O’GIT
Bolangni o‘g‘rilar tunabdi yo‘lda,
Lekin uh tortasan, ichingda nolang.
Deysan, o‘g‘lim, sen ham dadilroq bo‘l-da,
Biroq, tanbehingni eshitmas bolang.
U deydi: - Bormi hech dunyoda insof,
Yo‘limni to‘sdilar, kuppa-kunduzi.
Bolam, sen hozircha shabnam kabi sof,
Ayni farishtaning o‘zisan, o‘zi.
Nega? - deb atrofga boqasan hayron,
Ilk bor duch kelibsan bunday baloga.
Mening gaplarimni tinglagin obdon,
O’g‘lim, ishonma hech noqis dunyoga.
Duch kelgan kimsani pokdomon bilib,
Hargiz diling ochma, bo‘lmagil yo‘ldosh.
Insonlar uchraydi, bir ko‘zi kulib,
Ikkinchi ko‘zida tayyor turgay yosh.
Insonlar uchraydi, taomingni yeb,
Toptab keta berar dasturxoningni.
Chumoli qadarli manfaatin deb,
Chumolicha ko‘rmas sening joningni.
Insonlar uchraydi, ko‘kda oyni ham
O’zining mulki deb bilgaydir faqat.
Sening quvonchlaring ularga alam,
Sening zarra baxting ularga kulfat.
U payt qulog‘ingga aytguncha azon
Ogoh etmasmidim buning baridan.
Ishonch degan bir so‘z o‘chdi nogahon.
O’spirin umringning sardaftaridan.
O’g‘lim, odamiylik azizdir garchand,
Yostig‘ing ostida tursin yarog‘ing.
Dunyo har qadamda bergay senga pand,
Aslo mudramagay ikki qarog‘ing.
Ezgulik yo‘lida ko‘pdir muammo,
Undan qutulmoqning yo‘li bul ekan:
Insonga yo‘liqsang inson bo‘l, ammo
Hayvon yo‘liqqanda Hayvon bo‘l ekan.
1996