Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166902 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:51:50

BIZNING SHE’R

Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq...
Paxtakorlar va ishchilar pisand qildilar.
Ziyolilar, yumushchilar pisand qildilar,
Studentlar, to‘quvchilar pisand qildilar,
Maktabdagi o‘quvchilar pisand qildilar,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.

Lekin bizni ancha zotlar pisand qilmadi,
Yayov edik, saman otlar pisand qilmadi,
Shoh surgandik, biroq motlar pisand qilmadi.
Taajjubmas, she’rga yotlar pisand qilmadi,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.

Shoirni hech taniganmi hissiz dimog‘dor,
Muqimiyning avlodimiz kamtar va nochor.
Lekin shoir so‘zi bilan hamisha poydor,
Aminxo‘ja bu borada guvohdir zinhor,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.

Shoir zoti yuragiga bo‘libdir mahkum,
Ijro bo‘lmas, u bo‘lsa-chi, o‘qiydi hukm.
Asrlardan qolib kelgan oqibat shulkim,
Quloq solmas unga ba’zan oshno ijroqo‘m,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.

Men kichkina uvoqdirman, dunyo tomidan
So‘zlagayman o‘tgan-ketgan shoir nomidan.
Har kim ichgay sho‘r qismatning achchiq jomidan
Lekin degum bu davronning xush ayyomidan,
Bizni pisand qilganlarga ming bora qulluq.
1982

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:52:03

HAYRONLIK

Chindan g‘alat erur dunyo ishlari,
Miyang g‘ovlab ketar o‘ylagan sari,
Diyonat, xiyonat aralash bari,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Ko‘rdik inson fe’lin o‘ru qirini,
Baham ko‘risharlar avval sirini.
So‘ngra nimta qilar biri birini,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Goho sendan aziz ostingda oting,
Goh bir g‘alamisga bog‘liq hayoting,
Yaxshiyam qatorda bordir bayoting,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Sen deysan, dilim pok, rashkdan yiroqman,
Sen unding, men esa hanuz tuproqman.
Yo‘q, do‘stim, men sendan bechoraroqman,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Ne qilay, yomonga o‘qiymi la’nat,
Yo shodon qo‘shiqlar aytaymi faqat.
Birovda mehr mo‘l, birovda nafrat,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.

Har qalay baxtlimiz - tirikmiz magar,
Qolgan gaplar esa o‘tarda ketar.
Bamisli karnayga ishqi tushgan kar,
Boqib bu savdoga, hayron o‘tdik biz.
1982

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:52:12

* * *

Senga bu dunyoning guli, ne’mati,
Senga, ey qay bir dam yaralgan san’at.
Senga oshufta bu dilning rag‘bati,
Senga ohista bu arzi muhabbat.

Yillar o‘tib ketmish, qayoqda eding,
Qaysi gulshanlarda yasharding, armon.
Xazonli bu boqqa nechun ham kirding,
Nechun xasta dilga solding g‘alayon.

Sobit esam-da, gar topolmasman ep,
Qarshimda osmonni past qila qolding.
Sen o‘tgan dunyoga qaydan yo‘l topib,
Kechmish bir insonga qasd qila qolding.
1982

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:52:22

O’ZBEGIM TOJIK BILAN

Do‘stu qardoshdir azaldan
O’zbegim tojik bilan,
Ikkisi bir bayt g‘azaldan
O’zbegim tojik bilan.

Qay yo‘sin aylay qiyos men
Bul shirin do‘stlik so‘zin,
Totlidir boldan, asaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Baxtga yor doim Navoiy toki
Jomiy bor ekan,
Biz ular qo‘ygan tamaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Fahm etib boqsang agarda,
Biz qo‘sha sayyoramiz,
Bu Ali so‘zlar Zuhaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Bir egatning boshi senu
Bir egatning boshi men
Yer ekib tinmas hamaldan,
O’zbegim tojik bilan.

Bul qadrdon ikki do‘stga
Xohishimdir, to abad
Topsa bir ma’no masaldan,
O’zbegim tojik bilan.
1982

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:52:41

SAVOB

Avji saratonda hansirab, yonib,
Qovrilib olovli yo‘llar taftida,
Muzdayin buloqdan suv ichgach qonib,
Hordiq olganmisan chinor tagida?

Ruhingda safoyu taningda mador,
Umidbaxsh qo‘shiqlar kuylaganmisan?
O’sha payt, o‘sha on hech qursa bir bor
Chinorni kim ekkan - o‘ylaganmisan?

Ro‘baro‘ kelding sen toshqin daryoga,
Qolding sohil uzra chorasiz, giryon,
Lekin yo‘liqqanday ajib ro‘yoga,
Qarshingda bir ko‘prik bo‘ldi namoyon.

Bamisli uzala tushgan xor vujud,
Ko‘targay u turfa insonlar korin.
O’tding sen daryodan salomat va but,
Lekin o‘yladingmi ko‘prik me’morin?

O’rmonlar bag‘rida sayr etgan sayyoh,
Changalzor qo‘ynida sargardon ovchi,
Mo‘jaz boshpanani ko‘rdingmi nogoh,
Uni qoldirmishdir qay bir yo‘lovchi.

Qoldirmish u senga qaro kun uchun,
Bir chimdim tuz bilan bir juft chaqmoq tosh.
O’ylab ko‘rganmisan, bu himmat nechun,
O’ylab ko‘rganmisan, kimdir u g‘amdosh?

Ha, inson umrining kechmishi ajab,
Goh to‘ng‘ar, goho u yashnar qulf urib...
O, balki qaysi bir fidoyi sabab,
Yuribsan sen hayot nash’asin surib.

Ayt, axir o‘zing ham to borsan sobit,
Kimsaga nasiba uzatganmisan?
Ko‘changdan lapanglab o‘tganda tobut,
Sen uni to‘rt qadam kuzatganmisan?

Chorasiz bir inson uchragan damda,
Unsiz so‘rog‘iga qildingmi javob?
Ayt-chi, bilarmisan, yorug‘ olamda
Bularning barchasi atalgay savob.

Yo‘q, yo‘q, o‘zga erur bid’at va karam,
Himmatu saxovat tiriklarga xos.
Bobolar beta’ma qurgan dunyo ham
Asli savob uchun qolgan bir meros.

Kimdir tuzar uni, kimdir buzadi,
Kimdir borini ham qiladi barbod.
Kimdir ta’ma bilan dunyo kezadi,
Kimdir o‘ksuk dilni etadi obod.

Savob deb ingraydi dunyomiz behol,
Zordir u najotbaxsh hislar sehriga.
Janglarda toliqqan majruh zot misol,
Suyanib yashar u inson mehriga.

To hayot ekanmiz savobga zormiz,
Yilt etgan shu’ladan dillar fayziyob.
Goh g‘amgin, goh esa umidga yormiz,
Yo‘qolmasa deymiz dunyodan savob.

Axir uning bilan gullagay ochun,
Axir uning bilan umrlar shoyon.
Faqat savob borki, jahon bus-butun,
Faqat savob borki, azizdir Inson!

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:52:54

ARSLON CHORLAGANDI...

Erkin Vohidovga

Biz ham yuksaklarga tikkandik ko‘zni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni,
Lekin qumursqalar bo‘ldi safardosh.

Jami tiriklikka tanish shu xatar,
Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Do‘stim, alam qilar, arslon bexabar,
Yem bo‘lib ketsak shu qumursqalarga.
1982

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:53:04

* * *

Sen uzoq yashaysan,
Hammadan ziyod.
Hali toychoqlaring o‘ynab yuribdi.
Meni-chi, shum ajal eshikda, hayhot,
Egarlangan otday kutib turibdi.

Sen balki baxtlisan,
Umringda ko‘klam,
Tunlar rang oladi hali sochingdan.
Men-chi, nazaringda yovqur bo‘lsam ham
Bir kunda to‘rt fasl kechar boshimdan.

Yuz yil yashab o‘tar dunyodan birov,
Fursat manglayiga sololmas izlar.
Yo‘q, yo‘q, yillar emas umrga egov,
Uni yemiradi beomon hislar...
1982

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:53:12

* * *

Yiroq Yevropada, Oxrit bahrida,
Jahon shoirlari jam bo‘lgan oqshom,
Kimdir she’r o‘qidi boshoq haqida,
Rizqini tanidi hamma shu ayyom.

Falastinlik shoir arz etdi dodin,
Men ham insonman deb, bo‘lay deb otlik.
So‘ng daryo qa’riga otdi kitobin,
Uning bir talabi edi ozodlik.

Ha, nonu tuz bilan tirikdir inson,
Erkinlik, istiqlol mening ham jonim.
Xayriyat, ust-boshing butundir, jahon,
Paxtangni o‘yladim, O’zbekistonim.
1982, Makedoniya

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:53:38

TOSHKENT SHA’NIGA

Goho oddiy maskanday tuyuladi, ochiq gap,
Har kuni yashayverib ko‘nikib qolgan uying.
Toshkentim, ajib kentsan, muhtasham qo‘rg‘onsan zab,
Ming-minglab chaqirimdan ko‘rinib turar bo‘ying.

Necha-necha ellarda duch keldim turfa zotga,
Toshkan desang yugurar yuzlariga tabassum.
Toshkent so‘zi uyqashdir tinchlik bilan hayotga,
Toshkent desa anglanur mehr bilan tarahhum.

Shunday payt goh o‘ylayman: buning boisi nedur,
Nechun shoir tilidan tushmaydigan nazmsan!
Axir, bunda har bir g‘isht tarixdan mujda erur,
Beruniy ta’rif etgan ko‘hna shahri azimsan.

G‘afur G‘ulom so‘zini har lahzada yod etib,
Toshkentning kamolidan mening ham ko‘kda boshim.
Nega uning dovrug‘i olamni ketmas tutib,
Bu yerda ijod etsa dovrug‘li zamondoshim.

Toshkentdir kamon yasab degrezlarga bo‘lgan joy,
Bugun o‘zbek yurtining eng katta korxonasi.
O’n to‘rt go‘dak haykalin ko‘rgandirsiz hoynahoy,
O’sha turfa millatning Toshkent bo‘lgan onasi.

Jahon voqeotida sening ta’rifing shoyon,
Necha zotlar mehringdan ilhomu zavq olmishdir.
Men ham kamtar fuqarong,
madh eturman bu zamon,
Mening ham qatra qonim
tuprog‘ingda qolmishdir.
Hamisha ustuvor bo‘l, barqaror bo‘l hamisha,
Ey, ko‘hna Sharqimizning
hech so‘nmas mash’alasi.
Noming kabi mustahkam, poydor bo‘l hamisha,
Do‘stlik, baxt, muruvvatning
mangu boqiy qal’asi.
1982

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 16:54:00

QONUNIYAT

Oqshom baroq mushuk labini yalab
Uyquga ketadi sichqonni o‘ylab.
Sassiz qanot qoqar boyqush tunlari,
Es-hushida faqat qushning inlari.
Tulki to‘qaylarda izg‘iydi giryon
Xayolida uning tovuq yo quyon.
Burgut yuksaklarda qanot qoqadi,
U ham o‘lja izlab tuban boqadi.
Bu-ku, tabiatda qonundir azal,
Foydasiz bu yerda axtarsang masal.
Lekin olamda bor o‘zga bir holat
Uni sharh etolmas hech kimsa, hech vaqt.
Oh, faqat odamzod - farzandi bashar.
Bir-birin mahv etish qasdida yashar.
1982

Qayd etilgan