Abdulla Oripov. Saylanma  ( 166929 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:40:16

XAYOL

Xayolga berilma, birodar,
Qush kabi nazar sol olamga.
O’ylamay mehr qo‘y odamga,
Xayolga berilma, birodar.

Xayolga berilsang mabodo,
Ko‘p noxush narsalar ko‘ringay.
Ilohlar iblisdek suringay,
Xayolga berilsang mabodo.

Xayolga berilsang nogahon
Ko‘ringay Furqatdek to‘g‘ri ham.
Ko‘ringay shu nomlik o‘g‘ri ham
Xayolga berilsang nogahon.

Xayolga berilsang, ochilgay
Qarshingda bir go‘zal surati.
Ayni choq alvasti siyrati
Xayolga berilsang, ochilgay.

Xayoling aldaydi ehtimol,
Dunyoda diyonat bor deya,
Daydi bir kuchukni nor deya
Xayoling aldaydi, ehtimol.

Xayoling puch bo‘lmas, inshoolloh,
Sen faqat fanoni o‘ylasang.
Sen faqat baqoni o‘ylasang,
Xayoling puch bo‘lmas, inshoolloh.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:40:35

MAQTANCHOQLAR

Bir kuni yig‘ildi uchta maqtanchoq,
Har kim o‘z yutug‘in so‘ylay boshladi.
Eng yuksak marrani zabt etgan qay choq?
Boshlarin qashlashib o‘ylay boshladi.

Birinchisi dedi: - Men aytsam agar,
Omad degan narsa dunyoda bor-da!
Hali aholisi bundan bexabar,
Ulkan bir shaharni yutdim qimorda.

Ikkinchisi dedi: - Murodga yetdim,
Ne-ne zukkolarning oldim aqlini.
Kuppa-kunduz kuni o‘marib ketdim
Mashhur bir shoirning qalam haqini.

Uchinchisi dedi: - Asli men g‘olib,
Jasorat barq urar qilgan ishimda.
Qaysi kun ko‘rpaga burkanib olib,
Boshlig‘imni so‘kdim boplab... ichimda!
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:40:52

ESKI CHORIQ

Oldingda turibdi to‘kin dasturxon,
Endi unut bo‘lgan go‘jang-tarig‘ing.
Balki eslamassan, qayda bu zamon,
O’sha, sudrab yurgan eski chorig‘ing.

Tasmadan bog‘langan oddiy poyafzal
Garchi yo‘qsillikning misoli erur.
Bilsang, u men uchun ming darsdan afzal,
Dunyo hikmatlarin timsoli erur.

Bir kuni qutulib zulmat-soyadan
Omad narvonida ko‘targaysan qad.
Lekin bu omonat pillapoyadan
Balki yiqitgaydir seni ham hasad.

Shunda tashlab qochar ne-ne do‘st, yoron,
Axir ular uchun so‘ngan yorug‘ing.
Og‘zi qulog‘iga yetgancha shodon,
Seni kutib olar o‘shal chorig‘ing.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:41:04

IKKI KALAMUSH

Kalamushlar, kalamushlik ishi qolib,
Talashardi uyasidan chiqib olib.

Men adirning bu yog‘idan, derdi biri,
Men adirning u yog‘idan, derdi biri.

Ikkisi ham qo‘ymadi hech kerilarin,
Bir kun ovchi shilib ketdi terilarin.

Aytganlarim hikmat emas, masal emas,
Har kimga ham yoqadigan asal emas.

Ochiq gap shul: ajratmangiz yeringizni,
Toki shilib ketmasinlar teringizni.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:41:16

 (Turkum)
XALQARO ANJUMAN

Mana, o‘tsa hamki necha zamonlar,
Bu yerda yig‘ilar siyosatdonlar.

Afriqolik habash, bolqonlik bulg‘or,
O’risu Rumo Chin - bunda bari bor.

Biri muslim bo‘lsa, biri butparast,
Biri nasoron-u, biri o‘tparast.

Biri tund, birovin nazari issiq,
Biri menga o‘xshar - ko‘zlari qisiq.

Sariyga o‘ralgan birin sumbati,
Birovin boshida tustovuq pati.

Turfa tillar bunda boshlasa bozor,
Xudodan boshqaning farqlashi dushvo

Bu yerda o‘tgaydir na pul, na savlat,
Bu yerda o‘z so‘zin aytar har davlat.

Notiqlar va’zlarin toki boshlaydi,
Muhtasham gaplarni qalab tashlaydi.

Goho qay birovi qizishgani dam,
Sipqoraman deydi ummonlarni ham.

Tunu kun bahs qilib bo‘ylashar ular,
Dunyoning taqdirin o‘ylashar ular.

Qo‘shni fin so‘raydi sekin, aylab noz:
Janob, Siz kim uchun bergaysiz ovoz?

Men ham esnayman-u, ko‘krak keraman:
O’zbekiston uchun ovoz beraman!
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:41:28

JENEVA

Jeneva,
Jeneva,
Necha kunlarim
Sening iliqqina bag‘ringda o‘tdi.
Tashvishli damlarni yurak unutdi,
Moviy bo‘shliqlarga singdi unlarim.
Zangori ko‘l uzra chayqalar oqqush,
Mayin patlariga to‘lqin yuqmaydi.
Yiroqda Monblan tog‘i uxlaydi,
Oppoq qor choyshabin tagida behush.
Yashil maysazorning ipak qatiga
Ninachi shabnamdan qadaydi durlar.
Quyuq daralarda potrar qarqurlar,
Jar solib tevarak, mamlakatiga.
Cho‘qqilar ortidan o‘rmalar bulut,
Birdan tinib qolar o‘tloqdagi toy.
Shivalab o‘tadi yomg‘ir, hoynahoy,
Borliqqa cho‘kadi novvotrang sukut.
Jeneva tin olar ma’sum va yovvosh,
Billur tomchilarda nozik yaltirar.
Zum o‘tmay yana sho‘x barglar qaltirar,
Yana ko‘rinadi jilmaygan quyosh.
Jeneva,
Jeneva
Ilhom yulduzi,
Seni tushlarimda balki ko‘rgayman.
Balki uzoq yillar eslab yurgayman,
Seni - Yevropaning dilovar qizi...
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:41:41

MUXBIRLAR

Odam ko‘kka uchdi,
Quchdi ummonni.
Yetdi poyoniga kurash, ur-surlar.
Gij-gijlatib qo‘yib telba jahonni,
Bu kun minbarlarga chiqdi muxbirlar.

Aziz kasbdoshlarim,
G’alat qavm bu,
Jonining qadrini bilmaydigan kas.
Qaydadir ko‘rinsa yilt etgan mavzu,
Och-nahor, piyoda keta berar, bas.

To‘plar gumburlaydi,
O’rlaydi olov.
Yuksak qasrlar ham qulaydi bir-bir.
Butkul mamlakatlar yonadi lov-lov,
U esa tirikdir, o‘q o‘tmas, dovdir.

Garchi ko‘rinishdan yuvvosh va g‘arib,
Lekin tahlikaga solar har so‘zi.
Shahardan hammani quvlab chiqarib,
Bo‘m-bo‘sh ko‘chalarda kezar bir o‘zi.

Yagona quroli qog‘oz va qalam,
O’ylar u na bugun, na ertasini.
Haqiqat yo‘lida so‘nggi damda ham
O’lar, esga olib gazetasini.
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:41:56

SOG‘INISH

U uzoq joylarga qilmasdi safar,
To‘kmang derdi ko‘zdan jolalarimni.
Derdi: Bir kungina ko‘rmasam agar
Sog‘inib qolaman bolalarimni.

Bedavo bir dardga chalindi sho‘rlik,
Dedi: Endi qaytib turmasam kerak.
Bo‘g‘ziga tiqilib kelsa ham xo‘rlik,
Bariga chidadi, bosiq va tiyrik.

Ketar chog‘ida ham yo‘qlikka tomon,
U taqdir hukmiga mardona ko‘ndi.
Faqatgina dedi: - Qiynar bir armon
Meni bolalarim sog‘inar endi...
1996

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:42:10

OQ YO’L

Do‘stim Maralga

Sayroqi qushlarning tindi navosi,
Anvoyi gullar ham so‘ldi bog‘imda.
Bu g‘urbat kunlarning bormi adosi,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Olis adirlarda tumanmi, tutun,
Tegramni zulumot qoplamish butun.
Meni halok etar bu savdo bir kun,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Hech kim hasratimga quloq solmadi,
Ruhimni biror zot anglay olmadi.
Bunda qiladigan ishim qolmadi,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Qog‘ozim qoraydi dildagi zordan,
Bugun ayri tushdim do‘st ila yordan.
Faqat bir ilinjim sen - Biru Bordan,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Mayli, samolarga meni elta qol,
Yumushing bajaray qaddim egib dol.
Sening huzuringda yo‘q axir zavol,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.

Mana, oqshom cho‘kdi. Bo‘zarmoqda oy,
Boshlanur yulduzlar bazmi hoynahoy.
Menga ham baxsh etgil tumorchalik joy,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.
1996


Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:42:23

SUHBAT

Odam odam bilan uchrashgan asno
Dunyoda eng yaxshi vosita - suhbat.
Ba’zi birov bilan so‘zlashsang, ammo
Aralashib qolar oraga g‘iybat.

Sizdan o‘tinaman, ey, do‘sti yoron,
Diydorning g‘animat gashtin suraylik
Mayli, har qanchalik bo‘lsa ham yolg‘on
Faqat ezgulikdan suhbat quraylik.
1996

Qayd etilgan