OQ YO’L
Do‘stim Maralga
Sayroqi qushlarning tindi navosi,
Anvoyi gullar ham so‘ldi bog‘imda.
Bu g‘urbat kunlarning bormi adosi,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.
Olis adirlarda tumanmi, tutun,
Tegramni zulumot qoplamish butun.
Meni halok etar bu savdo bir kun,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.
Hech kim hasratimga quloq solmadi,
Ruhimni biror zot anglay olmadi.
Bunda qiladigan ishim qolmadi,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.
Qog‘ozim qoraydi dildagi zordan,
Bugun ayri tushdim do‘st ila yordan.
Faqat bir ilinjim sen - Biru Bordan,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.
Mayli, samolarga meni elta qol,
Yumushing bajaray qaddim egib dol.
Sening huzuringda yo‘q axir zavol,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.
Mana, oqshom cho‘kdi. Bo‘zarmoqda oy,
Boshlanur yulduzlar bazmi hoynahoy.
Menga ham baxsh etgil tumorchalik joy,
Allohim, oq yo‘l ber, ketar chog‘imda.
1996