Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166492 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:38:17

* * *

Dunyoda ajib bir hikmat mavjuddir:
Agar bo‘lmay desang baxtingdan judo,
Agar yashay desang rozi bir umr,
Vataning tinch bo‘lsin, Vatan avvalo.

Dunyoda ajib bir hikmat mavjuddir:
Agar bo‘lmay desang Vatandan judo,
Munosib bo‘la bil unga bir umr,
Vatanga joningni qilolgin fido.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:38:36

* * *

Achinma, shoirga xorligi uchun,
Yoki parcha nonga zorligi uchun.
Bilib qo‘y, aslida yashaydi shoir,
Dunyoda muhabbat borligi uchun.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:38:44

* * *

Chinor soyasidan bahramand bo‘lib,
Turfa xil ertaklar to‘qimoq oson.
O’zing ham ertaning tashvishin qilib,
Qaydadir bir nihol ekdingmi, Inson.
1994

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:38:55

ARMON EMASMI

Lolazor qirlarda chopa bilmasman,
Axir u men uchun armon emasmi?
Bolalik yillarim topa bilmasman,
Axir u men uchun armon emasmi?

Xayol gulshanida tersam chechaklar,
Jajji nabiramga bo‘ldim ermaklar,
Endi onam aytmas menga ertaklar,
Axir u men uchun armon emasmi?

Qorong‘u tunlarda olovlar yoqib,
Ilk she’rim yozgandim yulduzga boqib,
Endi axtaraman ko‘zoynak taqib,
Axir u men uchun armon emasmi?

Qancha zot dunyoga keldiyu ketdi,
Birin dushman etsa, birin do‘st etdi,
Birining boshiga shon-shuhrat yetdi,
Axir u men uchun armon emasmi?

Meni aldab ketdi lo‘ttiboz olchoq,
Ishongan kishim ham ko‘rsatdi yaroq,
Ularni xudoga topshirdim biroq,
Axir u men uchun armon emasmi?

Shukrona aytaman, do‘stlarim bordir,
Biri balki qo‘rqoq, birisi botir,
Yaxshilik qildimmi ularga axir,
Axir u men uchun armon emasmi?

Goho esh bo‘lsam-da siyosatlarga,
Qalbimni baxsh etdim malohatlarga,
Ular deb qoldim men malomatlarga,
Axir u men uchun armon emasmi?

Ogohman ishq degan ko‘hna shevadan,
Muhabbat atalmish tansiq mevadan,
Ortga qaray-qaray qaytdim Xivadan,
Axir u men uchun armon emasmi?
1995

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:39:04

AMUDARYOGA

Kimligimni bilar edim ozroq,
Bilar edim suyukligimni.
Amudaryoni ko‘rganda biroq
Bilib qoldim buyukligimni.
1995

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:39:16

SHOIRA ZULFIYA OPAMIZGA

O’tgan yillar uchun chekmang xijolat,
Uzr so‘raybermang yuragingizdan.
Xijolatin tortsin o‘zi tabiat,
Tabiat uzrini so‘rasin sizdan.

Zahmatkash, mehnatkash shu qalam bilan,
Buyuk asrimizning siz ham naqlisiz.
Davrga goh quvonch, goh alam bilan,
Baho bermoqlikka siz ham haqlisiz.

Tabarruk bir yoshga yetibsiz omon,
Allohim kun bersa adog‘i bo‘lmas.
Agar yuraklarni zabt etsa inson,
Undayin umrning sanog‘i bo‘lmas.

Qorong‘u tunlarda olovli so‘zni,
Kimki mash’al qilsa tole unga yor.
Baxtli ayolman deb atabsiz o‘zni,
Sizday shoiri bor xalq ham baxtiyor.
1995

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:39:24

SHOIRNING O’G‘LI

Deysan, molu mulk yo‘q sizda ziyoda,
Holbuki, shoirsiz, Vatanda nomdor.
Oh, o‘g‘lim, bu ko‘hna, bir kam dunyoda,
Kimdir kamtarroq ham yashashi darkor.

Nomimiz eshitsa kimdir uchungay,
Arziydi badavlat, tug‘liman desang.
Balki, do‘stlaring ham to‘g‘ri tushungay,
Abdulla Orifning o‘g‘liman desang.
1995

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:39:41

BARAKAGA TO’LSIN UYINGIZ

Onalar, opalar, singillar,
Muborak bo‘lsin bu to‘yingiz.
O’zbekcha aytganda, har doim
Barakaga to‘lsin uyingiz.

Onalar, opalar, singillar,
Shodlikka jo‘r bo‘lsin kuyingiz.
Faqat bolalarning baxtini o‘ylab,
Kechar bo‘lsin ezgu o‘yingiz.

Onalar, opalar, singillar,
Hayotning shavqini tuyingiz.
Vatanni jondan ham ortiqroq,
Allohim qadarli suyingiz.

Onalar, opalar, singillar,
She’rimni faxrga yo‘yingiz.
Bir do‘stim degandi so‘nggi dam,
Onamning yoniga qo‘yingiz...
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:39:51

KO’ZMUNCHOQ

Men ellik beshdaman,
Otam besh yoshda.
Bu ajib holatni chiston etgulik.
Mening umrim kechar tuproqda, toshda.
Otamning dovrug‘i ko‘kka yetgulik.

Istiqlol beshigi, o, Ota makon,
Har bir qadamingga sadaqa jonlar.
Lahzada kuch yig‘ding Alpomishsimon,
Yaloving bo‘loldi moviy osmonlar.

Yerparchin yotganda tilim - zabonim,
Yuksal, deding menga, sayragin, deding.
Oyoqqa qalqqanda Sohibqironim,
Yov bossa, tig‘ingni qayragin, deding.

Ko‘zingga surt deding, faromush bo‘lgan
Tabarruk, muqaddas mozorlarimni.
Bir zotga aylandim - tolei kulgan,
Ketkazding dildagi ozorlarimni.

Hasad bilan to‘lgan bu ko‘hna ochun
Senga ham suq bilan tikilar, bilsang.
Seni balolardan asramoq uchun
Beray ko‘zlarimni, ko‘zmunchoq qilsang.

Endi erk abadiy yo‘ldoshing bo‘lgay,
Noming bor jahonda - do‘stparvar, hotam.
Iymonli har bir kas yo‘ldoshing bo‘lgay,
Ey, mening besh yoshli Pahlavon otam!
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:40:05

TAFSIR

Tuzumlar o‘zgarsa ham,
Inson o‘zgarmas ekan.
Tizimlar o‘zgarsa ham
Inson o‘zgarmas ekan.
Jaholat davrida ham
Avliyo - avliyodir.
Kaforat davrida ham
Anbiyo - anbiyodir.
Balki davron yo‘rug‘i
Aslan to‘g‘ri bo‘lgaydir.
Lekin ming bor dod dema,
O’g‘ri - o‘g‘ri bo‘lgaydir.
Har qadamda bir masjid
Qurganing bilan, inson,
Insof bermasa, hech kim
Muslim bo‘lmas hech qachon.
Ko‘pkariga kirganning
Halollik erur dardi.
Lekin ular safida
Ot surar bir nomardi.
Gohida sadoqatli
Do‘stlaring qolib bir yon,
Yo‘lin topib, qo‘yningga
Kirib olgaydir ilon.
Mo‘min deb atar o‘zin
Goh yaxshi ham, yomon ham.
Qaysi biri haq erur?
O’zi bilgaydir Egam.
Tuzumlar o‘zgarsa ham
Inson o‘zgarmas ekan.
Tizimlar o‘zgarsa ham
Inson o‘zgarmas ekan.
Shul boisdan Payg‘ambar
Ummat g‘amin yeganlar.
Allohdan boshqasiga
Sig‘inmagin, deganlar.
1996

Qayd etilgan