasaf) shahridan besh-o'n chaqirim shimolroq tomondagi Qo'ng'irtov etaklaridir: Bobolarimizning aytishicha, qaysi bir zamonlarda Navoiy bobomiz Samarqanddan Buxoroga ana shu Qo'ng'irtovni oshib o'tgan emishlar. Albatta, bu gaplar xalqning xotirasida o'qtin-o'qtin chaqnab turadigan xayol uchqunlari bo'lishi mumkin.

O'sha Qo'ng'irtovda bizning bolalik yillarimiz o'tgan. Bahor kelganda havoni o't-o'lanning yoqimli xushbo'y hidi qoplar, sharros yomg'ir quyganda biz tog' cho'qqisi unguridagi kichik-kichik g'orlarga bekinib olardik. O'sha yuksaklikdan shimol tarafdagi yam-yashil bepoyon kengliklarni tomosha qilar edim, to'yib-to'yib nafas olar edim. Ayniqsa, bu joylarda janub kechalari, yulduzli osmon nihoyatda go'zal bo'lar edi. Tim qora osmonda qo'l cho'zsang yetgudek ulkan-ulkan novvotrang yulduzlar charaqlab turadi. Hayotimda bunday go'zal manzaralarni keyin uchrata olmadim.

Biz oilada to'rt o'g'il, to'rt qiz o'sganmiz. Akalarim Buxoro, Toshkent oliy o'quv yurtlarida til-adabiyot fakultetlarida o'qishardi. Tabiiyki, ular ko'tarib yurgan kitoblarning aksariyati badiiy adabiyot namunalari edi. Mening allaqachon savodim chiqqan, kitoblarni sharillatib o'qiy olardim. Men bugungi kunda g'oyatda ajablanib shularni eslayman. Negadir bolaligimda hotiram nihoyatda kuchli edi. Bir o'qiganim esimda qolaverar edi. Radio, televidenie yoxud boshqa tomoshalar bolmaganidan keyin ermagim kitob edi-da. Duch kelgan narsalarni o'qib, duch kelgan narsani yodlab olardim. Bu kitoblar orasida halq dostonlari ham, Navoiy bobomizu Pushkindan tarjimalar ham, G'afur G'ulom, Hamid Olimjon she'riyati va yana boshqa ko'p ro'monu qissalar bo'lardi. Darvoqe, qish kunlarida to'ylarga qo'shni tumanlardan nomdor baxshilar kelib, tong otguncha doston aytishardi. Biz bolalar baxshini tinglay-tinglay bir-birimizga biqinishib uxlab ham qolar edik. Yanglishmasam, o'shanda Umur shoir degan baxshining dostonlarini ko'p eshitganman.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:45:56

Endi birinchi she'rlar yoza boshlaganimga nima turtki bo'lganini aniq bilmayman. Har holda so'zlarni qofiyalashga ishqiboz bo'lib qolganim esimda. Balki zerikkanimdan, balki zavqim toshib, nimanidir yozgim kelaverardi. Fikr esa yo'q. Yozmaslikning ham iloji yo'q. Shuning uchun ona, ota, maktab, brigadir Nodir kabi gaplarni o'zimcha she'rga solib aylantirib yurardim.

Maktabni oltin medal bilan bitirdim va 1958 yil Toshkent Davlat universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo'limiga kelib qoldim.

Universitetda adabiy jarayon g'oyatda qizg'in edi. Adabiyotimizda iz qoldirgan va qoldirayotgan ko'pdan-ko'p ijodkorlar o'sha yillari dorilfununning turli kurslarida tahsil olishardi: Fakultetimizda adabiyot to'garagi muttasil faoliyat ko'rsatardi. Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo'shjonov kabi ustozlarimiz biz bilan soatlab mashg'ulot olib borardilar.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:46:25

She'rlarim matbuotda tez-tez bosila boshladi. Ozod akaning 'Oq yoli' bilan 'Sharq yulduzi'da she'rlarim chiqdi. Yozuvchilar uyushmasidagi mushoiralardan birida 'Munojatni tinglab', 'Burgut' degan she'rlarimni o'qidim, o'sha kuni Abdulla Qahhor nazariga tushdim. Mirtemir domla atrofida ko'p shogirdlari qatori saboq oldim. Shayxzodadek donishmand ustozga ergashib, u kishi she'r o'qigan minbardan men ham she'r o'qidim. Esimda, Eski shahardagi hozirgi 'Turon' kutubxonasida o'qigan she'rlarimni tinglovchilar juda iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan qaytayotganimizda Shayxzoda domla bilagimdan tutib, 'Shoir, sizga bitta gapim bor. Ehtiyot bo'lgaysiz, ishqilib qarsaklardan taltayib ketmasangiz bo'lgani', degan. Bu gaplar ham mening qulog'imga qo'rg'oshinday quyilib qoldi.

Bu orada kitoblarim ketma-ket nashr qilindi. Ustoz G'afur G'ulom qatnashgan davralarda she'rlarini o'z og'izlaridan necha-necha bora eshitdim. Bir safar G'afur aka yelkamga qoqib, 'Kecha televizorda she'r o'qigan bola senmisan. Yozaver, o'g'lim' deganlarini hech qachon unutmayman. Va nihoyat, bir kuni meni Oybek domla yo'qlayotganini aytib qolishdi. Bu ulug' zot bemorroq bo'lganlari sababdanmi yoki salobatlari g'oyat buyukligidanmi, xonadonlariga har qanday qalamkash yurak yutib borolmas, bahaybat cho'qqiga boqqanday domlani uzoqroqdan tomosha qilib yurardik. Oybek domla bilan uchrashuvlarimni hamda kechirgan hayajonimlarimni qog'ozga tushirsam bir risola bo'lar. Domlaga 'Armaniston' degan sherimni o'qib berganimda 'ingichka, ingichka', deb qoyganlarini eslayman. Bu hitob sheringizda nozik qochirimlar bor degani bo'lsa kerak, deb o'ylayman. Oybek domla keyingi safar chorlanganlarida qo'limga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a'zolikka tavsiya qog'ozini tutqazdilar. Ikkinchi tavsiya Mirtemir domladan keldi. Shu yosinda uyishmaga Komil Yashin rayisliklarida a'zo bo'lib kirdim.

So'ng turli matbuot idoralarida xizmat qildim, katta-kichik mukofotlarga, xalq shoiri unvoniga sazovor bo'ldim. Mustaqillik yillarimizning buyuk in'omi O'zbekiston Qahramoni unvoniga ham loyiq topishdi. Mustaqil O'zbekistonning birinchi Davlat madhiyasi matnini yozishga musharraf bo'ldim. Asosiy ish faoliyatim ijod va ijodiy sohaga tegishli xizmatlar bilan o'tayotir.' ("Ko'rgan bilganlarim". 2000-yil 23-yanvar.)

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:46:53

O’ZBEK PAXTASI

Dunyoda qutlovlar bor
Biri biridan go‘zal,
Dunyoda tabriklar bor
Biri biridan ezgu.
Va lekin bu olamda
Topilmas hech bir mahal
Ona-yurt qutlovidan
Balandroq biror tuyg‘u.

Shu mo‘’jaz hayotimni
El-yurtga bog‘labman to,
Bir ketmonchi o‘g‘liday
Unga eshman, tirikman.
Kahrabo tizimchaning
Donasi kabi go‘yo
Mustahkam shu qatorning
Taqdiriga sherikman.

Tong bilan jahon bo‘ylab
Bir xabar qoqdi qanot,
O’zbek yana o‘z so‘zin
Ustuvor do‘ndiripti.
Betimsol taloto‘pda
Muzaffaru bosabot,
O’zbek yana do‘ppisin
Qiyalab qo‘ndiripti.

Million yillik so‘z erur
Paxta bizning lug‘atda,
Jo‘yaklarda boshlangan
Onalar to‘lg‘oq dardi.
Mabodo o‘simlikka
Zabon bitsa, albatta,
Paxta navi eng avval
O’zbekcha gapirardi.

Odati nurin sochar
Olamga har kun quyosh,
Bag‘rida ne sirlar bor,
Sig‘maydi tasavvurga!
Shu bir chanoq paxta ham
Zohirdan ma’sum, yuvosh
Va lekin zahmatlari
Sig‘mas ongga, shuurga.

Dunyoda insonlar bor,
Mayda bir armon sabab,
Bir-birin yoqavayron,
Tuproqqa qorishadi...
Olamning egnin butlash .
O’zbekka shudir matlab,
Shu armon, deb cho‘ng xalqim
Bir umr olishadi.

Bizning uygan xirmonga
Chambar qilsang chechakdan,
Yulduzlar shabnam misol
Bo‘ladi unga inju.
Bolasi uyda qolgan
Mushtipar kelinchakdan
Xizrsifat cholgacha .
Barchaning mehnati bu!

Xalqim, sensan ellarga
To‘kin dasturxon tuzgan,
Ne’mating o‘zingga ham
Barqaror bo‘lsin, deyman.
Uygan bu xirmoning ham
Quyoshga qo‘lin cho‘zgan
Muhtasham haykalingga
Poydevor bo‘lsin, deyman!
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:47:17

UY

Ijroqo‘m uy bermish,
Ko‘zlaringda yosh...
Shunchalar ko‘pmida dilingda darding.
Yetar, ta’zim bilan egaverma bosh,
Yetar, yuragimni ezib yubording.

Seniki atalar shu yer, shu zamin,
Yo uni nazarga ilmaganmiding?
Senga ham taqdirning xatlab berganin
Shuncha yil o‘tibdi, bilmaganmiding.

Ijroqo‘m uy bermish,
Bag‘oyat savob,
Lekin ko‘rmay seni mute shaklida.
Haqiqatning tagin izlasang shu tob
Mutlaq senikidir uylar aslida.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:47:33

* * *

Baxtiyor har dilga oshno topilgay,
G‘ussali yurakka lekin yo‘q hamdam.
Do‘stlar eshigi ham taq-taq yopilgay
G‘ussali qalb u yon gar qo‘ysa qadam.
Horg‘in bir yo‘lchingman, darvozangni och,
Boshlab keldi dema kulfat, qayg‘uni.
Nogoh ko‘zlarimda ko‘rsang qatra yosh
Sog‘inch yoshlari deb qabul et uni.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:47:51

BOLALAR SHOIRLARIGA HAZIL

Soat bo‘ldi to‘rt yarim,.
Dedi Dilbarga Karim.
Buni eshitdi G‘ulom,
Salim bilan Dilorom,
Shoira-yu, Gulnoza,
Xadicha bilan Roza.
Alisher-u Baxtiyor,
Xurshid, Vitya, Ixtiyor,
Azim, Moyli, Dadashvoy,
Shukur, Ahmad, Adashvoy,
Mavluda-yu, Ilhomjon,
G‘ayrat, Sa’di, In’omjon,
Toshpo‘lat, Yulduz, Zohir,
Zarifa, Mahkam, Omon,
Miraziz, Safar, Rahmon,
Shavkat, Yo‘ldosh, Uzoqboy,
Bolta, Tesha, Tuzoqboy,
Eshmirza, Eldor, Jur’at,
Muqimiy bilan Furqat...
Endi soat besh yarim,.
Dedi Dilbarga Karim.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:48:07

YOZG‘UVCHILIKKA ARIZA
(Bir g‘alamis tilidan)

Meni nazariga ilmaydi birov,
Sizga shu gaplarni aytayin tikka.
Kecha bir davrada o‘ynadim garov,
Meni qabul qiling, yozg‘uvchilikka.

Har xil soyuzlar bor.
Masalan, kino,
Demangiz men o‘zni unga uraman.
Sabil texnikasi qiyinmish, ammo
Tomosha qilishni yaxshi ko‘raman.

Rassom bo‘lishlikka toqatim hech yo‘q,
Chunki zaril bunda g‘alat iste’dod.
Masalan, xo‘tikka o‘xshasin xo‘tik,
Sharmanda qiladi bundaqa ijod.

Bastakorlarda ham bor emish soyuz,
Bu ham to‘g‘ri kelmas, rostini aytsam.
Vijdonim yo‘l bermas, chidamaydi yuz,.
Qo‘shiq aytmaganman umrimda hech ham.

Shoirlik-chi, tegsin xudo urganga,
Sotib olayinmi tekin kulguni.
Dab-durust jumlalar qator turganda,
Teskari aytmoqlik shartmikan uni.

Yozg‘uvchilik esa, oh, bu g‘aroyib,
Mening talantimga shu soha nuqta.
Pastu balandlarga turfa, ajoyib
Maktublar bitganman g‘oyaviy puxta.

Xullas, o‘rtoq rais, aylangiz imdod,
Men sizga haq gapni aytaman tikka.
Ko‘pirib yotibdi menda iste’dod,
Meni qabul qiling yozg‘uvchilikka.
1981

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:48:40

ZO’R ARMON
(Bir noshudning deganlari)

Hamma har narsaga erur ishqiboz,
Kimdir marka yig‘ar, kimdir it boqar.
Kimlarga qish yaxshi, kimlargadir yoz,
Menga esa faqat qarsaklar yoqar.

Osonmi, dunyoda yashadim qancha!
Qochib, pusib yurdim zamonlar o‘tib.
Mana, savlatim bor, yoshim ham ancha,
Va lekin o‘rtandim qarsakni kutib.

Ajabo, xalq buncha bo‘lmasa o‘jar,
Bunchalar xasis u oddiy qarsakka.
Nechun boshqalarni shon-shuhrat quchar,
Bu holdan fig‘onim chiqar falakka.

Ey, siz, studentlar, insof bormi hech,
Bunchalar shakkoksiz, bunchalar nodon?!
Siz qarsak chalyapsiz kimga erta-kech,
Men-chi, qolaverdim bir chetda nolon.

Garchand, ba’zi joyda topdim e’tibor,
Ko‘ksimda nelardir taratur ziyo.
Dashnom eshitdim-u umrimda ko‘p bor,
Qarsak tinglamadim nechundir aslo.

Dunyoning ishlari chindan notugal,
Siz uning xatosin bir bor tuzating,
Do‘stlar, o‘lgan chog‘im, rahm eting bir gal,
Meni qarsak chalib go‘rga uzating.
1981

Qayd etilgan